Bir yigitning qirq birinchi hunari

Xalq maqollarini isloh qilishga aslo hojat yo'q. Ular asrlar sinovidan o'tib, qayta-qayta sayqallanib bizlargacha yetib kelgan. Lekin zamona zayli bilan qaysidir ota maqol kundalik hayotimizda noto'g'ri talqin qilinayotgan ekan, aybni avvalo o'zimizdan qidirishimiz kerak. Binobarin, mamlakatimizda shiddat bilan davom etayotgan o'zgarish va yangilanishlarga quyuq soya solayotgan qator kamchiliklarning bosh aybdori – turli jabhalarda “javlon urayotgan” noprofessional kadrlarning kasofatiga “Bir yigitga qirq hunar oz” degan maqolni ro'kach qilish adolatdan bo'lmas. Maqolda odam bolasi bitta kasbning etagidan mahkam tutsin, ayni paytda, ehtiyoj tug'ilganda qirq hunardan boxabar bo'lsin, shunda hayotda qoqilib-surilib yurmaydi, degan hikmat mavjud. Bu esa mo'may pul topish uchun har maqomga yo'rg'alayverishni anglatmaydi. Afsus­ki, bugun ko'pchilik ana shu oddiy haqiqatni unutib qo'ydi.

O'zbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev (Xudo rahmat qilsin u kishini) biror-bir tadbirga borganda, ko'ngildagiday shart-sharoit, tayyorgarlikni ko'rsa, zavqi toshib ketganidan, “Bu yerda kadrlar joy-joyida ekan!” der edi. Keyingi yillarda dillarga mamnunlik baxsh etuvchi ana shunday o'ktam xitobni sog'inib qolayapmiz.

Bir yumush bilan hovlimizga yaqin ko'cha muyulishida ochilgan dorixonaga kirib, peshtaxta ortida o'n yillar oldin bir idorada huquqshunos bo'lib ishlagan tanishimni ko'rib qoldim.

– Ey, yurgan ekanman ishimni topolmay. Hozir shunaqa dorixonadan to'rttasining sohibiman, – dedi u hol-ahvol so'rashib. – Mutaxassislik borasida muammo bor edi, keliningiz o'qib, diplom oldi. Bir qiz, bir o'g'lim shu hunar izidan tushdi, o'qishayapti…

Tanishimning izohlari haytovur shubha-gumonga o'rin qoldirmadi. Hujjatlar to'g'ri bo'lgani yaxshi, lekin mutaxassis pand berib qo'ysa-chi? Shu muammolarning yechimini o'ylabdi, baraka topsin. Huquqshunos, baribir, huquqshunos-da! Xo'sh, boshqa sohalarda ahvol qanday? Menimcha, juda zo'r emas. Qurilayotgan ayrim binolar, ko'priklarning qulashi, boshqa ob'yektlardagi turli nosozliklar… Ta'lim, sport, matbuot, xalq xo'jaligining qator sohalarida nomutaxassis kadrlar qanday o'rnashib olgan?

Yana bir hayotiy misolga to'xtalaman. Bir bola qishlog'idan chiqqan mashhur shoirga havas qilib, Toshkentda o'qidi. Shoir-ku bo'lolmadi, bir muncha vaqt gazetada ishladi. Gazetaning qattiq noniga qanoat qilolmay tovlamachilikka qo'l urib, qamalib ketdi. Uyoqdan qaytgach, savdo-sotig'u boshqa har xil ishlarda o'zini sinadi. O'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas:yana tez boyish ilinji uni ikkinchi marotaba sudlanishiga va jazoni o'tashiga sabab bo'ldi. Gapning indallosi, bugun shu odam ta'lim sohasida kichik amaldorlardan biri desam, ishonasizmi? Ajabki, u betizgin orzu-havaslarining ro'yobini shu tizimda topdi. Turish-turmushi, topish-tutishi uncha-muncha haqiqiy mutaxassisnikidan a'lo!..

Afsuski, bunday havaskorlik va havaskorlar urchib borayapti-da. “Havaskor shoir”, “Havaskor aktyor”, “Havaskor quruvchi”, keyingi paytlarda ancha shov-shuv bo'lgan soha – blogerlar safida ham “Havaskor jurnalist”lar! Aslida buning hech yomon jihati yo'qdek (Kimning kimda (nimada) ko'ngli bor, qo'yavering o'ynasin!) shunday qo'shiq bo'larmidi?! S.R.). Alam qiladigan joyi, ayrim hollarda ana shu havaskorlik bilan nom qozonganlar soha professionallarini, chin mutaxassislarni “bip-binoyi” boshqarishayapti-da! Bunga dalil keltirishga hojat bormi?

UNUTILGAN QAROR VA YaNGI KO'RSATMA

Mashhur yozuvchimiz Ne'mat Aminovning “Yolg'onchi farishtalar” asarida sho'rolar davrida turli sohalarga rahbarlar partiyaviyligiga qarab tanlanganligi hajv qilingan. Bugun esa kadrlarning tashkilotchilik, tadbirkorlik salohiyatiga ko'proq e'tibor qaratilayotgandek bizning nazarimizda. Albatta, rahbar uchun bu sanalgan fazilatlar juda muhim. Lekin shunday fazilatdorlarni tegishli sohalar vakillari orasidan izlansa yanada maqsadga muvofiq bo'lmasmikin? Qolaversa, tadbirkor, ishbilarmon, tashabbuskor deb siylanganlar ham juda ishonchni oqlab, qoyil qilayotgani yo'q. Misol uchun uzoqqa bormaylik, davlatimiz rahbarining mamlakatimizda ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishidagi nutqini xalqimiz, ayniqsa, soha vakillari e'tibor bilan tingladi. Ma'ruzada bizlarni anchadan buyon o'ylantirib kelayotgan bir qator muammolar ro'y-rost ochib tashlandi. Eng muhimi, bularning ma'naviy, hatto iqtisodiy yechimi ham belgilab berildi.

Misol tariqasida aytadigan bo'lsak, shu vaqtgacha davlat hamda jamoat tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlik qoniqarli darajada bo'lmagan. Bu esa barcha kuchlarni yagona maqsad yo'lida bir o'zanga jamlash imkonini bermasdi. Xususan, farzandlarimizni bilimli, har tamonlama komil inson etib tarbiyalashga mas'ul bo'lgan o'quv muassasalarining o'quvchi va ustozlari adabiy-badiiy jurnallar bilan tanishish imkonidan, demakki, mutolaa zavqidan, bugungi zamonaviy adabiyotimizning bebaho ta'siridan benasib bo'lib kelayotgandi. Prezident bu kemtikni to'ldirish vositasi sifatida “Ma'naviy hayot”, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” jurnallarini har bir maktabga, mahalla va oliy o'quv yurtlariga yetib borishini ta'minlashni mutasaddilarga vazifa qilib belgilab, shunday dedi: “Agar kimdir ma'naviyat masalasini bu faqat Ma'naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralar ishi, deb o'ylasa, xato qiladi. Bularning barchasi oldimizda turgan eng asosiy, eng muhim vazifalardan biridir”.

Mana oradan muayyan vaqt o'tdi. Topshiriq ijrosi bo'yicha mutasaddi tashkilotlar chora-tadbirlar ishlab chiqayotganiga aminmiz. Chunki turli idoralardan tahririyatga ham shu masala yuzasidan qo'ng'iroqlar bo'ldi. Savol-javoblardan anglashildiki, rahbar tomonidan qo'yilgan vazifaning ijrosi ijrochilarni biroz o'ylantirib qo'ygan. Ma'lum bo'lishicha, hukumatimizning o'tgan asr to'qsoninchi yillari oxirida imzolangan tegishli qarorida qish­loq joylaridagi ta'lim muassasalarini respub­lika miqyosida chop etiladigan o'n turdagi ommaviy axborot vositalariga mahalliy byudjet hisobidan obuna qilish haqida ko'rsatma bor ekan. Xo'sh, yigirma yildan ziyod vaqt mobaynida bu qaror, bu ko'rsatma kimning manfaatiga xizmat qilib kelayapti? O'quvchi, talaba farzandlarimiz va ularning ustoz-murabbiylari uchun emasligi aniq. Yo'qsa, yuksak minbarda ma'naviyatimizning og'riqli nuqtalaridan biri sifatida bu masala tilga olinmas edi.Bu borada ham aksariyat havaskor mutasaddilar asl maqsadga emas, shaklan risoladagiday, mazmunan shaxsiy manfaat, jig'ildon uchun ishlab kelgan desak yanglishmaymiz. Afsuski, bunday yondashuv hali-hanuz davom etmoqda.

SULTON SUYaGINI XO'RLAMAS

Taraqqiyot ildiziga bolta urayotgan illatlardan biri jamiyatda qarindosh-urug'chilik, tanish-bilishchilikning bolalab ketganligidir. Bu illat korrupsioner amaldorlarning yaqinlariga nisbatan mehr-saxovat tuyg'ulari haddan ziyod ijtimoiy-siyo­siylashuvi natijasi desak xato bo'lmaydi. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, hatto ijodiy tashkilotlardagi maoshi katta, xizmat mashinasiga ega bo'lgan shtat o'rinlari ham dasti uzun amaldorlar tomonidan “zabt etilmoqda”. Izini surishtirsangiz, siylangan mardum, turli “yog'li joy”larda yallo qilib yuraverganidan diydasi qotgan to'qimtabiat kimsa bunday maxsus vazifaga ham mutaxassisligi yuzasidan umuman noloyiq bo'lib chiqadi. Shunaqa ekan, ijodkorlik talab qilinmaydigan bu yanglig' joylarga butun umrini, o'zini, bor hayotini o'zbek adabiyoti, san'ati ravnaqiga baxsh etgan xokisor ijodkorlarni qo'ysak bo'lmaydimi? Bo'lmaydi! Chunki… “Voy orqam”, deb yig'lagan ekan bechora. Unga nima bo'ldi orqangga deyishsa, shu orqam yo'q-da, bo'lmasa 40 yildan buyon mol   boqib yurarmidim, degan ekan.

Tan olish kerak, keyingi yillarda bir qator ezgu tashabbuslarga guvoh bo'ldik. Xususan, turli hokimlik, vazirlik va boshqa davlat idoralarida jamoatchilik bilan ishlash bo'yicha axborot xizmati rahbarlarining mavqei o'rinbosar darajasiga ko'tarildi, davlat tili siyosatini yurgizish uchun esa alohida maslahatchi lavozimi joriy etildi. Agar hisoblab chiqilsa, bu respublika miqyosida ancha-muncha ish o'rni degani. Biroq shunday mas'uliyatli vazifaga munosib kadrlar topish muammosi zudlik bilan, axborot, til sohasida yetarli bilim, tajriba va salohiyatga ega sanoqli mutaxassislar “bezovta qilinmagan” holda hal etilgani shubhali. Tanlangan kadrlarning o'z o'rniga munosib yoki munosib emasligi esa ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar va iste'molchilarning javobsiz arzu shikoyatlaridan bilib olish mumkin. Masalan, bir necha oydan buyon iste'molchilar yangi qo'yilgan gaz hisoblagich uskunasi sifatsiz, asossiz ravishda ko'p haq yozayotganidan nolishadi. Taassufki, ularga ikki jumla yoki izoh berishi lozim bo'lgan moyanadorlar loaqal churq etishmaydi. Hamma sohada islohotlar shaffof, ochiq va oshkora o'tishini nazorat qiladigan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xalqaro anjumanlarda malakasini oshirib bo'lgach, oxir-oqibat, bu masalalarga ham e'tibor qaratarmikan?!

JARROHMI YoKI QASSOB?..

Shu ham savol bo'ldimi, deb yozg'irishga shoshilmang. Yon-atrofimizda sirtdan ayni, mohiyatan turfa vazifalarni bajarayotgan kishilarni bitta nom bilan atash urf bo'lmayaptimi? Ketmon, tesha, belkurak yasagan ustaning zebigardon, sirg'a, uzuk yasagan kimsadan nimasi kam, ikkalasi ham bitta hunarmand-ku, degan umumiy yondashuv oqibatida u jamoaga bunisi, bu jamoaga unisi bosh bo'lishi oddiy holga aylandi. Aniqroq aytsak, zar qadrini kosib biladigan bo'ldi.

– Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo'lmoqchiman. Bitta tavsiya yozib bersangiz, yaxshiligingizni unutmayman. Biror kun men tug'ilgan viloyatga media-turmi, boshqa biror tadbir uyushtirilsa, hokimdan sizga, albatta, noutbuk undirib beraman…

To'g'risi, daf'atan aytilgan bunday odobsiz murojaatga nima deyishni bilmasdim. Boisi, “Sizdan ugina, bizdan bugina” qabiladagi taklif egasi oddiy havaskor qalamkash yoki davlat mukofoti ilinjida paydar-pay kitoblar chiqarib, turli e'tiroflarga erishish uchun ota-onasi yetagida eshikma-eshik sarg'ayib yurgan orzumandlardan ham emas, balki uzoq yillardan buyon televidenie sohasida ishlab kelayotgan jurnalist, hatto o'z mualliflik ko'rsatuvi bilan tomoshabinlar nazariga tushgan taniqli jurnalist edi.

— Shoir, yozuvchi bo'lmasang, nima qilasan uyushmaga a'zo bo'lib demoqchimisiz? – dedi u gap-so'zidan ajablanib turganimni ko'rib. – Ana qancha jurnalist a'zo bo'ldi. “Xudo xohlasa, endi badiiy asarlar yozishgayam harakat qilaman”, deb ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilishdi. Xo'sh, mening ulardan qaerim kam?

Uning gaplariga e'tiroz bildirmadim, O'zbekis­tonda soha vakillari uchun Jurnalistlar ijodiy uyushmasi mavjudligini eslatmadim ham. Buni mendan ko'ra yaxshiroq biladi, albatta. Faqat bu uyushma u ta'kidlagan turdosh uyushma singari imtiyoz, vakolat va imkoniyatlarga ega emasligi uchunmi a'zoligi rasman tasdiqlanmagan jurnalistlar hayoti va faoliyatida o'rni afsuski sezilmaydi. Onda-sonda o'tib turadigan tadbirlarning ham o'z ishtirokchilari bor. Tarkib deyarli o'zgarmaydi. Vaholanki, matbuot olamida unvonu amaldan yiroq, biroq qalami o'tkir, mulohazayu mushohadaga boy maqolalari, chiqishlari bilan tanilgan tajribali jurnalistlar oz emas. Qurbon Eshmat (Olloh rahmat qilgan bo'lsin) ana shunday jurnalistikada o'z maktabini yarata olgan ijodkor edi. Taqdir ekan, o'rgansa arzigulik ijod sirlarini izdoshlari bilan baham ko'rolmay o'tib ketdi. Bugungi kunda Ro'zimboy Hasan, Ro'ziboy Qo'ldosh, Inobat Normurodova, Mehribon Qurbonniyozova, Said Anvar, To'xtamurod Hasanboy, Oybek Aliyev, Muhiddin Rahim (ro'yxatni yana davom ettirish mumkin) singari matbuotning qattiq noniga qanoat qilib kelayotgan qalam ahli haqida qachon o'ylaymiz? An'anaviy seminar, anjuman va hokazolar o'rniga yoki o'sha tadbirlar doirasida oltmish yoshning nari-berisida turgan bu jurnalistlarning ijodiy kechalari o'tkazilsa, yoshlarga, bo'lajak mutaxassislarga ko'proq foyda bo'ladi-ku! Ko'pchilik “O'zgarishlar pallasida turibdi” deb ishonayotgan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi jamiyat hayotida o'zining mustahkam o'rnini topishi kerak.

* * *

Yuqoridagi fikr-mulohazalar qog'ozga tushishidan oldin Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo'lmish bir do'stim bilan maqola mazmun-mohiyati haqida suhbatlashgan edim. So'zlarimni diqqat bilan tinglagan noib avval miyig'ida kuldi va “Hech e'tibor berganmisiz, yaqin va olis kechmishimizda ro'y bergan ko'pgina muammolar kadrlar salohiyati bilan bog'liq bo'lgan. Yo'qsa, Chingizxon ona tuprog'imizni toptamagan, rus chorizmi amirlik va xonliklarni osongina egallab olmagan bo'lardi. Shuning uchun qo'ying, boshingizni og'ritmay, ko'proq ijodingiz bilan shug'ullaning”, dedi. Achchiq haqiqat! Kinoyali maslahat! Nahotki, ulug' ajdodlarimizning “Millatni, demakki, dunyoni mukammal ko'rish orzusi” biz uchun ham qo'l yetmas orzu bo'lib qolsa? Yo'q, bugungi ongimiz, tafakkurimizdagi uyg'onishlar, yangilanishlar aslo bunga yo'l qo'ymaydi, deb o'ylayman. Er yigitda faqat bitta eng asosiy hunar bo'lishi shart, u ham bo'lsa, nafsga yon bermaslik, elu yurt ravnaqi uchun jonfidolik! Agar shu hunarni hammamiz o'zimiz uchun komil kasb   sifatida qabul qila olsak, bilingki, bu Uchinchi Renessansning ibtidosi bo'lajak…

 

Sirojiddin RAUF,

“Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka”

jurnallari Bosh muharriri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =