Fazo malikasi bilan yonma-yon. Kosmonavt Valentina Tereshkova bilan uchrashgan o'zbek ayoli
Ayol haqida so'zlaganda, doim ko'z oldimizga Ona timsoli keladi.
Afsuslar bo'lsinki, mehri va issiq bag'rining taftini endigina anglayotgan paytimda onam bu dunyoni tark etdi. Shundagina onamning men uchun yagona suyanchiq, hamdard, sirdosh, shijoat, g'urur va sha'nimning himoyachisi ekanini angladim. Mash'um ayriliqdan so'ng onamning qadr-qimmati, men yo'qotgan bebaho boylik ekanini tushundim. Volidam dunyoni tark etganidan so'ng, har bir ona ko'zimga o'tdek issiq ko'rinadigan va “Qaniydi, shu ayol onamga aylanib qolsa edi”, deya bag'riga otilgim, yuzlarini silagim kelar edi.
Hayotda yashab shuni bildimki, onalarning begonasi bo'lmas ekan. So'zlamoqchi bo'lgan voqea ham ana shunday mehribaxshida Mamlakat aya Komilova haqida.
Tasodifan uchratib, tanishib qolganim — Mamlakat ayaning ko'rinishi, jilmayishi, hatto ovozigacha onamnikiga o'xshardi. Mamlakat aya Yunusobod tumanida istiqomat qilar ekan. U bilan ona-bola tutindik. Yaqinda tutingan onam 85 bahorni qarshiladi. O'rta bo'yli, yuzidan nur balqib turadigan, sochlari oppoq, qaddi biroz bukilgan Mamlakat ayam duoguy, suhbati yoqimli, dunyoqarashining kengligi bilan atrofdagilarni bir pasda o'ziga rom etib oladi. Aya boshidan o'tgan, qalbida muhrlangan voqealarni xo'rsinish va faxr ila hikoya qiladi:
— Yoshlik bebaho davr bo'lar ekan. O'shanda hali yosh edim, onam meni doim yonlarida olib yuradigan ziyrakkina qizcha edim. 1966 yilda poytaxtda bo'lgan qattiq zilziladan jabr ko'rib, endi o'zimizga kela boshlagan paytlar edi. Iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramasdan onam meni maktabga berdilar. Maktabni a'lo baholarga tamomlagach, Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutining maktabgacha ta'lim yo'nalishiga o'qishga kirdim. U vaqtlarda yoshlarning aksariyati sodda va samimiy, bilim olishga ishtiyoqi juda baland edi. Men ham tengdoshlarim qatorida izlandim, o'qidim, rus tilini mukammal o'rgandim. Hayotimiz yaxshilanib boraverdi.
Iqtidorim, izlanuvchanligim tufayli xalq e'tiboriga tushdim. San'atga oshuftaligim va sohada iqtidorimni namoyon etganim uchun 1957 yili yoshlar ansambli bilan Moskvada bo'lib o'tgan madaniyat dekadasida ishtirok etishga muvaffaq bo'ldim.
U yerda katta tadbirda nutq so'zlab, olqishlarga sazovor bo'ldim, baxtimni topdim. O'sha kuni Moskvada o'qiydigan o'zbekistonlik Asqar degan yigit dekadada qatnashib, meni yoqtirib qolgan ekan.
Toshkentga qaytgach, undan sovchilar keldi, turmush qurdik. Turmush o'rtog'im vaqt o'tib ilmiy ishini yoqlab, nomzodlik unvonini oldi. Men bolalar bog'chasida ishladim. Farzandlarimiz tug'ildi. Uy yumushlari, davlat ishi, kelinlik vazifasini o'tash, farzandlar tarbiyasini barobar olib borishga to'g'ri keldi. Hatto badiiy kitoblar o'qishga ham ulgurardim.
Xizmatlarimizni e'tiborga olgan davlatimiz oilamizga yangi uy hadya qildi. Farzandlarimiz iqtidorliligi tufayli Uspenskiy nomli musiqa maktabini tugallashdi. Partiya a'zoligini oldim, bolalar bog'chasiga mudira etib tayinlandim. Xalq ta'limi a'lochisi mukofoti, sobiq ittifoqning “Mehnatlari uchun” medali bilan taqdirlandim.
Muhimi, hayotimdagi eng olamshumul voqeadan esa doimo faxrlanaman. 1976 yil. O'sha paytlar qizlar fazoga uchgan kosmonavt Valentina Tereshkovaga havas qilardi. Uni ko'rish baxti mening xayolimga ham kelmagan. Ne baxtki, O'zbekistondan men, Qozog'iston va Rossiyadan bittadan ayol tanlov asosida Moskvaga jo'natildik.
Bu Ollohning mo''jizasi edimi, hamon anglolmayman. Bizga Valentina Tereshkova boshchiligida Laos Demokratik Respublikasidagi yetim va nochor bolalarga gumanitar yordami olib borish topshirilgan edi.
Go'yo tushga o'xshardi. Bizni Moskvada Valentina Tereshkova kutib oldi, choy ustida suhbatlashdik. Ertasi kuni samolyotda avval Hindistonga, keyin Birmaga, so'ngra Vyetnamga borib, gumanitar yordamlari tarqatdik. Samolyotdan chet davlatlarga qo'nar ekanmiz, har gal xorijliklar egnimdagi milliy xonatlas ko'ylagimga hayrat va havas bilan qarashardi. Kamalakning yetti rangi tovlanayotgan xonatlasimiz hatto yaponiyalik, xitoylik delegatsiyani ham befarq qoldirmadi. Ular meni savollarga ko'mib tashlashdi. Biz 9 kundan so'ng Moskvaga qaytdik. Meni sovg'a-salomlar bilan kuzatishdi. Yurtga qaytgach gazeta, jurnallarga intervyu berdim, teleko'rsatuvlarga olishdi.
Ha, chet mamlakatlarni kezib kelgan Mamlakat ayaning to'lqinlanib aytgan so'zlaridan Vatanga va oilaga muhabbat, baholab bo'lmas yorqin his-tuyg'ular yuz-ko'zlarida ufurib turardi.
– Turmushimdan mamnunman, — deydi so'zi yakunida aya, — ziyolilar oilasi sifatida bugungi kunda qizlarimning biri professor, biri kasbimni egalladi. O'g'illarimning biri musiqa maktabi rahbari, biri texnika fanlari nomzodi. Nabiralarim esa izdoshlarim. Biri talaba, biri oliygohni tugallab, davlat korxonasida Vatan ravnaqi uchun xizmat qilmoqda. Shukronam esa cheksiz.
Hayoti mobaynida ilm olish, izlanish, yosh avlodni tarbiyalash yo'lida umr kechirib kelayotgan 85 yoshli onaxon haliyam kitob o'qishni yaxshi ko'radi. Mamlakat aya yaqinda she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning “Xamsa” asarini ikkinchi marta o'qib tugatdi. Bu esa tahsinga loyiq. Qaniydi, hammamizning kitobxon buvilarimiz bo'lsa…
Anora Abdullakova