DEVIANT XULQ

qo'limizda unga qarshi nima bor?

Metro. Chipta olish uchun kassa oldida navbat kuta boshladim. Odam gavjum. Atrofimdagilarning aksariyati yoshlar. Bir mahal yon tomonda shovqin ko'tarildi va hammaning e'tibori o'sha yoqqa yo'naldi. Ikki yigitning ovozi balandladi. Navbatning oxiridaligim uchun nima bo'layotganini anglolmadim. Keyin bilsam, yigitlarning biri navbatni buzgan, ikkinchisi bunga e'tiroz bildirgan. Afsuski, shu arzimas sabab tufayli ular yoqalashib, bir-biriga hurmatsizlik qilgancha bo'ralatib so'kinishardi. Odamlar orasidan surilib-surilib kassa oldiga keldim-da, chipta olgancha metroga yugurdim…
Metroda poezd kutayotgan o'zim tengi ikki yoshning kiyinishiyu o'zini tutishi e'tiborimni tortdi. Qo'l ushlashib olgan o'smirlarning ikkisi ham kalta ishton (shortik) va yengi ochiq kiyim (mayka) kiyib olgan. Yigitning qo'li va kaltalangan sochining yon qismiga mahorat bilan ajdar rasmi chizilgan tatuirovka; qizning esa yarim-yalang'och tanasi, shishirilgan lablari, o'ziga yarashmagan kiyimlariyu og'zidagi saqichni chapillatib chaynashi, eng yomoni, bezbetlarcha quchoqlashib turishi e'tibor tortmasdan qolmasdi. Yon-verimga qarasam, bir men emas, ko'pchilikning diqqati ularda. Ayniqsa, maktab o'quvchilari ularga suqlanib tikilib turardi. Ayollar pichirlashishardi. Ehtimol, ularning tarbiya bergan ota-onasiga “rahmat” aytayotgandir…

Nihoyat poezd keldi va bo'sh o'rindiqlarning biriga o'tirdim. Buni qarangki, vagon ichida ham ikkitasi quchoqlashib ketishardi. Lekin ularning ko'rinishi boyagilarga o'xshamas, kiyinishlari ham sipo va tartibli edi. Yigitning bag'rida uxlab ketayotgan qizni ko'rib, asabim buzildi. Shu holatida dadasi yoki onasi kelib qolsa bormi? Umuman bu atrofdagi odamlarga nisbatan ham hurmatsizlik-ku?
Vagonni baland kulgi ovozi tutdi. Poezd ovozidan ham baland. Sal nariroqda tik oyoqda turgan ikki qiz kulishib, gaplashayotgan ekan. Menimcha, ular bu orqali ataylab e'tibor jalb qilishni xohlashardi. Atrofdagilar sekinroq gaplash, deganday qarab-qarab qo'yishardi. Sal naridagi yigit esa Imom al-Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” hadislar to'plamini o'qib ketyapti. Birni ko'rib fikr qil, birni ko'rib shukur, deganlari shu bo'lsa kerak…
Bunday holatlar deyarli har kuni yuz beradi. O'spirinlarda va yosh yigit-qizlardagi bunday axloq me'yorlari buzilishining asosiy sababi nimada ekan, deb o'ylab qolasan. Atrofdagi hodisalarga, jamiki mavjudotlarga nisbatan loqaydlik, o'zi va o'zidan kattalarga hurmatsizlik, tamaki va alkogol ichimliklariga moyillik, xudbinlik, ma'naviy tanazzul, ota-onalar tomonidan nazoratning yo'qligi yoki aksincha haddan ziyod e'tiborning ko'pligi, internet tarmoqlari va komp­yuter o'yinlariga qaramlik, jamoat oldida o'zini tuta bilmaslik… Eh-he, bularni yana qancha davom ettirish mumkin. Shu kabi sabablar yoshlar tarbiyasida o'ziga xos deviant hodisalarni keltirib chiqaradi.
— Har bir insonda o'ziga xos deviant xulq-atvor bo'ladi. Ya'ni, u xohlaydimi yo'qmi, jamiyat va atrofidagi odamlar ta'sirida deviantlik xulqi shakllanadi. Faqat buni kimdir ochiq-oydin namoyon etadi, kimdir esa yashirin. Xohlasangiz, insonlarni kuzating. Ular ba'zida o'zi bilmagan holda deviant xulqini namoyon etib qo'yadi, — deydi malakali pedagog va sotsiolog Xusan Akramov.
Xo'sh, deviant xulq-atvor o'zi nima? Deviant xulq-atvor lotincha “deviation” — og'ish, ya'ni ijtimoiy normativlardan og'ib ketuvchi xatti-harakat bo'lib, jamiyatda o'rnatilgan axloq me'yorlariga mos kelmaydigan insoniy faoliyat, ijtimoiy hodisa sanaladi. XX asr Amerika sotsiologlaridan biri Robert King Merton bunga quyidagicha ta'rif beradi: “Deviant xulq-atvor jamiyatda e'lon qilingan qad­riyatlar va rasmiy xulq-atvor standartlari bilan aholi xulq-atvor motivlari hamda mavjud imkoniyatlarning bir-biriga mos kelmay qolishi natijasidir”. Jamiyatda o'rnatilgan ijtimoiy me'yorlardan chetga chiqish holatlari sotsiologiyada “deviantlik holatlari”, undan hosil bo'ladigan xulq-atvor esa “deviant xulq-atvor” deb ataladi.
— O'smirlik davrida paydo bo'ladigan deviant xulq-atvor turlaridan eng ko'p uchraydigani bu addiktivlikdir. Bu odatni vujud­­ga keltiruvchi sabablar — qiziqish, havas, taqlid, o'rtoqlarining davrasida o'z o'rnini egallash, maktabdan tashqari muhitning ta'siridagi nuqsonlar, oiladagi pedagogik-psixologik bilimlarning yetishmasligi, oilaviy nizolar, ota-onaning ichkilik va shahvoniy hayotga berilishi, balog'atga yetmagan tengqurlarining ta'siri, madaniy-ma'rifiy, ishlab chiqarish jamoalari hamda jamoatchilik qurshovidagi kamchiliklar ham tarbiyasi og'ir o'smirlar ko'payishiga sabab bo'lishi mumkin. Loqaydlik, beparvolik dunyodagi eng kuchli zilzila va bo'ronlardan ham yomon dushmandir! Beg'amlik loqaydlikning onasidir. Shafqatsizlikning oldi olinmasa, rivojlanib zolimlik va jinoyatchilikka aylanib boradi, — deydi psixologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Dilnozaxon Abdullajonova.
Odatda, deviatsiya hodisasi va uning ko'rinishi ko'p hollarda yoshlarning o'smirlik davrida yuzaga keladi. Zotan, bu nihoyatda murakkab davr bo'lib, xalqona tilda “o'tish davri” deb ham yuritiladi. Darhaqiqat, bu paytda o'smir hayoti va faoliyatida jiddiy o'zgarishlar, xususan, fiziologik, aqliy, ruhiy jihatlardan rivojlanish yuz beradi.
Zerikishdan, yolg'izlikdan, hayot qiyinchiliklaridan qochish uchun o'smirlar kompyuter o'yinlariga tez-tez murojaat qilishni bosh­laydi. Barcha tobelik vositalari, hattoki, kompyuter o'yinlari ham ularda ijobiy hissiyotlarni paydo qiladi (xursandchilik, baxtiyorlik, rohat, ruhiy va jismoniy yengillikni sezish) va salbiy hissiyotlarni (xavotir, xafalik, aybdorlik hissi, o'zini yolg'iz his etish) bartaraf etadi. Ular kompyuter o'yinlarini o'ynagan sari real hayot va virtual dunyo orasidagi farqni taqqoslay boshlaydi. Natijada real hayotdan uzoqlashish yanada kuchayadi. U kundalik hayotdagi muammolarini kompyuter o'yinlari orqali kompensatsiya qilishga intiladi.
Bugun har bir yoshda o'ziga xos deviant xulq-atvorning vujudga kelishida “ommaviy madaniyat” salbiy oqimlarning ta'siri ham juda katta. O'zbek xalqi azaldan o'zining chiroyli andishasi, milliy urf-odatlari, qadriyatlari, sharqona qarashlari bilan g'arb mamlakatlaridan ajralib turadi. Biroq bugun aksar hollarda g'arbona madaniyat sari og'ib ketyapmiz. Bu illatning ildizi esa oiladagi nosog'lom muhit va kattalarning yoshlar tarbiyasiga befarqligida, deb o'ylayman.
Yoshlar tarbiyasida maktabning ham ahamiyati katta. Yoshlarga mehr, e'tibor, avvalo, oilada berilmog'i lozim. Oiladagi muhit, o'zaro hurmat, munosabat yo'q bo'lgandagina o'quvchilar oilasidan olmagan e'tiborni maktabdan izlaydi. Sinf rahbari, psixolog, ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo'yicha direktor o'rinbosarlari e'tiborli bo'lsagina, bu bo'shliqni to'ldirish mumkin. Zero, nazorat bor joyda xulq-atvorida nuqsoni bor o'quvchilar tartib-intizomga keladi.
— Inson umri davomida o'rtacha yetmish yil umr ko'rsa, shundan o'ttiz yilini uxlab o'tkazarkan. Zamonamizning yoshlari esa ham jismonan, ham ma'nan uxlashyapti. Ular ayni damda vijdonan, qalban, ma'nan va ruhan uyquda. Bunga sabab cheksiz imkoniyatlardan to'g'ri foydalana olmayotganlikda, deb bilaman. Ular moddiyat izidan quvaveradi-quvaveradi. Oxiri o'zlari ham moddiyatning bir bo'lagiga aylanib qoladi, — deydi “Mard o'g'lon” davlat mukofoti sohibi Rahmat Bobojonov.
Yuqoridagi mulohazalar naqadar o'rinli. Hamma narsa aynan bekorchilikdan, bo'sh vaqtdan unumli foydalanilmayotganlikdan bosh­lanadi. Bekorchi o'g'il-qizlar ko'p hollarda ichki ta'sirlar qolib, tashqi ta'sirlar asiriga aylanib boradi. Ya'ni internet ijtimoiy tarmoqlar, kompyuter o'yinlari, alkogol ichimliklari, fohishabozlik, giyohvand­lik, turli ko'ngilochar bazmlar, klublarga moyilliklari ortib boradi. Shunday ekan, deviant xulq-atvorning yuzaga kelishida va namoyon bo'lishida aynan tashqi ta'sirlar ostidagi axborotlarning ham o'rni katta.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan, yoshlarni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko'nikmalarini shakllantirish, ular o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga alohida urg'u berilgan beshta muhim tashabbus ma'naviy-ma'rifiy sohalarda yangi tizimni yaratdi. “Yosh kitobxon” respublika kitobsevarlari tanlovi yoshlar orasida keng ommalashdi. Bu kabi tanlovlar yoshlar orasida o'zlikni ang­lash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, joylarda adabiy muhitni yaratish va eng asosiysi, ijtimoiy hayot haqidagi bilimlarini yuksaltirishga muhim dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda. Ammo… muammo ham ko'p. Shunday ekan, hech birimiz loqayd va befarq bo'lib qolmasligimiz shart.

Zuhra AHMEDOVA,
O'zMU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − one =