Ma'naviy loqaydlik

Yoxud mutafakkir Alisher Navoiy asarlari nega pala-partish va xatolar bilan nashr etilgan?

 

Sharof Rashidov o'zbek xalqining ardoqli farzandi edi. Zilziladan so'nggi azim Toshkentning yangi qiyofasi Sharof Rashidovga tiklangan birinchi ulug'vor haykal edi. Shahar oltin kamari – metropoliteni esa Sharof Rashidovga qo'yilgan   ikkinchi muazzam haykal bo'ldi.

Ushbu zalvorli me'moriy obidalardan tashqari Sharof Rashidovning doimiy diqqat markazidagi masala adabiyot va xalq kitobxonligi edi. Qalami o'tkir adib, xalqimiz yaratuvchan irodasining porloq qahramonlari timsolini o'zining “Bo'rondan kuchli” romanida yaratib qo'ydi. U umumbashariy mavzu – xalqaro do'stlik va hamjihatlikning buyuk tashkilotchisi edi. Uning xatti-harakati va tashabbusi bilan Osiyo va Afrika xalqlari yozuvchilarining doimiy forumlari sobiq Ittifoq miqyosida o'tkazilib turdi. Uning “Kashmir qo'shig'i” asari hind xalqi va o'zbek xalqi do'stligiga qo'yilgan haqiqiy haykal bo'ldi. Xalqimiz undagi mayin qo'shiqlarni hanuz eslab yuradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev siymosida esa men yangi zamon Sharof Rashidovini ko'ryapman. U oltin kamarning Mashinasozlar bekatidan Qo'yliqqacha, Olmazordan Sergeligacha yangi halqalarini qurdirib ishga soldi.

Shavkat Mirziyoyev yana nazarimda shu vaqtgacha hatto hech kim orzu qilishga ham botinolmagan ishni bajardi. Alisher Navoiy haykali qarshisiga yana yigirma olti o'zbek mumtoz va zamonaviy adib, shoirlar haykallarini o'rnatib haqiqiy O'zbekiston adiblari xiyobonini yaratdi.

Sharof Rashidov davrida yuzlab adib va shoirlar uy-joy va yengil mashinali bo'ldilar. Shavkat Mirziyoyev bu ishni nafaqat poytaxt Toshkentda, balki viloyatlarda ham amalga oshirishga bosh-qosh bo'lmoqda.

Sharof Rashidov o'zbek adabiyoti, san'ati, madaniyatini jahonga ko'z-ko'z qildirish uchun o'sha paytdagi tor imkoniyatlarni pahlavonlarcha zakovat bilan kengaytirdi. Shavkat Mirziyoyevning ma'naviyat sohasidagi tasavvuri va niyati juda yorug' va undan-da keng: u O'zbekistonda uchinchi Uyg'onish davriga asos solish tashabbuskoridir. Bu qutlug' oliyjanob niyatlari biz adib-shoir, dramaturg, olim, musavvir hamda ma'rifiy jabhadagi ulamolarimizga muborak bo'lsin!

Biroq shu davrda o'rta maktab, oliydargoh va fandagi turg'unlik hamda ziyolilarda shakllangan loqaydlik pandemiyasi amaliyotini ham unutmasligimiz kerak. Koronavirus pandemiyasi nasib etsa, mavsumiydir. Xudo xohlasa bundan vaqti kelib butunlay qutularmiz. Ammo ming afsuski, loqaydlik, g'aflat pandemiyasidan millatimiz uyg'onishi qiyin kechmoqda. Chunki uyg'otuvchi kuch – adib va olimlarimizning ko'zlari hali tegishlicha uyg'ota olmayapti. Prezidentimizning shunchalik uyg'onish haqidagi umumbashariy qo'ng'iroqlari bizni sergaklantira oldi desam rost gapni aytgan bo'laman.

Men, muzofotda yashayotgan 80 yashar keksa kishi keyingi ikki yilda 14 ta kitob nashr ettirdim. Bular: Alisher Navoiy “Xamsa”sining besh dos­toni (G'afur G'ulom nashriyoti, 2020), “Xamsa”ning mukammal nasriy bayoni (“Navro'z” nashriyoti, 2019), Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”sining hozirgi tildagi bayoni 4 marotaba (“O'zbekiston”, “Yangi kitob”, “O'qituvchi” nashriyotlari), Alisher Navoiy “Lisonut-tayr” asarining asli (G'afur G'ulom nashriyoti, 2019) kirill hamda lotin yozuvlarida hozirgi tildagi nasriy bayoni (“Tafakkur” nashriyoti), o'z muallifligimdagi “She'r san'atlari” (“Sharq” nashriyoti), “Mumtoz asarlar lug'ati” (“Akademnashr” nashriyoti). Yana bir yangi kitobim bosilishi kutilmoqda. Nomi: “Yonayotgan mumtoz so'z”.

Hali dunyo yuzini ko'rmagan kitobim nomidan quyidagi fikrlarimni bayon etmoqchiman.

Adabiyotshunos olimlarimiz, jumladan, navoiyshunoslarimiz ham aftidan kitob o'qimay qo'ydilar, chamamda.

Ming afsuski, Alisher Navoiy kulliyotlarining 20 jildlik “Mukammal asarlar to'plami” va 10 jildlik “To'la asarlar to'plami” matnshunos ko'zi bilan qaralganda: Alisher Navoiy shaxsi va dahosiga nisbatan hurmatsizlikkina emas, balki haqorat bo'lib chiqadi.

Negaki, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti va qo'lyozmalar institutining yetakchi navoiyshunoslari ilmiy kotiblar sifatida har jildda minglab xatolarga yo'l qo'yganlar.

Ular o'zlari tayyorlagan va nashr ettirgan kitoblari korrekturasini ham o'qimadilar chog'i, chiqqandan keyin ham ularga qayrilib boqmadilar.

Har ikki kulliyotda: Navoiy shaxsi, e'tiqodi, so'zlari soxtalashtirildi, ayovsiz buzilgan. U kitoblarda Navoiy bo'yniga ochiq va yashirin go'yo “zolimligi”ni qo'yadilar:

 

Navoiy, qilmag'il bas zulm birla

                                           durfishonlig'kim,

Maoniy bikrig'a zevar hadising

                                           gavharidindur.

(“Mukammal asarlar to'plami”, 2-jild, 142-bet).

Mazmuni: Ey Navoiy, zulm bilan gavhar sochishdan to'xtama, chunki so'zlaring gavhari ma'nolar qiziga yaxshi bezakdir.

 

Navoiy qo'lyozmasida esa bu bayt shunday bitilgan edi:

 

Navoiy qilmag'il bas nazm birla

                                           durfishonlig'kim,

Maoniy bikrig'a zevar hadising

                                           gavharindindur.

Nashrga tayyorlovchi nashrda Navoiy “nazmi” (she'rini shoirning) shoirning “zulmi” tarzida taqdim etmoqda.

Alisher Navoiyni ot, ulovga o'xshatdilar; zero markab miniladigan ulovdir:

 

Markabi ishqu navo mendek Navoiy zinhor,

Qil inon azmini sen mayxona sari

                                                    mun'atif.

(“Mukammal asarlar to'plami”, 4-jild, Navodirush-shabob, 1989, 307- g'azal, 223-bet)

Mazmuni: Navoiy ishqu navo ulovi (ot yo eshak) mendekligi aniq. Sen uning yo'nalishini mayxona sari boshqargin.

Asliyatda bu baytning ilk misrasi bundaydir:

Markabi ishqu navo mindik (minsin)

                                           Navoiy zinhor…

Mazmuni: Navoiy ishqu navo ulovini

                                           zinhor minsin.

Akademiya navoiyshunoslari Alisher Navoiyni Jomiyning sarqitxo'ri deb xato o'tkazganlari bois, bilib-bilmay e'lon qildilar. Alisher Navoiy “Mukammal asarlar to'plami”, 19-jildning 453-sahifasidan ko'chirma:

“Foniy Jomiyning sarqitxo'ridir, shuning uchun unga Hofizning ma'nosi va Xisravning ruhi madadkor bo'ldi.”

