Mehr o'rniga onlayn mulozamat?

Avtobusdaman. Odatda, o'zim bilan quloqchinimni olib yurardim. Bu safar negadir xonamda unutib qoldiribman. Quloqchinlarga o'rganib qolganim uchun biroz zerikkanday bo'ldim-da, yon-atrofimdagi odamlarni kuzata boshladim. Qaysidir bekatda gul bilan chiqib kelgan qiz e'tiborimni tortdi. Negadir u hayotdan alamzada edi. Yonidagi dugonasiga tinmay nolirdi. Aslida birovlarning gapiga quloq tutish odatim yo'q, biroq u qizning baland ovozi ko'pchilik qatori mening ham e'tiborimni tortdi.
— Nega insonlar hamma narsani ijtimoiy tarmoqlarda kimgadir ko'z-ko'z sifatida, reklama uchungina qilishadi. Oldinlari har tugul telefon qilishar yoki xabar yozishardi. Bugun esa…
Shu payt chiptachining “Yo'l haqini to'lamaganlar, to'lab yuboringlar”, degan gapi eshitildi-yu, boyagi qizning gapi bo'lindi.
Uning gaplarini tinglar ekanman, o'zimda ham shunday holat bo'lgani xayolimdan o'tdi. Aniqrog'i, dugonamning gapini esladim. Dugonamning tug'ilgan kunida yaqin tanishi uni tabriklamagani, instagram va feysbuk orqali istoriyasiga qo'yib tabrik yozmagani uchun unga ham xuddi shu alpozda javob bergan ekan. Nedirki, sen meni eslamading, men ham seni eslamayman.
Nahotki, o'n-o'n besh yillik tanish-bilishlarimizning qadri bitta “istoriya” bilan o'lchansa? Aslida o'z mehrimizni shunday ko'rsatishimiz kerakmi? Shu kabi savollar boshimda aylanardi.
Manzilimga yetguncha boyagi qiz va dugonamning fikrlari xayolimdan ketmadi. Go'yoki hamma o'zicha haq.
Darvoqe, bugun biz ko'proq real hayotdan ko'ra, virtual hayotga bog'lanib qolayotgandekmiz. Yaqinlarimiz uchun sarflashimiz kerak bo'lgan vaqtimizni, mehrimizni ijtimoiy tarmoqlarga sarflashimiz qanchalar to'g'ri?
Mohinur ANORBOYEVA,
O'zJOKU harbiy jurnalistika
fakulteti talabasi