Gazetadan qo'ymasin…
Talabalik – oltin davrim, deyishadi. Bo'lsa bordir, ammo to'g'risini aytsam, menga sezilmayapti. Bir vaqtlar talabalikni boshqacha tasavvur qilardim, hozir esa…
Universitetda vijdonan dars o'tadigan, bilimli ustozlar yo'q emas. Ammo to'rt yildan so'ng qo'liga diplom tutqazish u yoqda tursin, sohaning yaqiniga yo'latishga arzimaydigan talabalarga “kun chiqishi” g'alati tuyular ekan. Ochig'i, ularni ko'rib, boshlanishi shu bo'lsa, keyinchalik ham ularga sutning qaymog'i nasib qilarmikan, deb o'ylanib qolasan.
Qiziqishim tufayli ish o'rganish, saboq olish maqsadida O'zMTRKga bordim. Lekin u binoga kirish biram “oson” ekanki, hattoki u yerda ishlaydiganlar ham yordam berolmas ekan. Faqat shu kutaverib, so'rayverib, sarg'ayib ketarkansan. Shunday kunlarning birida qo'riqchi xodimlardan biri holatimga achindi shekilli, u: “O'qish joyingizdan xat qildirsangiz bo'larkan, keyin binoga kirishingiz mumkin”, deb maslahat berdi. Bu maslahatdan ko'nglim yorishdi. Hartugul, muammo hal, universitetdan xat berishar, deb erta suyunibman. Afsuski, universitet mas'ullaridan biri vaqti tig'izligini aytsa, boshqa biri esa yolg'iz o'zingiz uchun dekan yoki rektorni bezovta qilmang, deya “qimmatli” maslahatlarini berdi. Bunday munosabatdan hafsalam pir bo'ldi, ammo qiziqishimni so'ndirmadim.
Shundan so'ng “xat”siz kiriladigan joy qidirdim va topdim. Bu – gazeta tahririyati bo'ldi. Ustozlarimdan biri “…eng avval gazetaga boringlar, o'rganinglar…” degan edi. O'shanda ahamiyat bermagan ekanman, rostdanam, gazeta, gazetadagilar boshqacha bo'lishar ekan.
Xullas, vaqt topib, darsdan so'ng “Ishonch” gazetasi tahririyatiga qatnay boshladim. U yerda meni korrektura “qozoni”ga tashlashdi. Ochig'i, boshida bu menga yoqmadi. Ammo keyinchalik… bo'yalgan-bejalgan sahifalarni ko'rib, SO'Zga qay darajada e'tibor berilishini tushundim. Gazetada so'zga juda katta mas'uliyat bilan qaralar ekanki, bunga qoyil qolmasdan, tan bermasdan iloj yo'q. Aslida bo'lajak jurnalist uchun haqiqiy mahorat maktabi korrektura ekan.
Qisqasi, ma'lum vaqtdan so'ng shu paytgacha universitetning keng va shinam xonalarida his qilmagan huzurni gazeta sahifalarida his qila boshladim. Nazariya quruqdir do'stim, lekin yashnar hayot daraxti, deya yozgan mashhur shoir rostdan haq ekan!
Ha, amaliyotda ham gap ko'p ekan. Anglaganim shu bo'ldiki, ma'ruzalardan olinmagan bilim va tajribalar amaliyotda shakllanib borar, insonni nazariya emas, amaliyot pishitar ekan. Shu kungacha gazetada ikkita maqolam chiqdi. Ularning o'zim yozgan va tahrir qilingach, gazeta yuzini ko'rgan variantlarini saqlab qo'ydim. Chunki ularni taqqoslash – so'zga nisbatan saboqdir.
Qachonki, inson sabr va bardosh bilan intilsa, izlansa, o'rgansa, o'z “Men”i va mahoratini charxlay oladi. Ana o'shanda na zarga, na zo'rga hojat qolmaydi. Harqalay, hozircha shu aqidaga ishonchim bor.
Madinabonu NAVRO'ZOVA,
O'zJOKU talabasi