Ishq aro rashk ayladi bu jismi

                                           vayronim fido,

Hajr xud qildi, nekim bedodi

                                           pinhonim fido.

(Mukammal asarlar to'plami 5-jild, 465-bet).

 

“Bedodi pinhonim” yashirin zulmim demakdir.

Mazmuni: Muhabbatda rashk buzilgan jismimni fido qildi. Ayriliq ham barcha yashirin zulmlarimni oshkor etdi.

Mazkur bayt shoir asliyatida tubandagicha edi:

Ishq aro rashk ayladi bu jismi

                                           vayronim fido,

Hajr xud qildi nekim   paydou

                                           pinhonim fido.

 

Noshir “paydou” (ochiq) so'zini “bedod” (zulm) deb ko'chirgan…

Vo darig'ki, Muhammad alayhissalomni Ollohning o'g'li deb yozib yuborilgan.

 

Qaysi til birla yo bani ulloh,

Seni ta'rif etay mene gumroh.

(Mukammal asarlar to'plami 14-jild, 235-bet).

“Bani ulloh” Ollohning o'g'li demakdir.

Mazmuni: Ey Allohning o'g'li, men yo'ldan ozgan banda seni qanday maqtay olardim…

Muallif nusxasida esa ushbu bayt sahih holatda edi:

Qaysi til birla yo nabiyulloh

Seni ta'rif etay meni gumroh

Mazmuni: Ey Alloh payg'ambari, men yo'ldan ozgan banda seni qanday maqtay olardim…

Me'roj kechasini urush oqshomiga chiqardilar:

Chun shomi urush, qaytting bot,

Subh etdi g'ussadin yaqo chok.

(Mukammal asarlar to'plami 3-jild, 262-bet).

Mazmuni: Sen urush oqshomida darhol qaytib kelding. Tong bu baxtga men erishmadim, degan o'kinchda g'am chekdi, yoqasini yirtdi (ya'ni tong otdi).

Navoiy nusxasi:

Chun shomi uruj, qaytting bot,

Subh etti g'ussadin yaqo chok.

Mazmuni: Sen me'roj kechasi tezda qaytib kelding (bu baxtga men erishmadim degan o'rinda) tong g'am chekib, o'z yoqasini yirtdi (tong otdi).

Olloh kechirsin, islom shariati ilmi – fiqh ilmini nojoiz nom ila e'lon qildilar:

Olam aro ilm, ilmi dindur,

Jin ilmi fiqh erur, yaqindur.

(To'la asarlar to'plami, 2011, 7-jild 36-bet).

Mazmuni: Olamdagi barcha ilmlarning sarasi din ilmidir.

Jin ilmi fiqh ekanligi aniqdir.

 

Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni qo'l­yozmasida esa yozilganki:

Olam aro ilm – ilmi dindir.

Din ilmi – fiqh erur yaqindir.

 

Mazmuni: Olamdagi ilmlarning [sarasi] din ilmidir,

Din ilmi – fiqh ekanligi aniqdir.

Namoz-niyoz qilgan odam ko'r bo'ladi. Tasavvuf sulukiga kirganlar ko'r bo'ladi deb tahdid qildilar:

 

Torqucha ganjinayi asrorliq,

Ko'r qilibon soliki atvorliq.

(To'la asarlar to'plami, 2011, 7-jild 36-bet).

Mazmuni: Sirlar xazinasini topgancha, tasavvur mazhabi ko'r qildi.

Aslida bayt shunday edi:

Topqucha ganjinai asrorliq,

Qo'p qilibon soliki aivorliq.

 

Bo'lmadi ul pardada chun kashfi roz,

Ko'r qilib izhori sujud-u niyoz.

(O'sha kitob, 65-bet).

Mazmuni: U pardada sirlar oshkor bo'lmadi. Chunki ko'p sajdayu yolborishlar uni ko'r qildi.

Navoiy asliyatidan shu baytni ko'chiramiz:

Bo'lmadi ul pardada chun kashfi roz

Ko'p qilib izhori sujudu niyoz.

Har bir kitobda yuzlab nuqsonlar sodir etdilar; minglab so'zlarni ikki, uch, besh, olti shakllarda yozib chalasavodlikni haddi a'losiga yetkazdilar (har ikki kulliyotda to'be so'zi 8 shaklda yozilgan!).

  1. To'bi:

Ul qadi To'bidin ortuq, yuzi,

                                           Rizvondin jamil,

Kim, berur jon la'li har kim bo'lsa

                                           ko'zidin qatil.

(3-jild, 659-bet).

 

  1. Tubo:

Ne hurekim, yurub qilg'och takallum,

Uyotdin tuboyu kavsar bo'lub gum.

(6-jild, 558-bet)

 

  1. Tubo:

…ba'ziga dubdurlarki Tubo, daraxt soyasida javob bergumizdur (10-jild, 419-bet).

 

  1. To'bi:

Qaysi habib ulki falak xokidur

Sidrau to'bi-xasu xoshokidur.

(6-jild, 181-bet).

 

  1. To'biy:

Qaysi to'biy jilvasi sarvi

                                           xiromoningcha bor?

Qaysi kavsarning zuloli obi

                                           hayvoningcha bor?

(2- jild, 150-bet).

 

  1. Tubiy:

Aningkim, qadin tubiy etdi Xudoy,

Behisht etdi gulzori ruxsorini.

(3-jild, 639-bet).

 

  1. Tubi:

Nozanin qadding tiriklik gulshanini

                                                           naxlidur,

Sarvu Tubi sendek o'lmoqning ne imkon

                                                           qomati?

(3-jild, 645-bet).

 

  1. Tubi:

Huri aning ruhi musavvar kibi,

Qaddu labi tubi-yu, kavsar kibi.

(6-jild, 91-bet).

 

Oy va quyoshdan ikki Ka'ba (Ka'batayn) yaratdilar:

Solmoq uchun tosi sipehr ichra shayn,

Oy-u quyoshdin qilibon Ka'batayn.

(Mukammal asarlar to'plami, 7-jild, 15-bet).

 

Eshakka toj kiydirib, Navoiyni masxaraboz qildilar:

Bir eshakdek boshingga afsor urub,

Nafsni o'z orqang uzra mindurub.

(“Lison ut-tayr”dan. To'la asarlar to'plami, 9-jild).

Mazmuni:

Bir eshakdek boshingga toj kiyib,

Nafsni orqangga mindirib.

 

Muallif asliyatidan, birinchi misradan o'qiymiz:

Bir eshakdek boshingga asror urib.

Mazmuni:

Bir eshakdek boshingga no'xta urib.

Ollohning payg'ambarlaridan bo'lgan Iso alayhissalomni odamlarni jinni qiluvchi deb masxara qildilar:

Kim mujannindur,

                           Iso qabriga butgan har chechak.

 

Mazmuni: Iso qabriga bitgan har chechak kishini jinni qiladi.

Qarang, akademiya “navoiyshunoslari” Isoni osmondan tushiradilar, qabrga tiqadilar va qabr ustida kishilarni jinni qiladigan chechak­lar undiradilar!

Asliyatda esa bu baytda Iso alayhissalom yo'q edilar. Nashrga tayyorlovchi shovvozlar “isi”ni Iso deb o'qishgan. Asliyatda:

Kim mujannindur isi qabriga bitgan har chechak… misrasi bor edi…

Adabiyot — adabiyot bo'lib, bunaqa ma'naviy jinoyatlarga guvoh bo'lmagan bo'lsa kerak.

