“QO'RQMA” — yuz yillik XITOB!

“Naqadar dahshat, umringda hech bo'lmasa bir marta to'ka olmasang yosh!”, “Bizda tirikni emas, o'likni hurmat etarlar”, “Men ona ko'zlariday tiniq qorong'ilikni boshqa hech qachon ko'rmadim”, “Sen Vataning uchun hatto bir on, bir marta yig'lay olmay qariyotganingni bilish naqadar dahshat!”, “Qo'rqoqni tug'moqlik hali onalik emas”, “Pul ota, pul er bo'ldi, eng yomoni pul Vatanga aylandi”, “Men institutga oldi-qochdi dars­larga qarshi ultimatum e'lon qildim. Hech o'zgarish bo'lmadi, so'ng bormay qo'ydim”, “Ayting, biz shunaqa xalqmidik? Biz sotqin, qo'rqoq va qullikdan shodlanadigan xalqmidik?!”, “Millatni yesalar faqat xoinlar yeydi, chetdan birov emas!”, “Vatan nafs bilan sevilmaydi, Vatan hirs bilan sevilmaydi, Vatanga jon beriladi, faqat jon, faqat jon, faqat jon…” — bular o'zbek adabiyotining yosh vakili Javlon Jovliyevning yaqinda nashrdan chiqqan “Qo'rqma” romanidan olingan iqtiboslar. Kitobda bu kabi og'riqli so'zlar, savollar talaygina. Muallif roman orqali jamiyatimizdagi, yoshlar orasidagi haqiqiy ahvolga ko'zgu tutgandek bo'ladi. Ehtimol, shuning uchun ham asar ko'pchilik tomonidan iliq kutib olindi. Biz ham adabiyotimizda yangilik deb qaralayotgan “Qo'rqma” romani muallifi Javlon Jovliyev bilan suhbatlashdik.

—        Javlon aka, romaningiz hozirgi adabiy jarayonda alohida voqea sifatida e'tirof etilmoqda. Bu kitobni yozish uchun sizga nima turtki berdi?

—        2015–2016 yillarda institut yotoqxonasida turardim. Talabalarning, tengdoshlarimning qancha vaqtini uxlashga, qancha vaqtini telefonga, yana boshqa bekorchi narsalarga sarflayotganini kuzatganman.

Meni bir talay savollar tinch qo'ymasdi: “Nima uchun yashayapmiz?”, “Nima uchun o'qiyapmiz?”, “Maqsadimiz nima? Xo'p, o'qishni bitirib ishga kirarmiz, undan keyin nima bo'ladi?”, “Ota-onalar nima uchun farzandlarining o'qishi uchun katta pul sarflashadi?..” Men kuzatib-bilib yurardim, ko'pchilik ota-onalar bolasini o'qitish uchun davolanmaydi, kasal bo'lsa, shifokorga bormaydi. Chunki ahvoli og'ir, kambag'al. Ayrimlar faqatgina o'g'lini, qizini o'qitish uchun xorijga ishlashga ketgan…

Talabalarni kuzatib, ularning katta qismi mudroq va umidsiz ekanini anglab qoldim. Ularning ertaga kim bo'lishi katta gumon edi. Chunki jamiyat, ta'lim tizimining ahvoli shu darajada. O'qish ularning katta qismi uchun institutga borib-kelish, konspekt yozishdan iborat edi, xolos. Aksariyat tengdoshlarim a'lo baho uchun yoki falon domlaga yaxshi ko'rinish uchun o'qishardi. Bularning barchasi meni dahshatga solardi. “Bu ketishda ahvolimiz nima bo'ladi?” — deb muttasil o'ylaydigan bo'ldim.

Bir kuni “Ular Germaniyada o'qigan edilar” nomli film ko'rib qoldim. Bu film XX asr boshlarida Germaniya­da o'qigan va keyinchalik sovet hukumati tomonidan ta'qibga uchragan, aksariyati o'ldirib yuborilgan 70 nafar talaba haqida. O'sha davrlarda jahonning eng yaxshi ta'lim dargohlari Germaniya­da edi. Yetmish talabaning barchasi 4-5 ta tilni biladigan, aql-zakovati nihoyatda kuchli, hurfikr bo'lgan. Eng muhimi, ulardagi e'tiqod, milliy g'urur, yurt oldidagi qarzdorlik, burch tuyg'usi yuksak edi. Bu menga kuchli ta'sir qildi. Mening birinchi navbatdagi vazifam o'sha talabalarni bugungi kunga qaytarish deb bildim. To'g'ri, ular o'tib ketishgan, jismonan yo'q qilingan. Lekin ularning g'oyalari, orzulari, maqsadlari tirik. Ular O'zbekistonni shunchaki mustaqil davlatga aylantirishni emas, balki Germaniya, Yaponiya kabi rivojlangan davlat darajasiga ko'tarishni istashgandi. Balki hozir sizga balandparvoz gapdek tuyulayotgandir, lekin buni o'sha zamonlardanoq boshlash mumkin edi. Hozir ham mumkin!

90-yillarda ham bizdan ko'plab talabalar xorijga o'qishga jo'natildi. Ammo ularning katta qismi qaytib kelmadi. Balki millatni sevish, burchini ado etish tuyg'usi kamlik qilgandir yoki bosh­qa to'siqlar bo'lgandir… Bilasizmi, tarix takrorlanish xususiyatiga ega deb o'ylayman. Yana uyg'onish vaqti keldi. Uyg'otuvchilarimizni asrash, himoya qilish, bodroqdek dunyoga yoyilib ketgan millatning yetuk farzandlarini Vatanga qaytarish asosiy vazifamiz. Kimdir vaziyatni o'zgartirishi, kimdir mamlakatni rivojlantirishi, qo'rqmasdan birinchi qadamni qo'yishi kerak-ku. Mana shu o'ylar bu kitobni yozishimga turtki bo'ldi.

Shuni ham aytmoqchimanki, bu kitobni bugungi jamiyatimizdagi so'z erkinligi berdi.

 — Asar “Qo'rqma” deb nomlanishining sababi nima?

— Millatimizdan kuchli bilim va zakovatga ega insonlar ko'p yetishib chiqqan. Xo'sh, nima sababdan keyingi avlod ular kabi emas? Ko'p o'yladim va buning sababi — uzoq cho'zilgan mustamlakachilik paytida bizga singdirilgan qo'rquv hissi, degan xulosaga keldim. Qo'rquv oyog'imizni kishanlab qo'ygan. Siyosatdan qo'rqish, o'ziga ishonishdan, o'z hayotini yaxshilashga urinishdan qo'rqish. Hatto biz o'z tuyg'ularimizdan qo'rqib qoldik. Masalan, men olim bo'lmayman, ixtirochi bo'lmayman. Bunga umr bag'ishlash kerak va men qashshoq bo'lib qolaman, degan qo'rquv bor odamlarda.

Hozir xorijda 10 mingdan ortiq kuchli o'zbek yoshlari o'qiydi. Ular bu yerga qaytishdan qo'rqadi. O'ylab ko'ring-a, o'z yurtdoshlarimiz hamon o'z Vataniga qaytishga ikkilanmoqda. Bu katta fojia emasmi, aslida?!

Mening bir do'stim bor. Chikagoda yashaydi, bolalar yurak xirurgi. Bizda juda noyob shifokor hisoblanadi. Men unga har doim “Qayt, bu yerda sen davolashing mumkin bo'lgan bolalar o'lyapti”, deyman. Lekin u qaytishni istamaydi. Qaytsa, kambag'al bo'lib qolishdan qo'rqadi. Yana boshqa shu kabi gap-so'zlar…

O'zim Maqsud Shayxzoda ijodi bo'yi­­cha tadqiqot qilyapman. Uning hayoti bilan bog'liq ma'lumotlarni o'rganarkanman, qatag'on yillarda omon qolgan, lekin ruhi kishanlangan shoir-yozuvchilarni kim bu ahvolga solgan deb o'yladim? G'afur G'ulom, Oybek, Shayxzoda va boshqalar. Juda katta potensialga ega shaxslar bo'lishgan. Ularning to'liq ijod qilishiga nima yo'l qo'ymadi? O'sha davr siyosatidan qo'rqish. Ish, ijod stolining yarmida qo'rquv o'tirgan. Hozir biz ularni nihoyatda iste'dodli, bilimli, mutafakkir insonlar sifatida taniymiz. Biroq bundan ko'proq namoyon bo'lishlariga qo'rqish hisi yo'l qo'ymagan.

Yillar mobaynida qo'rquv suyak-suyagimizgacha singib ketdi.

“Qo'rqma” degan nom bugungi avlodga bir xitob sifatida aytildi. Qo'rqmasak, buyuk ishlarga qodir bo'lamiz. Buni bizga davlat ham, ota-onamiz yoki yana allakimlar ham qilib berolmaydi. O'zimiz maqsad uchun kurashib erishamiz. Agar o'qimasak, o'rganmasak, mudrasak, zulmatdan chiqolmaymiz. Qo'rqsak, xalqning asosiy qismi qashshoq va mardikor bo'lib qolishi muqarrar. Cho'lpon aytganidek, qo'rquv kishanini parchalab tashlash kerak. Bugun yurtimizda hukm surayotgan erkinlikni hech qachon qo'ldan berib qo'ymaslik lozim.

 — Hikoyanavislikdan birdan roman muallifiga aylanish ancha mashaqqatli kechgan bo'lsa kerak…

— Yuqorida aytib o'tganim — “Ular Germaniyada o'qigan edilar” filmini ko'rgach, Sherali Turdiyevning shu nomdagi kitobini topib o'qidim. Kitobda yuqorida aytganimiz 70 nafar talaba haqidagi ilmiy maqolalar jamlangan. Uni o'qigach, menda umuman boshqacha taassurot paydo bo'ldi, ichim larzaga keldi. O'sha talabalar qismatiga judayam qiziqib qoldim: xuddi bizga o'xshagan, bizning yoshimizdagi talabalar. Nima uchun vafot etishdi?

Magistrlik ishimni hech qanday aloqasi bo'lmasa ham, Qatag'on qurbonlari xotirasi muzeyiga oldim. U yerda yetmish talabaning arxiv hujjatlari, suratlarini ko'rdim, taqdiri bilan batafsilroq tanisha boshladim. Akademik Naim Karimov, tarixchi olimlar Sirojiddin Ahmad, Bahrom Irzayevlarning “Ko'mak” tashkiloti ha­qida, o'sha talabalar haqida kitoblari, monografiyalarini o'qib-o'rgandim. Muhab­bat, ijtimoiy muammolar haqida yozaman deb yurgan bir qancha mavzularim bor edi, barchasini chetga surib qo'ydim. Asar yozilishiga 4 yilga yaqin vaqt ketdi.

O'zi umuman, Toshkentga kelishdan maqsadimni hech qachon esdan chiqarmaganman. Maqsadim adabiyot orqali o'z so'zimni aytish, shu xalqqa, millatimga xizmat qilish bo'lgan har doim.

Asar birdaniga yozilib qolgani yo'q. Buning uchun qancha tayyorgarlik ko'rilgani, qancha yo'l bosilganini, qancha mashaqqat, azobli kunlar bo'lganini, nimalardan voz kechganimni o'zim bilaman. Bu gaplarni aytishdan maqsadim shuki, mashaqqat chekmasdan katta asar yaratishning iloji yo'q.

 — Asarning yozilish uslubi o'zgacha. Bu o'quvchi diqqatini tortish uchun qilinganmi yoki ilhom shu shakl­da keldimi?

— Hikoyalarim 2015–2016 yillardan matbuotda chiqa boshladi. Yozganlarimga ko'plab yaxshi fikrlar bildirildi. Lekin bularning barchasi mashqlar edi. Ularda hali o'zimni topmagandim. O'z yo'limni topishim, katta asarlar yaratishim kerak, deb har doim harakatda bo'ldim, izlandim.

Bilasizmi, asarlar o'z shakli va ohangi bilan tug'iladi. Bularsiz yozganingiz hikoyami, romanmi, farqi yo'q, quruq bayonchilikka aylanib qoladi. Bugungi kun o'quvchisiga o'qishli bo'lgan, biroz lirizm aralashgan uslubda yozishga urindim. Tarixni shunchaki yozib qo'yish juda oson. Manbalardan foydalanib, unday bo'ldi, bunday bo'ldi, deb ketaverasiz. Lekin uni adabiyotga singdirish hamda bugungi kunga xizmat qildirish boshqa masala. Ayrim kitoblar haqida so'rasangiz “Menga qiziq emas”, deyishadi. Chunki o'quvchi ularda bugungi kunning, ertaning xitobini topmaydi.

Kitob o'qishli bo'lishi uchun bugungi kun talabalarining hayotini kiritdim. O'qigan talaba o'zgarishi uchun hozirgi zamon o'zbek talabalarini salbiy qiyofada tasvirladim. Qolaversa, XX asr boshida Germaniyada o'qigan 70 nafar talaba hayotini o'rgana borib, o'zim ham ular bilan yashay boshladim.

2019 yil oxirida romanni to'liq yozib tugatgan edim. Ammo hech ko'nglim to'lmadi. O'zim istagan ohang chiqmayotgandi. So'ng adabiyotshunos munaqqid Musulmon Namozga ko'rish uchun berdim. U kishi asardagi ko'plab kamchilik­larni ko'rsatdi. Shundan so'ng o'zgacha bir ifoda yo'sinini topish uchun bosh qotirdim. Bir kuni romanning hozirgi uslubi, ohangi quyilib keldi.

Aslida asarni ushlab turadigan narsa uning ohangi. Mavzu yangi bo'lishi mumkin, lekin shakl ham o'zgacha bo'lishi kerak. Yo'qsa, yozuvchining yozuvchiligi qaerda qoladi? Shunday qilib, ko'p martalik tahrirlardan so'ng roman dastlabki holatdagidan 70-80 foiz o'zgarib ketdi. Ohangini topganimdan keyin hech kimga ko'rsatganim yo'q.

 — Romandagi ramziy obrazlar haqida ham aytsangiz.

Bosh qahramon — yetmishvoylarni qidirgan talaba — millatning, ajdodi sotqinlik qilgan, xiyonatga uchragan va uchrab kelayotgan millatning obrazi. U hayotni atroflicha kuzatadi, o'ziga savollar beradi. Amakilari aroqxo'r, xotinboz, betayin. Hammasi jigar kasal. Bittasining hamma bolasi qiz, katta qizining ham tayini yo'q. Nega? Chunki uning ajdodi yetmishvoylarga xiyonat qilgan, qo'rqoq. Uning kasriga avlodi qarg'ishga qolgan va hayoti, betayin taqdiri bilan badal to'lashayotgandi.

Buning zohirida bir xitob bor: agar sen millatingga xiyonat qilsang, masalan, kursida o'tirib pora olsang, shifokor sifatida kimnidir qutqarish qo'lingda bo'la turib, uning umriga zomin bo'lsang, o'qituvchi sifatida dars berish o'rniga o'quvchilarni aldab o'tirsang, sening yetti avloding buning uchun baribir badal to'laydi.

XX ars boshlarida xalqda biroz umid uyg'ongan edi. Millat ota-onasini taniy boshlagan edi. Kitobda bosh qahramonning bobosi “Millatning otasi — tarix, onasi — til”, deb aytadi. Keyin esa hammasi barbod bo'ladi. Bosh qahramon olti oyligida ota-onasining paxtaga qo'shilib yonib ketishida shunday ramz bor. Ya'ni millatning otasi — tarixi, onasi — tili paxtalarga qo'shilib yonib-kuyib, kul bo'lib ketdi. Necha-necha yillar mobaynida “Biz shuncha paxta ekdik, shuncha paxta yig'ib oldik”, deb yashayvergan odamlar. Boshqa hech narsadan xabari bo'lmagan.

Jigar kasali va eshakqurtlar obrazi ham bor. Jigar qonni tozalab beradigan organ. Qon esa avlod, sulola. Asarda bosh qahramon amakilarining, hatto o'zining ham jigari xasta. Chunki la'nat tekkan. Jigari kasal bo'lganidan keyin ularning qoni ham buzilib boraveradi. Eshakqurtlarga keladigan bo'lsak. Eshakqurtlar —o'likxo'r. Odamlar ma'nan o'lib borayotgandi. Shuning uchun hamma joyni eshakqurtlar bosib ketgandi.

 — Ayrimlar “Qo'rqma” sun'iy ommalashtirilyapti, deb ham aytishmoqda. Sizning bunga munosabatingiz qanday?

— Jadid bobolarimiz “Biz 1922 yilda turib Olmoniyaga havas qilar ekanmiz, yana 100 yildan keyin ham shu holatda qolmasligimiz uchun o'qishimiz kerak”, degan. Vaholanki, o'sha 100 yil o'tdi hamki, biz hanuz Olmoniyaga, Yaponiyaga havas qilib yuribmiz. Eng katta fojia, Xudo ko'rsatmasinki, yana 100 yildan keyin ham bizning avlodlarimiz shu ahvolda qolishidir. Faqatgina havas qilib o'tishning oqibati juda yomon, millat sifatida mahv bo'lish degani bu.

Tanqid qilishni hamma biladi. Bu mening ham, sizning ham qo'limizdan keladi. Lekin Vatanni kimdir yuksaltirishi kerak-ku. Bugun biz qahramonlik uchun katta ish qilishimiz shart emas. Shunchaki, o'sayotgan bir yoshning, tengdoshimizning yo'lini to'smasak, unga g'ayrlik qilmasak bo'lgani. Shunda o'zimiz ham yuksalamiz.

Ta'limni, kadrlarni, shaxslarni asramas ekanmiz, millatning ahvoli 100 yildan keyin ham shu ahvolda qolaverishi mumkin. O'zbekistonda rivoj­langan xorij ta'limini shakllantirishimiz kerak. Yurtimizdagi xorijiy oliy o'quv yurtlarida darslar o'z das­turlari asosida bo'lsin, lekin milliy o'zlikni shakllantirishimiz zarur. Shunda u yerda o'qiganlar shunchaki bosh olib chet elga chiqib ketisholmaydi.

Vatandan tashqarida yurgan odamda faqatgina sog'inch emas, burch, qarzdorlik hisi bo'lishi kerak. Bizning shu tup­roqda tug'ilishimiz Xudoning amri-ku.

Shunday tushunchalarni iloji boricha ko'pchilikka singdirishga urinyapmiz. Qilinayotgan targ'ibotlardan ham maqsad shu, aslida. Hamma har xil tushunishi mumkin. Men uchun bu ahamiyatsiz. Kitobni o'qiganlar, albatta, o'zgaradi, deb o'ylayman.

Bu romanni ezgu va xolis niyat bilan yozdim. Yozayotganimda ikkilanishlar, xatolar, turli xil ta'sirlar bo'ldi. Lekin maqsadimdan chekinmadim. O'sha yetmish talabani jamiyatga singdirib yuborishni niyat qildim. Ular bu kitob orqali xonadonlarga kirib bormoqda.

 — Bugungi kun yozuvchisi qanday bo'lishi kerak, sizningcha?

— Adabiyotning yuksak bir qonuni bor — haqiqat. Biz mana shu haqiqatni yozishimiz lozim. Adabiyot xalqning dardini olib chiqsa, uni tuzatish mumkin. O'zingiz o'ylang, dardi aniqlanmagan odamni tuzatib bo'ladimi? Qotib qolgan qarashlardan qochib, XXI asr asari qanday bo'lishi kerak, degan savol bilan izlanish lozim. Xalq o'z orzularini, dardini ko'rsatadigan bir ko'zgu istaydi. Adabiyot shu paytgacha o'zgartiruvchi kuch bo'lib kelgan, bundan keyin ham shunga qodir bo'lib qoladi.

Adib yoki shoirlar xalq dardining tashxis qo'yuvchilaridir. Shifokor bemorning kasalligini aytgani uchun aybdor bo'lmaganidek, ular ham xalqning, millatning dardini ko'rsatib bergani uchun aybdor sanalmaydi. Aksincha, aytmasa, xato qilgan bo'ladi, xiyonat qilgan bo'ladi. Jur'at bilan yozish lozim. Qo'rqmaslik kerak. Hozir ayni shunday davr keldi.

 — Kitobning nashr etilishi bilan bog'liq muammolar bo'lmadimi?

— To'g'risi, bu asarni yozayotganda “Bu hali nashr qilinadimi, yo'qmi?” — degan gumonim bor edi. Chunki davlat nashriyotlarida o'ziga xos “talab”­lar bor ekanini yaxshigina bilaman. Yoki qo'lyozmamning ko'p zamonlar nashriyot tortmalarida nav­bat kutib, chang bosib yotmasligiga ham ko'zim yetmasdi.

Lekin romanga so'nggi nuqtani qo'yganimdan xabar topishi bilan “Asaxiy books” uni nashr qilishini aytdi. Ushbu xususiy nashriyot 2017 yil o'z faoliyatini jahon adabiyotining sara namunalarini o'zbek tiliga tarjima qilib, nashr etish bilan boshlagan edi. Nashriyotning ochilish marosimida 2022 yilga borib o'zbek adabiyotining yangi namunalarini kitob qilib chiqarish, yangi nomlar kashf etish maqsadida ekani ham aytilgandi. O'shanda men: “Oradan besh yil o'tib, shu nashriyotdan ijodkor tengdoshlarimning asarlari kitob bo'lib chiqsa, menga ham ular orasida bo'lish nasib qilarmikan?” — deb o'ylagan va yaxshi niyat qilgandim. Buni qarangki, “Asaxiy books”ning 2022 yilga mo'ljallangan loyihasi “Qo'rqma”ning nashr qilinishi bilan bir yil erta boshlandi.

Roman dastlab, 1000 nusxada chop qilindi. Yaqin kunlarda 20 ming nusxada ikkinchi bor nashr qilinish arafasida.

 — Suhbat jarayonida matbuotga munosabatingizni ham aytsangiz? Qaysi nashrlarni o'qiysiz?

— Haqiqatni doim ko'tarib chiqqan gazetalar hech qachon o'lmaydi. To'g'ri, zamonaviy asrda yashayapmiz. Lekin internet o'z yo'liga, matbuotning o'z yo'li bor. Eng rivojlangan davlatlarda ham ko'pming adadda chiqadigan gazetalar borligini bilasiz. Chunki xalq bunday gazetalarda o'ziga kerak bo'lgan narsani topadi. Ular xalqning ko'nglidagi gapni aytadi.

Bizda matbuotga bo'lgan bugungi munosabatga ko'plab gazetalar xalqdan uzoqlashib qolgani sabab bo'ldi, deb hisoblayman. Odamlarga kerakli gazetalar yashayapti, yashaydi ham.

Mening intiqib kutadigan nashrlarim bor. “Tafakkur”, “Ma'naviy hayot”, “Jahon adabiyoti” va “Yoshlik” jurnallarini; “Hurriyat”, “Ishonch”, “Ma'rifat”, “XXI asr” va “Kitob dunyosi” gazetalarini har doim o'qiyman.

— Kelgusidagi ijodiy rejalaringiz qanday?

— Bu kitob mening birinchi qadamim. Yangi shakllar, yangi ohanglar topib, xalqning dardini ko'rsatib berishni burchim deb bilaman. Hozir yana bir mavzu ustida ishlayapman, materiallar yig'yapman. Lekin buni avvaldan batafsil aytib qo'ymaganim ma'qul.

Shahzod ShODMONOV

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − four =