Ortiqcha ovqatga… jarima

“Hoy, nonni uvol qilmanglar. Maktabga ketayotganda sumkangga keragini sol. Dasturxondagi   qolgan non ushoqlarini qushlarga beringlar. Biz urush davrida bir burda non yesak o'zimizni baxtli sanar edik…”

Bolaligimizda kunimiz ana shunday dakkilaru pand-nasihatlar bilan bosh­lanardi.

— Hozir urush davri emas-ku, bobo! — derdik ba'zan jahlimiz chiqib.

Ammo tan olish kerak, xayol bilan bo'lib, ba'zida gaz yoniq qolar, chiroqni yoqib uxlab qolardik. Yana ko'p uvol bo'lgan holatlar bo'lgan. Aslida ham nonning qadriga yetish uchun urush bo'lishi shart emas-ku, to'g'rimi? Bizga yetkazgan ne'matiga shukronalik, xolos.

Ba'zan oddiy deb o'ylagan narsamiz ham bir buyum ekanini bilamiz, u topiladi, albatta. Ammo uni topish uchun umrimizning bir qismi   sarflanadi, ma'lum miqdorda quvvatimiz ketadi, buni anglayapmizmi? Menimcha yo'q. Ba'zan arzimagan ishlarga kunimizni behuda sarflaganimizni bilmay qolamiz. Koshki umringni bekor o'tkazma, deb har kuni nasihat qilib turadigan bobolarimiz hamisha hayot bo'lsalar edi!

Shu o'rinda Germaniyaning Gamburg shahrida bo'lib o'tgan bir voqea esimga tushdi. Aytishicha, u yerda tahsil olayotgan hamyurtimiz do'sti bilan ovqatlanish uchun kafega kirib, taom buyurtma qilishibdi. Ketar chog'ida stolda buyurtma qilingan ovqatlarning yarmisi qolib ketibdi. Bundan xabar topgan “Ijtimoiy ta'minot muassasa”si zobiti ularga ellik yevro jarima solib, to'lashini aytibdi. Ikki talaba norozilik bildirgan ekan, zobit muloyimlik bilan: “To'g'ri, buyurtma pulini to'lagansizlar. Pul o'zlaringniki, lekin resurslar barchaniki. Bundan keyin uvol qilmanglar!” — debdi…

Talabalar esa jarima qog'ozini esdalik uchun suratga olib, tanishlariga jo'natgan ekan. “Bu bizga dars bo'ldi, — deydi talabalardan biri ijtimoiy tarmoqda. — Chunki u bizni tejamkorlikka undab turuvchi eslatmadir”.

Bizda-chi? To'g'risi, nima deyishga aqlim yetmaydi…

Ko'p kuzataman, ba'zi hamdasturxon do'stlar oylik maosh chiqqan kun shaharning eng yaxshi kafelariga borishadi. Stolni to'ldirib taom buyurtma qilishadi. Koshki hammasini yeya olishsa… Ha, rost, bizda qolgan taom uchun jarima to'lanmaydi-da. Ana shunda nahotki odam bolasining haftalab ishlab topgan pulini bir-ikki soatda tugatmasa, ko'ngli joyiga tushmasa? — deb o'ylab qolaman. Yana tag'in g'aznaga to'lov uchun borishganida “qaytimi kerakmas”, deb “hotamtoy”lik qilishadi. Axir o'sha “qaytim”ni ishlab topish uchun qancha mehnatimiz sarf bo'ladi, umrimizning bir bo'lagi ketadi, negadir bunga achinmay ham qo'ydik…

Rostini aytsam, mehr, oqibat kabi hayotda ko'p narsalar qadrini yo'qota bosh­ladi. Yaqinda mahallamizda dabdabali to'y bo'ldi. To'y egalari karantin qoidalariga rioya qilmagani uchun jarima ham to'lashdi, albatta. Mahalla raisining aytishicha, to'y egasi: “Jarima to'lasam to'layman, ammo hech qachon o'ttiz kishilik to'y qilmayman”, deganmish. To'yni o'rtoqlaridan kam qilishga uyalar ekan. Xullas, to'y to'kin-sochinlik bilan o'tdi. Ammo oradan hafta o'tmay, to'y egasini issig'i baland bo'lgani uchun “Tez yordam” mashinasi olib ketdi. Shifokorlar tekshiruvdan o'tkazishsa, unda koronavirus aniqlanibdi. Shundan ikki quda o'rtasida mojaro boshlandi. Virus yuqtirgan odamni kim boshlab kelgani ustida ketgan bahs janjalga aylandi. Yangi kelin-kuyov orasiga sovuqchilik tushdi.

Yuqoridagi voqeaning guvohi bo'lib, o'ylanib qoldim: ha, yurtimizda tabiiy boyliklar bisyor. Oziq-ovqat masalasida ham g'am chekmaymiz. Lekin tejamkorlikka kelsak, nega bizda hafsala yo'q? Nega o'z mehnatimizning qadriga o'zimiz yetmaymiz?..

Ayniqsa, Germaniyaning Gamburg shahrida bo'lgan voqea menga juda qattiq ta'sir qildi. Hozirdan suv, gaz va boshqa hamma-hamma narsani tejab ishlatishni boshladim.

Shohsanam NIShONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 18 =