Albatta, olimga xizmati uchun alqov-mukofot bo'lganidek, xatosi uchun jazo ham kerak. Diniy-ma'rifiy va ilmiy-adabiy nuqsonlar hamma zamonda jazoga mustahiq topilgan. Husayn Boyqaro zamonida xorazmlik mashhur olimni kufr nuqsonida ayblab, Hirotga keltirib murofaa uyushtirilgan. Olim o'ziga qo'yilgan ayblarning asossizligini olimlar davrasida isbotlab bergan. Yoki Husayn Boyqaroning vaziri Soneiyning Alisher Navoiyga biroz tegib ketadigan: ertaga jang maydonida Alisherning qilich tutgan bilagi kuchi sinaladi mazmunidagi bayti elga ovoza bo'lgani uchun Husayn Boyqaro Navoiy sha'nini yoqlab, Soneiyni qattiq jazolaydi.

Bizning akademiyadagi navoiyshunoslarimiz “Hayratul-abror”ga mingga yaqin rechu, shaporat, fushat, taroncha torib, torsa, kallaro'sh, chopae, xopae, toribon kabi antiqa so'zlarni kiritib daho asarini tamoman soxtalashtirdilar:

Qolmadi chu o'zga menga chopae

Qal'a yasardek toribon xopae.

(To'la asarlar to'plami, 6-jild, 55-bet) kabi baytlar bilan 6 jild to'lib yotibdi.

Asl nusxada yozilgan:

Qolmadi chu o'zga manga chorae

Qal'a yasardek topibon xorae.

Bunday ahvoldagi kitoblarni O'zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti navoiyshunoslari Xitoydan Amerikagacha maqtanib tarqatdilar.

Agar O'zbekiston adabiyotshunoslari, jumladan, navoiyshunoslar g'aflat uyqusida bo'lmasalar nega bu hodisalarni ko'rmaydilar, nega miq etmaydilar, faryod qilmaydilar? Kamina “Ma'rifat” gazetasida bu haqda “Jannat ichidagi do'zax” (18-mart, 2020-yil va “Billur ko'zgular toptalgan nashr” (28-avgust, 2020-yil), “Yakka tartibdagi ko'chirmachilik” (3-fevral 2021-yil) maqolalarini e'lon qildim.

Hech kim munosabat bildirmadi. Nima uchun? O'zbekistonda Navoiy sha'ni va ijodini yoqlaydigan ziyoli va navoiyshunoslar qolmadimi?

Shumi bizning olimlik vijdonimiz harakati? Sukut, sukut…

Qiziqki, o'sha to'rtta maqoladan birortasi Alisher Navoiy nomidagi til, adabiyot va folk­lor instituti jamoasida biror marotaba muhokama qilinmagan. Sababini surishtirdik. Hazilkashlar javobini keltiraman: “Qo'g'irchoq qo'g'irchoqbozga qanday hukmini o'tkazsin?!” Nahot?!

Bir ulug' ma'rifatparvarimiz “Ko'z ochaylik” deb ziyolilarni chaqirgani bejiz emas ekan. XX asrda uyg'ongan o'zbek ziyolisi nega XXI asrda uyg'onmasin?!

Xudo xohlasa uyg'onadi! Navoiyni o'qiydi.

Uyg'onmoq uchun nimalar qilmoq kerak?

Kamina bir matnshunos olim sifatida quyidagi takliflarni bildirgan bo'lar edim:

– Olimlarga Ollohdan vijdon uyg'oqligini o'tinib so'rash, gazeta va jurnallarda, radio va televizorda Navoiy asarlari targ'ib va tashviqotini yanada kuchaytirish zarur.

– Navoiy kulliyotini uch karra buzgan O'zbekis­ton Fanlar akademiyasi Navoiy nomidagi institutiga Navoiy asarlari nashrini boshqa bermaslik;

– Navoiy asarlarini eng yaxshi o'qiydiganlar tanlovini o'tkazish;

– Navoiy asarlarini eng ko'p nashr ettirgan olim tanlovini o'tkazish;

– Eng zakovatli navoiyshunos matnshunos tanlovini o'tkazish;

– Navoiy asarlarini eng ko'p tahrir etgan olim tanlovini o'tkazish;

– Navoiy asarlaridan eng ko'p yodlagan kishi tanlovini poytaxtda va har bir viloyat, har bir shahar, tuman, maktablarida o'tkazish va mukofotlash;

– Navoiy asarlarini eng ko'p o'qigan kishi tanlovi;

– Navoiy asarlariga eng ko'p kuy bastalagan bastakor;

– Navoiy g'azallarini eng ko'p va yaxshi ijro etgan hofiz;

– Navoiy asarlari lug'atini eng ko'p tuzgan olim;

– Navoiy asarlarini eng ko'p nashr etgan nashriyot;

– Navoiy haqida eng ko'p maqola e'lon qilgan gazeta va jurnallar;

–         Navoiy haqida eng ko'p teleko'rsatuv uyushtirgan olim;

–         Navoiy haqida eng ko'p teleko'rsatuv qilgan telerejissyor;

–         Navoiy haqida eng ko'p radioeshittirish qilgan muallif olim;

–         Navoiy haqida eng ko'p radioeshittirish qilgan rejissyor;

–         Navoiy obrazini yaxshi yaratgan aktyor;

–         Navoiy asarlari matni saviyasi haqida eng ko'p maqola va kitob yozgan kuyunchak muallif;

–         Navoiy haqida eng yaxshi asar yozgan adib;

–         Navoiy siymosini eng yaxshi yaratgan musavvir;

–         Navoiy asarlariga eng ko'p illyustratsiya chizgan rassom;

–         Navoiy asarlari nashriyotidagi nuqsonlarni eng ko'p ko'rsatgan (maqola va kitob) muallifi tanlovi o'tkazilishi lozim.

Eng muhimi, adabiyotimiz, ma'naviyatimizning piri komili bo'lgan Alisher Navoiy asarlarini xato va kamchiliklar bilan chiqarishga bundan keyin aslo yo'l qo'ymaslik zarur. Axir bu jildliklarni chop etish uchun qancha mablag' sovirilgan, qancha qog'oz sarf etilgan? Nashriyot xodimlari tomonidan nechog'lik og'ir mehnatlar qilingan? Bu loqaydlikka endi kim javob beradi?! Va shuncha yildan buyon nega hech kim biror so'z demaydi, javob bermaydi?!

Bu haqda “Hurriyat” o'z vaqtida aniqrog'i, o'zining 2003-yil 6-avgustdagi sonida adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov “Navoiy asarlarining benavo nashri” sarlavhali tanqidiy maqolasini e'lon qilgan edi. Unda kuyun­chak adib ulug' mutafakkir Navoiyning 20 jildlik kitoblari chop etilganidan, ancha zahmatli mehnat sarflaganidan sevinib, bu mehnatlarni e'tirof etar ekan, uni nashrga tayyorlaganlarning ulug' alloma bitiklariga bu qadar yuzaki munosabatdan dili og'rib yozgan edi.

Masala albatta, juda og'riqli. Bu ahvolni yozishning, tan olishning o'zi naqadar og'ir.

1987-2003 yillarda “Fan” nashriyotida chop qilingan Navoiy kulliyotining 20 jildlik “Mukammal asarlar to'plami” va 2011 yilda G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 10 jildlik “To'la asarlar to'plami” bunchalar pala-partish, savodsizlarcha nashr etilganiga ishonish qiyin.

Xo'sh, nima bo'lsa bo'lib, bo'yog'i singan ekan, endi nima qilmoq kerak?, degan savol tug'iladi. Albatta bu savolga javob berishning o'zi bo'lmaydi. Chunki g'ij-g'ij xatolarga to'la “mukammal” asarlar tarqalib ketgan. Qanchalik qiyin bo'lmasin, birgina yo'li — ushbu asarlarni tuzatib, qayta ko'rib, chindan ham mukammal tarzda bosh­qatdan chop etishdan o'zga chora yo'q.

Buyuk bobomiz asarlarini loqaydlarcha, vij­donsizlarcha nashrga tayyorlaganlarga esa yana nima ham deymiz? Eh, biror foydasi bo'lsa ekan…

Vahob RAHMONOV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 6 =