“Maktublarni qutqarib qoling!”

Afanasiy Afanasyevich Shenshin uzoq vaqt davomida “Fet” familiyasi ostida imzo chekmadi, bu familiyadan umr bo'yi nega orlanib o'tdi?

 

Chet ellik talaba

 

Afanasiy Neofitovich Shenshin — orlovlik boy, katta yer egasi, bo'lajak shoirning otasi Germaniyaga tashrifida maftunkor Sharlotta Fyot bilan tanishadi. Ular o'rtasidagi muhabbatga Fyot xonimning erli ayol ekanligi ham soya sololmadi. Oqibatda, homilador Fyot xonimni janob Shenshin Rossiyaga olib keladi. Sharlottaning eri bilan ajrashishi uzoqqa cho'ziladi. U Shenshin bilan nikohdan o'tgan vaqtda bola dunyoga kelib bo'lgan edi, bolani otasining sharafiga Afanasiy deb atashadi. Biroq uning noqonuniy tug'ilganligini yashirish maqsadida qalbaki hujjat tayyorlanib, Shenshin familiyasiga o'tishga o'tdi-yu, Afanasiy 14 yoshga to'lganda yolg'onning misi chiqdi. Qalbaki hujjat ustidan ish qo'zg'atilib, bola nafaqat familiyasidan, hatto Rossiya fuqaroligi, dvor­yanlik unvoni va ota merosidan ham mahrum etildi.

Shu kundan boshlab u onasining familiyasiga o'tdi — Shenshindan Afanasiy Fyot, ya'ni chet ellikka aylandi-qoldi. Bu bo'lajak shoirga qattiq zarba bo'lib urildi. U bor kuchi, aqlini ishga solib, nima qilib bo'lsa-da, otasining familiyasiga o'tishga bel bog'ladi. Universitetga “chet ellik talaba” sifatida qabul qilindi. Xuddi shu yerda she'riyatga oshno tutindi, tanqidshunos Apollon Grigoryevich bilan yaqindan tanishdi va she'rlarini chop ettira boshladi. Harf teruvchining xatosi bilan familiyasidagi “yo” harfi “e”ga aylanib, ilk she'rlari “Fet” familiyasi ostida nashr etildi.

Shu tariqa uning familiya­si ikkinchi bor o'zgartirilib, Fetga aylandi. Tahsilni tugatib, barcha huquq va merosdan mahrum etilgan yosh shoir harbiy xizmatga ketishga majbur bo'ldi. Shoir kavaleriya ofitseri bo'lib xizmatni boshladi. Armiyadagi xizmat va hayot yosh yigitni qiziqtirmas, u hamon she'riyat va muhabbat shaydosi edi.

Biroq muhabbat uni uzoq kuttirib qo'ydi — 28 yoshni qoralab qo'ygan Fet xizmat qilayotgan polk Krilovning uncha katta bo'lmagan mulkiga yaqin joyda joylashgan edi. Bu mulkning egasi unchalik boy bo'lmagan zaxiradagi ofitser Lazich uyining doimiy mehmonlari — ofitserlar edi… Yosh harbiylarni xo'jayinning uch dilbar qizi maftun etib qo'ygan edi-da — Kameliya, Yuliya va Mariya! Fet boshida nozik qad-qomatli Yuliyaga, so'ng­ra qirmiziyuz Kameliyaga lutf ko'rsata boshladi. Ammo oradan ko'p o'tmay, kenja qiz — 22 yoshli o'ta jiddiy Mariyaga e'tibor bera boshladi. Bu qizni zamondoshlari ta'riflashgan­da, qaddi-qomatidagi betakrorlik­ka, tim qora sochlarining jozibasiga alohida urg'u berishardi. Fet u bilan tanishgan ilk kunlarini shunday eslaydi:” Meni uning she'riyatni shunchalik teran va keng bilishligi, sevimli shoirlarimning deyarli barchasidan xabardor ekanligi hayratga soldi. Xuddi shu narsa bizni yaqinlashtirdi”.

 

To'y xarajatsiz bo'lmaydi

 

Mashhur adiblar asarlari ustidagi oxiri yo'q munozara, suhbat, tortishuvlar, ora-sirada Fet o'z she'rlarini qizg'inlik bilan o'qishlari kavaleriya ofitseri bilan mulk egasi qizini bir-biriga tobora bog'lab borardi. Ularning baxtli muhabbatiga raxna soladigan kuchning o'zi yo'qdek ko'rinardi. Sevishganlar tez-tez bog'da aylanishar, bog' to'ridagi o'rindiqlarda uzoq suhbatlar qurishar, Mariya royalda kuy chalsa, Fet uning yonida tik turib tinglardi. Mariya, uning qarindoshlari Fet yaqin qarindosh­lari Fet yaqin kunlar ichida sevimli Mashaning qo'lini so'rashga shubha qilmasdilar. Biroq Fet shoshilmadi. “Qanday qilib uylanaman? — deb o'yladi u. — Axir, hech narsam yo'q-ku! — Na pul, na meros, hatto familiya!” Mariya ham sepli qiz emas edi. Xullas, havas bilan turmush, havas bilan yashash orzulari puchga chiqdi.

“Men aniq ko'rib turibman: oyiga 300 rubl, uy-joyi yo'q ofitserning sepsiz qizga uylanishi o'ylanmay tashlangan qadam va muqaddas nikohga vij­donsizlarcha qarshi borish bilan tengdir. Chunki men keyinchalik barcha talablarni bajarish imkoniyatiga ega emas­man”, — deya qat'iy qarorga kelgan Fet Mariya bilan gaplashib ko'rishga urinadi. U qizga bu munosabatlarning kelajagi yo'qligi, chunki doimiy tejamkorlik va muhtojlik har qanday, hatto eng kuchli tuyg'ularni ham o'ldirib yuborishi mumkinligini ayt­ganda qiz bunga ishonmaydi va munosabatlarni uzib yubormaslikni o'tinib so'raydi. Shunda Fet Mariya bilan ajrashish uchun polkdan ham ketishi lozimligini anglab yetadi. Mariya bu ayriliq bilan kelisha olmaydi — Fetga tinimsiz otashin xatlar yo'llaydi. Oradan ikki yil o'tgach, orani ochiq qilib olish niyatida Fet Lazichlar qo'rg'oniga keladi. Lekin Mariya bilan uchrashuv hech narsa bermaydi — qiz avvalgiday shoirga turmush qurishlari zarurligini o'tinib so'raydi. Fet esa o'z fikridan qaytmaydi.

Ko'p o'tmay Afanasiy Fetga dahshatli xabar yetib keladi. Mariya ko'ylagiga ilashib qolgan gugurt cho'pi olovidan kuyib kulga aylanadi. O'chib ulgurmagan gugurt cho'pi lop etib Mashaga urildi. Qo'rqib ketgan qiz o'zini ayvonga urdi. Shamolning zo'rligidan olov gurillagandan gurilladi va Masha o'zini pastga otdi. Aytishlaricha, Mariyaning o'limi tasodif emas, aksincha, u o'z joniga chinakamiga qasd qilgan. Buning sababini Fetga bo'lgan baxt­siz sevgiga yo'yishdi. Afanasiy ham sevgilisining o'limida o'zini aybdor deb bildi. “Men umr bo'yi meni tushunadigan ayolni kutib yashadim, kutib bo'ldim ham. U yonayotib qichqirdi: “Barcha muqaddas narsalar haqqi, xatlarni qutqarib qoling!” Shoir o'limi oldidan shunday eslaydi, shunday deydi: “O'zim gunohkorman, o'zim aybdorman”.

 

Lirika va tadbirkorlik

 

Fetni qayg'uli kunlar kutdi, hayotidagi rangsiz va quvonchsiz kunlari boshlandi. “Men orzu qilgan dunyo ostin-ustin bo'lib ketdi. Nima qilishni buyuradilar endi? Bir umr adyutant bo'lib ishlashliknimi, bundan ham yomoni — bir-birimizga yot, bir-birimizni tushunmaydigan xonimni topishim va u bilan birga yashashim?!” Gap shundaki, 1856 yilda hukumatning yangi qarori chiqdi. Unga ko'ra, dvoryanlik unvonini olish uchun ofitser polkovnik darajasiga ko'tarilishi lozimligi talab etilardi. Afanasiy o'zida bunday imkoniyat yo'qligini bilardi. Shuning uchun maqsadiga yetishishning eng so'ng­gi yo'lini tanladi — badavlat qizga uylanish.

Fet 1857 yilda 37 yoshida yillik ta'til va she'rlaridan yig'ilgan pullarini olib, Parijga jo'nadi. U yerda boy moskvalik choy savdogarining qizi Mariya Pet­rovna Botkinani uchratdi. Mariya unchalik go'zal ham, yosh ham emas — 28 yoshda edi. Fet qizning qo'lini so'radi. To'y oldidan bir-biri bilan ochiq gaplashib olishdi. Baxt­siz va olis muhabbatlarini eslashdi. Fet boshidan o'tganlarini birma-bir so'zlab berdi. Mariya ham o'tmish muhabbatining ko'ngilsiz xotimalarini yashirib o'tirmadi. Nikohdan so'ng yangi oila Moskvaga ko'chib o'tdi.

Biroq Fet poytaxtdan ko'chishga jazm etdi. Moskvadan unchalik uzoq bo'lmagan joydan qo'rg'on sotib oldi. U boshi bilan xo'jalik ishlariga sho'ng'ib ketdi. Ayni paytda, go'zal she'r­larini chop ettirishdan ham to'xtamadi. Qo'shnilar shunday tadbirkor xo'jayin qanday qilib shunchalik nozik tuyg'uli lirik she'rlar yozishidan hayratlanishardi. Fet boyib borardi — u yana ikki qo'rg'on egasiga aylandi. Uning mashhur olmalari imperator va buyuk knyazlar das­turxoniga ko'rk bag'ishlardi. Mana shu olmazorlar daromadi 1873 yilda Fetga qonuniy familiyasi — Shenshin va dvoryanlik unvonini qaytarib berdi. Bu haqda shoir xotiniga shunday deb yozgan edi:” Menga Fet familiyasi qanchalik yoqimsiz va tahqirli ekanligi tasavvuringga ham sig'maydi. Ming shukurlar bo'lsinkim, hammasi tugadi. Sendan o'tinib so'rayman, menga qarshi bo'lib qolishni istamasang, bu familiyani menga hech qachon yozma, ishlatma”.

Shoirning oilaviy hayoti tinch va baxtli kechdi. Ehtimol, ular orasida muhabbat bo'lmagandir, ammo ularda o'zaro hurmat, bir-birini tushunishdek baxt mujassam edi. Mariya Pet­rovna ishtiyoq bilan erining barcha xo'jalik ishlariga ko'maklashardi. Ular birgalikda 35 yil umr kechirishdi. Mariya Botkina 72 yoshida vafot etgan eri — betakror lirik shoirdan so'ng ikki yil yashadi…

Rus tilidan

Oygul SUYuNDIQOVA tarjimasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =