O'z xalqini rozi qilmoq ulug'larning ishidir (Ustozga bag'ishlovlar)
Bu bitik yo bag'ishlovlar turfa holat, turli vaziyatlarda yozilgan. Ba'zan bir kayfiyat bois, ba'zan esa ustozning o'zi “bir kunda to'rt fasl kechar boshimdan” deya e'tirof etganiday, bir sabab bo'lib yo'l-yo'lakay qog'ozga tushgandir. Masalan, “Sovg'a” degan she'r ustozning Yaponiya safaridan bir olam taassurot va zavqu shavq bilan qaytib kelganlaridan keyin, shu zavqu hayajonlar og'ushida, biz – bir necha shogirdlariga yaponcha ruchka tuhfa qilganlari asnosida yozilgan edi. Aytmoqchimanki, xoh ikki qator, xoh to'rt satr bo'lsin – har bir she'rning o'z mo''jaz tarixi va tarjimai holi bor…
Bu turkumdagi eng muhim, ayni paytda eng dardli va armonli nuqta – “Ma'naviyat me'morlari” parchasida aks etgan deb o'ylaymiz. Boisi yangi zamon Bunyodkori bino etgan bugungi davru zamonlarni ulug' ustozlarimiz ham orzu etgan edilar.
Ustozlar yodi — xotirasi dillarimizda, ularning ko'rmay ketgan kunlari haqi shu kunlarning qadriga yetaylik, aziz vatandoshlar.
Sirojiddin SAYYID,
O'zbekiston xalq shoiri
El aro doim ziyo birlan
maorif bo'lgusi –
Bitta farzandi agar
Abdulla Orif bo'lgusi.
2011
* * *
(Ustoz she'riga)
Birinchi muhabbatim,
Og'rir dil, muhabbatim.
Birinchi muhabbatim –
Oxirgi muhabbatim.
2014
MA'NAVIYaT ME'MORLARI
(“Bedorlikning yo'l xaritasi”
dostonidan)
…Bir Vatankim, poyoni yo'q,
ko'rinmaydir adog'i,
Yurt binosin qurgan zotlar,
jonlar Sizga sadog'a!
Ostonadan boshlangaydir
asli ta'lim-tarbiyat,
Axloq-odob darslari ham
ma'rifat, ma'naviyat.
Qirq besh kunda paydo bo'lmish
ko'z oldingda zap shahar,
Bu mo''jiza qaydan keldi,
o'yladingmi, hamshahar?
Toshkitoblar bitgan qadim
tosh mahallar aytsinlar,
Hazrat Bobur gapirsinlar,
Tojmahallar aytsinlar.
Dunyodir bu ‒ turfa odam,
pastu baland turmushdir,
Kimlar Rasadxona, kimlar
hasadxona qurmishdir.
So'z binosin qurgan zotlar,
jonlar Sizga sadog'a,
Ustoz Abdulla Orif ham
Chingiz Aytmatov og'a!
Siz eng qiyin zamonlarning
zaqqumlarin yutgansiz,
Elingizga shon keltirib,
el uchun jon tutgansiz.
Go'yo hargiz o'lmagansiz ‒
xuddi issiq nafasday,
Suratlardan qaraydirsiz
Alpomishday, Manasday.
O'xshaydirsiz mangu so'nmas
ma'naviy quyoshlarga,
Buyuk ibrat maktabisiz
Siz bugungi yoshlarga.
…Uch ming, to'rt ming xonadondan
taralgay mehr isi,
Besh yuz chevar qiz-juvonning
yorishganda chehrasi.
Ne-ne zulmat asrlarni
qalamim-la ag'dardim,
Men she'rimga nur-ziyoni
shu uylardan axtardim.
Bitsaydim gar Termizdan to
Zomin, Shumanay qadar,
Zavqu shavqim, hayratlarim
bo'lgaydi yuz ming daftar.
* * *
Dunyodir bu – turfa olam,
pastu baland turmushdir,
Kimlar Rasadxona, kimlar
hasadxona qurmishdir.
Bir Vatankim, poyoni yo'q,
ko'rinmaydir adog'i,
Yurt binosin qurgan zotlar,
jonlar Sizga sadog'a!
Obod qishloq, bir ko'changda
qancha ko'rku tarovat,
Qancha orzu-havas ko'rdim,
qancha fayzu farog'at.
Bir go'shangda duo aylar
mushfiq onajonlarim,
Qanot yozsin, ulg'aysin deb
murg'ak polaponlarim.
Oilang tinch, Vataning tinch,
demak, uxla bolam, tinch,
Shirin, sokin tushlaringday
bo'lsin ro'yi olam tinch.
Shavkatli el farzandisan ‒
duogo'ying shu eldir.
O'z elingga sha'n keltirgil,
sharaf keltir, shon keltir.
Bir ko'ngilni shod aylamoq
mushkul erur bag'oyat,
Butun elni obod qilmoq
mardlikdir ham matonat.
Bu xislatlar poyqadami
qutlug'larning ishidir,
O'z xalqini rozi qilmoq
ulug'larning ishidir.
23.07.2018 y.
SOVG'A
Dunyoning yarmisi ‒ nur va ziyodan,
Yarmi ‒ yozuv-chizuv, yarmisi ‒ g'avg'o.
Qalam keltirdingiz Yoponiyodan,
Dedingiz: Bu mendan sizlarga sovg'a.
Olam musofirlar bilan bedordir,
Sayyohlar ichra ham siz mullo, aka.
Dunyoning eng go'zal qismi diydordir,
Diydor qutlug' bo'lsin, Abdullo aka!
Bunday payt ko'rgali do'stu yoron ham
O'g'illari kelgay, qizlari kelgay.
Sizdan, quchoq ochib peshvoz olgan dam,
Yapon yomg'irlarin islari kelgay.
Biz-chi, biz qalamni cho'ntakka urdik,
Go'yo bo'y qo'shildi qad, bo'yimizga.
Olis ellar haqda suhbatlar qurdik,
So'ngra tarqab ketdik uy-uyimizga.
Shoirlik nimadir?
Dard bilan hijron.
Qalam ham bir neni ilg'asa kerak.
Biz uxlab qolganda, tunlari pinhon
Bildirmay yaponcha yig'lasa kerak.
2003
EHTIROM
Jahon bo'lmas muhoribsiz,
zamon bo'lmas muxolifsiz,
Yashab bo'lmas bu dunyoda
vale she'ru maorifsiz,
Kim aytur endi yayrabsiz,
kim aytur endi horibsiz,
Hamon Abdulla Orifsiz,
hamon Abdulla Orifsiz.
Tumanlar, barcha yomg'irlar,
fasllar suhbati ichra,
Jununlar, iztiroblar ham
asrlar suhbati ichra,
Qasrlar hay'ati ichra,
vazirlar suhbati ichra
Ayon Abdulla Orifsiz,
hamon Abdulla Orifsiz.
Bu yo'llardan necha ustoz,
necha sohibkalom o'tgan,
Ulug' Shayxzoda ham Oybek,
ulug' G'afur G'ulom o'tgan,
Ularning nomu yodin ham
bayotin bardavom etgan,
Nishon Abdulla Orifsiz,
hamon Abdulla Orifsiz.
Havolar, sarzaminlarda
bu she'riy kayfiyat bordir,
Vatan bordir Vatanda to
bu yanglig' she'riyat bordir.
Bu yanglig' she'riyat to bor,
Vatanda qadriyat bordir,
Makon Abdulla Orifsiz,
hamon Abdulla Orifsiz.
Tuzumlar uzra chaqnab,
ko'kda chaqmoqlarni so'ndirgan,
Muhit devorlariga dil
bilan chechaklar undirgan,
Ko'mir dillarni kuydirgan,
temir yillarni sindirgan
Fig'on Abdulla Orifsiz,
hamon Abdulla Orifsiz.
Bu she'rlar yangragan uylar
chirog'ida Vatan bo'lgay,
Ularni yodlagan avlod
sabog'ida Vatan bo'lgay,
Dilu jonu qabog'i ham
qarog'ida Vatan bo'lgay,
Zamon Abdulla Orifsiz,
hamon Abdulla Orifsiz.
Ulug' kunlar bahorida,
tiriklikning nahorida,
Ulug' el birla dardlashgan
ulug' zotlar qatorida,
Jahon ahliga yuz tutgan
bu o'zbeklar diyorida
Jahon Abdulla Orifsiz,
hamon Abdulla Orifsiz.
2001
ONAMNING KULChALARI
Keltirdi tong chog'i bir
sabo va bir qush xabar:
Ochilmish bahorning ilk
boychechak ‒ gulchalari.
Lekin men uchun eng zo'r,
eng quvonchli xushxabar ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Ming chaqirim yo'l bosib
kelgan sovg'a-salom bu,
Mehr bilan boylangan
to'sha-tugunchalari.
Har biri quyosh yanglig'
charaqlagan olam bu ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Porlab ketar ro'zg'orim,
yorishgay iliq-iliq
Ko'nglimning muzlab yotgan
eng tiyra go'shalari.
Har gal umid keltirgay,
keltirgaydir tiriklik ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Ayriliq, hijronlarga
to'lug' umrim maktabi,
Ravshan tortgay uning eng
zim-ziyo ko'chalari.
Qirq yilkim taskin bergay
eng tansiq diydor kabi ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
‒ Onangdan xabar olgil,
Siroj sen tez-tez borib…
Firoqlardan kichraygan
jussasi, qo'lchalari,
Sizni ko'ziga surtgay
ustoz Abdulla Orif,
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Qismatimdan shodmanu
ammo Vaqtdan xafaman,
Yuzimga urilganda
ko'klamning do'lchalari,
Sizning nazdingizda lek
men hamon talabaman,
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
Umr ber ham sog'lik ber,
nur bergil ko'zlariga,
Xudoyim, bir ayolga
dard, zahmat shunchalarmi?
Mehru sog'inch bobida
o'xshaydi o'zlariga ‒
Onamning kulchalari.
Onamning kulchalari.
2015
SOMONChILAR
Ajabmas, erta kun bir shoir ukam,
She'rlar yozib yursa Somon yo'lida.
Abdulla Oripov
Ustozlar So'zda ham xokisor quldek,
Tuproqdan izlashgan armonlarini.
Bizlar o'zimizcha zabt etib bo'ldik,
Changitib she'riyat osmonlarini.
Somon yo'llarida yuribmiz, mana
Falak burjlaridan irjaymoqdamiz.
Ko'kda Zuhrodan ham so'rab ko'rmana,
Goh hiringlab, goho tirjaymoqdamiz.
To'lin oy agarchi bizga choy damlab,
Bulutni to'shakka aylantiroldik.
Bizlar bir holatda ketdik balandlab:
Biz so'zni xashakka aylantiroldik.
Tuproqqa qorganlar dil xirmonini,
Yerdan olgandirlar she'rga ham ixlos.
Ustozlar yiqqanlar So'zning donini,
Bizlar somon tashib yuribmiz, xolos.
2007
* * *
Oxir muxoliflar horib bo'ldilar,
El-yurt so'z fahmiga borib bo'ldilar.
Sizning she'ringizdan, Abdullo aka,
Qancha Abdullalar orif bo'ldilar.
2001
* * *
– Rozi bo'lgaysizmi, – derdi
keksa ustoz ko'zda nam, –
Mendin o'zga barchangiz
hazrat Navoiysiz desam?..
2011