Salomatlik va ma'naviyatimiz kushandasi

Kunlar isigani sayin oziq-ovqat do'konlarining oldiga ham turli rangdagi salqin ichimliklar solingan qutilar terila boshlanadi-yu, beixtiyor… yozning ko'nglimga g'ashlik soladigan ayrim manzaralari xotirga kelaveradi: tarkibidagi narsalari tabiiy emasligi notabiiy ranglaridanoq ko'rinib turgan turli nomdagi salqin ichimliklarni kattayu kichik sotib olishi avjiga chiqadi. Kim qo'lini qachon yuvgani haqida o'ylab, kim o'ylab ham o'tirmay suvni kimdir andisha bilan chetga o'tib ichadi, kimlar yo'l-yo'lakay simiradi. Kattalarki shunday qilgach, issiq kunda o'zidan yoshi ulug'lar yetagida sayrdami, bozoru do'kondami yurgan bolalardan nima gina? Ularning ko'pchiligi ko'chaga chiqdi deguncha suv, asosan, rangli suvlar oldirish ilinjida bo'ladilar.

Yozning issig'ida qizib turgan badanga muzdekkina suv juda yoqqandek tuyuladi. Ammo ajdodlarimiz faqat qishning sovuq kunlarida emas, balki saraton jaziramasida ham issiqqina choy ichganlari, bu udum asrlar davomida o'zgarishsiz davom etib kelgani sababi bilan qiziqqanmisiz? Mutaxassislarning aytishicha, qish kunida o'z-o'zidan odamga issiq ichimlik va ­taomlar juda yoqadi; yozda ham qizib turgan kishining ichki a'zolariga harorati keskin sovuq emas, balki iliq-issiq narsalar iste'mol qilish foydali ekan. Bu holat insonni ikki fazilat – sabrli va tibbiy madaniyat sohibi bo'lishga ham o'rgatadi. Hadisi sharifda suv­ni o'tirib va uch marta bo'lib-bo'lib ichishga chaqirilishi hikmati ham sabru qanoat va salomatlik tarbiyasiga bevosita bog'liq, inshaalloh.

Bular – hammamizga tanish vaziyatlar. Lekin salqin ichimliklar bilan bog'liq yana boshqa jihatlar borki, ular diqqatni jalb qiladigan ranglaru jimjimador e'lonlar panasida “pusib” yotadi. E'tibor bersangiz, yelim idishlardagi rang-barang salqin ichimliklarni isitib ichish tavsiya etilmaydi. Sababi… ularning harorati ko'tarilgani sayin rangi boshqacha bo'la boradi. Bu degani – harorati oshganda bu ichimliklarning tarkibida kimyoviy o'zgarish bo'ladi, qaysidir mevaning ta'mini, hidini beradigan kimyoviy modda idishning tagiga cho'kadi. Endi tasavvur qiling: muzdek ichimlik ichilganda, u kishi oshqozon, ichaklari harorati ta'sirida isiydi, undagi kimyoviy moddalar ajralib ichki a'zolarga cho'kadi. Bu cho'kindilar yig'ilib-birlashib tosh­­ga aylanadi – bu fikrlarni ilmiy manbalardan o'qiganlar, kuyunchak shifokorlardan eshitganlar, afsuski, juda ozchilikni tashkil etadi.

Bu ham yetmagandek, ayni yoz kunlaridan boshlab bir qator mahalliy telekanallarda salqin ichimliklar bozorini qizitib, ularni bo'kib ichishga chorlaydigan shou dasturlar musobaqalari qizib ketadi. Ya'ni, qay bir salqin ichimlikning qopqog'iga yozilgan pul yoki qimmatbaho sovg'ani yutib olganlar studiyalarga jamlanadi; respublikamizning olisu yaqin hududlaridan kelgan oilalar a'zolari millionlab tomoshabinlarga yutuqqa ega bo'lish uchun necha ming-ming so'mlik yoki necha yuzlab idishdagi suvlarni sotib olganlarini zavq-shavq bilan so'zlab beradilar.

Shu o'rinda bir tanishimning gaplari yodimga tushdi: “Xotinimga mehmondorchilikka kiyish uchun ko'ylak sotib olishga pul berdim. Oradan vaqt o'tdi, qarasam, xotin onasinikiga yana oxori ketgan ko'ylakda boryapti. “Ko'ylak olmadingmi?” desam, “E-e, u pullarni bolalaringiz qimmat-qimmat salqin ichimliklar olib tugatishdi”, deydi…

Shunaqa, teleekranlarda kun-kunora suv ichish (to'g'rirog'i, suv sotib olishga pulini va vaqtini isrof etish) bo'yicha namoyish etiladigan shoular qahramoniga aylanish uchun kitob-daftar, meva, aqlni rivojlantiradigan qo'llanmalar o'rniga salqin ichimlik xarid etishga ishqiboz bolalar soni yildan-yilga ko'paymoqda, ularning qanchasini kap-katta ota-onalari, hatto boboyu buvilari ham qo'llab-quvvatlab turibdi. Shu o'rinda shifokorlarga ham jiddiy e'tirozimiz bor: ularning to'g'ri ovqatlanish me'yorlari, tartiblari haqidagi unda-bunda aytgan gaplari odamlar sog'ligini yemirishga xizmat qiladigan har xil ichimligu shirinliklar reklamalari oldida chivinning fil oldidagi vizillashiga o'xshab qolyapti.

