Gazeta o'qiladi, albatta o'qiladi
Barchamizga ma'lum, ijtimoiy tarmoqlarda, ayrim doiralarda: “Gazetalarni hech kim o'qimayapti”, “Gazetani umri tugadi”, degan gaplar paydo bo'lgandi. Endilikda bu mutlaqo asossiz gaplar ekanligi oydinlasha boshladi…
Tarixdan ma'lumki, bir paytlar gazeta paydo bo'lganda odamzod rosa quvongan ekan. Yangiliklarni gazetadan o'qib, bosma harflarni ko'ziga surtgan. Hayot oqar suv, vaqt o'tib zamon rivojlandi, internet jurnalistikasi paydo bo'ldi, buni innovatsion rivojlanish, deb kutib olgandik. Ammo…
Yoshligimda, aniqrog'i, 5-7-sinflarda o'qib yurgan chog'imni yaxshi eslayman. Uyimizga o'nga yaqin nomlarda gazeta va jurnallar kelar edi. Otam o'qituvchi bo'lgani uchun ko'pgina nashrlarga obuna bo'lardi. Hatto bizlarni “Tong yulduzi” gazetasiga, “G'uncha”, “Gulxan” jurnallariga ham obuna qildirardi. Pochtachi amaki nashrlarni o'z vaqtida uyimizga olib kelardi. U kishini hamma tanirdi. Velosipediga xurjun o'rnatib, kim qaysi nashrga obuna bo'lgan bo'lsa, erinmay tashlab ketardi. Maktabda o'qishimiz bilan birga o'z bilim va dunyoqarashimizni kundalik gazeta va jurnallar orqali oshirardik.
Men o'zim gazetalarda chiqqan rang-barang maqolalarni maroq bilan o'qirdim. Keyinchalik qiziqib maqola va she'rlar yoza boshladim. Ular gazeta sahifalarida bosilib chiqqan paytdagi quvonchimni aytmaysizmi? Jurnalist bo'lib shakllanishimda bosma nashrlarning o'rni alohida ekanini ta'kidlashdan charchamayman.
Hozirgi kunda respublikamizda bir yarim mingdan ortiq gazeta va jurnallar chiqayapti. Keyingi paytda bosma nashrlarga bo'lgan e'tiborning susaygani bois ularning adadi kamayib ketdi. Buni tan olmasdan iloj yo'q. Bozor iqtisodiyotida bu tabiiy jarayon. Lekin shunga qaramasdan o'z faoliyatini qayta ko'rib chiqib, zamonga moslashib, o'tkir maqolalarni chop etayotgan gazetalar odamlarning doimiy diqqat markazida turibdi.
Gazetani kimlar o'qiyapti? Avvalo, ziyoli qatlam, albatta o'qiydi. Qolaversa, gazetaning ashaddiy muxlislari, partiya faollari, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimidagilar ham befarq emas. Agar umumiylashtirsa respublika miqyosida haliyam millionlab odamlar gazeta va jurnal o'qiyapti. Shuning uchun hech kim gazeta o'qimayapti, deyishga haqqi yo'q!
Masalan, o'zim har kuni ertalab gazetaning kelishini kutaman. Ishimni nashrlardagi yangiliklarni ko'zdan kechirishdan boshlayman. Xo'sh, bugun “Yangi O'zbekiston”da nimalar berilyapti, “O'zbekiston ovozi”, “Hurriyat” nima deyapti, “Ishonch” nimalarni yozayapti?
“Xalq so'zi”, “O'zbekiston ovozi”, “Inson va qonun”, “Milliy tiklanish”, “XXI asr”, “Adolat” kabi gazetalarni muntazam kuzatib boraman.
To'g'risini aytganda, bugun “majburiy obuna”ga o'rin qolmayapti. Ko'pgina gazetalar o'z aravasini o'zi torta boshladi. Qalovini topganlar qorni yondirayapti. Ilojini qilib gazetani o'qishli qilib chiqarayapti, adadini ko'paytirayapti. Ammo shunday bo'lsa-da, bu birgina muharririyatning kuchi bilan amalga oshiriladigan ish emasligini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Gazetada biror o'qishli maqola chiqsa, uni maroq bilan qiziqib o'qiysiz. Shunday emasmi? Gazetaning o'qishli bo'lishida gazeta bosh muharririga ham ko'p narsa bog'liq. Birgina “Ishonch” gazetasini olib ko'raylik. Bu gazeta bugungi kunda rangli chiqayapti, o'qishli maqolalar chop etilmoqda, adadi jihatdan esa respublikada yetakchi nashrlardan biriga aylandi.
“Hurriyat” gazetasida ham dolzarb, bugungi bajarilishi lozim bo'lgan muammolar haqida tahliliy maqolalar chop etilayapti. 5 mingdan ortiq nusxada chop etilayotgan gazetada ma'naviyat, ma'rifat, iqtisodiy sohalarga oid materiallar bilan har sonida tanishasiz. “Milliy tiklanish” gazetasi ijodkorlari ham hozirgi davr talablariga mos ravishda maqolalar berayapti. Gazeta formati o'ziga xos. Katta-katta, salmoqli, tosh bosar materiallar gazeta sahifalaridan o'rin olmoqda.
Yaqinda o'qiganim “O'zbekiston ovozi” gazetasining 2021 yil 10 mart sonida chop etilgan Safar Ostonovning “Ma'naviyat va milliy xavfsizlikka tajovuz” yoki ijtimoiy tarmoqlardan biri – Tiktokdagi axloqsizliklar haqida mulohazalar” maqolasini shunchaki o'qib bo'lmaydi. Unda yoshlarimiz tarbiyasi bilan bog'liq juda dolzarb, og'riqli masalalar ko'tarilgan.
Demoqchi bo'lganim, bu hayotda har bir narsaning o'z o'rni bor. Gazetaning, kitobning, televidenie va radio, internetning ham. Bular jamlanganda bir butun ommaviy axborot vositalari hisoblanadi. Doim bir-birini to'ldirib boradi. Demak, hech shubha yo'qki, gazeta nashr etilar ekan, u o'qiladi, u yashaydi va aslo o'lmaydi.
Zokirjon QO'ZIBOYEV,
jurnalist