«Qo'qon sadosi”ning jarangdor ovozi so'nib bormoqda?!

Achchiq, ammo ochiq gaplar

 

Qo'qon dunyoda “Latif” maqomiga ega yagona shahar. Qo'qon adabiy muhiti ta'sirida 300 nafardan ziyod ijodkorlar yetishib chiqqanining o'zi ham Ho'qandi latifning adabiy-madaniy merosi nechog'li muhim ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi.

Davr talabi va ehtiyoji bilan nomi bir necha marotaba o'zgargan “Qo'qon sadosi” gazetasi 107 yillik tarixga ega. Gazetaning tashkil etilishi mashhur ma'rifatparvar tadbirkor va noshir Obidjon Mahmudov nomi bilan bog'liq. Bu inson o'z sarmoyasiga Germaniyadan bosmaxona jihozlarini olib kelib, gazeta chiqargan edi…

Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi adiblarimiz tahririyatda bir muddat faoliyat olib borgan. Abdulhamid Cho'lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, G'afur G'ulom singari zabardast ijodkorlarimiz gazeta jamoasi bilan faol hamkorlik qilgan.

Bugun Qo'qonda jahon bozori, deya e'tirof etiluvchi ulkan savdo majmualari bor. Bu bozorlarga yetti iqlimdan mahsulotlar keltiriladi. Muhtasham tarixiy-madaniy yodgorliklar, muzeylar, 4 ta oliy ta'lim muassasasi (ikkita OTM filial sifatida faoliyat ko'rsatadi), savdo va xizmat ko'rsatish majmualari 250 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiluvchi Qo'qonning bugungi istiqboli nechog'li porloq ekanligini ang­latadi.

Xullas, shaharda tinch-osoyishta va farovon yashash uchun hamma narsa bor. Faqat gazeta yo'q – “Qo'qon sadosi”ning jarangdor ovozi tobora so'nib bormoqda. 2020 yili gazeta oyiga ikki marta, bor-yo'g'i 350 nusxadan chop etilib, arang jon saqlagan edi. 2021 yil uchun “Qo'qon sadosi”ga atigi 381 nusxa obuna bo'ldi. Shu yilning yanvar oyida qo'shma son qilinib, 450 nusxada bir marta gazeta chiqarildi.

Tahririyat bir paytlar o'ziniki bo'lgan tarixiy binoda bepul asosda bo'lsa-da, ijarada turadi. Yetti-sakkiz oydan buyon maosh olmayotgan 5 nafar jamoa a'zolarining bir nafari jurnalist, xolos. Bosh muharrir Adhamjon Mirsaidov jurnalis­tika sohasida 50 yillik tajribaga ega. To'g'ri, yangi yil bayrami arafasida tahririyatning uch nafar xodimiga 1 mln. so'mdan, ikki xodimga 500 ming so'mdan pul berildi. Lekin xalqimiz maqolida juda o'rinli aytilganidek, holva degan bilan og'iz chuchimaydi!..

Muassis – Qo'qon shahar hokimligi mutasaddilari “Qo'qon sadosi” gazetasi bilan bog'liq muammolarni e'tirof etib, obunaga jiddiy kirishmoqchi ekanliklarini aytishadi. Ros­ti, muassis – shahar hokimligi, shaxsan hokim Ma'rufjon Usmonov bunday va'dalarni ko'p bor bergan. Agar xohish va istak samimiy bo'lsa, Qo'qonda shahar gazetasi uchun barcha imkon bor.

Afsuski, viloyatning yana bir necha shahar-tuman gazetalari ijodiy jamoalarining ahvoli “Qo'qon sadosi”nikidan kam emas. Bundan ko'rinadiki, har bir hududning o'ziga xos tarixiy ko'zgusi, “tashrif qog'ozi” bo'lgan gazetalarni rivojlantirishga muassislarning e'tibor va rag'bati kerak.

Botir MADIYoROV

(“Farg'ona haqiqati” gazetasining 2021 yil 2 fevral, 10-sonidan olindi.)

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + eight =