Otamdan qol(ma)gan dalalar!

Ushbu maqola O'zbekiston xalq yozuvchisi Tog'ay Murodning elaro mashhur bo'lgan va o'ziga-da xos bo'lgan uslubida yozildi. Bu adibga bo'lgan bir ehtirom belgisidir. Shu bois to'g'ri tushunishlaringizni so'rayman.

Muallif

 

 Bobomiz Tog'ay Murod bir roman yozdi.

Bobomiz Shuhrat Abbosov o'sha romanni ajoyib film qildi.

O'sha romanu filmning dovrug'i tog'lar osha Ko'xiqof tomonlarga-da yetdi!

U o'zbek xalqining jasorat qo'shig'i bo'lib, tillardan tillarga ko'chdi. Iztirob olovida yonganlarga malham bo'ldi!

Ular uchun kitobni o'qish, filmni ko'rish azob bersa-da, haqiqat sabab qayta-qayta o'qiyverdilar. Ko'raverdilar. Bil'aks, undagi haqiqat bunga majbur qildi.

Men ularga haykal qo'yaman!

Tog'ay Murod degan yozuvchi chiqqandi bir vaqtlar. Surxon farzandi edi u. “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Momo yer qo'shig'i”, “Yulduzlar mangu yonadi” degan qissalarini sevib o'qidim. Bobomiz “xalqdan yangi yozuvchi chiqibdi” dedi.

Tog'ay Murod ajib-ajib qissalar yozdi. To'lib-toshib yozdi. Bobomizni dam yig'latib, dam kuldirib yozdi. Boricha bitdi. Yolg'onni yomon ko'rdi. “Yolg'onni yozgan kunim — mening o'lganim!” dedi adib. Xalqini o'ylab, uning dardini yozgisi keldi. Yig'lab-yig'lab, kulib-kulib yozdi.

Bir davrlar bo'ldi. Tog'ay Murod bir roman qoraladi. Otini “Otamdan qolgan dalalar” deb qo'ydi. Ko'pchilik “Ay, otasidan qolgan qanday dalasi bor ekan?” dedi. Lekinda bobomiz unday demadi. Chunki kitobda o'zi va oilasini ko'rdi. Qiziqsinib, ming bir hayajon ila mutolaa qildi. Kitob emas, o'zbekning hayotini o'qidi.

Asarni o'qigan inson o'sha hayotda yashadi. “Jamoliddin ketmonchi mening bobom-ku!” dedi. “Aqrab qo'rboshi sening amakingga o'xshar ekan!” degan xitob qildi. Qaysidir odam “Dehqonqul axir men!..” — deya pichirladi.

O'zbek xalqi asarda o'zini ko'rdi. Paxta deb jonini jabborga bergan otasi, onasi, aka-opalari ko'z oldiga keldi. Adoqsiz dalalardagi paxtazorlarda laxta-laxta qon qusganini xotirladi.

Roman elaro mashhur bo'ldi! Tog'ay Murod “O'zbek xalqiga haykal qo'yaman!”, — deb bilib-bilmay o'ziga ham haykal qo'yib ketdi.

Birodarlar! Shu asarni kino qilishdi! Shuhrat Abbosov degan rejissyor kinomisan kino oldi. “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan” degan kinolarni ishlagan rejissyor bu safar ham mahoratini ko'rsatdi. Kitobini kino qilishlarini yoqtirmaydigan adib ham filmni tomosha qilib, maqtab qo'ydi.

Lekin, lekin… ne ajabki, bugun o'sha filmni telekanallarimiz ko'rsatmaydi. Nega ko'rsatmasliklarini baliq biladi, baliq bilmasa, Xoliq biladi. Axir bu xalq mulki-ku! Nega u namoyish etilmaydi? Odamlarning “Otamdan qolgan dalalar”ni ekranlarda kuta-kuta ko'zi to'rt bo'ldi. O'zbek xalqining achchiq qismatini o'ziga ko'rsatishdan cho'chidilar. Cho'chishdimi yoki boshqa sababmi mana yigirma yildirki, yo undan ham ko'pdirki film berilmaydi. Sababini kimdir tushuntirib ham bermaydi. Bobomiz mana shundan kuyadi. Bobomiz ba'zan yolg'iz qolganida o'ziga o'zi javobsiz savollarni beraveradi.

“Filmni nima yomon tomoni bor? Yoki qaysidir ashaddiy jinoyatchi rol o'ynaganmi? Undayin yeri yo'q edi-ku! O'sha biz bilgan xalq artistlari rol o'ynagan. Begonasi yo'q. Unda sabab nima ekan?”

Bobomizning bu savollari muxlislarni ham o'ylantiradi. Mafkuraviy jihatmi unda? Yoki tarixni unuttirishga sabab bormi? Axir bu avlodlarni ma'naviy xazinasiz qoldirish emasmi? O'zligini unutgan millat millat bo'lurmu? O'tmishdagi xatolaridan ibrat olmagan el — el bo'larmidi?

Muxlislar bugun shu savolni beraveradi. Kimdir bu haqida nimadir deya oladimi? O'zbek tomoshabini asl klassikasiz qolayotganini bilmaydi. Aksariyat yoshlari ma'nisiz hayot tomon talpinadi. O'sha hayotni ustun deb biladi.

Yoshlari “tik-tok”, “instagram” deganlariga mehr beradi. Allambalo tryuklar qilib, boshqalarga o'zini ko'rsatgisi keladi. Aksariyatining dunyoqarashi andishasiz, dunyoqarashi abgor bo'ladi. Ongi va tafakkuri boshqalar tomonidan osongina boshqariladi. Tafakkur qilish, fikrlash degan tushunchalarning ko'chasidan ham o'tmaydi. Bu ketishda millat tanazzulga botadi.

Bobomiz buni teran tushunadi. Fikr bildiray desa, “zamondan orqada qolgan” degan dashnomni eshitadi. Bobomiz ularga achinadi. Qo'g'irchoqlardek boshqarilayotgan yoshlardan xafa ham bo'ladi. Bobomiz otasidan eshitgan rivoyatni nabirasiga aytib berishdan charchamaydi:

Qadimda tomoshabinlar dorda yurgan dorbozga anqayib turganida kissavurlar ularni cho'ntagini kesib ketganidek, yoshlar miyasini zaharlayotgan kimsalarni payqamaydi.

Davlat rahbari milliy g'oya targ'iboti uchun yangi jamg'arma tashkil etadi. Yoshlar ma'naviyatli bo'lsin deydi. Qanday yaxshi. Ammo ba'zi amaldorlar buni yurakdan bajaray demaydi…

Qachonki, davlatimiz rahbari ham aytibdilarku:

“Milliy g'oyani targ'ib qilishda faqat tadbirlar emas, balki tarixni, qadriyatlarni o'rgatish, adabiyot, kitobxonlikka mehrni kuchaytirish, shuningdek, kino, teatr san'ati imkoniyatlaridan unumli foydalanish ham juda muhim”, deb!

Bobomiz mana shunday umidsiz yurgan kunlarning birida “O'zbekkino” degan bir tashkilot yoqimli mujda beradi. Eng sara 100 ta tarixiy o'zbek filmini qayta namoyish qilar ekan. Bobomizni bu xabar sevintiradi.

— Shu so'zlarni aytgan tillaringga shakar!

Bobomiz shunday deb ularni alqab qo'yadi. Xesh-aqrabolarga “Ro'yxatda “Otamdan qolgan dalalar” ham bor ekanmi?” deb murojaat qiladi.

Bobomizning hafsalasi pir bo'ladi.

— Ay, bolam, axir ro'yxatda “Otamdan qolgan dalalar” yo'q-ku, deb tag'in xunobi oshadi.

Momomiz ko'ziga yosh oladi. Sarob kabi ko'ringan voqelikdan umid uzadi.

Bularni o'qiyotgan odam meni ayb­laydi. “Ezvording-ku, og'ayni, namuncha shu kinoga yopishasan? Bundan boshqa yaxshi kinolar ham bor!”

Kaminaga shunday savollar beriladi. Bobomizga qo'shilib, men ham ichimda pichirlayman:

— Bu kino emas, tarix! O'zbek xalqining mustamlakalik istibdodidagi o'tmishi! Sen-da, men-da ajdodlarim shunday yashagan-ku! Nega unday deysan?

Kamina shunday deb javob qaytaradi. Hayot mazmunini “tik-tok” degan guruhda bema'ni videolarni ko'rish va ularda qatnashish, ijtimoiy tarmoqlarda huda-behuda voqealarga munosabat bildiradigan yoshlar kaminaga ajabsinib qaraydi.

Bobomiz bularni bilsa-da, bor alam va iztirobini ichga yutadi. Teleekranlarda ma'nili ko'rsatuvlar, filmlar o'rnini shou-biznes vakillarining soxta chehralari egallaganidan, ssenariyni yo'l-yo'lakay yozib, kino, serial ishlaydigan “rejissyorlar”, almoyi-jalmoyi qo'shiq aytadigan “xonanda”larning “ijod mahsullari” egallaganidan qattiq o'ksinadi.

Bobomiz ularni ko'rmaydi. Xalq tobora ma'naviy qashshoqlikka botayotganidan tashvish chekadi. Bobomizga bu og'ir botadi. “Otamdan qolgan dalalar”ni emas, “xo'rlangan”, “zo'rlangan” degan sifatlar bilan boshlanadigan filmlarni yoshlar rohatlanib, to'lqinlanib ko'rayotganidan og'rinadi. Kechadan beri yonmayotgan chiroq yo'qligidan sham yorug'ida dars qilib o'tirgan nabirasiga boqadi. Nabirasining peshonasini silaydi.

— Bolam, sen o'qishing kerak!

Bobomiz boshqa so'z aytmaydi. Nabirasi uy sovuqligidan qunishgancha bosh irg'aydi. Boboning bir ko'ngli chiroq yonishini kutadi. Xona to'ridagi gilamga osilgan suratga boqadi. Suratdagi otasini xotirlaydi.

— Eh, otam! Diydori qiyomatga qolgan otam! “Otamdan qolgan dalalar”ni bermayapti, otam. Dehqonqul siz-ku, otam! Mehnat qila-qila sovuq o'lkalarga surgan qilingan otam. “Paxta ishi” deb sizni bizdan ayirdilar.

Bobomizni achchiq o'tmishi bor. Otasini “pora bergansan” deb o'n yil qamashadi. Otasini sovuq o'lkalarga surgun qilishadi. O'sha yerda surunkali xastalikdan vafot etadi. Bobomizga otasini ko'mish nasib etmaydi. Otasi Dehqonqulning orzularidek dalalariga qaytib kela olmadi. Farzandlari bag'rida joni uzilmadi. Bepoyon o'rmon ichidagi qabris­ton uning so'nggi manzili bo'ldi.

Bobomiz shundan kuyadi. Otasini o'z qo'li bilan tuproqqa topshirmaganidan ichi og'rinadi. Armoni shu bo'ladi. Bu armon unga yillar davomida simillab azob beraveradi.

Ammo bobomiz “Otamdan qolgan dalalar”ni o'qib, filmni ko'rib, unda otasi tirilib kelgandek bo'ladi. Dehqonqulda otasini ko'radi. Dehqonqul bilan yig'lab, quvonadi. Azob berishganida yuz chandon og'irroq o'zi ham azob chekadi. Dehqonqulda otasini taqdiri takrorlanmasligini, halol mehnat qilgan dalalariga qaytib kelishini istaydi. Shu istak unga kitobni qayta-qayta mutolaaga, filmni tomosha qilishiga sabab bo'laveradi.

“Otamdan qolgan dalalar” shunday ajoyib film bo'ladi. Buni bugungi aksariyat yoshlar bilmaydi. Film tugul romandan ham bebahra bo'lib o'sadi. Momomiz “Qo'lingdagi matoh(telefon)ingdan ortib, kitobni o'qi, kinoni ko'r” deb yozg'iradi.

Shuhrat Abbosov aytgandi:

“Buxoroda o'tkazilgan kino kunlarida havo 20 daraja sovuq edi. Zalda tumonat odam. Men qalin kiyinib olgan bo'lsam-da, muzlab qolganimdan sovuqda o'n daqiqa ham o'tirolmadim. Hattoki, kichkina bolalargacha to'rt soatlik kinoni oxirigacha ko'rdi, hech kim zaldan chiqib ketmadi. Bunga sabab nima edi? Tomoshabinni qanday joziba to'rt soatlik kinoni ko'rishga majbur etdi? Axir “Otamdan qolgan dalalar” filmi Amerika kinolariga o'xshab detektiv bo'lmasa, yoki Meksika seriallariga o'xshab bir ilmoq bilan tomoshabinni aldab o'tirmasa… Yo'q! Tomoshabinni film oxirigacha o'tirishga majbur etgan sabab — ekranda ayovsiz, haqqoniy hayot kechmoqda edi”.

Bobomiz qadoq bosgan qo'llari bilan tokchada turgan kitobni oladi. Sham yorug'ida kitobni asta varaqlaydi. Kinosini berishmaganiga yarasha kitobini o'qiyman deydi. Ko'zda yosh bilan o'qilaverganidan sarg'ayib, titilib ketgan kitob uning dardlariga sherik bo'ladi. Chiroq yongach, televizorda “Otamdan qolgan dalalar”ni berarmikin deb kutadi. Kuta-kuta kunni ado qiladi. Ertasi ham shu holat takrorlanaveradi. Ammo bobomiz umid qilaveradi.

Umid oxirida o'ladi. Bobomiz oilasi va otasini ko'rish uchun umid qilaveradi. Bu hodisalar bobomizni yuragiga nashtar kabi botsa-da, baribir ko'rgisi kelaveradi. Chunki unda haqiqat bor! Achchiq bo'lsa-da haqiqat!

Tunov kuni bobomiz aniq bir umid­­li gapni aytib qoldi. Ko'zda yosh, sevinib-sevinib gapirdi. Yurtboshi elga erkinlik berdi, 4 yildirki xalq emin-erkin bo'ldi. Mana, 20 yil qo'yilmagan “Shaytanat” degan kino qo'yildi-ku. Endi “Otamdan qolgan dalalar” ham chiqadi. Ko'rasan, albatta qo'yiladi. Men bunga ishonaman, bolam dedi.

Mana shunday gaplar-da, do'stim!

Sherzod MAHMUDOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − six =