Hazrat Navoiy maktublari

Har safar Alisher Navoiy, Mirzo Bobur hazratlari xususida so'z ketganida, rus adabiyotshunosi V.G.Belinskiyning A.S.Pushkin shaxsi va ijodi xususida aytgan mana bu mazmundagi fikri beixtiyor yodga kelaveradi: Pushkin shunday hodisalar sirasiga kiradiki, har bir davr ular xususida o'zidan avvalgi davrlarda aytilmagan nedir yangi va mukammal fikr va xulosalarni aytadi. Biroq bu fikr va xulosalar har qancha yangi va mukammal tuyulmasin, o'zidan keyingi davrlar uchun bu hodisalar haqida yana-da yangiroq va mukammalroq fikr aytishga, albatta, joy qoldiradi…

Darhaqiqat, hazrat Navoiyning hayotlik paytlaridanoq boshlangan navoiyshunoslik ilmi, mana besh asrdan oshibdiki, bu bepoyon ijod ummonidan yangidan-yangi duru javohirlar topmoqdan, mutafakkir dahosi qudratidan qayta-qayta hayratga tolmoqdan charchagani yo'q.

Bu hayrat Navoiyning nafaqat badiiy ijodi — sanoi nafisa sohasidagi merosi, balki, ul zotning ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga oid manbalar mutolaasidan keyin ham bot-bot yuzaga kelaveradi.

Aksariyatimiz Navoiyning o'zbek (turkiy) tili jonkuyari sifatidagi fidoyiligining misoli deb “Muhokamat ul-lug'atayn” asarini eslashga o'rganib qolganmiz. Holbuki, aslida shoirning turkiyda yozgan jamiki asarlari — kichik hajmli fardlaridan tortib epik tafakkur durdonalari bo'lmish dostonlariga qadar — barchasi o'z ona tili mavqeini yuksaltirish yo'lidagi tinimsiz shijoati mahsulidir, desak adolatdan bo'lur edi.

Fikrimizni mutafakkir bobomizning birgina kitobi misolida isbotlamoqqa jazm etamiz.

Filologiya fanlari nomzodi Yusuf Tursunov tomonidan izohli bayon asosida nashrga tayyorlangan, 2001 yili “Ma'naviyat” nashriyotida chop etilgan “Munshaot” (Maktublar) to'plamining muqaddimasida Navoiy hazratlari, mana, nelarni yozadilar:

“…Turkiy xalqlar yozishmalarida va bu xalqning idrokli kishilari o'zlarining maqsad, tilak yoki xabarlarini bayon qilmoqchi bo'lib birovdan birovga xat yozilsa yoki bir kishi o'ziga kelgan maktubga javob yozib, xat keltirgan kishidan qaytarsa, yozgan maktubining so'zlari (badiiy) nozikliklardan yiroq, satr va misralari go'zalliklardan uzoq edi… Va (bu jihatdan) qiyoslaganda fors tilidagi yozishmalar dilga yoqimli, maktublari va imlolari behisob va yuksak darajada edi. Xayolimga shunday fikr keldiki, turkiy tildagi maktublarni ham shu tarzda bitgayman va bu tildagi nomalarni ham o'sha tartibda yozgayman”.

Ko'rinadiki, Hazrat bobomizning milliy til ahamiyati va obro'sini unga mos darajaga ko'tarish istagi bir-ikki yillik harakat emas, balki butun ong­li faoliyatining bosh maqsadlaridan bo'lgan. Ayni maqsadga qay darajada erishganlari esa, so'zimiz avvalida aytganimiz — ummondek keng va teran merosida bor bo'y-basti bilan namoyondir. Jumladan, “Munshaot”ga jamlangan maktublar tili, ayni til bilan bayon etilgan tarixiy hodisalar, yuzlab shaxs­lar ta'rifu tavsifi, latif tabiat tasviri, badiiy ijod qoidalaridan tortib davlat boshqaruviga qadar taalluqli bo'lgan qimmatli mulohazalar mutafakkir bu soha — maktubot san'atining ham piri komili darajasiga erishganidan yaqqol darak beradi.

Eng muhimi, maktublar muallifi mamlakati va millati uchun qanchalar jon kuydirgani, o'sha davlat va xalqni boshqaruvchilarning har bir harakatidan ogoh bo'lib, ularni adolatu iymonga muntazam undab turgani ko'plab nomalarda muhrlanib qolgan.

So'zimiz tasdig'i sifatida to'plamdan joy olgan, Astrobod va Mozandaronga hokimlik qilgan shahzoda Badiuzzamonga yo'llangan maktublardan ikkitasiga e'tiboringizni tortamiz.

55-raqamli maktub avvalida xalqni boshqarmoqqa jazm etgan sultonlar zimmasiga Yaratgan tomonidan yuklangan mas'uliyat, unga amal qilinishi borasida Alloh oldidagi javobgarlik, farzandni dunyoga keltirgan otaning haqqi va huquqlari xususida ham diniy, ham dunyoviy misollar keltirilib, shahzodani asosiy gapga quloq tutmoqqa tayyorlanadi. Asosiy gap esa quyi­dagilar edi:

“Shu kunlarda Siz tarafingizdan bir necha ish qilingani eshitildikim, bu ishlar Mirzo (Sulton Husayn Boyqaro)ning hurmat-e'tiborini unutayozganligingizdan bo'lsa kerak. Shunga ko'ra buni Sizga arz qilish lozim topildi.

Biri shulkim, viloyat molini maslahatlashmasdan olayotganmishsiz va bu odatga ziddir, agar so'raganingizda yo'q deyilmas edi.

Yana shulkim, yozibsizki: “Astrobodga odam yubormang, bermayman”. Bu mazmunni ham muloyimroq yozishingiz mumkin edi. Va “Iroq viloyatlarini ulashibman” deb yozibsiz. Xudo xohlasa, Iroq qo'lga kiritiladi. Hali qo'lga kiritilmasdan, Mirzo bilan bir-ikki marta so'zlashmasdan bu ish qilinsa, bu ishni boshqa odam tomonidan qilinsa ajablanmasa ham bo'lar, ammo Siz tomondan qilinishi ajablanarlidir…”

Maktubda shahzoda tomonidan yo'l qo'yilgan yana qator jiddiy qusurlar sanalib, ular daf'iga oid aniq maslahatlar bayon etiladi.

Maktub so'ngidagi mana bu so'zlar esa Hazratning mamlakat tinchligi, el-ulus taqdiri tashvishida qanchalar bedor, fidoyi bo'lganlarini yana bir bora namoyon qiladi:

“Umringiz uzoq bo'lsin, mening so'zlarimni kamdan kam rad qilgansiz. Endi mening jonim kuyganda, boshqalarning etagi ham kuymaydi…

Tangri taolo shohid — bu noma Mirzo buyrug'i bilan emas, balki u kishining xabarlari ham yo'q. Xayolingizga kelmasinki, ushbu maktub buyruq bilan yozilgan, deb. Chunki Sizning huzuringizda davlat ishlariga tegishli bo'lgan so'zlarni aytishim buyurilgan. Shunga ko'ra ushbu nomani yozishga jazm ettim”.

Bugun ming afsus bilan aytamizki, Navoiydek avliyo inson maktubidagi so'zlar bu safar quloqqa olinmadi. U zotning ko'nglidan kechgan xavotirlar ko'p o'tmay hayotda bo'y ko'rsatdi: ota bir, ona boshqa bo'lgan shahzodalar o'rtasidagi ziddiyatlar sabab saltanat taxtiga qon sachradi. “Munshaot”ni nashrga tayyorlagan navoiyshunos Yusuf Tursunov mazkur maktubga yozgan izohlarida ta'kidlanganidek: “Badiuzzamon Astrobodni berishga rozi bo'lmagan… Oxiri bu nizo ota-bola o'rtasidagi qurolli to'qnashuvga aylanadi va bu jangda Badiuzzamon yengiladi. Xuddi shu vaqtda Astrobodga yuborilgan Muzaffar Mirzo yosh Mo'min Mirzoni asir olib, Hirotga yuboradi. U Hirotning Ixtiyoriddin qal'asida Sulton Husayn­ning mastlikda qo'l qo'ydirilgan farmoni bilan o'ldiriladi”.

Endi bir muddat o'zimizga tasavvur qilaylik. “Mening jonim kuyganda, bosh­qalarning etagi ham kuymaydi” deya bo'zlagan Hazrat bobomizning aziz joni bu qonli voqealardan qanchalar kuygan, o'rtangan ekan? Axir ul zoti sharif shahzodalar orasida aynan Mo'min Mirzoni o'zgacha yaxshi ko'rar, balki shu shahzoda tal'atida temuriylar saltanatini halokatdan asrab qolguchi halos­korni ko'rgandirlar!..

(Bularga qo'shimcha “Navoiy” romanida Mo'min Mirzoning qatl jarayonini tasvirlayotgan Oybek domlaning asar matni qa'ridagi armonu o'kinchlarini ham qalbdan his qilaylik!).

Bir yuz yetti maktubni o'z ichiga olgan “Munshaot”dagi 56-bitik ham shahzoda Badiuzzamonga — Mozandaron hokimiga yo'llangan.

Bugun biz xalqning davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari, amaldorlarning xalqqa xizmat qilishi lozimligi xususida gapirmoqdamiz. Mana shu tamoyil kundalik hayot tarziga, davlat va jamiyat boshqaruvining so'zsiz amaliyotiga aylanmog'i harakatidamiz. Agar Navoiyning bu maktubini sinchiklab o'qisak, undagi ko'rsatma va yo'l-yo'riqlar xuddi bugun yozilgandek, aynan bizga atalgandek tuyulishi aniq.

Hazrat, avvalo, shahzodani besh vaqt namozni kanda qilmaslikka da'vat etib, so'ngra uning kun tartibidan ko'p­lab muhim tadbirlar ham albatta o'rin olishi lozimligini uqtiradiki, biz quyi­­da ulardan ayrimlarini keltirib,   bugungi tildagi nomlanishi-yu, ko'rinishini eslatish bilan cheklanamiz:

“…Erta bilan haramdan chiqqach, devonda o'ltirib arz qilib keluvchilar qabul qilinsa, yana arz-dod etuvchilarni eshitib bir qarorga kelishda faqat o'zingizning fikringiz bilan ish ko'rsangiz. Agar bir odamga bir kimsadan zulm o'tgan bo'lsa zolimga shunday jazo bersangizki, bu boshqa zulm qiluvchilarning ham ko'zini ochilishiga sabab bo'lsa…”

Ko'ramizki, Navoiy hokimning o'zi ham xalq vakillarini qabul qilishda ishtirok etishini, ulus ahvol-ruhiyasi xususida uchinchi odamlardan eshitib emas, balki o'zi yuzma-yuz gaplashib, shaxsan bilib mulohaza yuritishi va hukm chiqarishda mana shu aniq dalillarga tayanishi zarurligini uqtiradi. Zulm o'tkazuvchilarga beriladigan jazo esa shunchaki xususiy hodisa bo'lib qolmasligi, balki shunday tabiat va harakatga moyil boshqalarni ham sergak torttiruvchi omil bo'lishi lozimligi bugun ham naqadar muhim!

“Yana bir so'z, saroydagi xizmat qiluvchilarga ish topshirilar ekan, u ish bir kunda bitadimi, ikki yoki uch kunda bitadimi, uni imkon qadar tezroq bitkazdirib, u haqda ma'lumotga ega bo'lsangiz… Har bir buyurilgan ishning qancha miqdori bitganligi haqida Sizga ma'lumot berib tursalar…”

Hazratning bu tavsiyalari hozirda amaliyotga joriy etilgan, qabul qilinayotgan dasturlar, ijro organlariga tushirilayotgan vazifalar ijrosi yuzasidan “yo'l xaritalari” shakllantirilayotgani, ijro monitoringi yo'lga qo'yil­ganini, xohlaymizmi-yo'qmi, esga tushiradi. Yo noto'g'rimi?

“Yana bir so'z, mamlakat va mol-mulk ishidan va shuningdek arz-dod etib kelganlarni qabul qilishdan xoli bo'lgan vaqtlarda horg'inlikni daf' etish uchun kitobxonaga kirilsa, kutubxona xodimlari bilan birga shug'ullanilsa…”

Bugun nafaqat o'quvchi va talabalarga, balki barcha darajadagi rahbar xodimlarga kitob mutolaasi bilan jiddiy mashg'ul bo'lish bekorga uqtirilayotgani yo'q. Zero, biror bir sohaning rivoji ayni harakatsiz — eng murakkab muammolarning ham yechimi joy olgan ilmiy va badiiy kitoblarni mutolaa qilmay turib mumkin emasdir.

“Yana bir so'z, shahar ehtisobi (nazoratchisi) ishlariga yaxshi e'tibor berilsa, ishratxona, fohishaxona, qimorxona kabi shariatga zid ishlarni tamoman man qilishsa. Muxtasiblar haftada ikki marta bozorchilarning narxlarini tekshirib tursalar…”

Yashirishning hojati yo'q: bizning bugungi hayotimizda ham eng tuban va jirkanch ishlar, yoshlarni yo'ldan toydiruvchi, beli og'rimay pul topganlarni qutirtiruvchi, milliy ma'naviyat va xalq axloqiga behad ziyon yetkazuvchi kirdikorlar aynan Navoiy sanagan manzillarda bo'y ko'rsatmoqda. Bu vaziyatda, avvalo, shahar ehtisobi (nazoratchisi) — bugungi tushunchadagi shahar (tuman) ichki ishlar boshqarmasi mutasaddilari ishlariga alohida e'tibor zarurligiga bekorga urg'u berilayotgani yo'q. Zero, hamma zamon va makonlarda boyagi manzillardagi ishlardan ularning bexabar bo'lishi amalda mumkin bo'lmay, aksincha, bu ishlarga sherik tutinishlar ham ko'p kuzatilgandir…

Bozorlardagi narx-navo nazorati esa, amalda, aholi kayfiyati, tirikchiligi, hayotdan roziligi yoki aksinchaligidan doimiy boxabarlik, shu hollarning aniq mezonidir.

“Yana bir so'z, beklar va devonlarga, shuningdek, parvonachi va muhrdor va munshiga buyurilsakim, musulmonlarning arznomalariga javob qaytarishda tama' ilinjida javobni kechiktirmasalar…”

XV asrda, garchi, “korrupsiya” degan so'z bo'lmagan esa-da, u anglatadigan hodisa, afsuski, bo'lgan. Buni juda yaxshi bilgan Navoiy, bugungi   ibora bilan aytganda, o'zining funksional majburiyatlarini bajarishda ham tama' ilinjida bo'lg'usi kimsalarni shaxsan hokimning o'zi nazoratga olishi kerakligini qat'iy tayinlaydi.

