Alvido, “Omonat dunyo”

Bir asar tarixi va taqdiri

 

Maqsad na edi, kelding jahona,

kayfiyatini bayon etib ket.

Nodirabegim

 

O'n besh yildan buyon O'zbekiston Milliy akademik drama teatri sahnasidan tushmay kelayotgan dramaturg, yozuvchi va olim Tilab Mahmud bilan hamkorlikda yozgan pyesamiz asosida sahnalashtirilgan “Omonat dunyo” spektakli repertuardan tushib qolibdi…

Ochig'i, bu xabarni eshitib boshimdan sovuq suv quyganday junjikib ketdim…

Bu asar bizniki bo'lgani uchun emas, balki xalqimizga hozirgi dolzarb kunlarda ayni kerakligini o'ylab siqildim…

Taqdimotidan keyinoq sahna yuzini ko'rmagan, bir-ikki yil zo'rma-zo'raki qo'yilib, jimib ketgan sahna asarlariga qiyos qilganda, “Omonat dunyo” tag'in ham uzoq umr ko'rdi-ku! Shu haqda o'ylasam, ko'nglim biroz taskin top­gandek bo'ladi. Baribir ko'ngildan xiralik, noxushlik ketmayapti… Men-ku Tilab Mahmudga bir yordamchi muallif sifatidagi xizmatlarimga shunchalik ozor chekyap­man. “Omonat dunyo” spektaklidagi asosiy qahramon — Qodir boyvachcha rolini ijro etgan O'zbekiston xalq artis­ti Sayid­komil Umarov buni qanday qabul qildi ekan?! O'n besh yil mobaynida u asar bosh qahramoni Qodir boyvachcha bo'lib rol o'ynamadi, balki sahnada Qodir boyvachcha bo'lib yashadi. Aktyor Qodir boyvachcha rolini aqlbovar qilmaydigan darajada hayotiy, yuksak ijro etdi.

Shunday sahnalar borki, san'atkorga qo'shilib fig'on chekasiz, qayg'urasiz, yig'laysiz…

Sahna aktyor qahramonining hayot saboqlaridan olgan achchiq qismati, vijdon azoblaridan titrab-titrab qo'yadimiey… Go'yo bo'lak-bo'laklarga bo'linib, chor atrofga sochilib ketadigandek odamni xovotirga soladimiey…

Ha, sahna uning vijdoniga, qalbiga aylangandi…

Bu charxpalak dunyo g'am-anduhlarini Sayidkomil Umarov – Qodir boyvachcha ko'taryapti-ku, lekin sahna ko'tara olmayotgandek tuyulardi…

Xudoga shukur, Sayidkomil ukamizning qismatiga yozilgan, sevib o'ynaydigan rollari bisyor. Lekin u “Omonat dunyo”ga baribir boshqacha nazar bilan qarardi.

“Omonat dunyo” pyesamiz sahna yuzini ko'rganda, tomoshabin e'tirofiga sazovor bo'lganida, yilning (2007 yil) eng yaxshi asari sifatida taqdirlanib, respublika teatrlarida “Omonat dunyo” sahnalashtirishga tavsiya etilganda:

“Mana endi asaringiz teat­rimiz mulkiga aylandi”, degan teatr peshvolari bugun o'z mulklarini o'z qo'llari bilan osongina boy berib qo'yishibdi, afsus! He yo'q, be yo'q asar mualliflarini ogohlantirish yo'q, masalani shartta hal qilib qo'yishibdilar, attang!

… Har bir sahna asari tomoshabin uchun o'zining axloqiy, ma'naviy va ma'rifiy jihatlari bilan ibrat bo'lmog'i kerak. Zamon, ijtimoiy hayot nafasi unda oynadek namoyon bo'lmog'i joiz.

Shu jihatdan qaraganda, jamiyatimizda hali-hamon pora berish, pora olish, pora bilan har qanaqa jinoyatni yopish muomaladagi achchiq haqiqatlardir. Yoki korrupsiyaga qarshi har qachongidan ham kuchliroq bong urilayotgan bir paytda, spektakl odamlar koriga yarab turgan edi.

Kambag'allikni yo'qotish, boylikka intilish masalasi hech qachon bugungidek dolzarb muammoga aylanmagan.

Hammani boylikka, farovonlikka yetkazsin.

Lekin bu boylik, farovonlik peshona teri evaziga emas, harom-xarish yo'llar bilan topilgan bo'lsa-chi?! Bu mo'may pullar farzandlar kamoliga emas, inqiroziga sabab bo'lsa-chi?! Boyvuchcha, amaldor otalari panohida taltayib, xushiga kelganini qilib yashayotgan “Otasining bolasi”, erkatoylar avlodi ham borligidan nega ko'z yumamiz?!

Bunday yoshlardan Vatanimiz nima kutadi, ular ona xalqiga qanday yaxshilik qila oladi?! Aksincha, jamiyatni orqaga tortadilar-ku! Shohi so'zanaga yarashmagan bu chipta yamoqlar berishga emas, o'marishga, yaratishga emas, yo'qotishga o'rganishgan. Tanglaylari ana shunday zamzamalar asnosida ko'tarilgan, suyaklari ana shunday “fidoyiliklar”da qotgan. Ular Vatanimiz, millatimiz ekan-u, boyliklarda cho'milayotgan ota-onalariga ham vaqti kelsa vafo qilmaydilar. “Omonat dunyo” shunday muammolarni ko'tarish jihati bilan ham aktual edi. Asarning mag'zi – dunyo molining bevafoligi, pokdomonlik va imon, halol mehnatgina insonga baxt-saodat, ruhiy-ma'naviy halovat va farog'at beradi, degan g'oya bilan sug'orilgan edi.

…Azizlarim, biroz qizishib ketdim, meni kechiring. Axir, bozorga chiqqan ham o'z molini xaridorga maqtab pullaydi deyishadi. “Omonat dunyo” mol emas, san'at asari, unda inson dardi, zamon dardi bor ekan, har qancha gapirishga arziydi, deb o'ylayman.

…Bu asar bilan bog'liq bo'lgan xotiralarim ovoz beryapti. Uning yozilish jarayonidagi to'lg'oqlarimiz, bahs-munozaralarimiz va nihoyat orzu-niyatlarimizga bir mukofot bo'lib tug'ilgan farzandimizni dunyoga keltirishning o'zi bo'lmagan. Chirog'imiz tun bo'yi o'chmagan kunlar ko'p bo'lgan. Ba'zida ertalab uyg'onishim bilan umri bog'im ijodxonasi eshigini sekin ochardim. Sigaret tutunidan burqsab ketgan xonadan qahva hidi ham gupirib turardi. Zahmatkash muallifimiz uyqusizlikdan ko'zlari kirtaygan, chehrasi uniqqan bir holatda ko'rinardi. Nazarimda hozir unga ruhiyati, orzu-armonlarigina kuch berayotganday tuyulardi…

Shunday kunlarning birida g'aroyib tong otdi. Azizim ijod xonasidan “Ay-da, Pushkin, molodes!” – deya qanot qoqib chiqib keldi. Bildimki, pyesaning xulosaviy qismi topilgan, demak, pyesa nihoyasiga yetgan, o'ziga ma'qul bo'lgan. Aks holda, bu iborani ishlatmas edi. U nima yozmasin, o'ziga yoqdimi, bo'ldi “Ay-da, Pushkin, molodes!” bilan ijodxonasidan chehrasi barq urib chiqib kelardi.

Tilab Mahmud pyesaning tugallanish qismini o'qiy bosh­ladi. Men ko'zlarimni yumib, boshimni ikki kaftim oralig'ida tutgancha munkayib eshitayapman. U bo'lsa “uxlab qolmadingizmi?” degandek ovoz ham berib qo'yadi. Mening esa butun vujudim quloqqa aylangan…

– Tabriklayman, “Ay-da, Pushkin, molodes!”, — dedim jilmayib.

– Rostdanmi, tugallanishi yoqdimi yoki ko'ngil uchun shunday deyap­sizmi? – dedi hayajonda u.

– Xudo haqi, rost, bunaqa xulosani kutmovdim, boplabsiz…

Pyesani ustiga “Qilmish-qidirmish” deb yozilgan papka ichiga solib qo'ydi. Sarlavha menga uncha ma'qul bo'lmaganini sezdilarmi:

– Bu shartli sarlavha, yana o'ylab ko'ramiz, – dedi.

– O'ylashga hojat yo'q. Sarlavha “mana men” deb turibdi-ku! “Omonat dunyo” desak qandoq bo'larkin?!

– Bo'ladi, qoyil, juda bo'ladi-da. Garchi ikkinchi hikoyalar to'p­lamim ham “Omonat dunyo” deb nomlangan bo'lsa-da, bu nom bu pyesaga uzukka ko'z qo'ygandek yarashib tushdi, dedi mamnun. “Qilmish-qidirmish” so'zini o'chirib, o'rniga “Omanat dunyo” deb yozib qo'ydi. Keyin asar muallifi yoniga mening ismi-sharifimni ham tirkab qo'ydi.

– Bitta sarlavha topish bilan hammualliflikka da'vo qilolmayman, meni izza qilmang…

– Hammuallifsiz, tamom-vassalom, – dedi qat'iy Tilab aka.

– Siz men uchun oynasiz. Bu oynada men o'zimnigina emas, ijodim samarasini ham ko'ryap­man. Fikr ham, maslahat ham, seni tinglash ham, tinglayotgandagi kayfiyat ham yozuvchiga ko'p narsa beradi. Men sizning kayfiyatingiz, ta'sirlanishlaringizga qarab qalamimni qaysi yo'nalishga burish, e'tiborni qaysi joylariga kuchaytirish kerakligini his qilaman. Pyesa yozilishidagi qoralamalaringiz-chi?! Ular menga ko'p narsa berdi… Shunday qilib, pyesa muvaffaqiyat bilan sahnalashtirildi. Radio, televidenie, matbuotda “Omonat dunyo” teatri haqidagi chiqishlar kayfiyatimizni ko'targandan-ko'tarib borardi. Biz baxtli edik, juda baxtiyor edik. Oyog'imiz teatr ostonasidan uzilmay qoldi. Spektakl­­ni tomosha qilayotganimizda, Tilab Mahmudga bir-bir nazar solib qo'yaman. Gohi chehrasida tabassum, gohi qahr, gohi qoshlari o'ynar, chimirilar, gohi ko'zlarida nafrat, ko'zlari chaqnar, goho ko'zlarida yosh… U o'z qoni jonidan yaralgan asar ijrochilariga mubtalo edi. Ular bilan barobar go'yo jon olib, jon berardi… Tomoshabinlarning qiz­­g'in qarsaklari, poyimizga sochilgan gullar, gulchambarlar uning ham, albatta, mening ham hayajonimizga hayajon qo'shardi…

…Ko'ngil obodligiga aylangan bu go'zal lahzalarda biz yaratgan asar ko'z-qoshlariga o'smalar qo'yib, sochlarini qirq kokil o'rib, chekkasiga rayhonlar taqib, mushki anbarlar sepib tomoshabiniga ko'z-ko'z qilgan O'zbekiston Milliy akademik drama teatri, uning ijodiy jamoasining katta hissasi bor, albatta. Yuqoridagi achchiq va achinishli gaplarni esa eng yaxshi ko'rgan, bino qo'ygan, yaqinini yo'qotgan odamning ruhiy iztiroblari, to'lg'oqlari deb tushuning, meni yozg'irmang…

Otaxon teatrimiz 2002 yildan to 2021 yilga qadar Tilab Mahmud ikkovimizning muallifligimizdagi “Umr shomidagi baxt”, “Tortadurman jabrini”, “Omonat dunyo” pyesalarini sahnalashtirdi va namoyish etdi.

Bu har qanday ijodkorga ham nasib etavermaydigan omad desa ham bo'ladi. Shunday ekan, biz mualliflarni elga dramaturg sifatida tanitib, ruhiyatimizni ko'targan, quvonchlar baxsh etgan teatr, uning ijodiy jamoa­­si bilan xayrlashuv oson deb o'ylaysizmi?! “Tortadurman jab­rini”, “Omonat dunyo” pyesalarini sahnalashtirgan iqtidorli rejissyor Toji Muhammad Isroi­lovning sahnalashtirish jarayonidagi ijodiy topilmalaridan hayratga tushgan onlarimizni qanday unutay?!

– Mannon Uyg'ur “Halima” (G'ulom Zafariy) spektaklini sahnalashtirish jarayonida sah­nani ikkiga bo'lgan edi. Bu uslub o'shanda katta topilma hisoblanib, o'zbek teatrida yangilik bo'lgan. Toji Muhammad Isroilov esa “Omonat dunyoda” sahnani shartta to'rtga bo'lib yubordi. “Sahnada voqealar kinolentaday to'xtovsiz harakat qiladi, ofarin”, deb yozgandi O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Bahriddin Nas­riddinov.

2009 yil. Asr vabosi – odam savdosi butun dunyoda urchiyotgan illat afsuski, bizning zaminimizga ham yetib kelgandi. Toshkent shahar hokimiyati, res­publika va Toshkent shahri prokuraturasi tashabbusi va iltimosiga ko'ra Tilab Mahmud bilan yangi asarga qo'l urdik. U “Tortadurman jab­rini” deb nomlanar, ayni yonib turgan muammo – odam savdosiga bag'ishlangan edi.

– Bugungi kunning eng muhim, dolzarb mavzusi bo'lgani uchun asar menga ma'qul bo'ldi va uni sahnalashtirishga shoshildim, – dedi Toji Muhammad Isroilov. Asarimiz Milliy akademik drama teatrida Toji Muhammad Isroilov, O'zbekiston xalq artisti Sayidkomil Umarov tomonidan sahnalashtirildi. Zamon og'riqlari haqidagi bu spektakl anshlag tusini oldi. Spektakl Milliy teatr bilan barobar “Turkiston” saroyida oylab, bir kunda uch martadan o'ynalgan payt­lari ham bo'ldi. Spektakl viloyatlarni ham bir-bir kezib chiqdi…

“Turkiston” saroyida ketayotgan spektaklimizning ba'zida ertalabkisiga men borsam, kechki tomoshaga Tilab Mahmud yetib kelardi. Tomoshabinlar orasida bizni ko'rib qolgan rejissyorlarimiz tomosha oxirida sahnaga chorlashardi.

Tilab Mahmud qator tizilib turgan artistlarning bir-bir qo'llarini olib, tabriklab chiqardi.

Sahna pardasi bir ochilar, bir yopilar, artistlar qatorida biz ham tomoshabinlar olqishiga javoban ta'zimda bo'lardik. Kimgadir balki, bu mayda gapdek tuyular. Lekin biz uchun bu katta tuhfa, katta baxt edi…

Teatr ijodiy jamoasi orasida qo'limni ko'ksimga qo'yib minnatdorlik bildiradigan aziz san'atkorlar ko'p. O'sha paytlarda Milliy akademik drama teatri direktori bo'lib ishlagan O'zbekis­ton xalq artisti Yoqub Ahmedovning o'z ishiga fidoyiligi, mualliflar ra'yi, niyati va ijodiga bo'lgan hurmat-e'tiboridan biz ham bahramand bo'lganmiz.

Spektakllarimizni tomoshabinlarga manzur etishda bor iste'dodlarini ishga solgan Sayid­komil Umarov, Muhammad Abduqunduzov, Mahmud Ismoilov, Shohidaxon Ismoilova, Dilnoza Kubayeva, Ra'no Yarasheva, Alisher Uzoqov, Abror Saypnazarov, Muqaddas Xoliqova, Po'lat Nosirov, Gulchehra Ibrohimbekova, Malika Ibrohimova, rejissyor og'alarimiz   – Qahramon Sa'dullayev va Marat Azimov, rassom Boboniyoz Qurbonov sizlarga hayotda ham, sahnada ham uzoq umr tilayman.

Yana bir hurmatimiz, e'tirofimizga loyiq inson nomini ayt­masam bo'lmas. U Toshkent shahar hokimiyatida mas'ul lavozimda uzoq yillar faoliyat ko'rsatdi. Hozir ham jamiyatdan uzilmagan holda ishtimoiy faol mehnat bilan band. Bu ajoyib, charchamas tashkilotchi, jurnalist Farida Abdurahimova. Ochig'ini aytsam, u bizni drama yozishga da'vat qilgan, qalbimizdagi dramatik tuyg'ularni uyg'otgan va alangalantirgan ajoyib shaxs.

Jonajon teatrimiz bilan bog'liq xotiralarim ko'p, yozmalarimni ulardan eng hayajonlisi bilan yakunlamoqchiman.

Bir kuni Milliy teatrimiz direktori Fatxullajon Ma'sudov (Olloh rahmat qilsin) menga qo'ng'iroq qilib qoldi:

Bu yil “Omonat dunyo” spektaklimizning nomoyish etilayotganiga o'n yil to'larkan. Nav­batdagi spektakl namoyishini Tilab Mahmud xotirasiga bag'ish­lasak nima deysiz?!

Umr yo'ldoshim, ajoyib ijodkor xotirasini birinchi bo'lib eslagan,   e'tirof etgan jamoaga minnatdorlik tuyg'usidan bo'lak yana nima ham derdim?

2017 yil 13 may. Farzandlarim, yoru do'stlarim, jigarlarim, quda-andalarim, qo'ni-qo'shnilarim bilan teatrga bordik.

Spektakl boshlanishiga, par­­da ochilishiga sanoqli damlar qolganida sahnaga O'zbekiston xalq artistlari To'ti Yusupova, Muqaddas Xoliqova va O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan artist Hojiakbar Komilov chiqib kelishdi.

– Bugungi namoyish “Omonat dunyo” muallifi, dramaturg, yozuvchi va olim Tilab Mahmudov xotirasiga bag'ishlanadi, – dedi H.Komilov. Spektaklning teatrimizda namoyish etilayotganiga o'n yil to'lyapti, – so'zida davom etdi u… Bu asar o'n yildan buyon sahnadan tushmay, tomoshabinlarga ma'naviy oziq berib kelayotganligining o'zi uning naqadar xalqchil, tarbiyaviy ahamiyati katta ekanligidan dalolat beradi… Sahnaga pyesa hammuallifi, Tilab aka Mahmudovning rafiqasi Dilbar Mahmudovani taklif etamiz…

Qanchadan-qancha allomalar, buyuklar poyi qadami tekkan tabarruk yo'llardan har gal qo'l ushlashib boradiganimiz – muqaddas dargohning   muqaddas sahnasiga bugun bir o'zim, boshim egik, ko'ng­lim siniq chiqib borardim.

Yozuvchi, umr yo'ldoshim Tilab Mahmud haqidagi mehrim-muhab­batim yo'g'rilgan har so'zim tomoshabinlar qarsagi bilan bo'linib turardi… Umrim bahori, hammaslak va ustozim xotirasi uchun tomoshabinlar o'rinlaridan turib uzoq qarsak chalishdi…

Milliy akademik drama teat­ri tarixida hayotdan o'tib ketgan sahna asarlari mualliflarining xotira kechalarini o'tkazib turish urf bo'lganmi, yo'qmi, xabarim yo'q. Agar O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Fatxulla Ma'sudov o'rnida boshqa direktor bo'lganda Tilab Mahmudga bag'ishlangan xotira kechasi o'tkazilarmidi, yo'qmidi – buni ham bilmayman.

Qabringiz nuru gulga to'lsin Fatxullajon!

Men tilga olayotgan bu voqea sizning odamgarchiligingiz, insoniy xislatlaringiz haqida hali-hamon hayajon va iltifot bilan eslayotgan, so'zlayotganlarning xotira marjoniga bir sadaf bo'lib qo'shilgay.

Dilbar Mahmudova,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − four =