Musulmon NAMOZ: “MATBUOT jamiyatning ko'zgusi bo'lishi shart!”
Suhbatdosh haqida: Musulmon Namoz – 1962 yili Uzun tumanidagi Fayzova qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universiteti (avvalgi ToshDU)ning o'zbek filologiyasi fakultetida o'qigan. O'zbekiston Fanlar Akademiyasining O'zbek tili va adabiyoti instituti, “Vatan” gazetasi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi (O'zA), “Temiryo'lchi” gazetasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligida turli vazifalarda ishlagan. Hozirgi vaqtda “Ma'naviy hayot” jurnalida bo'lim muharriri sifatida faoliyat yuritish bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida talabalarga dars berib kelmoqda.
Musulmon Namoz bitta roman, ikkita qissa, bir ilmiy-badiiy esse va qator adabiy-tanqidiy maqolalar muallifidir.
Ustoz jurnalist bilan matbuotimizning kechagi kuni, buguni va ertasi, so'z mas'uliyati, kitobxonlik hamda hozirgi kun jurnalistikasining ayrim dolzarb muammolari haqida suhbatlashdik.
– Musulmon aka, ancha yillardan buyon matbuotda ishlaysiz. Matbuot esa hamisha jamiyatning ko'zgusi hisoblangan. Ayting-chi, bundan 5-6 yil oldingi matbuot bilan bugungi matbuotning farqi nechog'lik? Siz bu borada qanday farqlarni ayta olasiz?
— Ongli hayotimning ko'p va katta qismi matbuotga xizmat bilan o'tdi. “Dunyoning avvali so'z edi” degan hikmatga muvofiq, kamina ham yosh chog'larimdan so'z bilan dunyoni o'zgartirish mumkin, deb o'ylaydiganlar safida bo'ldim. Bunisi haqqi rost. Biroq shundan so'ng aytgan fikrlaringizga qo'shilmaslikka ijozat bering.
Birinchidan, “Matbuot hamisha jamiyatning ko'zgusi bo'lgan”, degan gap juda bahsli. Ehtimol, qachondir shunday bo'lgandir ham. Lekin umrimning salkam qirq yili matbuotga oshno kechgan bo'lsa ham, buni men ko'rolmadim. Men ko'rgan matbuot doimo davr qo'lidagi qurol bo'lib kelgan. Bu holning sababi oddiy. O'tgan sho'rolar tuzumi uchun matbuot erkin so'z aytish vositasi emas, targ'ibot quroli edi.
O'tgan asrning oxirida matbuotimiz, qisqa muddatga bo'lsa-da, erkin so'zni ayta oldi-ku, deya e'tiroz bildirishingiz mumkin. Afsuski, bu fikrni mohiyatan to'g'ri deb bo'lmaydi. O'shanda “erkin so'z” millatimizning asrlik uyqudan uyg'onib, milliy mustaqillik yo'lidagi tamal toshini qo'yish uchun zamin hozirlaganini bilamiz. Biroq, tan olaylik, o'sha davrda matbuot qisqa muddat “egasiz” qolgan edi. Chok-chokidan so'kilib borayotgan sho'ro davlatining arboblari tuzumni saqlab qolishdan ko'ra, o'zlarining jonini, jonidan ham aziz bo'lgan molini saqlash payida bo'lib, bir muddatga matbuotni o'z holiga tashlab qo'yishgan edi nazarimda. O'shanda millatini uyg'otmoqchi bo'lgan bir hovuch ilg'or ziyolilar matbuotni o'zlariga targ'ibot quroli o'laroq qo'lga olishdi. Ha, mudroqdagi tafakkurga turtki bo'lgan o'tkir maqolalar o'shanda dunyo yuzini ko'rdi.
– O'shanda matbuot jamiyatning ko'zgusi bo'la olgan, deysiz-da…
– Haqiqatga tik boqib aytsak, o'shanda ham matbuot “jamiyatning ko'zgusi” bo'lgan emas. Chunki o'sha chog'lar o'zbek jamiyati matbuotda bosilayotgan “o'tkir” maqolalarni o'qib, boshiga gurzi tegib yiqilgan pahlavon misol yerda cho'zilib yotardi, xolos.
Yana “Bundan 5-6 yil oldingi matbuot bilan bugungi matbuotning farqi bormi”, deb so'raysiz. Agar Siz obro'li bir nashrning muxbiri emas, mening talabam bo'lganingizda edi, “Nega bunday mantiqsiz savol berasiz?”, — deya hatto koyib bergan bo'lardim. Ichimda esa: “Nega bular hamon buncha sodda, buncha ishonuvchan…” deya afsus chekardim.
Axir, oldingi matbuot bilan bugungisining orasida yer bilan osmoncha farq borligini o'zingiz ham yaxshi bilasiz-ku. Bilib turib shu savolni mendan so'rashingiz g'alati. Mana, 5-6 yil oldingi matbuotni varaqlasangiz, “O'zbekiston allaqachon yer yuzidagi jannatga aylanib bo'lgan ekan-ku!”, degan xulosaga kelish juda oson. Holbuki munday emas edi va buni hammamiz bilardik. Ko'pchiligimiz Rossiya, Turkiya yoki Koreyada musofirchilikning qattiq nonini yeb, shundan ham orttirib, bizga jo'natilayotgan pullarga bozordan xarid qilib, keyin “tobora rivojlanib borayotgan O'zbekiston” haqida og'iz ko'pirtirib yozardik.
O'shanda o'ttiz million nufusga ega bo'lgan xalqimizning qirq foizi o'n oltiga to'lmagan yoshlar bo'lishgan. Qolgan oltmish foizning yarmisini qari-qartanglar va ayollar tashkil etadi, deb hisoblasak, ishga yaroqli aholi to'qqiz million chamasida bo'lganini anglaymiz. O'sha to'qqiz millionning kattagina qismi Rossiyada eng og'ir, eng qora ishlarda ishlab, har kuni turli haqoratlarni eshitib, bir xonada o'nlab kishi yashab, it yotish, mirza turish bilan olislarda qolgan Vatani — “Mustaqil O'zbekiston”ni boqar edimi? Ha, shunday edi!
Bugun esa ana shular va boshqa mavzular haqida rostini yozayapmiz, desangiz haqiqatni aytgan bo'lasiz, to'g'ri. Lekin rostini aytish ham hali matbuotning jamiyat ko'zgusi ekanligini anglatmaydi. Mana shunisi achinarli. Rahmatli shoirimiz Shavkat Rahmon bir she'rida: “Faqat yaxshi bo'lmoq judayam kamdir, Juda kamlik qilar yashamoq halol”, deb yozgan edi. Shu qabilda fikr yuritadigan bo'lsak, bugungi kunda rostini yozishning o'zi juda kamlik qiladi, hatto, halol bo'lish ham kamlik qiladi. Bugun aqlli bo'lish kerak. Ko'rib, bilganingni aql chig'irig'ida chiyratib, masalaning uchini topib, shundan so'ng yozish kerak.
— Shavkat Rahmonning uchli kinoyalari, she'rining mantiqiy davomi sifatidagi fikrlaringiz bahsli, albatta. Shaxsan “Toza bo'lish kamlik qiladi” degan fikringizga qo'shilmayman. Biroq bu alohida mavzu. Keling, “rul”ni yana matbuotimiz tomonga buraylik. Oldinlari siz ko'zgu emas edi degan matbuotga munosabat baribir juda kuchli bo'lgan. Bugungi tanqidiy chiqishlarga esa deyarli e'tibor yo'q, mutasaddilar bo'lsa, va'dadan boshqa deyarli amaliy ish qilishmayapti hisob. Bunga sabab nima deb o'ylaysiz?
— Bundan 5-10 yil avval matbuotga munosabat juda kuchli bo'lganiga o'zingiz ishonasizmi? Yo, bu gapni sizdan besh-olti ko'ylak oldinroq yirtgan hamkasabalaringizdan eshitib aytayapsizmi? Unday bo'lsa, o'shalardan ham o'n-o'n besh ko'ylakni oldinroq yirtgan hamkasabangizni tinglab ko'ring. Deylik, mening gaplarimni. Men bu gapga ham aslo qo'shilmayman.
Bilasizmi, qorni och odamning qulog'iga gap kirmaydi. Bu juda oddiy va o'ta jo'n haqiqat. Faqat bola-chaqam deb yashaydigan o'zbekning qulog'iga o'sha zamonlar “non”dan bo'lak so'z kirmaganini yaxshi eslayman. Bolalarini boqish ilinjida o'zini chor tarafga urayotgan xalqning qulog'iga “erkin so'z” aytish ho'kizning qulog'iga tanbur chertishday gap edi. Jamiyatda erkin so'zga ehtiyoj haminqadar bo'lgani uchun ham matbuotimiz darrovdan o'ta nochor ahvolga tushib qoldi. Keyin, oradan o'ttiz yilcha o'tib, zamon o'zgardi. Hukumat o'zgardi. Boshqacha aytsak, jamiyatdagi, hukumatdagi kuchlar nisbati o'zgardi. Shunda yangi hukumatning nazariga tushishni istagan kuchlar yana matbuotning qurol ekanini esga olishdi. Hukumat ham bu qurolga anchayin diqqat bilan razm soldi. U matbuot qay tarafga o't ochayotganiga qarab, jamiyatning og'riqli nuqtalarini anglashga va kerakli muolaja tadbirlarini boshlashga ehtiyoj sezar edi o'shanda.
O'shanda, ya'ni siz aytganingizdek, 5-10 yil burun go'yoki matbuotga munosabat “kuchli” bo'lgan. Tanqid bo'lsa, buni hukumat eshitardi, jamiyat munosabat bildirardi. Biron tarzdagi o'zgarish ham bo'lardi.
— Aytmoqchisizki…
— Ha, nahotki jamiyatda erkin so'zga ehtiyoj yo'qolgan bo'lsa, demoqchisiz-da. Sababini tushunayotgandirsiz. Hali-hanuz jamiyatimizdan kambag'allik ketgani yo'q. Bu — birinchi sabab.
Ikkinchi sababni ayta boshlasam, avvaliga ishonmaysiz. Darrovda ishonmasangiz ham, mayli, o'ylab ko'rishingiz uchun aytaman.
Gap shundaki, har qanday jamiyatda, hatto, eng qoloq, eng kambag'al, qornidan bo'lak tashvishi yo'q jamiyatlarda ham gapirishga va gap eshitishga ehtiyoj doim bo'ladi. Adabiyot ilmida buni sahnada turgan miltiq otilishi kerak, deydilar. Shunga muqoyasa qilib gapirsam, til sayrab turishi kerak. Qorni to'q jamiyatning och jamiyatdan farqi shundaki, birinchisi erkin so'z tinglashni, ikkinchisi vaqtni o'ldirishni xohlaydi, xolos. Mahalladagi xotinlar yaxshi biladigan haqiqatdan sizning ham xabaringiz bo'lsa kerak – vaqt o'tkazishning kallani achitmaydigan, yashashga xalal bermaydigan eng yaxshi usuli — g'iybat. Marhamat, bugungi ijtimoiy tarmoqlar shunday g'iybatlar makoniga aylandi. Gazeta-jurnal, kitob o'qib, boshni og'ritadigan fikr-mulohazalarga berilgandan ko'ra, besh-o'nta janjalkash, shantajchi, eng muhimi, g'iybatchi blogerning postlarini kuzatish avom uchun maroqliroq, aslida. Bunday postlarni o'qiyotgan, ko'rayotgan avomda ichki bir qoniqish hissi ham bo'ladi. Negaki, u postning egasi o'zidan aqlliroq, vijdonliroq emasligini ko'rib, bilib turadi. O'zini undan aqlliroq, vijdonliroq sanasa ham ajabmas. O'zingiz ham tan oling, kuyunchak jurnalistning gapini tinglab, Vatan kelajagi haqida qayg'urgandan ko'ra, o'zi kabi bir bechorani muhokama qilish osonroq, axir. Qolaversa, kuchlar nisbati ham teng bo'ladi.
Eng dahshatlisi shundaki, bugungi matbuotda aytilayotgan yaxshi fikrlar, tanqidiy mulohazalar, asosli xulosalar, o'rinli tanqidlar ijtimoiy tarmoqdagi blogerlarning ummon qadar keng g'iybati ichida erib, bilinmay ketmoqda. Elga ma'lum etilayotgan o'nta tanqidning to'qqiztasi asossiz bo'lsa, o'ninchisini ham e'tiborsiz qoldirish osonroq. Siz aytgan “va'da berib bajarmaydigan mutasaddilarga” shunisi ma'qul. Gazetada chop etilgan maqola besh-o'n ming mushtariyning qo'liga yetib borgunicha ijtimoiy tarmoqlarda necha yuz ming obunachiga yetib boradigan va “albatta e'tibor qilinishi lozim bo'lgan” yangi g'iybatlar urchiydi. O'sha “mutasaddilar” gazeta maqolasini ham o'sha g'iybatlarning biri sifatida ko'radi va e'tibor bermay qo'ya qoladi.
— Ha, internet hayotimizga ko'z ilg'amas tezlikda kirib keldi. Shu boiski, ayrimlar bosma nashrlarning kelajagiga u qadar ishonmayapti.
— Bilasizmi, bugungi nashrlarimiz orasida eng savodxonlaridan biri “Ma'rifat” gazetasi deb o'ylayman. Uning ehtimoliy o'quvchilari doirasi, ya'ni maktab o'qituvchilaridan iborat auditoriyasi ham yarim million kishi chamasida bo'lsa kerak. Shunga qaramay, gazetaning adadi o'n minggayam yetmaydi, juda kam. Qo'shimchasiga, ma'rifatning egasi bo'lgan dasti uzun tashkilot – Xalq ta'limi vazirligi undan yuz o'girib turibdi. “Ma'rifat”imiz bugungi kunda engagiga suyanib, zo'rg'a nafas olayapti. Erta-indin “joni chiqib” ketsa ham ajab emas.
Bugungi o'qituvchilar tizimdagi muammolar bir kunda yechilib qolmasligini, muammolar rahbariy tuzilmalar orasida o'zaro koptok bo'layotganini, amaliy yechimni juda uzoq kutishga to'g'ri kelishini sizu bizdan ko'ra yaxshiroq bilishadi. Bemorga hadeb kasalini gapiraversang, og'rinadi, axir. Shu boisdan ham bugungi “Ma'rifat”ning adadi pasayib bormoqda. Yaqin yillarda, balki, oylarda bu gazetaning chidam va sabot bilan jon berganini eshitib qolsak ajab emas. Bu “o'lim”ning yana bir sababi, o'zingiz aytganingizday, internetning yashin tezligiga mutaassiblarcha ishonuvchi maorif rahbariyati bo'lib chiqsa, ne tong?!
O'qiganim bor: o'tgan asrning 20-30 yillari AQShda ulkan iqtisodiy tanazzul yuz beradi. Minglab, millionlab zavodu fabrikalar yopilib, mamlakatning salkam yarim aholisi ishsiz qoladi. O'shanda mamlakat yo'llari bo'ylab, “Xaridorlar, Amerikani faqat siz qutqarib qolasiz!” degan shiorlar osilib turar ekan.
Inchinun, “Ma'rifat” gazetasi bosma nashr sifatida yashab qolishni xohlasa, nazarimda, shunga o'xshash yo'l tutishi, “O'qituvchilar, nashrimizni faqat siz saqlab qola olasiz”, degan murojaatini mahkam ushlashi lozim. Tabiiyki, shuning barobarida, u aynan o'qituvchilarga kerak bo'lgan axborotning bosh va ishonchli manbasiga aylanishi ham zarur.
Jumladan, boshqa nashrlar ham xalq ichidan o'z xaloskor o'quvchilarini topishi lozim.
— Rahbar doiralar, ayniqsa, mahalliy rahbarlarning gap-so'zlaridan, ular bilan bo'lgan suhbatlardan ma'lumki, ko'pchiligi matbuotdan uzoq. Gazeta-jurnal o'qishmaydi. Sizningcha, bugun bosma nashrlarni kim o'qiyapti?
— Lekin mening fikrimcha, rahbar doiralar, ayniqsa, aksariyat mahalliy rahbarlar matbuotni o'qimaydi hisob. Erinmasa, ularning matbuot kotiblari bir ko'z yugurtiradi. Keyin matbuotdagi chiqishlar to'g'risida rahbariga “hisobot” beradi. Bilasizmi u nima qiladi? U ayni shu rahbar hal qilishi lozim bo'lgan muammo ko'tarilgan maqolani, odatan, rahbariga ko'rsatmaydi ham! Deydiki, “Xo'jayinning asabi charchab turibdi, bunday ulug' zotni asrash kerak, bunaqa mayda-chuydalar bilan quyiroqdagilar shug'ullansin”. Quyiroqdagilarning esa masalani hal qilishga vakolati bo'lmaydi. Shu bilan muammo muammoligicha qolib ketaveradi. Uni yechadigan mard topilmaydi.
Jamiyatning buguni va ertasiga mas'ul bo'lgan rahbarlar o'qimayotgan bosma matbuotni oddiy xalq ham o'qimayapti, desam mubolag'a bo'lmasa kerak. Bu nashrlarning adadidan ham ma'lum. Deylik, sakson ming adadda chiqadigan gazetani shuncha kishi o'qiyapti, deb o'ylaysizmi? Yo'q, obunachilar uni bizning sohaga yo ishimga tegishli biron rasmiy yangilik bormikin, deb QARAB ChIQADI, xolos. Zinhor o'qishmaydi. Illo, mohiyatan olganda ham, yangilik o'qilmaydigan, balki xabardor bo'linadigan narsadir.
Aytaylik, “Hurriyat” singari yangilik emas, zalvorli fikrlar e'lon qilinadigan nashrlarga esa e'tibor juda past. Qachonki jamiyatimizda yangi fikrga ehtiyoj paydo bo'lsa, o'shanda sizning gazetangiz adadi oshadi. Boshqa iloji yo'q. Kutasiz. Faqat ungacha yashab qolish kerak.
— “Temiryo'lchi” gazetasida bir muddat bosh muharrir vazifasida faoliyat yuritgansiz. Ma'lumki, temiryo'llarni mamlakat qon-tomiri deyishadi. U yerdagi sharoit ham harqalay yomon bo'lmagandir? O'sha paytlardagi muhit, ish jarayonlari bilan o'rtoqlashsangiz. Umuman, bosh muharrirlik davrlaringizni sog'inasizmi?
— Garchi, temir yo'lda ishlagan chog'larim juda ko'p yangi va yaxshi do'stlar orttirgan bo'lsam ham, ochig'i, men u davrlarni noxushlik bilan eslayman. Aytganingizday, temir yo'l katta tarmoq, muammolari ham katta edi. Lekin ularni ko'tarish mumkinmas edi. Gap mening yo muxbirlarning qo'rqoqligida, rahbarlarning tanqidga hushi yo'qligida ham emas. Har qanday muammoning ildizi kavlab ko'rilsa, bu albatta tizimga borib taqalardi. Tizimni esa tanqid qilish mumkinmas edi. Deylik, biron joyda kattadir-kichikdir xatolik yuz beradi. Shuni yozish mumkinmi, farazan, albatta yozish mumkin. Faqat, kattalarga tegib ketmasin, degan KIChKINAGINA BIR ShART qalamingizning orqasidan tutib turadi, xolos. Asosiy aybdor qolib, strelkachini gunohkor qilishga esa vijdon chidamaydi. Yaxshi ishlarni maqtab yozish mumkin edi. Nachora, shunday qilardik ham. Men ishlagan davrlarda temir yo'l tizimida yangi ko'priklar, yo'llar qurildi, tezyurar poezdlar keltirildi, ishga tushirildi. Shularni yoza boshlaganimizdanoq ularning hammasi “mamlakat rahbariyati tomonidan olib borilayotgan, izchil va uzoqni ko'zlagan siyosat namunasi ekanligi”ni ko'rsatish majburiyati ostida qolardik. Maqolaning boshiga shularni yozmasak, bo'lmasdi. Alal-oqibat, boshlanishi yolg'on maqolaning davomi ham o'trik-o'shakka qorilib chiqardi. Bunday chalao'lik maqolani uch marta yozganingdan so'ng to'rtinchisiga yurak betlamay qo'yadi… O'zing yozolmagach, boshqalardan ham talab qilolmaysan. Xullas, temir yo'lda ancha umrim behuda sovurilgan.
Ta'kidlab qo'yayin, bu holat faqat temir yo'lga emas, umuman boshqa tizimlariga ham xos bo'lgan. Bugungi kunda ayrim maqolalarni o'qir ekanman, rahbar ketgani bilan tizim ketmagan, deb qo'yaman. Shunisi og'riqli.
“Bosh muharrirlik davrlaringizni sog'inasizmi”, degan so'zingizga kelsam, o'ttiz besh yil burun o'tib ketgan onamni, o'n yillar burun chin dunyoga rixlat qilgan otamni, meni bu dunyoga yolg'iz tashlab ketgan chin do'stlarimni sog'inaman. Xayolan o'sha davrlarga qaytib, bir muddat baxtiyor bo'lamanu, yana bu o'ng dunyoga qaytsam, bo'g'zimni alam va armon bo'g'ib oladi. Mana shu haqiqiy sog'inish. Olis yurtda o'qib, keyin o'sha yurtda ishlab qolgan o'g'limni sog'inaman, garchi, u bilan har kuni telefon orqali soatlab gaplashsam ham. Bu ham o'sha siz aytgan insoniy dard. Ammo bosh muharrirlik davri emas. Bosh muharrirlikni keyinchalik sog'inadigan darajada yaxshi ko'rganimda, hozir ham o'sha lavozimdan ketmagan bo'lardim.
— Bugun siz ham ishlayotgan “Ma'naviy hayot” jurnali chin ma'noda ma'naviy ozuqa beradigan, o'quvchining ma'naviy didini oshiradigan nashrlardan sanaladi. Afsuski, uningda o'quvchilari kam. Buning ustiga jurnal ijtimoiy tarmoqlarda ham deyarli targ'ib qilinmas ekan…
— “Ma'naviy hayot” jurnali bugungi O'zbekistonimizda eng saviyasi baland nashrlardan biri. Maqolalari zalvorli, dizayni a'lo, bosma sifati oliy. Biroq aytganingizday, adadi juda kam. Buning sababi haqida juda ko'p o'ylaganman. Javob ham topgandayman.
Obunachilar kamligining birinchi sababi yuqorida ko'p aytildi, bugungi bosma nashrlarga umumiy munosabat bilan bog'liq. Lekin nazarimda, faqat shuning o'zigina emas. Nazarimda, biz ma'naviy hayotimizga bog'liq eng dolzarb mavzularni topa olmayotganday, topganlarimizni ko'ngildagidek yorita olmayotgandaymiz. Biz topgan mavzular esa o'quvchilarimizga judayam qiziq emasday. Masalan, bugungi o'zbek qo'shiqchiligi mavzusini olaylik. Uning ma'naviy hayotimizga daxl qiladigan darajada ulkan kuchga ega ekanligini bilamizmi? Bilamiz. Millatning musiqiy va axloqiy saviyasini buzayotganini bilamizmi? Bilamiz. Biroq shu sohaning ichki hayotini yoritib bera oladigan jurnalistlarimiz yo'q. Lingir-lingir qo'shiqlarning qaerdan paydo bo'lib, qay yo'sinda mashhur bo'layotgani mexanizmini ochib beradigan, ommaviylik ommaboplikka, keyin hammaboplikka, undan ham keyin bozorboplikka yo'l ochishini, bozorga “mol” olib chiqayotgan qo'shiqchilarimiz esa betakror Abdulla Qodiriy aytgani kabi, “bozorga bo'laveradi” tamoyilida ishlashini aniq va yorqin misollar bilan yoza oladigan didli va savodli muallif topolmaymiz. Yoki bo'lmasam, o'zbek kinosida bugun yuz berayotgan jarayonlar millatimizning ertangi kuniga daxl qiladimi? Albatta, qiladi. Chunki kino yoshlarni tarbiyalaydi. Bu oddiy haqiqat. Shuni yoritib bera oladigan jurnalistlarimiz bormi? Yo'q. Aniqrog'i, yozaman deganlar ko'p, professionallar yo'q…
Bilasizki, bizda ma'naviyat va ma'rifatga mas'ul bo'lgan tashkilotlar, mutasaddilar bor va soni ko'p. Hatto, hokimlarning ham shu sohaga bevosita javobgar o'rinbosari bor. Lekin cho'pon ko'p bo'lsa, qo'y harom o'ladi, deganlaridek, ma'naviyatning asl egasi yo'q. Yanayam aniqrog'i, ma'naviyatga bo'layotgan tahdidlarni oldindan ko'rib, tahlil qilib, shunga qarshi chora ko'radigan mas'ul yo'q. Mas'ul deb tan olinadigan tashkilotning esa suprasi quruq, vakolati maslahat berishdan nariga o'tmaydi. Ja, oshirib yubordingiz, demang, yo'qsa, hech bo'lmasa, mamlakatning Prezidenti aytgandan keyin mutasaddilar “Ma'naviy hayot” degan jurnal borligini bilib, odamlarni shunga obuna bo'lishga targ'ib qilgan bo'lardi. Prezidentimiz eng yuksak minbardan turib bong urdi, shu jurnalga obuna qilinglar, dedi. Pastdagilar xo'p-xo'p deyishdi. Keyin yana hammasi eski iziga tushib ketdi.
Bu va bunga o'xshash jurnallar, “Hurriyat” kabi gazetalar Prezidentimizga, xalqimizga kerak. Chunki xalqning ko'zi ochilmasa, jamiyat, albatta, jarlikka qarab boraverishi eng yuqoridan juda aniq ko'rinadi, deb o'ylayman. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari deyarli har chiqishida matbuotni targ'ib qiladi. Lekin…
— Xo'sh, o'zingiz qaysi nashrlarni kuzatib borasiz? Qaysi gazeta-jurnallarning muxlisisiz? Va nima uchun aynan ularni mutolaa qilasiz?
— Endi juda og'ir savol berdingiz. Menday gazetachilikda suyagi qotgan odamning gazeta-jurnal o'qishi juda qiyin ekanini tushunarsiz?
Avvallari “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasini kuzatib borishga harakat qilardim. Adabiyotda yangi voqea, yangi ovozlar paydo bo'lsa, bexabar qolmay, degan ma'noda. Hozir esa bu gazetadan yangilik qidirmay qo'ydim. Chunki adabiyotdagi yangi voqea, yangi ovoz bu gazetadan oldin ijtimoiy tarmoqda paydo bo'ladi. Ancha o'tib, ularning yangiligi eskilikka aylanib ulgurgandan keyingina mazkur gazeta bularni bosadi. Ammo hozir ham ushbu gazetani imkon boricha kuzatib borishimning yagona sababi doimiy kutadiganim — yangi voqea, yangi ovoz professionallar orasida qanday talqin topar ekan, degan qiziqishim tufayli. Afsuski, bu ehtiyojim ham allaqachonlardan buyon qonayotgani yo'q. Yaxshi bir shoir paydo bo'lsa, yangi va yaxshi bir asar tug'ilsa, u haqda professional adiblar, adabiyotshunoslarning fikr-mulohazalari berib borilsa, bahsu munozaralar uyushtirilsa, deb orzu qilaman. Afsuski, bizning jurnaldagiga o'xshab, yo yozadigan odam qolmadi, yo gazeta xodimlari shunday yozarmanlarni izlab topishga erinadi.
Mayli, “Ma'naviy hayot”, “Tafakkur”, “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti” kabi adabiy nashrlarning muammolari spetsifik – o'ta maxsus, ular adabiyotimizning bugungi umumiy ahvoliga hamohang, qachondir adabiyotimiz gurkirab rivojlanib ketsa, bu nashrlar ham darhol qaddini rostlab oladi, deylik. Lekin nega “Hurriyat” kabi hech sohada cheklanmagan nashrlarimizning adadi ham kam?!
Demak, muammoning sabablari bitta-ikkita emas.
– Jamiyatdagi noshirlik, kitobxonlik madaniyati va mutolaa haqida fikrlaringiz. Bugun bu sohada xususiy nashriyotlar ko'payib ketdi. Nima deb o'ylaysiz, ayni davrda o'quvchining chanqog'ini bosadigan adabiyotlar nashr etilyaptimi, o'zi o'quvchida kitobga nisbatan chanqoq bormi?
– Keyingi o'ttiz yilda bizda kitobxonlik madaniyati juda pasayib ketgani oydin haqiqat. Birinchi sababi, yuqorida aytib o'tganim. Odam oldin qornini to'ydirib, keyin kitob o'qiydi. Agar qorni och bo'lsayam kitob o'qiydiganlar bor bo'lsa, bular havaskor adib va yo kelajakda shuni orzu qiladigan kishilardir.
Ikkinchi sababi esa, o'tgan davr ichida o'qishga arziydigan asarlarning juda kamayib ketganiga bog'liq. Bizda hozir yaxshi asarlar bo'lmasa ham, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o'qish imkoniyati oldingi davrlarga nisbatan oshdi-ku, deyish mumkinday. Biroq odamning tabiati shundayki, avval o'ziga qaraydi, keyin atrofga. O'zida hech narsa topmagan kishining atrofdan izlashiga unchalik ham ishonavermang. O'zingda yo'q, olamda yo'q, degan maqolni o'zimizning o'zbeklar to'qigan.
O'zining adabiyotida o'zining hayotini ko'rmagan kitobxon boshqalarning adabiyotidan o'zini izlab o'tirmaydi. Bu kunday ravshan haqiqat. Ishonmasangiz, do'stlaringizdan “Urush va tinchlik”ni o'qiganmisan, deb so'rang, yarmi bosh chayqaydi. “Ikki eshik orasi”ni-chi, deb so'rasangiz, tasdiq ma'nosida bosh irg'aydiganlar necha barobar ko'p bo'ladi. Holbuki, Lev Tolstoy jahonning eng buyuk yozuvchilaridan biri, rahmatlik O'tkir Hoshimov esa o'zbekning yaxshi yozuvchisi edi, xolos. Ya'nikim, hamma odam kitobdan o'zini qidiradi – men bilgan eng oddiy va oliy haqiqat shu.
Bugun sohaga xususiy nashriyotlar ham kirib keldi, deb aytasiz. Xususiy nashriyotlar paydo bo'lganiga o'ttiz yildan oshdi. O'quvchining chanqog'ini bosadigan adabiyotlar esa hamon yo'q. Demak, gap bunda emas.
Mana, yaqinda yosh yozuvchi Javlon Jovliyevning “Qo'rqma” kitobi mashhur bo'ldi.
– Ha, shu haqda so'ramoqchi bo'lib turgandim. Ijtimoiy tarmoqda “Qo'rqma” haqidagi mulohazalaringizni o'qigandim…
– Badiiy jihatdan ancha nochor, fabulasi, syujeti, kompozitsiyasi o'ta g'arib, ko'targan g'oyalari yangi ham, original ham bo'lmagan, tili yaxshidan ko'ra g'alizga ko'proq tortadigan bu kitobni nega yoshlar qo'ldan qo'ymay o'qiyapti? Chunki, ta'kidlab aytaman, keyingi yuz yillik, ayniqsa, oxirgi o'ttiz yillik hayotimiz haqidagi ulkan adabiy bo'shliqni qisman to'ldirdi bu roman. Yomon yozilsa ham, haqiqat yozilgan kitob bu. Shunisi bilan qimmatli u. Nazarimda, yoshlar bu kitobni navbatdagi oddiy bir asar deb emas, o'zlarining hayotini tahlil qilishga yaratilgan imkon sifatida qabul qildi, shuning uchun ham uni o'qishayotir.
Unutmang, bu kitobni kattalar deyarli o'qiyotgani yo'q. Yoshi kattalar uni qabul qilisholmaydi ham. Chunki bu yerda psixologik dilemma bor. Badiiy kitobni o'qish, uni ruhan qabul qilish degani hamdir. Kattalar bu kitobni qabul qilolmasligining sababi undagi zamonga, zamon odamlariga qo'yilgan ulkan ayblov. Bu ayblovni ruhan qabul qilish kattalar uchun o'tmish hayotining ustiga chiziq tortish bilan barobar. Yaxshimi, yomonmi, yashading, axir. Endi undan birgina kitob tufayli voz kechish osonmi?! Yoshlar esa bunday ruhiy bosimdan xoli.
— Mushtariylarimizga tilaklaringiz.
— Men har qanday gazetani (adabiy nashrlardan tashqari) ko'pi bilan o'n daqiqa o'qiyman. Kamida bir soat o'qish mumkin bo'lgan gazeta topsangiz, albatta, obuna bo'ling deyman.
Abdulaziz AHMEDOV suhbatlashdi.