“Ko'rgazmadagi” ma'naviyat

Matbuot anjumani, mediatur, press-tur: bugun bu jumlalar barcha jurnalist va hatto jurnalist bo'lmaganlarga ham juda yaxshi tanish. Maqsad — tashkilot va korxonalar tomonidan qilingan, qilinayotgan, qilinmoqchi bo'lgan ishlar xususida OAV vakillariga ma'lumotlar berish. Undan ko'zlangan niyat esa, o'sha tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni jurnalistlar faqat ijobiy jihatdan keng jamoatchilikka yetkazishi kerak. Maqtash, e'tirof etishlari kerak.

Lekin negadir tashkilot va korxonalarda o'tkazilgan matbuot anjumani yoki press-turlarda kamchiliklar va muammolarga ko'z yumib keta olmayman. Albatta, ezgu maqsad va xolis niyatda. Bu holatni ko'pgina tashkilot rahbarlari noto'g'ri tushunib, “bu  tirnoq ostidan kir qidirmoqdir” deyishadi.

Fikrimni oddiy, oson, deyarli barcha korxona va tashkilotlarda mavjud “ma'naviyat xonalari” orqali ifoda etsam. O'tkazilgan matbuot anjumanlarida tashkilot rahbarlari “ma'naviyat xonalari”ni ko'rsatish (aslida, maqtanish)ni xohlashadi. U yerda mavjud adabiyotlar soni, ularning sohalar bo'yicha turlari haqida ma'lumot berishadi. Biror nodir kitob bo'lsa, uni alohida e'tirof etishadi.

Hech e'tibor berganmisiz, bunday “ma'naviyat xonalari” turli tadbirlarda yoki tashkilotga “mehmon”lar kelgandagina ochiladi. Shu boisdan ham u yerdagi kitob, gazeta va jurnallar oynavand shkaflarda qulflog'lik holatda saqlanadi. Vaqt silsilasida faqatgina ozgina chang, g'ubor qop­lagan kitoblar (korxona va tashkilotlarning nomlarini keltirib o'tirmayman).

Aslida, inson ma'naviy olami kitob o'qish, gazeta-jurnal mutolaasi orqali shakllanadi, takomillashadi. Biz shunday jamiyatda yashayapmizki, ilm olish uchun rag'bat davlatimiz tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda. Nafaqat ta'lim dargohlari, balki har qanday tashkilot va korxonalarda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning ma'naviy saviyasini yuksaltirish uchun kitoblar sotib olishga ko'plab mablag'lar sarflanmoqda. Gazeta-jurnallarga obuna bo'lishlari uchun alohida mab­lag' ajratib berilmoqda.

Biroq bu ma'naviyat sarchashmalaridan foydalanish o'rniga ularni “qamoqqa” solib o'tiribmiz. Qulflab qo'yyapmiz. Oqibatda o'zimizning ma'naviy saviyamiz ham “qamoqda” qolib ketayotgandek. Demak, bu ishlar chin dildan, xolis, ezgu niyatda emas, xo'jako'rsinga, ko'rgazma uchun qilinayotgani kunday ravshan. Aksariyat tashkilotlar ma'naviyatni yuksaltirish maqsadida ajratilayotgan mablag'larni boshqa maqsadlarga ishlatib yuborishayotgani ham bor gap.

Chunki nazorat yo'q. Yuz millionlab so'm mablag'larga “buyurtma” kitoblar chop qilishadi. U kitoblarni birov varaqlab ko'rarmikin? Buning keragi ham yo'q. Chunki maqsad avvaldan ma'lum. Mabodo obuna deb gap ochsangiz bormi, “Obuna majburiy emas. Pul yo'q” deb darrov og'zingizga urishadi.

Lekin… so'nggi paytlarda ayrim universitet yoki institutlar, tibbiyot birlashmasi yo Maktab va maktabgacha ta'lim bo'limlarining bor-yo'g'i 2 yillik faoliyati tekshirilganda… milliardlab mablag'lar o'zlashtirilgani, jig'ildonga urib yuborilgani ma'lum bo'lib qolmoqda. Qiziq, o'marishga, o'zlashtirishga milliardlar topiladi-yu, obunaga kelganda hamisha mablag' yetishmaydi?!

Afsus!

Bahrom BOYMURODOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + fourteen =