Tarixiy manbalar, mumtoz adabiyotimiz namunalari, xalq og'zaki ijodimiz mazmun-mohiyati haqida mushohada yuritsak, ularning birortasida mehnat qilmasdan, jon qiynamasdan, ezgu ishlarga hissa qo'shmasdan halol boylik yoki chinakam obro'ga ega bo'lish haqida gap-so'z, g'oya yo'q. Ko'pkari, uloq musobaqalarida yigitlar mohir chavandozligi evaziga; qorilar Qur'oni karim tilovati mahoratiga qarab; chevar qizu ayollar tikuvchilik san'ati sharofatidan; pazandalar elga manzur taomlar tayyorlab; quruvchiyu muhandislar qurgan imoratlari (v.h.) boisidan e'tibor, hurmat, izzat-ikrom topganlar. Asrlar osha ma'naviy meros bo'lib kelayotgan ilmiy, badiiy adabiyotlarimizda inson kamolotining ildizlari bilim, hunar, mehnat, intilish, izlanishdan oziqlanishi,   teranlashib borishi yorqin qahramonlar, hayotiy misollar yordamida avlodlar ongiga singdirib kelindi. Endi… 3-4 ming so'm to'lab sotib olingan qog'ozchalardagi raqamlarni “ochib” boy bo'lib ketish ilinjida navbatda turganlarni; yutuqli qopqoqchani topib olish uchun salqin ichimliklarning qopqog'ini erinmay, irganmay to'playotganlarni; har xil norasmiy tashkilotlar e'lon qilgan aksiyalar g'olibi bo'lish ilinjida o'ziniyu o'zgalarning vaqtini uvol qilayotganlarni uchratish oddiy holat bo'lib qoldi. Uyalasan, mehnatsiz, jon kuydirmasdan lotoreya o'yinlari, har xil aksiyalar, shoularda qatnashib nimagadir ega bo'lish ishtiyoqi – o'z nomi bilan ataganda, ta'magirlik, ilinj. Bunday ma'naviy darddan ota-bobolarimiz hazar qilganlar. “Birovning moliga ko'z olaytirma, xomtama bo'lma, yerda tushib yotgan narsaniyam olma”, – mana shunday tarbiya berganlar. Yerda yotgan narsani uyiga olib kirgani uchun bolasining yaxshilab ta'zirini bergan ota-onalar haqida ko'p eshitganmiz. Shu ruhda tarbiyalanganmiz.

1981–94 yillar davomida Toshkentning “Xalqlar do'stligi” maydoni yonidagi uylardan birida yashagandik. O'sha paytda ham poytaxtning eng ko'rkam joylaridan sanalgan bu maydon doim xorijiy sayyohlar bilan gavjum edi. U yerdan tez-tez o'tishga to'g'ri kelar, har safar bir manzaraga guvoh bo'lardim: sayyohlarning avtobusi kelib to'xtashi bilan bir necha o'zimizning bolalarimiz ularning yoniga chopib borishar, o'rab olishar, sayyohlar ularga saqichmi, shirinlikmi berishini ochiq-oydin kutishardi. Onda-sonda paydo bo'lgan militsiya xodimining xushtagidan bolalar tarqab ketishar, keyin yana sayyohlar mashinasiga chopishardi. Bir kuni… oqsoqligidan ancha qiynalib yurgan bir sayyoh sheriklaridan orqada qolib ketdi-yu, unga o'n yoshlardagi bola go'yo “yopishib oldi”. Sayyoh “hech narsam yo'q” ma'nosida imo-ishora qilar, ammo bola undan hech “uzilmasdi”. Shu payt avtobusga chiqib o'tirgan sayyohlardan biri pastga tushdi, haligi manzarani suratga oldi va bolaga nimadir tutqazdi… Bola xursand chopqillab ketdi, sayyohlar yuzidagi ifoda nomini aytgim kelmaydi, lekin xotiramdan o'chmaydi. Bilmadim, nimagadir ayni kunlardagi o'tmas mollarning xaridorini ko'paytirish uchun sovg'alar e'lon qilinib uyushtirilgan shoular qalbimdan alam-achchig'i arimaydigan o'sha manzaralarni yodga solaveradi.

“Bolalarimiz o'qishga qiziqmaydi, hunar o'rganishga rag'bati yo'q… Lekin ota-onasidan qimmatbaho telefon, mashina, chiroyli kiyimlar olib berishni talab qilishadi”, – bunaqa nolishlar tez-tez quloqqa chalinadi. Avvalo, biz kattalar uyg'onaylik. Jismoniy, ma'naviy salomatlikning qadru qimmatini anglamas, bolalarimizga anglatmas ekanmiz, toki nafsimizga oriyat qalqon bo'lmas ekan, koshonalar ichra ham qashshoqligimizcha qolaveramiz.

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =