Shifokorlar najotkormi yoki aybdor?
Yurtimizda bayram shukuhi, Mustaqilligimizning 30 yilligi keng nishonlanmoqda. Qaerga boqsangiz, har yoqda to'yu tantana. Ammo shunday farahbaxsh kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bir-biridan xunuk xabarlar ko'ngilni xira qiladi. Masalan, ayrim fuqarolarning shifokorlarga qilayotgan muomalasi haqida to'xtalamiz.
Joriy yilning 4 avgust kuni o'zbek sigmentidagi ijtimoiy tarmoqlarda “Namanganda shifokor ayovsiz kaltaklandi”, “22 yashar yigit shifokorni ayovsiz kaltakladi” sarlavhali videoxabarlar tarqaldi. Ma'lum bo'lishicha, Namangan shahar “Yangiqurilish” MFYda joylashgan 10-sonli oilaviy poliklinikada shifokor bo'lib ishlovchi, 1994 yilda tug'ilgan N.K.ning qabuliga Namangan shahrida yashovchi 1999 yilda tug'ilgan B.N. va uning akasi 1996 yilda tug'ilgan G.N. sog'lig'i yaxshi emasligi va tana harorati ko'tarilib ketganidan shikoyat qilib, tibbiy yordam so'rab keladi. So'ng shifokor N.K. tibbiy ko'rikni o'tkazib, tana harorati ko'tarilmaganligini aytganida, fuqaro 1999 yilda tug'ilgan B.N. noto'g'ri tashxis qo'yildi, deb janjal ko'tarib shifokorni do'pposlab ketadi.
Qayd etilishicha, shifokorni olgan tan jarohati bo'yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga ko'ra, shifokor sog'lig'ining buzilishiga sabab bo'lgan “engil” tan jarohati yetkazilgani aniqlangan. Holat bo'yicha Namangan shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaniydi shu hammasi bo'lsa. Afsuski, bu kabi xabarlar soat sayin internet sahifalarini to'ldirib, ularning soni kundan-kunga ortib bormoqda. Natijada biz har 2-3 xabarning birida “Toshkentda ikki nafar shifokor kaltaklandi”, “Toshkentda mast bemor shifokor ayolni kaltakladi”, “Pastdarg'omda tibbiyot xodimlariga tajovuz qilindi” singari xabarlarni o'qishga majburmiz.
Ko'p uzoqqa bormang, e'tiboringizni yana vodiyga — Farg'ona viloyatining O'zbekiston tumaniga qaratmoqchimiz. Yaqindagina internetda tarqalgan tug'uruq bo'limida erkak kishi nevarasining o'limi sababli hamshiraning sochidan tortib sudraganligi, ayolga nisbatan kuch ishlatgani haqidagi videolavha qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi va hamon bu mavzu dolzarbligicha qolmoqda.
Ma'lumotlarga qaraganda, joriy yilning 25 avgust kuni Farg'ona viloyati O'zbekiston tumani Nursux qishlog'ida istiqomat qiluvchi fuqaro M.S. (1998 y. t.) tuman tibbiyot birlashmasining tug'uruq bo'limiga qabul qilinib, 26 avgust kuni soat 16:00 larda og'ir ahvoldagi chaqaloqni dunyoga keltirgan.
Tug'uruqni akusher-ginekolog Yu.A. va shifokor-neonatolog H.N.lar qabul qilgan. Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasida bolada ona qornidalik davrida embrional rivojlanish va homila organlarining paydo bo'lishi buzilgan va nuqsonli rivojlangani aniqlangan. Natijada go'dak to'liq rivojlanmagan organlar bilan tug'ilgan. Qolaversa, chaqaloqda tug'ma nuqsonlar kuzatilib, bolaning o'pkasi 70 foizga rivojlanmagan.
Chaqaloqqa ko'rsatilgan yordam samara bermay u 27 avgust kuni soat chamasi 12:20 da vafot etgan. Shundan so'ng chaqaloq murdasi va tibbiy hujjatlar patalogoanatomik tekshiruvga yuborilgan.
Shifokor H.N. chaqaloq vafot etganligi sababli shu kuni soat chamasi 12:30 larda go'dakning buvasi, ichki ishlar sobiq xodimi bo'lgan fuqaro S.S.ni chaqirib, unga vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan. Biroq S.S. muassasa tug'uruq bo'limining vrachlar xonasida tug'uruq tarixlarini yozib o'tirgan va tug'uruqni olib borgan Yu.A.ning oldiga borib, uni sababsiz sochidan tortib, tashqariga sudrab olib chiqib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.
Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning izoh berishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda qo'lga olingan. Jinoyat ishi bo'yicha Farg'ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Internet tarmog'i bu kabi xabarlar bilan liq to'la. Ishonavering. Afsuski, insonlar so'nggi paytda ko'z ko'rib, quloq eshitmagan qotilliklarga qo'l urishyaptiki, eshitib yoqa ushlaysan kishi. Savol tug'iladi: Farg'ona viloyatidagi shifokorlar qo'lidan kelgan barcha ishni qilgan bo'lsayu, chaqaloq nobud bo'lsa, fuqaroga hamshirani shunchalik xo'rlashga kim huquq beribdi? Norozi ekan, nega sud orqali yoki tegishli idoralarga shikoyat bilan murojaat qilmaydi? Jamoatchilikda ham katta ehtimol bilan “demak, do'xtirlarga shunaqa muomala qilish kerak ekan”, degan tushuncha shakllanib qolmasligiga kim kafolat beradi?
Abdulaziz AHMEDOV.