“Toshbaqa mingan” tezkorlik yoki o'zbekcha kalomga o'zgacha alik?

Qo'ng'iroq qilganimga 27 daqiqa bo'ldi. Ochig'i, sabr-toqatimga o'zim “qoyil” qolyapman. Telefon go'shagi qulog'imda. Har daqiqada takror bo'ladigan yoqimli ovozni eshitib o'tiribman: “Sizning qo'ng'irog'ingiz biz uchun muhim!” yoki “xizmat sifatini yaxshilash maqsadida (xizmat sifatini yaxshilash uchun yozib olish nimaga kerak ekan, shunisiga tushunmadim) qo'ng'irog'ingiz yozib olinishi mumkin” va yana “navbatdagi tartib raqamingiz…” Ha, bizda idora va tashkilotlardan biror ma'lumot olish naqadar ayanchliligini yana bir karra tushuna boshladim.

Lekin qisqa raqamlarga qo'ng'iroq qilsangiz, bir-biridan ajoyib musiqalardan bahramand bo'lasiz. Mana, qariyb yarim soatdan buyon Shopenning “Yomg'ir simfoniyasi”ni eshitib o'tiribman!

Keyin bilsam, bu hali “holva” ekan! Chunki ishim “Hududiy elektr tarmoqlari”ga tushgandi. Kech 20:00 larda to'satdan chiroq o'chib qoldi. “Hozir yonib qolar”, deb o'yladim. 10 daqiqa, 20, 30… daqiqa o'tdi hamki, svetdan darak bo'lmadi. Tashqariga chiqsam, hamma qo'shnilarda chiroq bor. O'ylab qoldim: “Yo elektrning pulini to'lamadikmi, yo'q, kechagina oshig'i bilan to'lov qilgandik-ku”. Unda nima gap ekan? Aniqlash uchun 1154 qisqa raqamiga – poytaxtdagi elektr tarmoqlari korxonasining ma'lumotlar byurosiga sim qoqdim.

“Assalomu alaykum, hududiy elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyatiga xush kelibsiz!” degan so'zlarni “avtoso'zlagich” avval o'zbek (hayriyat, avvalo o'zbekcha, shunisiga bir xursand bo'ldim-e) so'ng, rus va hatto qozoq tilida takrorlagach, qaysi tilni tanlashimga qarab 1, 2, 3 raqamlarini bosishim lozimligini uqtirdi. Albatta, ona tilim o'zbek tili bo'lgani va O'zbekistonda ekanligimdan keyin, o'zbekchani tanlayman-da. Shundan so'ng “avtoso'zamol” yo'riqnomasini davom ettirdi: “Elektr uzilishlar uchun birni bosing, boshqa nimabalolar uchun ikkini bosing, operator bilan bog'lanish uchun falon raqamni bosing. Bosdim! Shundan so'ng yana: “o'zbek tilini tanlash uchun 1 ni bosing, rus tilini tanlash uchun…”.

Shunday chaqiriqlar uchun 3-4 daqiqa vaqt ketdi va navbatga olindim. Tartib raqamim 59-chi ekan. Qarang-a, shuncha navbat-a. Mayli, kutaylik-chi. Har 30-40 soniyada tartib raqamim “eslatib” turilibdi. Chindan g'alati, 10, 15, 20, 30 daqiqa o'tibdiki, endi tartib raqamim 40 ga kelibdi-ya. Nima bo'lsa bo'ldi, kutaylikchi, qachon operator bilan bog'lanish baxtiga muyassar bo'lar ekanman. Daqiqalar, musiqali kutish davom etdi. Ishonasizmi, yo'qmi, rostdan ham sabr-toqatli ekanman. Navbatchining javobiga ilhaq bo'lib kutyapman. Har o'ttiz soniyada “navbatdagi tartib raqamingiz…” degan luqma azbaroyi pinakka ketib qolmaslikning oldini olib turibdi!

Asabim buzila boshladi — nahotki, xizmat ko'rsatish bizda shu qadar past, orqada bo'lsa? Nahotki, uyda nima uchun elektr chirog'i o'chganligi sababini bilish, biror amaliy yordam so'rash uchun shuncha kutish kerak bo'lsa?

Sabr! Sabr! Sabr! Xalqimiz to'g'ri aytgan-da: “Sabr qilsang yetarsan murodga”, deb. Nihoyat, 1 soatu 25 daqiqa deganda operator bilan bog'landim. Shubhasiz, shuncha vaqt telefon go'shagini kutib tolgan qo'llarimni almashtirgancha, xodimga o'pkam to'lib arz qila ketdim: uning aytishicha, “o'zimni bosib gaplashishim kerak”, ekan. “Nima qilaylik, butun poytaxt aholisiga bor yo'g'i 4 kishi ma'lumot bersa!”

— Nima, qo'shimcha operatorlarni ishga olishsa bo'lmaydimi?

— Bu bizga bog'liq emas-da…

Murosaga kelib, noiloj masalani aytdim. Manzil, ko'cha, uy. “Yo'q, siz elektr hisob-raqamingizni ayting”. Obbo, shu qorong'ilikda elektr daftarchasini qaerdan topdim endi. Uni ham bir amallab topib aytdim. “Ha, qarzingiz yo'q ekan. Bizda hammasi joyida. Ertaga tuman elektrosetiga murojaat qiling. Birorta “zamekanie” bo'lgandir”. Shuncha kutganim evaziga olgan javobim shumi? Yo falaksan!

Endi ertalabgacha chiroqsiz o'tiramanmi? Shundagina qishning sovuq kunlarida oylab elektrsiz yashayotgan yurtdoshlarimizni, qishloqdoshlarimni o'yladim. “Mening bir tun chiroqsiz qolganimga shuncha asabim buzilayapti, ularning joniga to'zim bersin ekan!” Lekin baribir elektr tarmoqdagi tezkor ma'lumot beruvchi xizmatning ahvoli nega bu qadar sharmandali? Boshqalari qanaqa ekan?

Qiziqqanimdan, ertasi kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining ma'lumotlar byurosi – 1005 raqamiga qo'ng'iroq qildim. Netongki, bu yerda ham navbat — tartib raqamim 17-chi bo'ldi. Va yana musiqa eshitila boshlandi. Balki “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan ma'lumotni tez va osonroq olarmikanman? 71-140-02-00, 71-140-02-01 raqamlarini ketma-ket terdim. 10 daqiqa ichida hech kim javob ham bermadi.

Navbat tezkor dorixona xizmatiga keldi. Axir, peshtoqiga “apteka” deb yozib tashlangan 10 dan ziyod dorixonaga bosh suqishga to'g'ri keladiyamki, kerakli dori-darmonni topish mushkul bo'ladi ko'pincha. 10-69 qisqa raqamini terdim. Yo, tavba! 10-69 go'shakdan hech qanday salom-aliksiz, faqatgina rus tilida “Ostavaytes, pojaluysta na linii, vam skoro otvetyat”, degan ovoz jaranglay boshladi. Qo'ng'iroq qilgan odam O'zbekistonda yashayotganiga ham shubha qilib qolsa kerag-ov…

Axir, 2019 yil 21 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilmaganmidi?! Oradan bir yildan oshiq vaqt o'tsa-da, til masalalaridagi ahvolimiz hamon o'sha-o'sha. Axir, bu idoraning asosiy vazifalari etib: “davlat tilining amal qilishi bilan bog'liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo'yicha takliflar tayyorlash”, “o'zbek tilining yozma nutq me'yor va qoidalarini ishlab chiqish bo'yicha hamda lotin yozuviga asos­langan o'zbek alifbosini to'liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish”, “geografik va boshqa toponimik ob'yektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish”… kabilar belgilangandi-ku! Eh!..

Yana bir gap. Yaqinda mamlakatimizning eng yirik muassasalaridan biri O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga ishimiz tushdi. Bir zarur ma'lumot olish uchun, albatta.

Qo'ng'irog'imga Markaziy bank xodimasi rus tilida javob berdi.

— Zdravstvuyte, Sentralniy bank.

To'g'risini aytsam, qishloq maktabida o'qiganman. Rus tilida “toza” so'zlashishim mushkul. Qolaversa, men o'z yurtimda, davlat tili o'zbek tili hisoblangan, Vatanimiz poytaxtidagi eng nufuzli davlat idorasiga sim qoqyapman-ku!

— Assalomu alaykum, Markaziy bankka tushdimmi? — o'zbek tilida murojaat qildim.

— Da, da. Slushayu, vы kto i po kakomu vop­rosu?

Men esa ozgina o'jarlik bilan davom etdim:

— Kechirasiz, men Markaziy bankka tushdimmi, deb so'rayapman?

Ehtimol, meni “gapga tushunmaydigan” hamda “qoloq va qishloqi” deb o'ylagan bank kotibasi yoki xodimasi shundan so'ng “Odno minutu”, deya darrov boshqa hamkasbini “yordamga” chaqirdi. U men bilan o'zbekcha gaplashdi.

