Jarima bilan ish bitmaydi!
Tabiat boyliklarini asrab-avvaylab, kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish barchamizning burchimiz. Lekin ming afsuski …
… Yakkabog' tumanidagi “Xonaqa” mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi Yakkabog' o'rmon xo'jaligi “Cho'yanli” bo'limi hududida yer tagidan oqib chiqayotgan buloqlardan aholi samarali foydalanmayotganligi natijasida buloqlarning suvi tabiat bag'riga yetib bormayapti, dorivor giyohlar qurib qolyapti.
— Yigirma yildan buyon Yakkabog' o'rmon xo'jaligining “Cho'yanli” bo'limida sarhad qo'riqchisi bo'lib ishlayman, — deydi Xurram Rahimov. —Asosiy vazifamiz tabiat in'om etgan o'simlik va hayvonot dunyosi hamda buloqlardan chiqayotgan suvdan oqilona foydalanishni nazorat qilish. Ba'zi odamlar 15 ta katta-kichik buloqlardan chiqayotgan zilol suvni noqonuniy ravishda, o'zboshimchalik bilan quvur tortib, hovlisiga o'tkazib olayotganliklari tufayli o'rmon xo'jaligi hududidagi dorivor o'simliklarning suvsizlikdan qurib, yo'qolib ketish xavfi tug'ilmoqda. Bu haqda Qashqadaryo viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidagilarga bir necha marta murojaat qilgan bo'lsak-da, ular faqat jarima qilishdan nariga o'tmayapti.
Darhaqiqat, yuqoridagi holat tufayli Qizil qishloq, Xonaqa va To'la qishloqlari aholisi Galabuloqning zilol suvidan to'liq foydalana olishmayapti. Qonun buzilishlari haqida viloyatdagi mutasaddi tashkilot vakillarining xabari bor. Ammo bilib-bilmaslikka olish ortida nima bor? Bunisi qorong'i.
Qonun buzilishi to'g'risida murojaat qilinganda, arzimagan jarima solish tabiatning bebaho ne'matini asrab-avaylashdan ko'ra afzalmi? — degan savol tug'iladi. Aslida ham, jarima bilan ish bitmayapti-ku! Javobgar jarima pulini to'lagach, yana “hunarini” davom ettirayapti. Tabiiyki, buloqlar suvining tabiat bag'riga yetib bormasligi oqibatida o'rmon xo'jaligi hududidagi noyob qush va o'simliklarning ham o'z-o'zidan yo'qolib ketish xavfini tug'diradi. Bu esa bevosita tabiatga daxl qilish bilan barobar.
Kutilmaganda Xonaqa qishlog'ilik 6-7 yoshlar chamasidagi bolakayning adirlik tomondan qo'y-qo'zilarni to'g'ri jildirab oqayotgan ichimlik suv quvuri tomon haydayotganligi e'tiborimizni tortdi. Axir shu quvurdan oqib tushgan suvdan qishloq odamlari iste'mol qiladi. Mayda tuyoq ushoq mollar esa quduq boshidagi shu quvurga og'zini botirgan ko'yi chanqog'ini qondirardi. Axir bu sanitariya-gigiena qoidalariga mutlaqo zid holat bo'lib, turli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarmasligiga kim kafolat beradi?!
Butun dunyoni larzaga solgan koronavirus pandemiyasi balosining dahshatli oqibatlari hali tugagani yo'q. Mutasaddilarning oddiygina sanitariya-gigiena me'yorlari talablarini bilmasligi, unga rioya qilmayotganliklari esa achinarli holat!..
Suv — hayot manbai. Tabiat in'om etayotgan bu bebaho ne'matlardan oqilona foydalanish kelajak avlodning barkamol bo'lib voyaga yetishiga zamin yaratadi.
Xullas, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasidagi mutasaddilar bu holatga e'tibor qaratishlarini so'rardik.
Shavkat SULTONOV,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi a'zosi