Do'stim “Oltin koni”ga nega merosxo'r bo'lmadi?

Kelajakda yetuk jurnalist bo'lish niyatidaman. Hozir shu yo'nalishda o'qiganim bois dunyo va mahalliy yangiliklardan boxabar bo'lishga harakat qilaman. Shuningdek, jamiyki ijtimoiy tarmoqlardan foydalanaman. Ana shu ijtimoiy tarmoqlar orqali ko'pgina mamlakatlarda do'stlarim bor. Ularga do'stlik takliflarini yuboraman, qabul qilaman.

Internet olamida qiziq voqealar tez-tez bo'lib turadi. Bu tarmoqlardan turli odamlar turli maqsadlarda foydalanadi. Yaqinda shaxsan o'zim va yonimdagi kursdosh do'stlarim guvoh bo'lgan bir voqeani misol keltirsam.

“Facebook” tarmog'ida chet ellik do'stlarim talaygina. Ingliz tilida ular bilan yozishmalar orqali suhbatlashib ancha yaqinlashib qolganman. Kunlarning birida “Bata Qұdayg'a Shүkіr” ismli bir ayol yozib qoldi (ko'rinishidan 25-26 yoshlar oralarida edi) do'stlik taklifini qabul qilganligim uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Aytishi bo'yicha, sahifamni obdon ko'rib chiqibdi. Halol va ishonchli odamga o'xsharmishman. Xullas, menga aytilgan iliq fikrlarga rahmat aytganimdan keyin asl maqsadga ko'chdi.

Bu ayol bizga qo'shni bo'lgan Qozog'istonda tug'ilib voyaga yetgan ekan. Buyuk britaniyalik bir yigit bilan tanishib, oila a'zolari rozi bo'lmasa-da, unga turmushga chiqib, u bilan Buyuk Britaniyaga ketibdi. Yigit juda boy ekan. To'ylaridan so'ng butun boshli zargarlik do'konini sovg'a qilib, uning boshqaruvini qizga beribdi. Biroq oradan ozgina vaqt o'tgach bu ayolni xushlamay qolib, zolimliklar qila boshlabdi (qanday zolimlik qilganligini so'ramadim). Shu tufayli ayol bu do'konni sotibdi. Turmush o'rtog'idan yashirincha o'z yurti Qozog'istonga qaytishga harakat qilayotgan ekan. Agar u xabar topsa, boyliklarini olib qo'yishi mumkin ekan. Shuning uchun o'zi bilan olib chiqish muammoliroq emish. Qozog'istonga yuboray desa oila a'zolari bilan arazlashib qolganmish.

Qarangki, u ayol 900 ming dollarlik mablag'ini menga yuborishini, u kelgunicha saqlab bersam menga shu pullardan 100 ming dollarini berishini aytdi. Pasport ma'lumotlarim, ayni vaqtda yashayotgan manzilim, telefon raqamim hamda plastik kartadagi hisob-raqamimni so'radi. Yashirmayman esankirab qoldim. Shuncha pulga ega bo'lsam-a deyman. Bir tomonda turmush o'rtog'i yaqin orada xabar topib, ustimdam da'vo qilsa-chi, deb o'ylanaman…

Bu paytda o'sha ayol esa to'xtamay yuboradigan taqinchoqlari, pullarining suratini telefonimga jo'natardi. Oxiri u ayolga siz ma'lumotlaringizni yubora qoling, qo'limdan kelgancha yordam berishga harakat qilaman, ammo boyliklaringizni qabul qilolmayman, dedim. Tabiiki u meni ko'ndirishga urinardi. Kursdoshlarimdan maslahat so'radim. Shunda Temurmalik degan o'rtog'im kulib o'zi bilan ham shunday voqea bo'lganligini bayon qildi: “Bang­ladeshlik bir ayol ham menga yozgandi. O'lim to'shagida yotganmish. Mening ism-familiyam ota­sinikidan bir harfga farq qilarmish. Ko'rinishim ham o'xshab ketarkan. Biroz yozishganimizdan keyin o'ziga tegishli oltin konini menga vasiyat qilishini aytdi. Avvaliga plastik kartam raqamini aytsam ehtiyojim uchun ozroq pul yuboradigan bo'ldi. Men ham soddalik qilib ma'lumotlarni yuboribman. Afsus, soddalik qursin, shu ondayoq kartamdagi 2 million so'mdan oshiqroq pulim g'oyib bo'ldi”.

Do'stimning bu gaplaridan yanada hushyor tortdim. O'zim ham shubhalanayotgandim, ma'lumotlarni oshkor qilmay to'g'ri yo'l tutganimga amin bo'ldim. Sahifamdan esa bu ayolni butkul o'chirib yubordim. Shundan keyin bunday voqealar tez-tez takrorlandi. Bir gal tuzalmas dardga chalingan so'qqabosh, qari ayol bolalari bo'lmagani uchun boyliklarini turli millat bolalari uchun xayriya qilayotgani, istasam davlatimiz bolalari uchun mening hisobimga mablag' tashlashini aytib qoldi.

So'ng yana boshqasi esa biz butun dunyo odamlariga 2 foizli kredit beramiz qancha olishni istaysiz, dedi. 10 ming dollar desam, kartangizni raqamini bering hoziroq tashlaymiz desa bo'ladimi. Yo'q, endi sodda emasman. Yolg'onga aldanadigan ahmoq yo'q!

Yana, rostini aytsam, “Oltin koniga merosxo'r” do'stim Temurmalikning holati menga katta ibrat bo'ldi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV,

O'zJOKU talabasi

Tahririyatdan:

Maqola muallifi — bo'lajak jurnalist yosh do'stimizga tashakkurlar bildirgan holda, ochig'i, ushbu maqolani nashrga tayyorlash jarayonida beixtiyor kulishdan o'zimizni tiyolmadik. Lekin bu mavzu aslida aslo kulgili emas, hazil ham emas, balki achinarli holat ekanligini anglashimiz kerak.

Chunki, xalqimiz juda samimiy, sodda va beg'ubor. Shuning uchun ham ishonuvchan. Butun dunyo bo'ylab internet tovlamachiligi avj olgan bir paytda bunday aldovlarga bugun chippa-chin inonib, chuv tushayotganlar qancha?

Endi mavridi kelgan ekan, o'zimizdan, to'g'rirog'i, tahririyatimizdan ham bir misol keltirsak. Bilasizmi, o'tgan oyda, hech kutilmaganda, viloyat muxbirlarimizdan biri ham juda katta “merosxo'r”ga aylanib qoldi. Ne qilaylikki, unga kelgan xat, muhim “hujjatlar”ga ko'ra, bir hamqishlog'i bundan 5 yil avval Filippinda vafot etgani va undan qolgan 5 million AQSh dollari miqdoridagi merosi bizning muxbirga beriladigan bo'libdi. Tabiiki, xushxabar va kutilmagan katta mablag'dan muxbirimiz ham o'zini yo'qotib qo'yay debdi. Bo'lmasa deng, oliy ma'lumotli jurnalist, yoshi ham 50 dan oshib qolgan, ya'ni hayotning ancha-muncha past-balandini ko'rgan, nabirali odam.

Xullas, “merosxo'r” ya'ni bo'lg'usi boyvachcha muxbirimiz Toshkentga yetib kelib, o'z omadi haqida to'xtovsiz gapirar, ruxsat bersak, shundoq Filippinga g'iz etib borib kelishini, 5 million dollarni olib kelgach, keyingi rejalari, pulning qanchasini qanchadan uch farzandiga teng taqsimlab berishiyu va boshqa ezgu rejalari haqida so'zlardi.

“Boyvachcha”ga aylangan xodimimizni zo'rg'a gapdan to'xtatib, qo'lidagi “hujjatlar” bilan tanishsak (rosti, avval o'zimiz ham sal shoshib qoldik. Tah.), bari “shablon” gaplar, soxta ma'lumotlar edi…

Qizig'i shundaki, merosga ega bo'lishning sharti zudlik bilan Filippindagi bir hojatbarorning hisobiga 1700 AQSh dollari o'tkazish kerak ekan. Qarangki, (behazil!) bunga ishongan xodimimiz shoshilinch ravishda chet el pasporti olibdi. Qarz ko'tarib, pulni ham topibdi!

“E shoshmang” dedik, avval kerakli idoralar bilan gaplashing, sizni ular qaerdan topishibdi, kim u vafot etgan hamqishlog'ingiz, nega aynan siz merosxo'r ekansiz va qolaversa, 5 million dollarni sizga meros sifatida rasmiylashtirayotgan o'sha adolatli hojatbarorga: “Janob, hozir iqtisodiy imkoniyatim chatoqroq payti edi, siz borib-kelishim uchun 3-4 ming dollar mening hisobimga o'tkazib turing, merosni olsam, sizga uni ikki hissa qilib qaytaraman”,   degan mazmunda bir yozib ko'ring-chi”, deya maslahat berdik. U shunday qildi. Buni qarangki, filippinlik “meros tarqatuvchi” shu zahoti izsiz yo'qolibdi. Alqissa, bizning xodimimiz ham shu tarzda ulkan “meros”dan yaqinginada mahrum bo'ldi.

Xullas-kalom, buyog'i o'zingizga havola. Tovlamachilardan ogoh bo'ling!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − five =