Yurak mintaqasi so'zingda yashnar

Adabiyot – cheksiz ummon, bepoyon bo'ston. Unda ijod ishqi bilan qo'liga qalam tutgan ijodkor borki, o'z so'zini, dardini aytishni istaydi. Zotan, hazrat Navoiy bobomiz ham: “Navoiy yomon bo'lsa, sen yaxshi bo'l” deya har bir qalam sohibini yaxshilikka, so'zni qadrlashga da'vat etgan…

Biz siz aziz mushtariylarimizga quyida ushbu she'riy guldastani tuhfa etar ekanmiz, undan har kim chanqog'iga yarasha suv ichadi, chechak teradi degan umiddamiz. Zero, so'zning sehru jozibasidan bahramand bo'lishdek ulkan baxtni har bir she'riyat muhibiga tilab qolamiz.

 

Muqaddas ABDUSAMATOVA,

Toshkent shahri

 

       

        Nabiralar

 O'g'ilu qiz — nabiralar

Hayotimiz bezagi,

Ular kamolin ko'rish

Bobo, buvi tilagi.

Ilmga qo'yib mehr,

Kitobdan topib sehr,

Sog'lom o'sib, ulg'ayib,

Bo'lsin yurtga keragi.

Vatan mexri dillarga

Qo'rg'oshindek quyulsin,

Madhiyani tinglasa

Alla kabi tuyulsin.

Oshirib til boyligin,

Bolalik sho'x soyligin.

Lahzalar qadrin bilib,

Erkalansin sevilsin.

A'lo o'qimoq uchun,

Sizda sharoit bordir,

Har qadam yo'lingizda

Yurtboshim mehri yordir.

Odat qiling salomni,

Qadriyatlar, kalomni.

Olqishlar olib yashang,

Shunda el baxtiyordir.

 

              Shahidlar

Bu yerda sokinlik mudom hukumron,

Bu yerda yotibdi, eh-he, qancha jon.

Jonlarki, yurtni deb bo'lishgan qurbon,

Alloh rahmatiga olsin, shahidlar.

Anhor shovurida jonlar titrog'i,

Suvning shivirida qurbonlar ohi.

Go'yo ochilmishdir ruhlarning bog'i,

Alloh rahmatiga olsin, shahidlar.

Har yaproq va gulda qonlar izi bor,

Ta'zim — tilovatning bunda joni bor.

Yo'lingiz tushganda xotirlang bir bor,

Alloh rahmatiga olsin, shahidlar.

Osmonida qushlar pastlab uchadi,

Daraxt, maysalarni shu'la quchadi.

Yurakda qatag'on yillar kechadi,

Alloh rahmatiga olsin, shahidlar.

Poingizda endi yashnagay gullar,

Erkin va baxtiyor o'tgaydir kunlar.

Sizlarni unutmas erksevar dillar,

Alloh rahmatiga olsin, shahidlar.

 

                     Shukrona

Umr berding Alloh, yashab yuribman,

Toshlar orasidan durlar teribman.

Barchani o'zimdek yaxshi ko'ribman,

Shukur deyman, Alloh, o'zingga shukur.

Aqlimni taniboq men baxt izladim,

Hayotda juda ko'p maqsad ko'zladim.

Har qadam, har onda shirin so'zladim,

Shukur deyman, Alloh, o'zingga shukur.

Nabiralar bo'ldi umrimga bezak,

Besamar o'tmabdi hayotim demak.

Abiralar ko'rish bu omad desak,

Shukur deyman, Alloh, o'zingga shukur.

 

Yurtim yuksalmoqda, zamona ko'rkam,

Dunyoga tanildi navqiron o'lkam.

Porloq kelajakka, ildamlar shahdam,

Shukur deyman, Alloh, o'zingga shukur.

Bu dunyo aylanar misli charxpalak,

Vaqtni to'xtatolmay jonimiz halak.

Tinchlik madhiyasin kuylamoq tilak,

Shukur deyman, Alloh, o'zingga shukur.

Inshooloh, tilagim bo'lgay ijobat,

Egam, o'zing bersang bunga ijozat,

Yurgayman bu yo'lda qilib ibodat,

Shukur deyman, Alloh, o'zingga shukur.

 

                Ona ko'ngli

Bog'da bulbul qilmagay nolish,

Ko'z yoshidan xo'l bo'lar bolish.

Quyosh boqar olamga xomush,

Ranjib qolsa onaning ko'ngli.

Chertilganda tanbur kuylamas,

Gulu rayhon ifori bo'lmas.

Ko'ngilga zavq sira bo'ylamas,

Ranjib qolsa onaning ko'ngli.

Farzand ishing oldga siljimas,

Dilozorlik sening ishingmas.

Qaytar dunyo qaytsa yaxshimas,

Ranjimasin onaning ko'ngli!

 

Ikromjon Asliy,

Andijon

 

                RUBOIYLAR

Inson idishlarin – qorin yomoni,

Ovqat uchun yarmi, suvga bir yoni.

Uni ayamasdan to'ldirma, do'stim,

Nafas uchun tursin, qolgan bir yoni.

                     ***

Meni tashlab ketding, aybimni aytmay,

Izladim, bo'zladim, ortimga qaytmay.

Bilolmam, ne topding, ey qaddi navras,

O'jarlikdan, chala bitilgan baytday.

                     ***

Seni hilol, dedim, hilolim qutlug',

Yoritsang mehring-la, iqbolim qutlug'.

Agar, tashlab ketsang, yangi Majnunman,

Xalq dostonlarida timsolim qutlug'!

                     ***

Hovlimda kengayib ketadi ko'nglim,

Yuksaklarga parvoz etadi ko'nglim.

Yuksakda ko'rinar olam kaftdayin,

Shukuh shohsatrini bitadi ko'nglim.

                     ***

Davrada qatnashsang, bu davra gulgun,

Yoningda nechalar husningga maftun.

Men ham o'ltiribman, chiqib ketolmay,

Tomoshadan mahrum bo'lmaslik uchun.

                     ***

Yozganim hammasi besh yuz besh to'rtlik,

Kamtarlik, mehrga oshno, esh to'rtlik.

Qimtinib turibdi qog'ozlar aro,

Nurli o'zligini qilmay pesh to'rtlik.

                     ***

Erta sening to'ying – ertak boshlanar,

Umring daraxtida kurtak boshlanar.

Endi mening uchun begonasan Sen,

Ishqda hijron degan yo'lak boshlanar.

                     ***

Sening huzuringda hayajon, titroq,

Ketib qolmasaydi!, — dilda shu so'roq.

Ketasan, bahonang doimgidek shay,

Doimgidek ta'qib etadi firoq…

                     ***

Jahoniy joziba yuzingda yashnar,

Yurak mintaqasi so'zingda yashnar.

Farishtali suvrat, ichki malohat,

Parizodim, bilsang, o'zingda yashnar.

        

     Turdi boboning so'zi

Hammayoq tinch, atrof osuda,

Sutday oydin tevarak, borliq.

Ko'ngillarda sevgi rasida,

Toza hislar o'sadi, to'liq.

 

Kimdir maktub yozar berilib,

Papirosin tutatar kimdir.

Durbinini olib qo'liga,

Chor atrofni kuzatar kimdir.

 

Okop chetda to'rtta safdoshim,

Shineliga o'ranib uxlar.

Bir-birining,

Elkasiga qo'ygancha boshin.

 

Kezib yurar atrofda ruhlar.

Gurunglashar yigitlar to'p-to'p,

Uyqu qayda, olislab ketgan.

Ko'ngillarda sevgi, sog'inchlar,

 

Yorlarini so'roqlab ketgan.

Avjga chiqar qahqaha, gurung,

Urush nima, eslardan chiqqan.

Uch kundan buyon hammayoq jim-jit,

 

Dam olishning kuni xo'p tuqqan.

She'r tug'ilar navqiron dilda,

Tilga chiqib jaranglab ketar.

Quroldoshlar barchasi birday,

 

Hayqirishib, baqirib aytar.

“Suvga ekdim sholini,

Baland ko'tar polini.

Nasib bo'lsa ko'rarsan,

 

Gitler to'ng'iz holini…”

“Kelayapti, nemislar pusib”,

Kuzatuvchi beradi xabar.

Shiddatimiz ketadi o'sib,

 

Axir bu juda yaxshi xushxabar.

Balandlaydi yanada qo'shiq,

Qalbimizda otadi ildiz.

Avtomatu pulimyot, to'p-la,

 

Frislarni kutib olamiz.

Ko'ngillarni domiga tortib,

Yondiradi nafratu olov.

Tilda qo'shiq, qo'lda avtomat,

Jang boshlanar, jang-ki beayov.

 

Hosilabonu ERGAShOVA,

Surxondaryo

 

Aziz ustoz, Jurnalistlar ijodiy

uyushmasi raisi Sa'dulla Hakim

xotirasiga bag'ishlayman.

 

Go'dakdek talpinib qoldi nigohim,

Lek bir bor ko'rmoqqa ulgurmadim men.

Ayt hayot ne edi mening gunohim?!

Aziz Ustozimni qaytib bergin Sen!

 

Hech kimsa u kabi yaxshi ko'rolmas,

Meningdek xudbin bir nodon insonni.

Bunday judolikka yurak ko'nolmas,

Ko'z yosh bilan ko'rgim kelar osmonni.

 

U edi mehrdan yaralgan bir nur,

Qalbida beg'ubor dunyo yashardi.

Jasorat farzandi adolatli hur,

Yaxshilik qilmoqqa doim shoshardi.

 

Sog'inchdan ko'zlarim jovdirab qoldi,

Yurak qo'msamoqda sizni Ustozim,

Ko'zyoshlar zarbidan ko'zlarim toldi.

Bahor nafasi-la qilaman ta'zim.

 

Garchand vaqtni izga qaytarib bo'lmas,

Lekin xotiralar turar yodimda.

Jisman oramizda bo'lmasangiz ham,

Yashaysiz har nafas va har onimda!

 

Abdunabi BOBOYoR,

Qashqadaryo

 

         DAXLDORLIK

Qarshi shahrida elning

atoqli va ardoqli shoiri

Abdullla Oripov

xotirasiga haykal o'rnatilgan.

Kajraftor falakka lol kotib bu kun,

Sershovqin shaharga jim tashlar nazar.

Boshida do'ppisi, yelkasida to'n,

Sirdoshi kunduz shams, tunlari qamar.

 

Shoiri davronga talpinib har gal,

Gurras-gurras kelar bunga keksa-yosh.

Shu sovuq jismaro jon bitsa magar,

Shoyonlikdan ko'kka yetmasmidi bosh?!

 

Ba'zida shaharga enar Qo'ng'irtov,

Ikki siymo so'ylashar bo'lib yuzma-yuz.

Bir payt yalangoyoq kezganin yayov,

Shoir bolasiga eslatar Nekuz…

 

Hov-v, desa, bor sasda sas yetib borgay,

Uning ota makoni shunchalar yaqin.

Lek daho farzandin qo'yvormas atay,

Daholar poyida ko'kargan zamin…

 

                            SEN…

Sen hali yashaysan, ma'yus va mahzun,

Men esa ketyapman armonni quchib.

Sen borar ishq yo'li hali ko'p uzun,

Men hijron og'usin qo'yganman ichib.

 

Ishqing o'tida-ku, bo'ldim xo'p ado,

Kuydim, kuya-kuya aylandim kulga.

Jismim ham, ruhim ham topmish intixo,

Shamol kulim sochsin Sen borar yo'lga.

 

So'ngra bu yo'llarda unsin kizg'aldoq,

U ham silkiy-silkiy aylansin qonga,

Qontalash zaminda shovullasin bog',

Toki, Sen sayr et, shu jannatmakonda.

 

Sen hali yashaysan, ma'yus va mahzun…

 

 

Anorboy OLIMOV,

Namangan

 

BAXT-IQBOLIM,

O'ZBEKISTONIM!

Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon o'zbegim.

Erkin VOHIDOV.

Buyuk Vatan buyukligingni

Bilib-bilmay tan olgan dunyo.

Buyuklarning vatan tuprog'i

Bo'lg'usidir ko'zga to'tiyo.

Bitilmagan doston Turonim,

Betakrorim, O'zbekistonim!

 

Tarixingni o'qiyman takror,

Etolmasman intixosiga.

Hayratdaman farzandlaringning

Ilmu urfon ixtirosiga.

Sir daryosi, sirlar makonim,

Sirlarga kon, O'zbekistonim.

 

Bir farzanding Zardo'sht tufayli

“Avesto”ni dunyo tanigan.

To'marisu Shiroqlar sabab,

Yurt boshidan balo arigan.

Muqannadek mard o'g'loningni

Yodda tutib xitoblarini,

Muqaddas deb ko'zlarga surtay

Yuzidagi niqoblarini.

Yurtga fido degaylar, jonim,

Har farzanding, O'zbekistonim!

 

Qaro kunlar boshinga tushib,

Talashganda Buyuk Turonni,

Xorijdagi ko'pchilik hatto,

Unutdilar O'zbekistonni.

Hatto islom dunyosida ham

Vatan nomi unutilgan dam,

Buxoriyni bilardi beshak

Payg'ambardan keyingi odam.

Hadis ilmin yozgan kalomim,

Sen o'zingsan, O'zbekistonim!

 

Hurlik uchun qo'yilgan mayoq

Bilgi Hoqon bitiklaridir.

Adolatga chorlagan saboq

Amir Temur tuzuklaridir.

Inqilobchi olim — Kopernik

Tug'ilmasdan yuz yil ilgari,

“Yer chopar”, deb “quyosh girdida”

Yozgan Sayfi Saroyilari.

Ochiq yerda mulki nihonim,

Qaqshar jonim, O'zbekistonim!

 

Xalqim, o'zing aslida buyuk,

O'zbek nomin tarixga bitgan.

Avlodlaring bilimda yetuk,

Ajdodlaring yo'lini tutgan.

Tong otmoqda zarrin, nash'ali,

Yangramoqda yoqimli bir sas.

Nur sochmoqda aql mash'ali,

Eshik qoqar yangi RENESSANS.

Xalqim o'zing — shavkatim, shonim,

Baxt-iqbolim, O'zbekistonim!

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =