Tinimsiz g'ildirak

Respublikada 35-40 ming chog'li muallimlar o'quvchilarga tarix fanidan saboq berar ekan. Albatta, ularning hammasini bir masala atrofida boshini qovushtirish qiyindir, biroq hammasi g'ildirakning kashf etilish tarixi va uning inson hayotidagi o'rnini yaxshi biladilar. Ibtidoiy odam g'o'la aylanib ketishini ko'zi bilan ko'rgan va unga taassib qilib, keyinchalik g'ildirakka asos bo'lgan qurilmani yaratgandir. G'ildirakning esa texnika, umuman, mexanikada o'ynagan rolini ta'riflash qiyin. Uning kashf qilinishi bu sohada chinakam inqilob yasagan. U juda ko'plab mexanizmlarning asosini yoki eng muhim qismini tashkil qiladi.

Yana shunday fikrlar, gaplar borki, ular ham g'ildirak kabi muttasil aylanib turadi, turaveradi. Uzoqqa bormay, tarix saboqlarini esga olaylik. Avreliy Avgustin (356-430 yy.) “Biror xalqni uyg'otmoqchi bo'lsangiz, unga tarixini o'rgating” degan ekan. Mashhur ilohiyotshunos, faylasuf, xristian cherkoviga asos bo'lgan Gippon ibodatxonasining yepiskopi bo'lgan zot behudaga bu xulosaga kelmagan bo'lsa kerak. U haqiqatni bilishning yagona yo'li tarixni bilishdir, deb ta'kidlagan. Faylasuf inson har qanday masalada haqiqatni (ya'ni, gap nimadaligini) bilishga intiladi, haqiqat esa tarixdadir, deb bilgan. Tarixni bilgan odam Haqqa yaqinlashadi — Avreliy Onhazrat (Blajenniy)ning eng katta xulosasi shunday.

Demak, tarixni o'rganishni taqiqlash haqiqatni bilishni, o'rganishni taqiqlash bilan barobar ekan. Haqiqatni bilmaslik — gumrohlik, ya'ni o'raga qamalishdek gap. Gumroh odamga esa hech narsaning qizig'i yo'q, ayniqsa, u o'radan chiqishga butunlay umidini uzgan holda bo'lsa. Chor bosqinchilari Chernyayev, Skobelev, Kaufman va boshqalarning Oq podshoga yozgan hisobotlarida “Biz o'zimizdan ancha yuksak salohiyatga ega bo'lgan xalq bilan yuzma-yuz bo'ldik. Bularni yengish qiyin. Faqat tili va tarixidan begona qilibgina maqsadga erishish mumkin” qabilida arz-hol qilishlari ham bejiz emas ekan. Bu xulosalar tarixda juda ko'p xalqlarni bosib olgan mustamlakachilar siyosati misolida isbotlangan, uni ta'kidlashdan maqsad ba'zi loqaydlashgan zehnlarga masalaning nechog'lik muhimligini yana bir marta ta'kidlab qo'yishdir.

Shunday qilib, g'ildirak aylanadi va yangilikka yo'l ochiladi. Yangilik shuki, mazkur o'quv yilidan boshlab, oliy o'quv yurtlarining nomutaxassislik fakultetlarida faqat 1991 yildan keyingi tarix o'qitiladigan bo'ldi. Oldin esa bir yil davomida (ikki semestr) tarix fani o'qitilgan. To'rtinchi bosqichda tarix va boshqa ijtimoiy fanlardan umumlashtirilib, davlat imtihoni topshirilgan. Yangi tartib joriy qilingach, bu yog'i nima bo'lishini hozircha hech kim ayta olmaydi.

Umumiy o'rta ta'limga, umuman, maktabga e'tibor kuchaygandan-kuchaygan sharoitda bu masalaga munosabat qandayligi bilan qiziqdik. Maktab dasturiga ham bu o'quv yilidan muhim yangilik sifatida “Tarbiya” darslari kiritildi. Bu fan oldin amalda bo'lgan “Odobnoma”, “Vatan tuyg'usi”, “Milliy g'oya”, “Ma'naviyat asoslari” darslari o'rniga joriy qilindi. Ma'lumki, mamlakatimizda “Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi” (Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi 1059-qarori bilan tasdiqlangan) qabul qilingan va uning maqsadi — “yosh avlodda mustaqil hayot uchun zarur ijtimoiy ko'nikma va fazilatlarni yoshiga mos, bosqichma-bosqich shakllantirish asosida yuksak fazilatli, barkamol avlodni voyaga yetkazish”dan iborat. Shubhasiz, uning talablari o'sib kelayotgan kelajagimiz egalarini har tomonlama komil insonlar qilib tarbiyalashda, “ijtimoiy ko'nikma va fazilatlarni… shakllantirish”da boy tarixiy merosimizdan samarali foydalanishni ko'zda tutadi.

Endi, ya'ni bu yil joriy qilingan Tarbiya darslarida bu hol aks etgan, undan kutilayotgan natijalar ulkan, albatta, yangilik boyitilib boriladi, shu bilan birga hali bu borada bahs va izlanishlar davom etadi. Umuman, tarix fanining o'qitilishi bilan qiziqqanimizda esa oldindan tasavvur qilib bo'lmaydigan manzaralarga duch keldik. Albatta, bolalar qiyqirig'i muttasil yangrab turadigan, yuzlab katta-kichik odam kirib chiqadigan dargohni yonlab o'tib ketish boshqa, uning ostonasidan ichkariga qadam qo'yib, haqiqiy ahvol bilan tanishish boshqa ekan.

Xullas, tarix fanining o'qitilishi masalasida turli doiralarga murojaat qilib va maktablar faoliyati bilan tanishib, kutilmagan manzaralarga duch kelindi. Tafsilotlarga o'tishdan oldin bir holni qayd etishni xohlardim. Turli nashrlarda maktab-maorif haqida maqolalarni o'qib qolamiz, muallimlar, mutasaddilar o'z ishlaridan axborot beradilar. Ammo ularda bugungi maktabning ob-havosini his etmaysiz, hozir bu dargohlarda ketayotgan qizg'in jarayonning harorati yo'q. Ular yo maktab dargohiga kirmasdan, tashrif buyurilmay, telefon yoxud hisobotlardan olib tayyorlangan   yoki shunchaki yo'liga yozilgan bo'ladi, chamasi. Bu borada hamkasblarimizga, shu mavzuda qalam tebratayotganlarga jiddiy e'tiroz bildirishga haqlimiz. Ochig'i — maktabdagi iqlimni sof, toza, musaffo qilmay turib, bu joyda oshkoralik, o'z-o'zini tanqid muhitini yaratmay turib, biror o'zgarishni amalga oshirish mumkin emas. Sohadagi ahvol esa ma'lum — qariyb chorak asrdan beri bu sohada “islohot”lar davom etadi: goh darslik o'zgaradi, goh dastur o'zgaradi, hatto yuqori sinflar qisqartirib tashlandi ham. Oliy ma'lumotli pedagog, o'n yil maktablarda dars bergan ustoz sifatida aytamanki, bu sohaning oltin qoidalaridan biri — ta'lim-tarbiya barqarorlikni, konservatorlikni yoqtiradi. Darslikning o'zi emas, hatto uning muqovasi rangi o'zgartirilsa   ham salbiy effekt beradi: uni qabul qilish uchun quvvat sarflanadi, vaqt yo'qotiladi. Yirik ruhshunoslar, pedagoglar shunday xulosalarga kelishgan. Bugungi maktabdagi ahvol-chi?!

Telefon orqali so'zlashib yoki tashrif buyurib, bir umumiy holga guvoh bo'ldikki, bu manzara bir qarashda taajjubli tuyuladi. Sen birovga qo'lingni uzatsang-da, u tomon “Yo'q, men ..” deb tursa, g'alati bo'larkan: kimga murojaat qilinsa yoki biror savolga javob olish kerak bo'lsa, maorifchilar iloji boricha tutqich bermaslikka yoki “qo'lga ilinadigan” biror gap aytmaslikka harakat qilishadi. Ilojsiz qo'lga tushib qolganlar esa qo'rquv va sarosima ichida umumiy gaplardan nari o'tishmaydi. Hatto “Tarix faniga o'n yil, besh yil, ikki yil oldin qancha soat ajratilgandi?” singari jo'n savollarga yigirma yil ilmiy bo'lim mudiri bo'lib ishlagan “hurmatli pedagoglar” ham aniq javob bera olmaydi yoki haqiqiy ahvolni yashiradi. Go'yo shundan manfaatdordek, chalkashtirishadi, yolg'on axborot berishadi. Yana bir hol – juda o'tinib, o'z ism-shariflarini atamaslikni so'rashadi (ularni ranjitmaslik uchun o'shanday qilayapmiz). Umuman, butun xalq e'tiboridagi bu soha yopiq maydonga aylanganga o'xshaydi (“o'raga sichqon tushdi, guldur-gup”) va shu orqali ular o'z mas'uliyatlarini bo'yinlaridan soqit qilishmoqchi va shu yo'l bilan javobgarlikdan qutulib qolmoqchi bo'lishadi go'yo.

Bunday holat bor gap. Uni qarorlar, tadbirlar, do'q-po'pisa bilan o'nglab bo'lmaydi. Yagona yo'li – “hurmatli pedagog”lar qalbidagi o'chib qolgan chiroqni yoqib yuborish, ya'ni pedagoglarning o'ziga pedagoglarcha munosabat bildirish. Har bir ustoz mas'uliyatni o'zi his qilmas ekan, qalbidagi mudrab qolgan tuyg'ular – vatanparvarlik, insonparvarlik, kelajak oldidagi mas'uliyat, odamiylik singari burchdorlik hissi, eng asosiysi — go'zallikni qadrlash malakasi uyg'onmas ekan, uning maoshini oshirgan yoki mukofotlagan bilan hech narsa o'zgarmay qolaveradi (bir hol ko'zga tashlanayapti: past ovozda aytilayotgan takliflarda ham darsliklar sifati yoki dars soatlarining kamayib ketishi emas, faqat maoshni oshirish yoki imtiyozlarni ko'paytirish haqida gap bo'lmoqda. Holbuki, qadimgi zamonlarda ustozning ramzi – sham bo'lgan, u yonadi va davralarni yorug' qiladi. Ziyo ulashish fidoyilikni talab qiladi, imtiyozni emas!) Shunga o'xshash noxush holatlardan qutulishning yo'li — ustozlarda o'zi tanlagan kasbning olijanobligiga ishonchni mustahkamlash, mehrni qaytarish, jamiyatda hurmatini joyiga qo'yishdir. Eng asosiysi — “tadbirboz”lik va turli qayta tayyorlashlarga chek qo'yib, ularning o'ziga o'zi bilan “gaplashib olishi”ga imkon yaratish. Ustozlar keraksiz tadbirlardan, seminarlar-u, qo'shimcha topshiriqlardan juda charchagan.

Bu masalaning ma'naviy tomoni. Xususiy jihatlarga qaytadigan bo'lsak, fanlar, jumladan, tarixdan beriladigan saboqlarning qanchalik samara berishi, shubhasiz, muallimning tayyorgarligiga bog'liq. Darsliklar va dasturlarning muttasil o'zgarib turishi o'qituvchilarda ma'lum qiyinchiliklar tug'dirgani bor gap. Shunday sharoit ularning o'z ustlarida ishlashlari, davr talabi bilan hamqadam bo'lishlarida muammolarni yuzaga keltirdi. Deylik, maktab va matbuot masalasi qanchalik jiddiy tus olganiga hamma guvoh. Bu holga davlatimiz rahbari aniq tashxis qo'ydi: “Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo'q qildik… Shunday ayanchli holga keldikki, hatto ayrim rahbarlar gazeta o'qimasligi bilan maqtanadigan bo'lib qoldi”.

Bir gal   tashrif buyurgan maktablarning   birida o'qituvchiga o'zim bilan olib borgan gezetani tuhfa qildim.

— Ma'naviyat xonasiga qo'ying, o'zingiz o'qing, hamkasblaringiz ham o'qiydi, — dedim.

— Ikkalasi ham bir xil-ku, — dedi ajablanib ustoz, katta-katta qilib yozilgan “HURRIYAT” so'zini ko'rsatib. Bu umrida gazeta ko'rmagan odamning gapi edi.

— Gazetaning nomi bu, ichi har safar yangi bo'ladi, — dedim Suqrot shogirdlariga gap o'qtirgandek hijjalab. Qo'lidagi varoqni ushlab angrayib turgan, qariyb yigirma yillik “pedstaj”ga ega shu ustozning biron marta gazeta ochib o'qiganiga ishonib bo'lmaydi.

