Qonun bor, ijrosini kim ta'minlaydi?
Yoshim saksondan oshdi, faxriy jurnalistman. Omma orasida yurganimda kasbim taqozosi, vijdon amri bilan ko'zimga chalingan, aholini qiynayotgan masalalar, voqea va hodisalarning mohiyatiga yetishga harakat qilaman.
Aslini olganda, mamlakat taraqqiyotiga to'g'anoq bo'layotgan muammolarning ko'lami yuqoridan emas, balki quyidan turib qaralganda yaqqolroq ko'zga tashlanadi. Shu bois, aholi orasidan aks-sado berib, yangrab chiqayotgan ovozni e'tiborsiz qoldirib bo'lmaydi.
Mamlakatimizda turmush tarzimizni o'zgartirishga, yangilashga qaratilgan davlat manfaatini ko'zlovchi qator qonunlar, shu qatori, elektr energiya, gaz va boshqa ijtimoiy to'lov narxlarini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilinmoqda. Ammo aholi manfaati nuqtai nazaridan qaralganda, shunday muammolar borki, ular suv ostidagi oqim singari e'tiborsiz qolib ketmoqda.
Misol uchun, quyida o'zim kuzatgan bir voqeaga e'tiboringizni qaratmoqchiman:
Bir ayol farzandi bilan avtobusga chiqdi. Aftidan ular maktabga shoshilishyapti. Bir necha bekat o'tib tushishadigan bo'ldi. Ayol yo'lkira haqini haydovchiga uzatdi. Haydovchi dag'allik bilan: “Yo'l haqi yetti yoshdan to'liq to'lanadi”, degan e'lonni o'qimadingizmi,” deb kesatdi. Noqulay ahvolga tushgan ayol: “Bor yo'g'i ikki bekatga ham, yo'nalishning boshidan oxirigacha ham, kattaga ham kichkinaga ham bir xil to'lov ekan-da”, deb yana cho'ntak kovladi…
Bu holat boshqa yo'lovchilarning ham e'tiroziga sabab bo'ldi.
Yo'lovchilar rivojlangan mamlakatlarda bu masala adolatli, ya'ni masofaning uzoq-yaqinligiga qarab hal etilganini muhokama qila boshlashdi. “To'g'ri-da, bu borada insof va adolat bo'lishi kerak”, degan fikrga kelishdi. Ular nohaq edimi! Bizning-cha, haq edi!
Haqiqatan, yo'nalishning boshidan oxirigacha kelgan odamga ham, bir-ikki bekat yurganga ham bir xil narx to'lash adolatdan bo'lmas.
Lavozimga yangi tayinlangan ayrim rahbarlar bir paytlar: “Poytaxt ko'chalariga o'quvchilarni manzilga yetkazib qo'yadigan maxsus avtobuslar qo'yiladi”, deb “hurmatimizni qozonishuvdi”. Afsuski, ular bu ezgu ishlar qachon, nechanchi yilda amalga oshirilishini aytishmagan ekan. Endi lavozimiga obdon joylashib olishdi. Balki va'dasi esidan ham chiqib ketgandir…
Nachora, “Och qornim, tinch qulog'im”, deb yuraversang ustingdagi kiyiminga ham soliq solishadi. Ammo buni qarangki, aholiga ko'rsatilayotgan transport xizmatini yanada yaxshilashga mas'ul idoralar rahbarlari ham jim, “Sen menga tegma, men senga tegmayman”, qabilida yuzidan yog' tomib yurishibdi. To'g'ri, ularning bolalari yengil mashinada maktabga borib kelishadi. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlari bejiz emas ekan-da. Holbuki, o'quvchilar uchun shahar ichida qatnaydigan avtobuslar xizmatini bepul qilishsa, bugungi kunda tabaqalarga ajralgan aholining o'rtacha, nochor, o'rta nochor, o'ta nochor yashayotgan quyi tabaqalari oilalarning iqtisodiy-moddiy manfaatlarini haqiqatan ham himoya qilgan bo'lardi.
