Matbuotsiz hayot — quyoshsiz osmon

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan OAVga katta e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, so'nggi yillarda so'z erkinligini ta'minlashda sezilarli qadamlar tashlandi. Mana, kecha 19 yanvar kuni Prezidentimizning videoselektor yig'ilishi ham aynan ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ijodiy uyushmalarni qo'llab-quvvatlash va yana mamlakatimizdagi yetakchi jurnallarning ta'lim dargohlariga albatta kirib borishi singari masalalarning kun tartibiga qo'yilgani ahamiyatli bo'ldi.

Shunday ekan, bugun qaysi nashrni sa-al ko'ngildagiday deb atasa bo'ladi yoki matbuotning ovozi qaergacha yetmoqda? Nima uchun gazeta va jurnallar har bir yurtdoshimiz istiqomat qilayotgan xonadonlarga kirib bormayapti?

Bundan bir necha kun avval “Hurriyat” gazetasi tahririyatida bir guruh ustoz jurnalistlar, faol hamkasblarimiz bilan bo'lib o'tgan davra suhbatida ham aynan shu mavzuda fikr, mulohazalar o'rtaga tashlangan edi. Ayni damda matbuotning, chin so'zning qaddi va qadrini ko'tarish masalalari barobarida mamlakatimizdagi yagona mustaqil nashr — “Hurriyat” gazetasining mazmun va mohiyatini   bo­yitishga-da e'tibor qaratildi.

Abdurasul JUMAQULOV,

“Hurriyat” gazetasi bosh muharriri:

— Hammamiz yaxshi bilamizki, yurtimizda keyingi 4 yil ichida qanchadan-qancha ijobiy o'zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirildi. Xalqimiz ham Prezidentimiz takror-tak­ror aytganlaridek, bugun kechagi xalq, kechagi odamlar emas. Chunki odamlar o'z haq-huquqini yaxshi bilib, o'z fikrini har masalada ochiq-oydin aytadigan bo'ldi. Bunga yaqqol bir dalil sifatida bugungi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, kifoya.

Yurtboshimiz o'tgan yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizning jamiki jabhalari xususida fundamental nutq so'zladi. Shu bilan birgalikda OAVlari haqida ham alohida to'xtalib, tom ma'noda “To'rtinchi hokimiyat”ga aylanib borayotganini ta'kidlagan holda, jumladan, shunday dedilar: “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko'plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so'z erkinligi bu — davr talabi, bu — O'zbekistondagi islohotlarning talabi”.

Endi bugungi “Davra suhbati”dan murod shuki, mamlakatimizdagi yagona mustaqil nashr “Hurriyat” gazetasi o'qimishliligini oshirish, bugungi davr, hayot oldimizga qo'yayotgan vazifalarni o'z sahifalarimizda aks ettirishda hali ko'ngil to'layotgani yo'q.

Albatta, bozor tamoyillarining o'z qonun-qoidalari bor. Bugun hech kimni “shuni o'qiysan” deb majburlab bo'lmaydi.

Afsuski, bir zamonlar million nusxada chop etilgan ayrim nashrlar hozirgi kunda 2-3 ming adadda chiqayapti. Ba'zi bir gazeta-jurnallar esa allaqachon yopilib ketdi.

Agar respublikamizda 6 milliondan ziyod xonadon bo'ladigan bo'lsa, yaxshi bilamiz, bir paytlar har bir xonadonga hech bo'lmaganda 4-5 ta gazeta-jurnal kirib borar edi. Hozir esa qishloqlarga boramizmi, shaharni kuzatamizmi, deyarli xonadonlarga gazeta-jurnal kirib bormayapti. Gazeta faqatgina ishxonalarga tashrif buyuradigan “pochta yuklamasi” bo'lib qolmasligi kerak-da. Bular albatta, o'z yechimini kutayotgan masalalardir.

Mana biz uy-joy masalasidagi muammolarni olib chiqmoqchi bo'lib turgan edik. Axir sobiq ittifoq davrida qurilgan uylar 1966 yilning zilzilalariga ham dosh bergan. Biroq bir necha yil avval ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvlardan eshitib bilgandik, yuvinish uchun kirgan odam vannasi bilan birga pastki qavatga qulab tushgan. Shunday ekan, o'tgan yillarda qurilayotgan uylarning hammasi ham talabga javob bera oladimi? Axir Jizzaxda qulab tushgan uy bu borada amaldagi ishlarga hali e'tiborni jiddiy qaratish lozimligini ko'rsatmayaptimi? Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir yurtdoshimizning kesatiqli gapiga ko'zim tushdi: “Nahotki bittagina tahliliy gazeta qilishning imkoni yo'q” deyilibdi. Axir, biz talabaligimizda, aytaylik, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”ni sotib olmasdan darsga kirib ketsak, uni ikkinchi “para” dars oldidan umuman topa olmasdik.

Biz shu o'rinda “Hurriyat” gazetasining bundan ke­yingi faoliyatini, saviyasini yanada ko'tarish haqida o'ylaymiz. “Hurriyat” mamlakatimizdagi yagona mus­taqil nashr. Hozir siz ustoz jurnalistlarni, iqtidorli hamkasblarni suhbatga tortishdan maqsad, o'z dardimizni aytib “yurakni sovutish” yoki taftimizni bosish emas, nima qilsak gazeta bundan ham o'qishliroq, bundan ham yaxshiroq chiqadi? Qanday mavzular e'tiborimizdan chetda qolib ketayapti? Mamlakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat, keyingi yillardagi o'zgarishlar, yangila­nishlar mazmun-mohiyatini ochib beradigan publitsistik maqolalar, ocherklar matbuotimizda nega yo'q darajada? Shu masalalarda sizlarning fikr-mulohazalaringizni, takliflaringizni olish niyatidamiz.

Ashurali JO'RAYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist:

— Agar qaysiki muharrir gazetadan qoniqish hosil qilsa, o'sha gazeta “manziliga yetib kelgan” bo'ladi. Chinakam muharrir zotining peshonasiga shu narsa yozilganki, u o'z ishidan hech qachon qoniqmaydi.

Rahmatli Odil (Yoqubov) aka aytardi: “Matbuot (gazeta A.J. izohi) — qizib turgan tandir. Sen shu tandirni yonida turganingni unutma”. Biz har birimiz tandirdagi o'sha mahsulotimiz yaxshi bo'lishini, mazali bo'lishini, hammaga yetib borishini xohlaymiz, albatta.

Bugun jur'at, jasorat degan narsalar ko'proq kerak bo'lyapti. Prezidentimiz ham matbuotdan shuni kutayapti.

Ochig'i, hozirgacha noma'lum sabablarga ko'ra o'zimizda ichki senzura yashayapti. U muharrirning ichida yashaydimi, boshqa odamning ichidami, baribir   yashayapti. Mana Namanganda o'tgan yili bir ayol o'ziga o't qo'yib yubordi. Shu masalani matbuotdan kuzatdim: “Darakchi” xabar berishdan nariga o'tmadi. Lekin shu voqeani borib o'rganib kelgim keldi. Biroq sog'ligim sabab bora olmadim. Ehtimol, Tolstoy yoki Dos­toyevskiyga o'xshagan yozuvchilarimiz bo'lganda edi, katta bir asarga aylanardi.

Yana “Darakchi” gazetasida “Vazir iste'foga chiqmoqchi, biroq…” degan maqola e'lon qilindi. Men ana shuni o'qib, xayriyat, bizda ham vazirlar iste'foga chiqar ekan-ku, dedim. Keyin muxbir “Iste'foga chiqmoqchi edingiz-ku, qachon bu voqea sodir bo'ladi?” deb savol bersa, “Iste'foga chiqmoqchi edim, biroq bu yoqda ishlar juda ko'p. Hamma iste'foga chiqib ketaversa, ishni kim qiladi, iste'fo bergan bilan nima o'zgaradi?”, deganga o'xshash javob beribdi. Endi bugun mana shu masalalarni ham ko'taradigan payt keldi.

“Hurriyat” — bugun dadil gazeta, endi nazarimda yanada jasoratli nashrga aylanishi kerak.

Jabbor RAZZOQ,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist:

— Shu yerda o'tirgan odamlarning hammasining umri gazeta bilan bog'liq. Men 1966 yilgi zilziladan to'rt kun keyin ishga kelganman. Vasiliy Pes­kov Toshkent zilzilasi haqida bir sahifalik reportaj tayyorlagan edi. Ertalabdan Moskvadan Toshkentga uchib kelib, vayron bo'lib qolgan shaharni kezib o'ziga xos uslubda material tayyorlagan. Bu bilan men nima demoqchiman, bizning bugungi gazetalarimizda uslub, originallik yetishmayapti. Saytlarni ko'rsangiz ham, gazetalarni ko'rsangiz ham bir xillilik kuchli. Biroq gazetchilarimiz bugungi zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda o'ziga xos bir yo'lini topishi kerak bo'lyapti. “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasining birinchi sahifasida Ahmadjon Meliboyev beradigan “mix” maqolalar mana bugun juda kerak bo'lyapti. Mana peshonamizda “Tashkent city” qurilgan. Hali shu haqda batafsil, to'laqonli ma'lumot va tasavvur beradigan bir tahliliy material berilgani yo'q. Hali xalqimizning ko'pi “Tashkent city” bilan “Akay sity”ning farqiga bormaydi. Aytmoqchimanki, bu kabi ulkan qurilishlar havasaki yoki osongina bo'layotgani yo'q-ku.

Biz ishlagan davrlarda O'zbek tilining qonun loyihasi ishlab chiqilib muhokamaga qo'yilganda “Chala tug'ilgan bola” deb o'sha qonun loyihasini tanqid qilib chiqqanmiz. O'sha paytda “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasi bizga qarshi maqola bergandi: “Palaxmon toshi tegsa bosh­­ga, tegmasa…” degan.

O'zbek jurnalistlari ilg'or xorij matbuotidan mavzu tanlashni, unga yondashishni, uslubni o'rga­nishlari kerak. Mana Rossiyada bizning qancha yurtdoshlarimiz mehnat muhojirlari sifatida ishlab yurishibdi. Boshqa mamlakatlarda qancha o'zbeklar yashab, ishlashyapti. Lekin bugungi kunda ularning taqdiri, muammolari bilan o'zimizning matbuot qiziqayotgani yo'q. Bu ham bizning matbuot uchun bitta yaxshi mavzu bo'la oladi.

Yana bir taklif. O'tgan yil “Ishonch” gazetasi o'zining yillik eng yaxshi maqolalarini yig'ib kitob holida chop etdi. Bundan boshqa nashrlar ham o'rnak olsa arziydi. Ayniqsa, “Hurriyat” ham yil davomida o'zida chiqqan eng yaxshi maqolalarni   kitob qilsa, yaxshi bo'lar edi.

Yoqubjon XO'JAMBERDIYEV,

faxriy jurnalist:

— Jabbor akaning fikrlari menda ba'zi mulohazalarni paydo qildi.   “Davlat tili haqidagi qonun”ning tishsiz – tirnoqsiz ekanligini 2004 yilda Zuhriddin Isomiddinov yozgan edi. Unda “Bu qonunning ijrosi yaxshi bo'lmayapti” degan edi. Endi bunga qo'shimcha qildilarki, yo'q, gap qonunning ijrosida emas ekan, uning o'zida ham ekan. O'sha yerda Zuhriddin Isomiddinov hamma boshqa respublikalarning Davlat tili to'g'risidagi qonunini keltirgan. Boshqa davlatlarnikida har bir fuqaro o'zi yashayotgan mamlakat tilini bilishi zarurligi yozib qo'yilgan, biznikida esa “O'zbek tili Davlat tili hisoblanadi” deb yozilgan, xolos. Biz mana shu masalaga takror va jiddiy qaytishimiz kerakka o'xshaydi.

Yana bitta masala, gazetada diniy masalalarni, inchunin bolalikdan dinga o'rgatish masalalarini ko'tarishimiz kerak emasmi? Bola dinni maktabda ham, masjidda ham o'rganmayapti. Bu masalalarga jiddiy yondashish kerak.

Chunki birovning haqidan qo'rqmaslik, poraxo'rlik, korrupsiya, axloqiy nokomillik, xullas, bari-bari yomon ishlar din — diyonatning yetishmasligidan kelib chiqadi. Xudodan qo'rqqan odam birovga chang solmaydi, yomon ishga qo'l urmaydi. Bizda esa negadir tarbiyaning eng katta ishonchli vositasi bo'lgan — diniy ta'limga ta'lim muassasalarimizda u qadar e'tibor berilmaydi.

Men aytmoqchi bo'lgan masalalardan yana biri bu — televidenieni “axloq”qa chaqirish kerak. Shunga qo'shimcha ravishda qo'shiqlarimizni ham tartibga solish payti yetdi. Yalang'och she'rni yozayotgan shoirga, uni kuylayotgan hofizga buni takror-takror aytaverishimiz kerak. Qachonki, bunday kamchiliklar yo'qolib ketsin, kamaysin.

Ahmadjon MELIBOYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri:

— Qariyalarimizning bir gapi bor, qahramon kim, qahramon – jangda dushmanning o'ntasini o'ldirib o'zi ham halok bo'lgan emas, shularning yuztasini o'ldirib, o'zi tirik qolgan odam qahramondir. Mening nazarimda, “Hurriyat” hozirgi eng jasoratli nashr. Hozir sog'ligim ko'tarmaydi, agar sog'ligim ko'targanida men “Jizzaxda nima quladi?!” degan maqola yozgan bo'lar edim. U yerda uy qulamadi, qurilishga ishonch, ma'suliyatsizlik, o'g'irlik, sementning o'rniga loy, temirning o'rniga taxta quladi, deb yozgan bo'lardim.

Jurnalistikani rivojlantiramiz deb markazlar ochyapmiz, lekin uning jurnali chiqmay yotibdi. Masalan hozir Yoqubjon ko'targan til to'g'risida maqola chiqqandan keyin albatta, unga munosbat chiqishi kerak. Xurshid Do'stmuhammad gazetada ishlagan paytlarda “Hurriyat”da tanqid” degan rubrika tashkil qilgandi. Agar Zuhriddin Isomiddinovning “Hurriyat”da so'nggi ikki-uch oy ichida chop etilgan oxirgi uchta maqolasini hech kim o'qimasa, bu jamiyat demak hamma narsadan bexabar qolgan bo'ladi. Mana Jabbor aka   ayt­­di, xorij masalasini, u yoqdagi nashrlar bilan aloqani mus­tahkamlashni o'ylab ko'rish kerak. Lekin chindan ham “Hurriyat”da chiqqan kutubxona haqidagi maqola juda zarur, dadil chiqish bo'ldi. Unga munosabatlarni ham berish kerak. Yoki “Qora niyat” degan kinoni olaylik. “Qora niyat bizni nimaga o'rgatdi?” deb 28 ta qusurni sanadim: fitnaga o'rgatdi, ovqatga og'u qo'shib kasal qilishga o'rgatdi, behayolikka, beodoblikka, yolg'onga, firibga, o'g'irlikka o'rgatdi va hokazo. “Qora niyat” bizga qora niyatning katta turkumini olib keldi, deb tugatish mumkin shu mavzudagi maqolani.

Yana “Hurriyat”da maqolalarni kattaroq harfda bersa yaxshi bo'lardi. Chunki bugungi kunda ko'z muammosi hammada bor.   Yuqorida iste'fo masalasi gapirildi. Butun dunyoda “Iste'fo instituti” bor. Agar siz gurillatib ishlab turgan bo'lsangiz, yo'q endi dam olay, ishlay olmayman, iste'foga chiqaman desangiz,   vazir bo'lsangiz, mashinangiz, maqomingiz, oylik maoshingiz hammasi saqlab qolinadi. Shuning uchun xorijdagilar qo'rqmay iste'foga chiqib keta oladi. Bizda “Iste'fo instituti” bo'lmagandan keyin yo o'lgunicha, yo haydalgunicha ishlaydi-da… Endi mana shu “Iste'fo instituti”ni birovni haydash ma'nosida emas, yaxshi ma'noda o'rganish kerakmikin deyman-da.

Fransiyada Bualo degan shoir o'tgan, podshoh she'rlar yozib unga ko'rsatsa “Podshohim, sizga qo­yil-ey, rasvo she'rlar yozishni ham qoyillatasiz-a”, der ekan. Bugungi kelayotgan yoshlar uchun she'riyat haqida hech nima yo'q, “She'riy saboqlar”ni kim qiladi. Mana shu takliflar ko'rib chiqilsa, yaxshi bo'lardi.

Zuhriddin ISOMIDDINOV, filologiya fanlari nomzodi, tarjimon:

— Bizda, ya'ni gazetalarda andisha ko'proq. Modomiki, “Hurriyat” mustaqil gazeta bo'ladigan bo'lsa, chinakam mustaqil bo'lmog'i kerak, yarimta mustaqil emas.

Bizning butun mamlakat bo'ylab bir fikrlilik bor. Va biz uni hurfikrlilik deb qabul qilib ketaveramiz. Mana bir misol keltiraman, Turkiyada Shirin Unal degan deputatning uyida bir qiz otib o'ldirildi. U qiz o'ldirildimi, yo o'z joniga qasd qildimi, buni hech kim bilmaydi. Akasi keyin yozib chiqdiki, singlim o'qishga kirmoqchi edi, deb. Xudo rahmat qilsin, ammo u qizning suvratiga qarasangiz “modelman men” deb turibdi. Bunday qarasangiz, u abiturientlikdan allaqachon o'tib ketgan. Ana shu ma'noda bizda ikkinchi fikrga o'rin berishimiz kerak.

Ahmadjon MELIBOYEV: — Ha, gazetada “Ikkinchi fikr” degan rukn tashkil qilinsa, yaxshi bo'lar ekan. Mayli, muallif shu mavzuni davom ettirsin, qo'shilmasin, o'z fikrida qolsin.

Zuhriddin ISOMIDDINOV: — “Ushbu maqola tahrirsiz bosilmoqda” degan ruknda ham maqolalar berish mumkin. Shunday akademiklar, prfessorlar borki, mabodo o'zlari institutga imtihon topshirsa aniq “ikki” baho oladi. Savodsiz odamlar bor, onda-sonda ana shu tahrirsiz bosildi deb ularni ko'rsatib qo'yaylik axir. Buni ikki xil ma'noda ham qilish mumkin, eng yomonini va eng yaxshisini tahrirsiz bersa, qoyilmaqom ish bo'lardi. Ko'p tahririyatlar butun mas'uliyatni o'z zimmasiga oladi. Bittasini ko'rdim, “havo” degan so'zda uchta xato qilgan, bitta “v” harfi to'g'ri, xolos.

Ahmadjon MELIBOYEV: — Latviyada chiqadigan gazetada bitta suhbatni olib o'qidim. Savol yo'q, lekin suhbat-maqola berilgan. Suhbatdoshning berayotgan javoblaridan savollar anglashilayapti. Juda original suhbat ekan. Shu ma'noda “Hurriyat”ning ham o'z uslubi bo'lsin. Uslub uchun kurashish kerak.

Bahrom RO'ZIMUHAMMAD, shoir,

“Fermer” jurnali bosh muharriri o'rinbosari:

— Har   bir   sohada   raqobat   paydo   bo'lishi — tabiiy   hodisa. Alhol, jamiyat   shu   asnoda rivoj­lanadi, taraqqiyot   pog'onalariga     ko'tarila   bosh­laydi. Bugungi   kunda   aksariyat   jurnalistlar   bosma   matbuotdan   elektron   matbuot   ilgarilab   ketganligini   aytmoqdalar.   Bu   gap ehtimol ma'lum ma'noda to'g'ridir.   Biroq masalaning   yana   bir   jihati   borki,   serquyosh   O'zbekistonimizda   elektron   matbuotni u qadar jiddiy   qabul   qilmaydilar. Voqean, o'tkir   tanqidiy   maqolalarni   saytida   yoritgani   uchun   biror   jurnalistning ishdan   bo'shatilganini   eshitmaganman. “Ey, internet-da, yozsa   yozibdi-da?!” de­yishadi. Lekin o'sha gap­lar   bosma nashrlarda   bosilib chiqsa-chi? Negadir bu o'ta jiddiy qabul qilinadi. Demak, shundan ham ma'lumki, chinakkam matbuot bu bosma nashrlardir. Televidenie va radio esa eng ommabop, ko'pchilik nazari tushadigan ommaviy axborot vositalari hisoblanadi. To'g'risi, aksariat saytlar, telegram va boshqalarida tahlil yo'q, savod masalasi chatoq. Bugun o'qiysiz, ikki-uch kundan keyin axtarsangiz shuniyam topolmaysiz. Matbuotsiz hayot — quyoshsiz osmon kabi.

Kamina   “Karvon   qo'ng'irog'i”   gazetasi tahririyatida   ishlaganimda   yoshi   ulug'   adibimiz   Shuk­rullo   bilan   suhbat   uyushtirganman. Sarlavhasi:   “Iste'dod   boshqa, e'tiqod   boshqa”. Suhbatda   ayrim   adiblarning e'tiqodsizligiga   shama   qilib   o'tilgan.   Biror-bir   rahbarning nomi tutilib, tanqid qilinmagan edi.

Ammo o'shanda ma'lum tazyiqlarga uchragandim. Albatta, bu 5-6 yil avvalgi voqea. Tabiiyki, to'g'ri gapga, yo bir shaxsiy mulohazaga noo'rin munosabat kuchaysa, qalam ahli nafasini ichiga yutadi. Chunki, uning ham qorni bor, jag'i tinmaydigan xotini, bola-chaqasi bor.

Zuhriddin ISOMIDDINOV: — Men yuridik universitetda tahsil oladigan talabalar bilan suhbatlashdim. “Shariatni o'rganyapsizlarmi”, desam, “yo'q” deyishyapti. Axir shariatni o'rganmasdan turib,   qanday qilib din huquqini o'rganish mumkin? Axir bizning ongimizdagina emas, ong ostimizda ham shariat yotibdi-ku. Biz oilaviy, mulkiy masalalarda ko'pincha shariatga tayanishimiz ham bor gap. To'g'ri, yurist qonun nuqtai nazardan hal qilar, lekin biz musulmonlar yashaydigan mamlakat odamlari uchun shariat ham imoniy tuyg'u emasmi?

Lekin shu o'rinda bitta haqli e'tirof. Mening ukam Qirg'izistonda yashaydi. Bu yerga kelganda “O'zbekiston matbuoti yaxshi ekan, bizda faqat negativ, ya'ni nuqul qora holatlar beriladi, odamning yashagisi kelmaydi, sizlarning   matbuotda yorug' narsalar bor ekan” dedi. Ibratli masalalarni, odamlar bir-biriga o'qing deb tavsiya qiladigan yaxshiliklar haqida ham ko'proq yozishimiz kerak.

Ahmadjon MELIBOYEV: — Ha, shunday bir rukn qilish kerakki, iloji bo'lsa odam gazetaning o'sha joyini cho'ntagida olib yursin. Ibratli maqolalarni Samarqandda Farmon Toshev boplaydi. Men “Zarafshon” gazetasini doim o'qib boraman.

Muhtarama Ulug'ova,

jurnalist, shoira, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi:

— Ahmadjon aka, mana siz ishlayotgan davrda “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”da mening “Ona suti” degan maqolam chiqqan edi. Ona sutining mohiyatiyu aralash sut emgan bolaning nima bo'lishi haqida yozganman. “Saodat” jurnalida ishlaganimdanmi, ayollar mavzuiga doim dilim ketadi, ularning muammolaridan dilim o'rtanadi. Bitta ayol bolasini sotmoq bo'lganida boshqa bir ayol indamay o'rtada turib, uni ushlab bergan va bola sotmoqchi bo'lgan ayol yetti yilga qamaldi. Uni ushlab bergandan ko'ra shu ishni qilma deyishi yoki shu qora qilmish yo'lidan qaytarishning boshqa yo'llarini topishi mumkin edi-ku.

Ayollar orasidan deputatlar ko'payyapti, rahbarlar bor, biroq ayollar bilan bog'liq jinoyatlar, o'z joniga qasd qilishlar kamaymayapti. Ayollar masalasida shu qadar muammolar ko'p ekanki, biroq hali birorta erkakdan “kel, biz ham shu masalaning bir tomonini ko'tarishaylik”, degan gapni eshitmadik.

Bir hikmatda: oqar suvni ham isrof qilmang, deyiladi. Buni hamma narsaga tatbiq qilsa bo'ladi. Bugungi kunda nima uchun diniy kitoblarni o'qish qiyin, yo bo'lmasam, nima uchun ularni o'qigan bilan natija kam, chunki ular oldingilardan ko'chirilyapti va bugungi hayot bilan bog'lanmayapti.

Otabek ISROILOV,

Toshkent viloyati O'rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahrining “Mash'al” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari:

— Toshkent viloyatining qariyb 300 ming aholisini 18-28 yoshdagilar tashkil etadi. Bu juda katta kuch. Demoqchimanki, aholining ham, axborot bozoridagilarning ham ko'p qismi yoshlardan iborat. Shu o'rinda taklifimni bildirmoqchiman, tahliliy maqolalarning hajmini qisqartmagan holda yoshlar ham o'qiydigan qilib kichik axborot va materiallarga ham urg'u berish kerak. Ayniqsa, mitti hajvlarga.

Haqrost, hajviy materiallarga ehtiyoj bor. Said Ahmad “Kulgisi qistab turgan odamning bo'yniga atom bombasini osib qo'ysang ham, baribir, kulaveradi”, degan edi. Telegram, tvitter va feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarning asosiy salmog'ini ham mitti hajviy janrlar – sarkazm (o'zbekchasi bor edi-ya shu so'zning!)lar tashkil etadi. “Ohangaron hayoti – Jizn Axangarana” gazetasida “Shum bola nima deydi?” rukni bor va gazetaning har sonida mitti-mitti yumorlar Shum bola tilidan beriladi. Albatta, bu ajoyib. Yirik hajmli tanqidiy maqolalarda aytila olinmagan gaplar shu ikki qator matnda aytilishi mumkin.

Muhtarama opa ta'kidlaganidek, sud ocherklariga ham diqqat qaratish kerak. “Hurriyat”da “Sud zalidan” ruknini qayta tiklash o'rinli, deb o'ylayman.

Hakim Sattoriy,

publitsist, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimi:

— Gazeta xususida jamoatchilik reaksiyasi yo'q degan gap aytilyapti. Jamiyatda bo'ladigan eng kichkina hodisalar ham fanda isbotlab qo'yilgan.   XIII-XIV asrlardan “Xalqning ovozi – Xudoning ovozi” degan aqida qaror topgan ekan. Agar odam o'zining shaxsiy fikrlari jamiyatda qaror topayotgan ijtimoiy qarashlarga uyg'un kelmasa, u jim qolarkan, gapirmay qo'yarkan. Xalq boshqa narsa haqida o'ylaydi, hukmron mafkurada boshqa ishlar qaror topadi. Shunday payt­­da xalq jim bo'lar ekan. Xalqning ishonchini yo'qotish juda katta boy berish bu. Usulni topish, yozilayotgan maqolaning gazetxonga qanday ta'sir qilayotganini o'rganish kerak. Masalan, deylik tibbiyotda ko'richak, u bolta bilan olib tashlanadimi, arra bilanmi, nashtar bilanmi, shuni bilib olib keyin masalaga yondashiladi. Jurnalist ham masalaga yondashganda qanday yondashuvni bilishi kerak. Umumiy jihatdan olib qaralganda professionalizm tushib ketgan. Hozir eng katta muammo bu – savodli yozish bo'lyapti. Mana ijtimoiy tarmoqlar axborot beryapti, lekin ularda tahlil yo'q. Yolg'on-yashiq juda ko'p. Endi tahlilni gazeta qilishi kerak. Bloger to'g'ri yondashyaptimi, yo shantaj qilyaptimi, degan masalaga gazeta munosabat bildirishi kerak.