Baribir, ustozlarning mulohazalarini tinglash maroqli. Ular aytadiki, o'quvchilarda tarix fanini o'qish-o'rganishga qiziqish susayib ketgan. Bu holning sabablari ko'p. Jumladan, oliy o'quv yurtlariga kirish imtihonlarida cheklovlar bo'ldi. Bundan tashqari darslar zerikarli, qo'shimcha materiallar yo'q hisobi. Masalan, Janna d`Ark haqida gapirish lozim bo'lsa, suratlar, kartalar, hatto videomateriallar oshib-toshib yotibdi. Dukchi eshon haqida gap ketganda esa choponiga o'ranib olgan ojiz cholning suratidan boshqa namoyish qilinadigan narsa yo'q. “Mana, ingliz tili qanday qiziqarli o'tiladi. Bunaqa bo'lgach, bola zerikmaydi-da”. Demak, rassomlar, kinochilar ham maktabdan ancha qarzdor ekan. Fanning o'zida hali yagona to'xtamga kelinmagan o'rinlar ham ko'p, hatto tarixiy shaxslarning ismlarini yozishda bir xillikka erishilmagan. Ko'p voqealarga hali yetarlicha ilmiy, siyosiy baho berilmagan o'rinlar bor. Yoki sinflar bo'yicha davrlar taqsimotida ham tenglik yo'q. Yettinchi sinfda ming yildan ziyod davr tarixi o'rganilsa, ba'zi sinflarda 70-80 yillik tarixni o'rganish ko'zda tutilgan. Umuman, darsliklarning tuzilishida sho'ro davridagi qoliplar saqlanib qolgan (“Ikki haftada darslik yozgan paytlar bo'ldi”, deydi suhbatdoshlardan biri). Endi tariximizda yorqin iz qoldirgan davrlar batafsil va har tomonlama o'rganilishi lozim emasmi?

E'tibor berayapsizmi, g'ildirak joyida aylanib yotgandek taassurot uyg'otmoqda. Demak, predmetning o'zini o'rganish va o'rgatishda muammolar bartaraf etilmagan. Matbuotda tarix fanini xronologik tartibda emas, mavzular bo'yicha (shaharlar, hunarmandchilik, buyuk shaxslar, din, madaniyat tarixi singari) o'rganish yuzasidan fikr bildirilgandi (“Hurriyat” g., 2020 yil, 15 yanvar, “Ma'rifat” g., 2020 yil, 4 mart), unga hech qanday munosabat bildirilmadi. Mayli, o'quv dasturini o'zgartirish, darsliklarni yangilash qiyindir, ammo shu mavzularda qo'shimcha adabiyot sifatida kitoblar, risolalar yaratish mumkin-ku. Bu boradagi izlanishlar ko'zga chalinmaydi. Xuddi shunday yumushlarga bosh-qosh bo'lishi kerak bo'lgan Respublika Ta'lim markazining faoliyati esa hozirgacha tushunarsiz bo'lib kelmoqda. Markaz muallifning “Hazrat Sohibqiron” va “Sohibqiron abadiyati” kitoblarini “O'rta maktab o'quvchilari uchun foydalanishga tavsiya qilinmasin” deb xulosa bergan (2018 yil, 26 sentyabrdagi qarori). Ko'rayapmizki, g'ildirak teskari aylangan. Uzoq tortishuvlar, matbuot chiqishlaridan keyin yana o'zini inkor qilib, “qo'shimcha adabiyot sifatida foydalanish maqsadga muvofiq, deb topilsin” tarzida xulosa berdi (2018 yil, 29 noyabr).

Xullas, tarix fanini o'qitish, umuman, maktab hayoti singari, ana shunday muammolar girdobida yashamoqda. Vaqt esa kutib turmaydi. Zamonning o'zi jiddiy tashvishlarni ko'ndalang qo'ymoqda. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Hozirgi paytda dunyo miqyosida raqobat keskin tus olib borayotganini hammamiz ko'rib turibmiz. Bu shiddatli raqobatga faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish orqali munosib javob bera olamiz”. Albatta, yangiliklarni amaliyotga kiritish kadrlar salohiyatiga bog'liq. Ulug'vor vazifalarni esa qalbida millat g'ururi va iftixori jo'sh urgan avlodgina uddalay oladi. Zero, o'tmish sabog'i, ajdodlar jasorati eng yorqin ibratdir. Kimki o'z jonajon tarixini jondan sevsa, uning barcha sirlarini puxta o'rgansa, o'zida olamshumul yumushlarga kuch topa oladi. Aksincha, qadimgi yunon faylasufi Sitseron ta'biri bilan aytganda, “Tarixni bilmaslik bir umr go'dak bo'lib qolishdir”. G'ildirakning mudom oldinga aylanishi shaksiz hayotiy zarurat hisoblanadi.

Hakim Sattoriy,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining mas'ul xodimi, yozuvchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + 16 =