Yo'limiz aniq, ortga qaytib bo'lmaydi

Gazetamizning shu yil 19 dekabrdagi 48-sonida filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Sultonmurod OlimningBizga mukammal alifbo keraksarlavhali maqolasi e'lon qilingan edi.

Unda lotin yozuvining qator afzalliklari bilan bir qatorda, uning asosida yangi alifboga o'tish naqadar hayotiy zaruriyat ekanligi xususida so'z borgan edi. Shu bilan bir qatorda yangi alifbomizda ba'zi bir kamchiliklar borligi, uni mukammal qabul qilishimiz joizligi yuzasidan ayrim aniq taklifmulohazalar o'rtaga tashlangandi.

Muallifning quyida berilayotgan ikkinchi maqolasi ham yangi lotin alifbosidagi ba'zi bir muammolar haqida.

“Jo'ja”dagi “j” – boshqa, “jandarm”dagi “j” – boshqa

Nima uchun kirill yozuvi asosidagi alifbodan lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga o'tyapmiz?

Avvalo, tilimizdagi tovushlarni maksimal darajada to'g'ri ifodalash uchun!

Shunday ekan, keling, shu yo'lni mahkam tutaylik. Ya'ni, hozir – payti. Chunki hali lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga to'liq o'tganimizcha yo'q. Imkon borida oldindan ishni puxta qilaylik. Birato'la alifbomizni mukammallashtirib, keyin yoppasiga uni qo'llashga o'taylik.

Arabiy va turkiy tillar uchun jarangsiz “j” tovushi xos emas. Arab yozuvi asosidagi forsiy alifboga jarangsiz “j” tovushini ifodalash uchun maxsus bir harf (“ﮊ”) qo'shilgan. Turkiy tilga forsiydan o'tgan ana shu jarangsiz “j” tovushi uchun shu harf arab yozuvi asosidagi eski o'zbek yozuvi tarkibida ham qolgan. Hozirgi tojik alifbosida ham bu ikki harf alohida-alohida ifodalanadi. Ya'ni, “jo'ja”dagi “j” uchun – boshqa (“ҷ”) va “janda”, “ajdar”, “ajdaho”dagi jarangsiz “j” uchun bosh­­qa (“j”) harf olingan.

Biz uchun yo'l shu yo'l bo'lishi kerak. Ya'ni, lotin yozuvi asosidagi yangi alifbomizni mukammallashtirish niyatida bo'lsak, “j”ni “jo'ja” so'zida keladigan jarangli “j” uchun qoldirib, “jandarm”da keladigan jarangsiz “j” uchun yangi harf tanlashimiz lozim. Buning uchun qanday harf tanlanishining katta ahamiyati yo'q.

Haqiqat yo'lida orqaga qaytish ayb emas. O'zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida” 1993 yil 2 sentyabrdagi qonunida jarangsiz “j” tovushi uchun “Ɉɉ” harfi qabul qilingan edi. Ikki bir-biriga yaqin tovush uchun shaklan o'xshash, birgina farq (bu yerda beli bog'langani) bilan harflar qabul qilish tajribasini kirill yozuvi asosidagi alifbomizda “x” va “h” misolida ko'rdik. Bu ko'p xatoliklarga sabab bo'ldi. Hozir bu ikki tovush uchun bir-biriga o'xshamaydigan harflar (“x” va “h”) bilan ifodalanayotgani uchun xatolar, biroz bo'lsa-da, kamaydi.

Shularni hisobga olib, kamina bir taklif sifatida, “jandarm”ga ketadigan jarangsiz “j” uchun, masalan, “Ȥȥ” harfini kiritish kerak, degan bo'lardim.

Bu masalaning yana bir nozik va ahamiyatli jihati bor. Bundan buyon tilimizga ingliz va boshqa G'arb tillaridan ko'plab so'zlar olinaveradi. Rus tilida jarangli “j” tovushi yo'q. Shuning uchun ular bu tovushni aniq ifodalamoqchi bo'lsa, oldiga “d” harfini qo'shib, “dj” tarzida yozishga majbur. Biroq ko'p g'arbona so'zlardagi jarangli “j” rus tiliga jarangsiz “j” bo'lib o'tavergan. Biz ruschadan olib, masalan, jarangli “j” bilan boshlanadigan “jurnal” (“jurnal”)ni jarangsiz “j” bilan boshlanadigan “jurnal” (“ȥurnal”) deb olganmiz.

Quvonarli tomoni shundaki, 1993 yilning 2 sentyabrida tasdiqlangan yangi o'zbek alifbosida “jo'ra”ga ketadigan “j” uchun alohida (kattasi uchun – “J”, kichigi uchun – “j”), “jandarm”ga ketadigan “j” uchun alohida (kattasi uchun – “Ɉ”, kichigi uchun – “ɉ”) harf qabul qilinib, to'g'ri yo'l tutilgan edi.

Axir, milliy alifboda har bir tovush uchun alohida harf bo'lsa, qanday yaxshi.

“O”larning olam-olam “mojaro”si

Hozirgi o'zbek adabiy tilida amalda uch xil “o” bor.

Birinchisi – turkiy “o”. “Ona”, “ota”, “bobo”, “opa”, “bola”, “olma”, “ovul”, “oz”, “qon”, “qosh” kabi so'zlarda aynan shunday “o” ishtirok etadi. U talaffuzda qisqaroq bo'ladi. Shevalarda osongina boshqa qisqa unliga aylanaveradi – “ena”, “buva”, “apa”, “alma”, “bala”, “avul”, “av”, “az” (“azgina”) bo'lib qolaveradi ham.

Shuning uchun tilimiz tabiatini ich-ichdan bilgan, ya'ni zukko shoirlar, hatto, “ona” so'zini “mardona” so'ziga qofiya qilmaydi. Chunki “ona” so'zidagi “o”ga urg'u tushmaydi, asli fors-tojik tilidan olingan “mardona” so'zidagi “-ona” qo'shimchasining “o” tovushiga urg'u tushadi. Qaysi bir no'noqroq shoir “ona”ni “mardona”ga qofiya qilsa, she'rxon – turkiy “ona” so'zini “o(-o-)na” tarzida, ya'ni “o”ga sun'iy ravishda urg'u berib, cho'zib o'qishga majbur.

Ikkinchisi – arabiy-forsiy so'zlardagi “o”. “Odam”, “oila”, “olim”, “bog'”, “or”, “osmon”, “dehqon”, “gulzor”, “dono” kabi so'zlardagi “o”lar turkiy so'zlardagi “o”ga nisbatan ochiqroq, cho'ziqroq, kattaroq tarzda talaffuz qilinadi.

Uchinchisi – ruscha va rus tili orqali kirib kelgan so'zlardagi “o”. “Ob'yektiv”, “tok” (“elektr toki” ma'nosida), “donor”, “domino”, “kontrast”, “korroziya”, “okrug”, “oktava”, “organ”, “otorinolaringologiya”, “ofitser”, “ofitsiant” so'zlaridagi “o” shunday tovush hisoblanadi. Aslida, bu “o” turkiy va arabiy-forsiy “o”larga tovush sifatida ko'p yaqin kelmaydi.

Rus tilining qoidasiga ko'ra, urg'u tushmagan “o”lar talaffuzda amalda “a” yoki “i”ga aylanib ketadi. Urg'u tushgan “o”lar esa bizdagi “o” bilan “o'”ning o'rtasidagi alohida bir tovush bilan aytilishi lozim.

O'zbek tilida esa aksariyat harflar o'z o'rnida to'g'ri talaffuz qilinishi qoidasiga amal qilinadi. Boshlang'ich sinf o'quvchilari rus tilidan va rus tili orqali kirib kelgan bu so'zlarning barini “o” bilan o'qiydi: “ab'yektiv” deyish o'rniga “ob'yektiv” deydi, “to'k” deyish o'rniga xuddi uzumning tokini aytayotgandek, “tok” deydi. Bu so'zlarni to'g'ri talaffuz qilishga o'tguniga qadar ancha yillar kechadi. Qoidaga: “O'zbek tilida harflar qanday yozilgan bo'lsa, shunday talaffuz qilinadi”, degan qat'iyatni kiritganmiz. Ruschadan kirgan so'zlarga kelganda esa bu qoidani o'zimiz buzamiz.

Axir, til o'zimizniki bo'lsa, nima uchun o'z erkimizdan o'zimiz foydalanmasligimiz kerak? Oqibatda ikki xillik kelib chiqadi. Bu esa ona tilini o'rganishni juda murakkab­lashtiradi. Til o'rganish murakkablashdimi, bolaning aqliy faoliyati sustlashadi. Boshqacha aytganda, boshlang'ich sinf o'quvchisi, aslida, juda soddalashtirilishi mumkin bo'lgan nuqtalarda qiynalib, keragidan ortiq vaqt va aqliy kuch sarflab qo'yadi. Bundan millat yutqazadi.

Muammoni yechish uchun ikki yo'l tutish kerak. Birinchisi, rus tilidan va rus tili orqali kirib kelgan so'zlardagi “o” tovushini ifodalashda uni talaffuzga moslash ususlini qo'llash zarur. Masalan, “tok”, “fon”, “stanok”, “okrug”, “obraz” kabi so'zlarda kelgan “o”larni bemalol o'zimizning “o'” bilan ifodalayversa, bo'ladi. “Traktor”, “selektor” kabi so'zlardagi “o”ni biz amalda “i” bilan talaffuz qilamiz. Shuning uchun bu so'zlarni “traktir”, “selektir” tarzida ifodalasak, o'zbek tilidagi qanday yozilgan bo'lsa, shunday o'qish qat'iyatiga amal qilgan bo'lamiz. Bolalarimiz ham qiynalmaydi, kattalarimiz ham. “Ob'yektiv”, “otryad”, “oktava”, “ofitser” kabi so'zlardagi kelgan “o”larni, urg'u tushmagani uchun, ruslarning o'zi ham “a” tarzida talaffuz qiladi. Biz ularni o'zbek tilida bemalol “ab'yektiv”, “atryad”, “aktava”, “afitser” deb yozishimiz lozim. Deyarli hamma shunday qiladi. Uzoqqa bormaylik, mana, qozoq qardoshlarimiz, masalan, asli arabcha bo'lgan “axborot” so'zini o'z tillariga moslab, bemalol “aqparat” deb yozishaveradi. Yoki ular ruscha “oblast” so'zini qozoqchasiga yozuvda ham, og'zakida ham “oblыs” deb ishlatishaveradi.

Ruslar “Odil”ni “Adil”, “Qo'chqor”ni “Kuchkar”, “choyxona”ni “chayxana”, “Jo'ra”ni “Djura”, “Xoltoy”ni “Xaltay”, “Ahmadov”ni “Axmedov” tarzida yozib kelyapti, hech narsa deyayotganimiz yo'q-ku. Ular bizda bor-u, o'zlarida yo'q tovushlarni o'zlarida bori bilan ifodalab ketaveradi. Shunday ekan, biz nega aynan rus tilida qanday bo'lsa, shunday yozishimiz kerak? Birgina “ы” va “щ” harflarini “i” va “shch” deb ifodalashimizni aytmasak, ruscha har qanday so'zni aynan yozib kelamiz.

Bu borada shu qadar mukkasidan ketganmizki, asti qo'yaverasiz.

Rus alifbosida “yo” harfi mavjud. Lekin rus tilining imlo qoidalariga binoan, “yo” o'rniga “e” yozib ketaverish mumkin. Lekin u o'rniga qarab “yo” o'qilaveradi. Hatto, 1983 yili chop etilgan ikki jildli “Ruscha-o'zbekcha lug'at”da “e” va “yo” harflari bilan boshlanadigan so'zlar bir guruhda berilgan. Bizda bunday qoida yo'q: hamma joyda “e”ni – “e”, “yo”ni – “yo” deb yozishga majburmiz. Shunga qaramasdan, sobiq ittifoqning birinchi rahbari bo'lgan ikki shaxsning familiyasini yillar mobaynida o'zbek alifbosi va tilimizning imlo qoidalariga tamoman zid ravishda xato yozib kelganmiz: “Xrushchev” yozganmiz, “Xrushchyov” deb o'qiganmiz, “Gorbachev” deb yozganmiz, “Gorbachyov” deb o'qiganmiz.

Ko'r-ko'ronalik, bir millatga qulluq qilish bundan ortiq bo'lmasa kerak!

 

Alifbomizda “g'” (“g‘”), “o'” (“o‘”) “sh” (“sh”) “daxmaza”lari

Vaqt – pul. Vaqt – umr. Vaqt – taraqqiyot.

Taraqqiyotga erishgan borki, vaqtdan yutgan.

Biz-chi?

Lotin yozuvi asosidagi yangi o'zbek alifbosida “g‘” hamda “o‘” harflarini yozish uchun klaviaturada avval “g” yoki “o” harflari tugmachalarini bosamiz. Keyin “qo'yish” (“vstavka”) orqali “simvol” dasturiga kirib, “‘” belgisini “Alt” bilanmi, “Ctrl” bilanmi ikki tugmacha orqali yoziladigan qilib, biror joyga o'rnatib olamiz. Kompyuterimiz buni xotirasida uzoq saqlasa-ku, xo'p-xo'p. Bo'lmasa, shu ikki harfni yozish mahali har gal shuncha ishni yana qaytadan bajarishga majburmiz. Bitta katta “G‘”ni yoki “O‘”ni yozish uchun kamida oltita tugmachani bosishga to'g'ri keladi.

Eh-he, essiz shuncha vaqt, shuncha mehnat!

Shu bizga zarurmi?

Boshqa osonroq yo'lini topish kompyuterlar asrida shunchalar qiyinmi?!

Fikri ojizimcha, bittayu bitta yo'l bor: orqaga qaytish, ya'ni 1993 yili dastlab qabul qilingan lotin yozuvi asosidagi yangi o'zbek alifbosi variantini boshqatdan qabul qilish kerak. Unga ko'ra, “g'” uchun “g” ustiga belgi qo'yiladi (kattasi – “Ğ”, kichigi – “ğ”), “o'” uchun “o”ning ustiga belgi qo'yiladi (kattasi – “Õ”, kichigi – “õ”), vassalom.

Tajriba shuni ko'rsatdiki, ko'pchilik tutuq (“’”) belgisini “g‘” hamda “o‘” harflarini yozishda ishlatiladigan “‘” belgisi bilan adashtirib ifodalaydigan bo'ldi. Holbuki, tutuq belgisida yuqorida “9” raqamiga o'xshab ketadigan, “g‘” hamda “o‘” harflarini yozishda esa yuqorida “6” raqamiga o'xshab ketadigan belgi qo'llash kerak. Hatto, ayrimlarimiz bu ikkalasi uchun imlo qoidalarida umuman bo'lmagan “′” belgisini   qo'llayveradigan bo'lib ketdik.

Bir tovush uchun ikki harf ishlatishimiz “sh” misolida kutilmagan yana bir muammoni keltirib chiqardi. “Ishoq” ismini, tibbiyotga oid “ishaq”, zoologiyaga doir “ishoqqush” so'zlarini bitishda sun'iy ravishda “s” bilan “h” harflari orasiga tutuq belgisi (“’”) qo'yishga majbur bo'ldik.

Bu esa “sh” tovushini ham ikki harf (“sh”) bilan ifodalash tajribasidan voz kechib, o'rniga “š” harfini qabul qilish kerakligini taqozo etadi.

Sultonmurod Olim,

filologiya fanlari nomzodi,

O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi a'lochisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 6 =