Bundan tashqari, o'ziga to'q oilalar farzandlarini shaxsiy transportida maktab va bog'chaga oborib, olib kelishadi. Ammo gap aholining quyi, nochor qatlami haqida ketyapti. Ular ijtimoiy himoyaga chindan ham muhtoj. Buni ko'ra-bila turib, aslida bundan ko'z yumush ma'rifatli arboblarga yarashmaydi. Nima qilish kerak? Ma'rifatning bozori yo'q! Bo'lganda sotib olib berarmidik.
Eng achinarlisi, nochor aholi xalqimizning asosiy qismini tashkil etadi. Qandaydir tarmoqlarga mislsiz katta mablag'lar ajratilayotgan bir vaqtda, nahotki uning bir qismini davlatimiz mamlakatimiz farzandlariga ajrata olmasa? Agar sarflay olsak, o'shanda adolat o'rnatilgan bo'lardi. Aholi Yangilanayotgan O'zbekistonning yangicha hayot tarzini o'z turmushida ko'rib, o'zgarishlarga ishonishi kerak.
Vallohi a'lam, xalqimiz orasida o'ta boy, a'lo, yaxshi, shu qatori, o'rtacha, nochor, o'ta nochor yashayotgan tabaqalarga ajralib bo'ldi. Bunga ham, aslida, o'zimiz sababchimiz. Buning ustiga, qonunlar va qarorlarga amal qilinishi eskichaligicha qolmoqda.
Mana, yana bir bo'lgan voqea, o'zingiz o'ylab ko'ring.
Yaqinda bir juvon “Siz keksa jurnalistsiz, menga tushuntiring, uch nafar voyaga yetmagan farzandim uchun yordam so'rab tuman ijtimoiy ta'minoti bo'limiga ariza bilan murojaat qilgandim. Bir oydan so'ng “Vazirlar Mahkamasining 308-son qarori, 3-ilovasining “D” bandiga asosan sizning 02-12-2020 yildagi murojaatingiz rad etildi”, degan javobni oldim. Turmush o'rtog'im mavsumiy ishchi bo'lgani uchun rad etilibdi. Endi kimga murojaat qilsam bo'ladi?” — dedi. Hurmatli xalq himoyachilari, siz turli “Temir daftar”larni yuritayapsiz, ular qaysi tabaqaga mo'ljallangan?
Men muhtaram mutasaddilarga bir gapni aytmoqchi edim: mabodo o'zingizni o'sha nochor odamlar o'rniga qo'yib ko'rolasizmi? Uchta bolangiz yupun kiyinib, yonida hatto uch-to'rt ming so'm puli bo'lmay maktabga borsa, buning ustiga yo'lovchi tashish transportida kattalar qatori yo'l puli to'lab yursa, hozirgi ko'pgina yuqori lavozimdagi, ya'ni 10-15 million so'm maosh olib ishlayotgan mutasaddilarga nima degan bo'lardingiz?
Balki o'shanda chiqarayotgan qonun va qarorlaringizni tartibga keltirarmidingiz?!
“Mustabid” deb atalayotgan sobiq ittifoq davrida ham yo'lovchilarga xizmat ko'rsatayotgan shahar ichidagi avtobuslar haqi oshib ketmasligi uchun shahar byudjetidan qo'shimcha mablag' ajratilganini, bolalarga 14-18 yoshgacha ijtimoiy ta'minot tomonidan nafaqa berilganini katta yoshdagilar yaxshi bilishadi.
Vaziyatni bila-ko'ra turib bu haqda gapirmaslik mening fuqarolik, qolaversa, jurnalistik burchimga to'g'ri kelmaydi, deb o'yladim. Bu masala yuzasidan avval ham, aniqrog'i, 2018 yil 30 noyabrda Prezident Xalq qabulxonasiga, bundan sal oldin, Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilganman. Bor-yo'g'i: “Taklifingiz “Vazirlar Mahkamasiga havola etildi”, degan qo'ng'iroqdan boshqa, biron-bir javob olganim yo'q. Endi bu mulohazalarim ham “suvga tushgan toshday” yo'qolib ketmasmikin?..
Sur'atxon ABDUKARIMOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist,
mehnat faxriysi