“Familiyam… “po pasportu” shunday” yoxud tilimizga e'tiborning sustligi haqida
Xayriyatki, keyingi 3-4 yil ichida ona tilimizga bo'lgan munosabat tubdan o'zgardi, uning xalqaro mavqei va nufuzini oshirish borasidagi amaliy ishlar boshlandi. Qariyb 25 yillik ixtiyoriy sukunat barham topib, har tugul, ish qog'ozdan amaliyotga ko'chdi. Buni shu qisqa muddatda chorak asrdan ortiq vaqt davomida qilingan (aniqrog'i, qilinmagan) ishlardan ko'ra, ko'proq hujjat qabul qilinganida ham ko'rish mumkin.
Chunonchi, so'nggi bir yilda bu borada 17 ta huquqiy-me'yoriy hujjat hamda bitta qonun qabul qilindi, Prezidentning 2 ta farmoni va qarori, shuningdek, hukumatning 12 ta hujjati amaliyotga tatbiq etildi. Bunda, eng muhimi, uzoq yillar davomida odatga aylanib qolgan qandaydir mavhum va tusmollardan iborat turli qog'ozlar o'rnini ijro muddati va mas'ullari aniq belgilangan hujjatlar egalladi.
Garchi, o'tgan asrning 80-yillari oxirida jiddiy qarama-qarshiliklarga qaramay ona tilimizga Davlat tili maqomi berildi. Shundan so'ng har yili oktyabr oyida O'zbek tili bayrami ekanini bir eslab qo'yish uchun rasmiy tadbirlar o'tkazildi. Aslida, qonunda yurtimizda o'zbek tilida so'zlashilsin, barcha yozishmalar shu tilda yuritilsin, xalqaro maydonga chiqib, yuksak minbarlarda o'zbek tili yangrasin, hatto xorijda ham o'zbek tili o'rganilsin, degan olijanob maqsadlar mujassam edi.
Yaratganga shukurki, keyingi vaqtlarda yuqoridagi orzularning dastlabki ro'yobini ko'ra boshladik. Ona tilimiz BMT minbaridan ilk bor yangrashi (Prezidentimiz ikki bor, Senat raisi bir bor) natijasida dunyoning ilg'or universitetlarida o'zbek tilini o'rganish ko'lami kengaymoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi va hukumatimiz sa'y-harakatlari bilan qilingan, qilinayotgan amaliy ishlarni hammamiz ko'rib, bilib turibmiz, qaysidir ma'noda, ushbu jarayonda ishtirok etayotirmiz ham.
Oz bo'lsa-da, erishilayotgan bu yutuqlar o'zimizniki, ammo ochiq tan olish kerak, o'zbek tilining chinakamiga o'z mavqeini egallashi va xalqaro nufuzi ortishiga ro'yxushlik bermayotganlar, ba'zan ochiqchasiga qarshi bo'layotganlar, afsuski, 30 yil avvalgidek ko'p bo'lmasa-da, uchrab turibdi. Bu holat hali-hamon “katta og'a”lik da'vosidan kecholmayotganlar tomonidan yangrash bilan birga, o'qtin-o'qtin ichimizda bo'y ko'rsatayotgani ko'ngilni xira qiladi.
Bunday tahdidlarga qarshi qat'iy kurashish, ona tilimizni har qanday balo-ofatdan asrash va kelajak avlodlarga yanada boy holda yetkazish Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan til siyosatining ustuvor yo'nalishidir. Tabiiyki, bu jarayonda barcha faol ishtirok etishi kerak, ayniqsa, ziyolilar — ilm-fan, ta'lim, madaniyat, san'at ahli va davlat xizmatchilari peshqadam bo'lishlari lozim.
“Har ne istarsan o'zingdan istagil”, deydi milliy ma'naviyatimiz darg'asi Alisher Navoiy. Zamonaviy til bilan aytganda, islohotni avval o'zingdan boshla, nimanidir o'zgartirmoqchi bo'lsang yoki yaxshilik istasang ham, birinchi galda o'zingdan qidir, demoqchi buyuk ajdodimiz. Shunday ekan, bugungi globallashuv davrida millatni boshqa millatlardan ajratib turadigan va ko'zga tashlanadigan dastlabki jihat — ism-shariflarimiz milliyligimizga xosmi? Ota-bobolarimiz asrlar davomida yaxshi niyatlar bilan farzandlariga qo'ygan bir-biridan chiroyli va bama'ni ismlarni to'g'ri yozib, to'g'ri talaffuz qilyapmizmi? — degan savol tug'iladi.
Yer yuzida qancha millat bo'lsa, har birining o'ziga xos va uni ma'lum darajada boshqalardan ajratib turadigan ism-shariflari mavjud. Masalan, Janubi-sharqiy Osiyo xalqlarini ism-sharifiga qarab (hatto yaponni koreysdan, xitoyni ve'tnamlikdan bemalol farqlasa bo'ladi) istalgan boshqa hudud vakillaridan ajratish mumkin. Yevropa xalqlarida ham qaysi millat vakili ekanini bildirib turadigan jihatlardan biri bu — ularning ism-shariflaridir.
Aytaylik, Mixail degan ism uning ko'proq rus xalqiga mansubligini anglatsa, shuning asl boshqacha shakli Mixaylo, Mikael yoki Maykl aksar hollarda rumin, polyak, nemis, ingliz yoxud daniyalik va hokazo ekanini tasdiqlashi barchaga ayon. Yoxud hind, arab, gruzin, hatto qardoshimiz turk xalqlarining ism-sharifini adashtirib yuborish deyarli kuzatilmaydigan hodisa. Bu ham o'sha xalqlarning o'z tarixiga munosabatini, ajdodlariga hurmatini aks ettirish bilan birga, millatparvarligini ko'z-ko'z qilib turadi.
Xo'sh, bu masalada bizda ahvol qanday? Biz ota-bobolarimiz yaxshi niyat bilan qo'ygan ism-sharifimizni qadrlay olayapmizmi, tariximizga, ajdodlarimizga hurmatimizni namoyon qilyapmizmi?
Bolalarimizga ba'zan asli noma'lum yoki hech qanday ma'no bermaydigan ismlar ham qo'yilayotgani, ba'zan esa ismlar zamonaviy va jarangdor deb mutlaqo qisqartirib yuborilayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Yuqorida milliy tilni asrash va rivojlantirish borasida birinchi galda ilm-fan, ta'lim, madaniyat va san'at namoyandalari, davlat xizmatchilari boshqalarga ibrat-namuna bo'lishi lozimligini qayd etdik. Quyida ana shu haqda muxtasar mulohaza yuritamiz.
Biz o'ttiz yil davomida sobiq tuzumga xos ko'pgina noma'qul meroslardan qutuldik. Hatto iqtisodiy boshqaruv tizimida ham bu yaqqol ko'rina boshladi. Ammo millatning o'ziga xos muhim jihatlaridan bo'lgan ism-sharif masalasida hamon e'tiborsizlik qilmoqdamiz. Yo'q, biz bu o'rinda -ov, -ev, -vich kabilardan voz kechish kerak deyish fikrida emasmiz. Bu ko'p vaqt va mablag' talab qilishini yaxshi tushunamiz. Shunchaki, ayrim ism-shariflar hamon nafaqat tilimiz, balki umuman milliyligimizga mutlaqo yot bo'lgan shaklda ifoda etilayotganidadir.
Masalan, biror sana munosabati bilan matbuotda mukofotlanganlar ro'yxati e'lon qilinganda, u yerdagi “turfa xillik”ni, “rang-baranglik”ni ko'rib hayron qolasan kishi. Bu hayratning boisi bir-biridan ajabtovur ismlar, bir-biridan g'aroyib familiyalar. Nega bunday deb so'rasangiz, hammasining javobi bir xil: “Pasportimda shunaqa!”. Hoy, baraka topgur, pasportni o'zgartirish muammo emas-ku, axir bobongni yo momongni “Yuldash, Kadir, Xalta, Xaltura, Djaxangir, Yulchi, Yadgar, Gapur, Yarkinoy deyishmagan-ku”, deb har qancha tushuntirishga urinmang, bari befoyda. Topgan bahonasi “Po pasportu tak”. Tamom-vassalom! Nima balo, bu pasport deganlari jannatga yo'llanmamikan, deb o'ylab qolasan goho. Shu ismlarni o'zbekcha qilib Yo'ldosh, Qodir, Xoltoy, Xolto'ra, Jahongir, Yo'lchi, Yodgor, G'ofur, Yorqinoy deb yozsa obro'yi tushib qoladimi yo birov uning yoqasidan oladimi? O'zga tildagisidan ko'ra asli o'zbekchasi chiroyli va jarangdorroq-ku!?
Bu masalaga muqaddas kitoblarda ham alohida e'tibor qaratilgan, xususan, ota-ona tomonidan qo'yilgan ismga qo'shimcha qo'shish, uni qisqartirib yoki buzib aytish dinimizda ham qoralanadi. Bobolarimiz o'z ism-shariflari bilan iftixor qilishgan, buni nasl-nasabning tozaligini anglatib turuvchi muhim jihat sifatida qattiq himoya qilishgan. Ismi yo sharifini buzib aytgan kishiga jiddiy tanbeh berishgan. Buni milliy ma'naviyat deb bilishgan, qadrlashgan.
O'zim avval ishlagan tashkilotlardan birida bir shaxsning familiyasi uch o'rinda uch xil yozilganiga duch kelgandim: Kiyamov, Kiemov, Qiyomov! Boshqa biriniki esa undan ham oshib tushgan — naqd to'rt xil: Yuldashev, Yuldoshev, Yo'ldoshev, Yuldashov! Bu bir kishimi yo to'rt kishi degan, savol tug'ilishi tabiiy. Avvaliga istihola yuzasidan botinolmadim, baribir bo'lmadi. Tashkilotda Yo'ldoshev familiyali birgina kishi borligini bilgach, o'zim orqali o'tadigan hujjatlardagi familiyaning hammasini bir xil — Yo'ldoshevga o'zgartirib chiqdim. Natijasi ko'p kuttirmadi, uch-to'rt daqiqa o'tar-o'tmas birov shiddat bilan xonamga kirib keldi va “mening familiyam Yuldashev! Po pasportu shunday”, deya dag'dag'a qildi. Kuyayinmi, kulayinmi, deganlari shu bo'lsa kerak.
Mustaqillikka erishganimizga 30 yil to'layotgan bo'lsa-da, bunday ajabtovur ism-familiyalar istalgancha topiladi. Ana shunday “nodir” ism-familiyalilardan biriga “Pasportni o'zgartirish qiyin emas, masalan, mening ismim ham dastlab berilgan pasportga ko'ra Djumanazar edi. Harbiy xizmatdan qaytgach, hali sobiq tuzum davrida – 1987 yili “D”ni oldirib, o'zbekcha yozdirganman, osmon uzilib yerga tushmagan. Ko'p vaqt ketmagan — borib ariza yozganman va bir necha kundan keyin pasportimga Jumanazar deb yozib berishgan”, deb tushuntirishga urinib ko'rdim, befoyda. O'zi aytmoqchi “o'z pozitsiyasida” hamon mustahkam turibdi. Qaniydi, ana shu yemirilmas pozitsiyasini ona tiliga hurmat borasida ham qo'llay olsa! Otasiga katta-katta rahmatlar aytardik.
Sinchkov yurtdoshlarimiz yaxshi biladi, Prezident, Bosh vazir yoki Senat raisi kabi eng katta amaldorlar ko'pchilikning oldida davlat tilida gapiradi, adabiy tilda intervyu beradi. Balki, jurnalistlarimiz adabiy tilda gapirmaydigan amaldorlar bilan suhbat qilmasligi, ulardan intervyu olmasligi kerakdir. Ehtimol, o'shanda ular adabiy tilni yaxshi o'zlashtirishga harakat qilarmidi…
Prezidentimiz shu yil 19 yanvar kuni ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo'yicha o'tkazgan videoselektor yig'ilishida: “Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. U xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, deb ta'kidlar ekan, keskin kurash va raqobat hukm surayotgan bugungi dunyoda manfaatlar to'qnashuvi kuchayib, milliy o'zlik va ma'naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar ortib borayotganiga alohida e'tibor qaratdi. “Iqtisodiy kambag'allikni qisqartirish bo'yicha katta ishlar olib boryapmiz. Lekin ma'naviy qashshoqlikni qanday qisqartiramiz? Fikr qaramligidan qanday qutulamiz? Islohotlar uchun mablag' va investitsiyalarni topyapmiz, lekin ma'naviy immunitetni mustahkamlash uchun ruhiy resursni qaerdan topamiz?” — deb o'ta jiddiy va kechiktirib bo'lmas masalalarni o'rtaga tashladiki, bu, birinchi navbatda, ziyolilar va davlat xizmatchilarini yanada sergak torttirishi kerak.
Bugun ommaviy ta'sir ko'rsatish masalasida televidenie va internetning oldiga tushadigani yo'q. Shunday ekan, teletomoshabinlarga, asosan, maishiy-ishqiy mavzudagi xorijiy seriallaru yengil-elpi “ko'ngilochar” dasturlarni taqdim etaverish hech qanday samara bermaydi. Xalqimizning o'ziga xos mentaliteti, qadriyatlari va turmush tarziga mos seriallar va “ko'ngilochar” dasturlar tayyorlash, efirga uzatishdan oldin adabiy til qoidalariga nechog'li rioya qilinganini ko'rikdan o'tkazib olish shart. Toki tomoshabin, ayniqsa, yoshlar bundan ibrat olsin, o'zaro so'zlashuvda ham adabiy til qoidalariga rioya qilish ko'nikmasi shakllansin. Bu bilan oddiy so'zlashuv madaniyati yo'qolib, tobora dag'al va qashshoq bo'lib borayotgan tilimiz musaffoligi va jozibadorligini saqlashga hissa qo'shgan bo'lamiz.
Milliy g'oya va ma'naviyatimizni targ'ib qiluvchi ko'rsatuv va media mahsulotlar esa deyarli ko'rinmaydi. Ayniqsa, milliy seriallar namoyishidagi aksariyat dialoglar, monologlarda quloqqa aytiladigan gaplarning bemalol ekranda jaranglashi kishini o'yga toldiradi. Bu ketishda 5-10 yildan keyin Kiyam, Yuldash, Kurban, Achil va hokazo kabi o'rischa yoziladigan ismlar o'rnini o'sha Kerime, Kemal, Feride, Muzefferlar egallamasligiga kim kafolat beradi?
Tahlillarga ko'ra, bugun O'zbekistonda faol teleauditoriyaning 52 foizi ayollar, 42 foizi erkaklar ekan. Ularning 43 foizi mehnat bozorida ishlayotgan fuqarolar bo'lib, teletomoshabinlarning 83 foizi o'zbek tilida so'zlashuvchi auditoriya hissasiga to'g'ri keladi. Shunday bo'lgach, tomoshabinga taqdim etilayotgan telemahsulotlar ham o'zbek adabiy tiliga xos bo'lishi kerak emasmi?
Ahamiyatli jihati shundaki, teletomoshabinlarning yengil-elpi, musiqiy-ko'ngilochar ko'rsatuvlarga emas, balki tahliliy-tanqidiy, ijtimoiy-siyosiy axborotlarga bo'lgan qiziqishi ortgan. Buni O'zbekistonda televidenie auditoriyasi tadqiqotlarini amalga oshiruvchi “Kantar Research” MChJning 2020 yil yakuni bo'yicha e'lon qilgan tadqiqoti natijalari ham tasdiqlaydi. Xususan, “Sevimli” telekanalida har kuni 4 marotaba to'g'ridan-to'g'ri jonli tarzda efirga uzatilayotgan “Zamon” informatsion-tahliliy dasturi auditoriyasi 18,1 foizga oshgan va barcha telemahsulotlar orasida birinchi o'rinni egallagan.
Himolay tog'larida yashaydigan tay xalqi yosh kelin-kuyovga “bir-biringni xuddi kitdek yaxshi ko'ringlar, bir-biringga xuddi itdek sadoqatli bo'linglar!” — deb tilak bildirishar ekan. Bu bizga qanchalik g'alati eshitilmasin, o'sha xalqning bor bisoti shu — lug'atida bundan ortiq ezgu tilak yo'q ekan. Yaratganga shukurki, bizning tilimizda ifodalab bo'lmaydigan narsaning o'zi yo'q. Ana shu tilimizning sofligini asrash, boyitish, xalqaro miqyosda keng targ'ib qilish, avvalo, ilm-fan, ta'lim, madaniyat va san'at ahli, davlat xizmatchilarining burchidir.
Jumanazar MELIQULOV,
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
direktorining maslahatchisi