Keyin nima bo'ldi, mayli, bu muhim emas. Tilimizga achinaman, xolos… Bu ham mayli. Biror joyning telefonini olish uchun xizmat ko'rsatadigan 10-09 raqamiga qo'ng'iroq qilib ko'ring-a… Omadingiz chopib biror o'zbek operatoriga tushib qolsangiz, xo'p-xo'p, lekin 70 foiz holatda, sizning salomingizga alik mana bunday bo'ladi:

— Zdravstvuyte! Slushayu vas!

Bu degani marhamat qilib, biror gaping bo'lsa, ruscha gapir, degani bo'ladi! Ayting-chi, dunyoning qaysi mamlakatida shu yurt tilida qilgan murojaatingizga, avvalo, boshqa tilda javob qaytarishadi? O'zimizdan boshqa bunaqa yurt bormikan?!

Ajabo, bizda g'urur degan tuyg'ular shu qadar ham so'nib ketganmi? Poytaxt shahardan tortib, eng chekka tumanlarda ham katta-kichik binolar, temir yo'l vokzallariyu, mehmonxonalar peshtoqiga “Xush kelibsiz!”ning o'rniga inglizchasiga “Welcome” deb yozib qo'yilayotgani-chi? Bu nima, zamonaviylikmi, yo yuksak madaniyat belgisimi? Ajnabiy tilda yozish bizga nima beradi? O'zimizning tildan or qilamizmi yo?

Menimcha, bularning bari xalqimiz ustidan hukmini o'tkazgan 70 yillik sobiq zo'ravon siyosatning ta'siri bo'lsa kerak. Yo'qsa, idoralarda ma'lum mansablarda ishlayotgan, shu xalqning non-tuzini yeb, O'zbekiston havosidan nafas olayotgan aksar “otdan tushsayam, egardan tushishni istamayotganlar” salomingizga “Zdravstvuyte!” deya alik olarmidi? O'zbekcha “Assalomu alaykum”ni tushunmaydimi?

Tushunishadi. G'ururlari yo'l qo'ymaydi. Kerak bo'lsa, mening tilimda gaplashasan, deydi. Shunday demaydiku, lekin amalda shunday degani-da…

Qolaversa, qonun talabi ham, hayot talabi ham shunday bo'lishi kerak: davlat idoralari, muassasalari va aholiga xizmat ko'rsatuvchi joylarda bir necha tilni biladigan insonlar o'tirishi kerak. Ular shubhasiz, birinchi navbatda, o'zbek tilini bilishi shart!

Ancha yillardan buyon yurtimizda yashayotgan har qanday millat vakili o'zbek tilini, boringki, salom-alik darajasida ham o'rgana olmasligi mumkin emas. Xorijga ishga ketayotgan yurtdoshlarimizni qarang, yarim yil ichida rus, koreys, turk yoki ingliz tilida bulbulday “sayrayaptiku!”

Bu mulohazalarni millatchilikka burmang, aslo. Chunki shu paytgacha ozgina bu mavzuda gap ochilsa, “Nega millatchilik qilyapsan, nega huquqlarimni poymol qilyapsan?!” deb og'zimizga urishgan. O'ylab ko'ring, O'zbekistonda 100 dan ziyod millat va elat vakillari yashaydi. Axir, biz, o'zbeklar chet davlatga chiqsak, albatta, sira og'rinmasdan o'sha yurt tilida gapirishga harakat qilamiz-ku!

Vaqt – oqar daryo. Yangi 2021 yilning kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi.

“Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” yakunlanib boryapti. Aksariyat aholi ko'p murojaat qiladigan vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlardagi xizmat ko'rsatishning ahvoli naqadar “tezkor”ligini esa ko'rib turibmiz.

Xo'sh, qachon shu el-yurt uchun jonfidolik bilan ishlaydigan tizim yaratiladi? Qachongacha hammani sarson qilamiz? Aslida biz tilga olgan masalalar kim uchundir arzimasdir. Ammo davlat xizmat ko'rsatish tizimlaridagi qoniqarsiz ahvol va davlat tili haqida gap ketayapti.

O'ylantiradigani yana shuki, poytaxtimizda ahvol shu darajada ekan, hududlarga yo'l bo'lsin?! Bu gaplarga tegishli mutasaddi idoralar ne deydi?

Abdulaziz AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + six =