Kreativ fikrlash jurnalistga kerakmi? Yoxud Uolt Disney yaratgan Skruch amaki

Shiddat bilan harakatlanayotgan axborot davrida jurnalistga ham qanotli xabarlar bilan hamqadam bo'lish oson emas. Shu paytgacha soha darg'alari yaratgan o'zbek milliy jurnalistikasi an'analariga nisbatan, faoliyat ko'rsatayotgan yoki raqobat va mediabiznes yo'nalishida auditoriyani o'ziga jalb qilayotgan nodavlat OAVlarining faoliyatini kuzatar ekansiz —   bir qarashda axborot makoni egallangandek tuyuladi. Ammo…

Xo'sh, bunday vaziyatda jurnalistlar nima qilayapti? Sevimli kasblari yangilanayotgan jamiyatdan muqim o'rin egallay oladimi? Albatta, egallay oladi! Buning uchun odatiy narsalarga yangicha yondashish, har qanday muammoning yechimini topish, eskirgan dunyoqarashni o'zgartirib at­rofga yangicha nazar solish, bir so'z bilan aytganda, kreativ fikrlash maqsadga erishishda muhim manba hisoblanadi.

Aslida kreativlik o'zi nima? Shunchaki zamonaviy uslubmi yoki urf bo'layotgan yangicha so'zmi yoki fikrlash turimi?

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti PR va xalqaro kommunikatsiyalar kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi Yulduz Ortiqovaning “Jurnalistikada kreativ fikrlash” o'quv qo'llanmasi ushbu masalaga oydinlik kiritadi. Kreativ fikrlash — o'ziga xos ilmiy nazariya bo'lib, u jurnalistning ijodkorlik qobiliyatini shakllantiradi.

Qo'llanma ikki bob va yigirma ikki bo'limdan iborat. Birinchi bob kreativ fikr­lashning nazariy asoslarini o'zida aks ettirsa, ikkinchi bob g'oyaning amaliyotga tatbiq etilishiga bag'ishlangan. Kitobda kreativlikning ilmiy asoslari qatorida, jahonda Edvard de Bononing kreativ fikr yuritishning olti shlyapa usuli, Uolt Disneyning esa uch stul nazariyasi bo'yicha ijodiy fikrlash haqida ham nazariy, ham amaliy ma'lumotlar keltirilgan.

Uolt Disney (1901-1966 y.y.)ni ko'pchilik Mikki Maus singari ikki yuzdan ortiq multiplikatsiya qahramonlarini yaratgan ijodkor deb bilishadi. Ammo u taniqli rejissyor, rassom va prodyusser ekanligidan tashqari, kreativ fikrlash usullarini kashf qilgan faylasuf ham edi. O'zining noan'anaviy fikrlash ko'lamidan keng foydalanib, multik qahramonlari orqali va “Disneylend” dam olish maskanini yaratiib milliarderga aylangan kishi.

Shuningdek, Uolt Disney “Uch stul” nazariyasini hayotga tatbiq etgan olimdir. U fikrlashda bir yo'nalishdan ikkinchisiga yo uchinchisiga o'tishni osonlashtirish maqsadida ushbu nazariyani yaratadi.

Dasturilamal vazifasini o'taydigan bunday o'quv qo'llanma mamlakatimizda ilk bor yaratilishi. Keltirilgan nazariy va amaliy materiallar, misollar, mashqlar risolaning originalligini ta'minlagan.

Ushbu o'quv qo'llanma nafaqat jurnalis­tika sohasida kreativ fikrlashni o'rgatadi, balki barcha o'quvchida olamga, atrof­dagi voqealarga bo'lgan munosabatni o'zgartiradi, ijodiy yondashishni shakllantiradi, ba'zi xato va omadsizliklardan to'g'ri xulosa chiqarib, kelajakda hayot yo'lini to'g'ri tanlash uchun tajriba orttirishga yordam beradi.

Yusuf JO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 3 =