Ishtiyoq baland bo'lsin!

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning biz ta'lim olgan jurnalistika fakulteti birinchi bosqichida “Jurnalistikaga kirish” degan o'quv kursi o'tilar edi. Bilmadim, hozir shu o'quv kursi bormi, yo'qmi, unda talabalarga soha bo'yicha dastlabki nazariy tushunchalar berilardi. Ayni dastur mashg'ulotlari hozir ham bor va u bo'lajak jurnalistlar uchun matbuot, jurnalistika olamiga kirishda muhim tanishuv ostonasi ekanligi shubhasiz.

Aslida esa   jurnalistika bo'sag'asi bu yerdan emas,   jurnalist bo'lishni astoydil o'ziga maqsad qilgan o'quvchining “besh”ga yozgan inshosidan, ko'p kitob, gazeta-jurnal mutolaasidan, borliq, hayot va jarayonga ijodkorona kuzatuvi bor yo yo'qligidan boshlanadi. Va yana uning hali   mukammal bo'lmasa-da, ustozlari tahriri ostida ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan to'rt-beshta xabaru maqolalari jurnalistikaga kirib kelishining ilk qadamlari hisoblanadi. Qaysiki hamkasbimizdan so'ramang, oradan necha yillar o'tsa-da,   ilk ijod namunasini faoliyatining eng katta voqeasi   sifatida gapiradi. Maqolasi e'lon qilingan, sarg'ayib ketgan gazetalarni qimmatli ashyodek avaylab, asrab keladi. Negaki, ayni mana shu jimitdek xabar yoki lavhasi unga jurnalist bo'lish istagi amalga oshishiga rag'bat bo'lgan, o'ziga ishonchni orttirgan. Maqolasi tagidagi ismi-sharifini qayta-qayta o'qib, faxrlangan. Kimningdir “Gazetada maqolang chiqibdi, o'qidim” degan so'zidan go'yo endi butun dunyo uni biladigandek quvongan.

Shaxsan o'zimda ham shunday bo'lgan. Yettinchi sinfda o'qib yurgan davrimda xabarlarim hozirgi “Tong yulduzi”da e'lon qilingan. Keyin esa tumanimizning “Yangier tongi”, viloyat “Sirdaryo haqiqati” nashrlarida chiqa bosh­laganman. “Tong yulduzi”da axborotlarim e'lon qilingach, respublikamizning turli hududlaridagi o'quvchilardan o'nlab xatlar olganimni hamon sog'inch va faxr bilan eslayman. Maktab direktorining “lineyka” yig'ilishlarida davra o'rtasiga taklif qilib, “Kecha falon gazetada falon maqolang e'lon qilinibdi, “barakalla!” degan maqtovlarini katta mukofotdek qabul qilganlarim hanuz yodimda. Hatto tahririyatlarning “Maqolangizda ba'zi kamchiliklar borligi tufayli foydalana olmadik, sizdan yana yangi xabarlar kutamiz”degan mazmundagi maktublari va “xatlar sharhi” ruknidagi materiallarda   ism-sharifing keltirilishi ham biz yosh, havaskorlar uchun juda katta e'tibor sanalar edi.

Ha, jurnalistikada ayni mana shu omil, ya'ni e'tibor, sohaga endi qadam tashlayotgan yoshlarga to'g'ri yo'l ko'rsatishda juda muhim hisoblanadi. Deylik, biror tahririyatga jurnalist bo'lishni niyat qilgan o'quvchi keldi. Ayni ilk tashrif jurnalistikaga kirishning ostonalaridan biridir. O'quvchi yoki yosh yigit-qizda, avvalo, jurnalist bo'lish ishtiyoqi qay darajada va u qanday yuzaga kelgan: kimlargadir, deylik na artist, na jurnalist darajasida emas, yengil-elpi ko'rsatuv yoki internet olamidagi savodsiz bitiklari bilan “mashhur”larga havas orqalimi, yoki tom ma'nodagi professional jurnalistikani tanlashga qaratilgan astoydil maqsad tufaylimi? Huzurimizga kelganlardagi mana shu jihatlarni aniqlashga e'tibor qaratsak maqsadga muvofiq bo'ladi, nazarimda. Chunki, favqulodda noyob iste'dodni talab qiluvchi sohalar sirasidan hisoblanmish jurnalistikaga shunchaki   havaskorlik bilan kirib bo'lmaydi. Uni egallash uchun birinchi navbatda kuchli ishtiyoq, miltillagan iste'dod uchquni zarur. Biz ustozlar garchi ilk qoralamasi “juda bo'sh” bo'lsa-da, yoshlarning ana shu tomonlarini o'rganishimiz lozim. Binobarin, jurnalis­tikaga kirishning birinchi eshigi ham ishtiyoq va iste'doddir.

“Besh qog'oz o'qing, bir qog'oz yozing!”. Bu jurnalistika fakultetida o'qitgan ustozlarimiz bergan o'git. Endi bilsam, mazkur qisqa maslahatda katta bir kitob mazmun-mohiyati mujassam ekan. Qarang, inson va yoki har qanday jonzot ovqatlanmasa, harakatdan to'xtaydi. Ziroatda ham shunday: quyoshga talpinmasa, ozuqa yoki suvga to'ymasa, barq urib o'smaydi, eng asosiysi, hosili kiroyi bo'lmaydi. Shu ma'noda jurnalist ham o'qib bormasa, hayot bilan hamnafas bo'lmasa, uning ijodida rango-ranglik o'rniga birxillik, ustozlarimiz ta'biri bilan aytganda, “shablon” kuzatiladi.

Kamina mana bir necha yildirki, o'sha ustozlarim oldidagi qarzimni jurnalist bo'lish maqsadidagi yoshlarga o'zimda borini o'rgatish bilan uzishni niyat qilib “Mahorat maktabi” degan loyiha bo'yicha ish olib boryapman. Yuqorida keltirilganidek, avvalo, yoshlarning qat'iy maqsadi va ishtiyoqini o'rganishni shogird olishning bosh mezoni deb belgilab olganman. Birinchi muloqotda biror mavzuda qisqa matn yozdiriladi, ya'ni ayni vaqtning o'zida. Yana yozganini ko'z oldida tahrir qilish ham bo'lajak jurnalistlarning iste'dodini shakllantirishda samarali saboqdir. Umuman televidenie, internet yoki bosma nashr muxbirimi, qaysi yo'nalishda bo'lmasin, o'ziga xos yozish va tahrir qilish qobiliyatiga ega jurnalistning ijodiy saviyasi yuqori bo'ladi degan tamoyil bo'yicha aniq misollar asosida tushunchalar beriladi. Albatta, ularning ilk maqolalarini OAVda e'lon qilinishiga amaliy ko'maklashish eng muhim vazifalar sirasiga kiradi. Qolaversa, jurnalistikaga ishtiyoqmandlarga mutolaa uchun manbalar tanlovini belgilab berishga katta e'tibor qaratiladi. Bunda ayniqsa, professional hamkasblarimiz faoliyat yuritayotgan, soha bo'yicha amaliy mahorat maktabiga aylangan ommaviy axborot vositalarini tavsiya qilish muhim deb o'ylayman.

Shukrki, ayni vaqtda ozmi-ko'pmi yo'l-yo'riq berilgan shogirdlardan 20 nafarga yaqini jurnalistika oliy ta'limida o'qimoqda. Ular bilan onlayn-mashg'ulotlar esa to'xtagani yo'q. Talabalarga talab ham o'zgargani yo'q, ya'ni, o'qish bilan yozish va izlanishni birga olib boring! Axir jurnalistika har doim o'qish va ijoddan to'xtamaslikni talab qiladigan soha!

Ahmadali ShERNAZAROV,

“Xalq so'zi” gazetasining

Sirdaryo viloyati bo'yicha muxbiri,

“Mehnat shuhrati”ordeni sohibi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − ten =