“Yana bir so'z, viloyatning chekka yerlarida yashovchi odamlarning arznomalari kelsa, ish tezlik bilan bitirib berilib, kishilarni ko'p kuttirib qo'yilmasa. Har qaysisining o'z xoliga yarasha iltifot ko'rsatilsa…”

Bir muddat o'zimizga tasavvur qilaylik: maktub muallifi poytaxt Hirotda, o'zining keng-mo'l hovlisida, bir insonning xotiri jam yashamog'i uchun zarur bo'lgan imkoniyatlar muhayyo bo'lgan sharoitda yashamoqda. Qolaversa, u kishidan ham hukmdor, ham xalq kutadigan asosiy yumush — go'zal tashbehlarga boy yangi badiiy asarlar ijod etish. Yuzaki qaraganda, Hazrat ayni muhim yumushlar bilan behad band kishi sifatida boshqa tashvishlarni o'zlariga yaqinlashtirmaslikka-da har jihatdan haqlari bor. Biroq Navoiy bunday yashamoqlikni, bunday tiriklikni insoniylikka zid, axloqsizlik darajasidagi xunuk hol, deb biladilar. U kishining hayotiy, insoniy a'mollari shunday bo'lgani tufayli ham uzoq Mozandaron viloyatining chekka yerlarida yashovchi odamlarning dardini o'ziniki deb biladi, ularning tashvish­lari tezroq arishini hamma narsadan muhimroq sanaydi. Aslida butun vijdoni bilan xalq tomonida turgan, o'zini shu xalqdan bir muddat ayro tasavvur qilmagan chinakam elparvar insongina quyidagini demoqqa ma'naviy haqli sanaladi:

Odamiy ersang, demagil odami,

Onikim yo'q xalq g'amidin g'ami…

“Yana bir so'z, otda sayr qilish, qush oviga mashg'ul bo'lish ko'p bo'lmasa, bunday ishlarda me'yorga rioya qilinsa, toki u ishlar tufayli zaruriy davlat xizmatlari chetda qolib ketmasa…”

Bu masalaning qanchalar muhim ekanini alohida sharhlash o'rniga Hazratning “Sab'ayi sayyor” dostonidagi shoh Bahrom qismatini eslatish bilan cheklanamiz…

“Yana bir so'zimiz, devoniylarga topshirilsaki, chet-atrofdan kelgan savdogarlarga yaxshi e'tibor berilsa. U viloyatda “tamg'a” degan gap bo'lmasa. Zakotni to'lashdan ular ozod etilsalar…”

Bugun mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishning muhim omillaridan biri sifatida ko'rilayotgan xorijiy investitsiya­larni keng jalb etish, buning uchun esa chet ellik hamkorlarga har jihatdan yengilliklar yaratish, jumladan, bojxona, soliq imtiyozlari taqdim etish amaliyotini bundan qariyb besh yarim asr muqaddam Navoiy hazratlari ham muhim masala sanaganlari — u kishining savdo-sotiq, iqtisodiyot sohasida-da yetarli darajada bilim va tajribaga ega bo'lganlarining dalolatidir…

Aytganimizdek, biz “Munshaot”ga kirgan xatlardan faqat ikkitasining ayrim o'rinlarigagina to'xtalishga ulgurdik, xolos. Endi butun kitob va unda jam bo'lgan har bir maktubning tahlili va talqini sizu bizga qancha tarixiy va ma'rifiy bilim berishi, ma'naviyatimiz va axloqimizni nechog'li yuksaltirishi mumkinligini tasavvur qilaylik. Agar Navoiy merosini cheksiz va teran ummonga qiyoslanganda, bunda kimdir nedir xatolik gumon qilsa, buni “mahobatga berilish” degan shubhaga borsa, u kishilarga aytadigan tavsiyamiz shu: Navoiyni o'qish va uqish!

Zero, Hazratning o'zlari “Munshaot”ning muqaddimasida, sizu bizni xuddi ko'rib turgandek, aytib qo'yibdilar:

Har kimki uni o'qishni odat etgay,

Va yozganni agar duo bilan yod etgay,

Tengri uni har balodan ozod etgay,

Xotirini g'amdan xalosu shod etgay.

Rahmon QO'ChQOR,

TDYuU dotsenti v.b.,

filologiya fanlari nomzodi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − eleven =