Banklarda kredIT FOIZLARi nega yuqori?

Bir haftadan buyon qachon UYlanaman deya boshimni changallab o'tiraverib, ish stolim usti sochga to'libdi. Boshga o'y tushsa, soch oqaradi, degan gapni eshitgandim. Aka, o'ylayversangiz, nafaqat soch oqaradi, balki to'kilib ham ketarkan. Shuncha odam banklardan ipoteka kreditlarini olib, to'lab yuribdiku, men ham amallayman dedim-da, kredit haqida ma'lumot izlay boshladim…

Prezidentimiz tomonidan keyingi yillarda aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga qaratilagan muhimi, banklar tizimini ancha “insof”ga chaqiradigan, xalqqa qayishib faoliyat ko'rsatishga yo'naltirilgan qator qarorlari qabul qilindi.

Shunga qaramay, yangi qurilgan birlamchi uylardan xarid qilmoqchi bo'lsangiz, bosh­lang'ich to'lovning 20 foizini to'laganingizda, 15 yildan 20 yilgacha har yili kamida Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bo'­yicha, ya'ni imtiyozli kredit olishning o'zi bo'lmaydi. Bu juda qiyin. Oson emas. Osoni yillik kamida 23 foizdan olasiz, osh bo'lsin! Uylar muborak bo'lsin!

Ikkilamchi bozordan, ya'ni eski uylardan sotib olmoqchi bo'lsangiz, agar boshlang'ich badalning 25 foizi to'lansa, qolgan qismi 15-20 yilga 23-26 foizdan to'lanar ekan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, banklar kam oylik oladigan iste'molchiga ipoteka kreditini bermas ekan. Ularga yirik miqdorda pul olmoqchi bo'lib, yillik daromad to'g'risidagi ma'lumotnomangizni olib borsangiz,   “Hurmatli mijoz! Oyiga kamida 3-4 million so'm maosh olishingiz kerak, aks holda Siz bilan ishlay olmaymiz”, degan javobni eshitasiz. Yana bir gap, bizda kreditni vaqtida to'lamasangiz, olgan uyingizni bank qaytarib olib, sizni lash-lushingiz bilan ko'chaga haydashi ham hech gap emas. Chunki shartnomada shunday: uy garovga qo'yiladi.

Xorijiy davlatlarda boshlang'ich to'lov o'rtacha 5 foizdan 10 foizgachani tashkil etadi. Masalan, ayni kunda Rossiya Federatsiyasi yosh bolali oilalar uchun boshlang'ich to'lovi 5 foiz, 30 yilga 20 foizdan kredit ajratib, aholini uy-joy bilan ta'minlamoqda. Rossiya banklari faqat ish joyingizdan ma'lumotnoma va shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bilan bizning pulda 700 million so'mgacha 4-8 foizlik kredit beradi. Naqd pulda! Hech qanday notarius qog'ozi, kafil, hatto kredit olishdan maqsadingizniyam so'ramasdan… Bizda qaysi mezonlar asosida ipoteka kreditlarining foiz stavkalari belgilanyapti?

Bilmayman. Lekin shu o'rinda bitta latifa. Bir kuni toshbaqa yo'lda ketayotsa, tepada teskarisiga uchib borayotgan qarg'aga ko'zi tushibdi. Shunda toshbaqa qarg'aga qarab: “Hoy qarg'a, jinni bo'lganmisan? Nega teskarisiga uchyapsan?” deb so'rabdi. Qarg'a: “Sening men bilan nima ishing bor? Bizda demokratiya! Xohlaganimday uchaman!” deya o'shqiribdi. Toshbaqa, demokratiya bo'lsa demokratiya-da, debdi-da, o'ziyam shartta tes­karisiga yura boshlabdi. Orqasida jar bor ekan, toshbaqa qurmag'ur ko'rmay qolib, pastga tushib ketib, nobud bo'libdi. Shunda qarg'a uning yoniga uchib kelib: “Eh, ahmoq tosh­baqa, demokratiya faqat tepada bo'ladi, pastda emas!” degan ekan…