Eng muhim masala — sobiq ittifoq davrida prokuraturada maxsus matbuot bilan ishlash boshqarmasi bo'lgan. Qaysi gazetada tanqid chiqsa, o'sha yerga birinchi bo'lib, prokuratura xodimi yetib borgan. Bugun ham tanqidga munosabat bo'lishi kerak, bu bo'lmasa hech narsa o'zgarmaydi.

Yana gazetalar juda jiddiylashib ketdi. Yumor yo'q, latifalar, chiroyli hajviyalar kerak. Bir payt­lar har qanday gazetada satira va yumor bo'limi bo'lardi. Bu masalalar faqat og'izda yoki qog'ozda qolib ketmasligi kerak.

Otabek ISROILOV: — Yuqorida ustozlar matbuotimizda til va uslub yo'qolib borayotganini ta'kidlashdi. Bu nima degani? Bu – jurnalistikaga yangi kadrlar, yosh mutaxassislar kirib kelmayapti, degani. Bilamizki, jurnalistlar ta'lim muassasalarida emas, tahririyatlarda shakllanadi, tar­biyalanadi. Bugungi kunda tumanlardagi gazetalarda mehnat qilayotgan nomutaxassis, ammo jurnalistikaga ixlosi, gazetaga mehri baland yoshlar ko'plab topiladi. Ularga jurnalistikaning sir-asrorlarini kimdir o'rgatishi kerak-ku! Axir, hamma ham oliy ta'lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatiga, oliy ta'lim muassasalari esa jurnalistikaga ishtiyoqmandlarning hammasini o'qitish imkoniyatiga ega emas-da. Shuning uchun “Hurriyat” maktabi” lo­yihasini yo'lga qo'yish kerak, demoqchiman. Bu tashab­busni, ishonamanki, “Ilhom” fondi ham qo'llab-quvvatlasa kerak. Jurnalistlar ijodiy uyushmasining hududiy bo'limlari bilan hamkorlikda mahalliy nashrlarda mehnat qiluvchi yoshlarni saralab, saralarining mahoratini “Hurriyat” maktabi”da oshirish mumkin. O'ylaymanki, ustoz jurnalistlar saboq bergani tayyor. Bo'stonliq yo Parkentning yoki Zominning so'lim go'shalarida “Hurriyat” maktabi” yo'lga qo'yilsa, nur ustiga nur bo'lardi. Milliy matbuotimizda yangi jur'atli ovozlar yangray boshlardi, yangi til va yangi uslub shakllanardi.

Abdurasul JUMAQULOV: — Siz — ustoz jurnalistlarning va Otabek ukamizning aytgan fikr-mulohazalaringiz ajoyib bo'ldi va bu shubhasiz, yanada faolroq ijodiy mehnat qilishga, fikrlarimizni charxlashga xizmat qiladi. Katta rahmat sizlarga. O'ylaymizki, katta tajriba va salohiyatga ega jurnalistlar sifatida xalqimiz yaxshi ko'rib o'qiydigan maqolalar, ocherk va esselar, publitsistik asarlaringiz bilan bizni ham qo'llab-quvvatlaysiz.

Davra suhbatini

Go'zal BEGIM yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + ten =