Birlashgan Arab Amirliklarida kredit kartaga pul olib, 1 yoki 2 oyda qaytarib bersangiz, sizdan umuman foiz olinmas ekan. Ko'pgina Yevropa davlatlarida ham kredit kartalar bo'lib, Arab davlatlaridagi tizim yo'lga qo'yilgan. Agar olgan kreditingizni belgilangan muddatda to'lamasangizgina foiz olinadi. Bu xuddi vaqtinchalik qarz olib, muddati tugaguncha to'lab qo'yishga o'xshaydi.

Bir necha oy oldin Dubayda yashaydigan tanishim bilan gaplashdim: Bizda banklarning o'zi “kredit oling” deb qo'ng'iroq qilishadi. Masalan, bu yerda “Noor Bank” islomiy banki bor. Undan kredit olmoqchi bo'lgandim. Agar 21.000 dirham (5 ming 700 AQSh dollari) pul olib, uni 6 oy ichida to'lasam, mendan 600 dirham (163 AQSh dollari) foiz olishar ekan. Bank mendan atigi 3 foiz foyda ko'ryapti, xolos. Shartnomaga imzo qo'ygandim, so'ragan mablag'imni bir necha soat ichida hisob-raqamimga tashlab berishdi…

Finlyandiya bilan ham qiziqib ko'rdim. U yerda kredit olmoqchi bo'lsangiz, atigi 15 daqiqada so'ragan pulingizni hisob-raqamingizga o'tkazib berisharkan. Xo'sh, o'zimizda-chi? Bizda ham banklar sizga qo'ng'iroq qilishadi, albatta. Faqat ular aksariyat hollarda “qarzingizni to'lab qo'­ying, bo'lmasa … ” deb! Natijada kredit olgan odam qarzini uzgunicha yuragini hovuchlab yashashga to'g'ri keladi. Ajab, nega kredit foizlari miqdori 20-25, hatto 27-28 foizgacha chiqib ketgan. Axir bu uy olguningizcha, bankka ham yangi xonadonning pulini shundoq berib ketish degani emasmi?!

Unisini-ku, qo'ya turing. Kredit olaman deb, nechta eshikka sarg'ayasiz, qancha qog'ozbozlik bo'ladi, kamiga, kafilingiz bo'lmasa, har qanday bank ham sizga rad javobini beradi. O'ylab qolaman, nahotki banklar fuqarolarimizga shunchalik darajada ishonmaydi?

Albatta, so'nggi yillarda banklar tizimi yurtimizda ham birmuncha tartibga solindi. Aholi uchun bu borada qator yengilliklar yaratildi. Lekin baribir ajratilayotgan kreditlar ustamasi juda baland.

Menimcha, bizda foizi o'ta yuqori bo'lgan kredit olgan tadbirkorning biznesi inqirozga uchrash ehtimoli yuqori. Oddiy aholiga kredit berish esa cho'kayotgan odamning qo'liga og'ir xarsangtosh tutqazib qo'yish bilan barobardir. Ayniqsa, banklarimiz tomonidan ajratilayotgan ipoteka kreditlari odamlarni emas, banklarni kambag'allikdan chiqar­yaptimi deb o'ylab qolasan kishi.

Ha, ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga, degan gap ham bor. Hisob-kitoblarim bo'yicha, kredit olish (agar nasib qilgan bo'lsa) — bu oddiy inson uchun katta muammolarga duch kelib, tinchligi yo'qolib, halovati buzilishiga olib keladi. Puli bor, ishning ko'zini biladigan odamlar uchun esa u foydaning makoni! Oddiy odamlar uchun esa kredit insonlarni kambag'allikdan qutqaradigan, lekin… qashshoqlikni keltirib chiqaradigan omil bo'lmasligi kerak.

Abdulaziz AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − eleven =