“Yana kelar sen kutgan bahor!”

Ko'pchilikning qulog'iga ohanrabodek singib ketgan qo'shiq bo'lgan bu satrlar taniqli shoir, samimiy inson, ustoz Sa'dulla Hakim qalamiga mansub. Shu kunlarda o'lkamizda biz kutgan ko'klam nafasi kezib yurgani esa ustoz shoir bitiklariga hamohang…

 

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va uning viloyat bo'limi tashabbusi bilan Jizzax viloyati, Forish tumani xalq ta'limi bo'limi hamkorligida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli jurnalist va el suygan ijodkor Sa'dulla Hakimov xotirasiga bag'ishlangan “Vatandan yaralgan — vatandan ketmas!” mavzuidagi adabiy-badiiy kecha shoir tug'ilgan go'sha — Forishda o'tkazildi…

— Forishga mana obi rahmat yog'moqda. Forishning tanti, mehnatkash xalqi uchun bundan zo'r tuhfa yo'q. Go'yoki, bu yomg'irlar ustoz Sa'dulla akaning tavallud ayyomi arafasida Forish zaminida atrofni o'zining bahoriy nafasi bilan bezaganida ham ramziy ma'no bordek, — deb gap bosh­ladi “Xalq so'zi” gazetasi Bosh muharriri o'rinbosari Shuhrat Jabborov. — Ana bu tog'lar qo'ynida o'tlab yurgan qo'y-qo'zilarni ko'rayapsizmi, agar mana shu yomg'ir bo'lmasa ularga yemish qayda deysiz. Baribir yam-yashil dalalarga nima yetsin-a? Mana, Sa'dulla aka qaerdan ilhom olgan, she'r zavqining manbai qaerda, siri nimada?..

Shu kabi gurunglar, ustoz bilan bog'liq xotiralardan gaplashib Forish markaziga qanday yetib kelganimizni bilmay qoldik. Bu yerdagi madaniyat uyida tadbirga tayyorgarlik avjida. Madaniyat uyining kirish qismida shoir qalamiga mansub kitoblar, ijodiy-madaniy faoliyatidagi fotosuratlardan mo''jazgina ko'rgazma ham tashkil qilinibdi.

Tadbirda S.Hakimov bilan birga ishlagan do'stlari, shogirdlari, taniqli jurnalistlar, shoir-yozuvchilar, Jizzax viloyati va Forish tumani hokimliklari mas'ullari, shoirning oila a'zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Kechani Forish tumani hokimi I.Matiyev ochar ekan, mehmonlarni qadim va nav­qiron Forishda ko'rib turganidan mamnunligi, taniqli shoirning xotirasi nafaqat respub­likada, balki ushbu tuman, u tug'ilib o'sgan Garasha qishlog'i xalqi yodida ham hamisha saqlanishi, shoirdan qolgan yuzlab she'rlar, kitoblar esa yosh avlod tomonidan sevib mutolaa qilinishi haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shundan so'ng O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o'rinbosari X.Salimov, “Xalq so'zi” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari Sh.Jabborov, shoirning rafiqasi, farzandlari, shogirdlari, hamqishloqlari shoir bilan bog'liq xotiralari bilan o'rtoqlashdilar.

– O'tgan og'ir yil turmush o'rtog'im shoir Sa'dulla Hakimni olib ketdi. U kishi hayotining oxirgi kunlarida ham ijod qilishdan, shogirdlariga maslahat berishdan, do'stlarini ruhlantirishdan to'xtamadi. Biz bu inson bilan ellik yil birga umrguzaronlik qildik, besh farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik, qanchadan-qancha orzu-havaslarimiz ushaldi, — dedi shoirning rafiqasi, joriy yilda davlatimiz rahbari tomonidan “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlangan Saltanat Hakimova. — Sa'dulla aka umrlarining so'nggi yillarida yurtimiz ravnaqidan, ijodkorlar va jurnalistlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan nihoyatda ruhlanib, yuz berayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga shogirdlarini kamarbasta bo'lishga da'vat qilib yashadi. U kishi yurtning orini, nomusini yuksak tutar, so'zning kuchini va ijodkor mas'uliyatini chuqur anglar edi. Qolaversa, jurnalist sifatida ham sohaning barcha mashaqqatlarini totib ko'rgan, kasbining fidoyisi bo'lgan insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlar, qadrlar edi.

Tadbir davomida shoir bilan bog'liq shunday xotiralarni tinglab o'tirar ekanman ko'z oldimga beixtiyor o'zimning ustoz marhamati bilan uyushmada ishlay boshlagan davr­larim keldi…

…Bolaligim Chustning olis, tog'­lar bilan o'ralgan, Qirg'iziston bilan chegaradosh bo'lgan Qoraqo'rg'on qishlog'ida o'tgan. Otam tomondan qirg'iz, ona tomondan o'zbekman.

Bola edim. Kunora buvimga xarxasha qilib, meni bolalar saflariga qo'shishmayapti, qirg'izcha gapirasan deb kulishyapti, deya yig'lab kelaverar edim. Shunday kunlarning birida buvim oldilariga o'tkazdi-da, nasihat qildi: “Bolam, odamlarni ajratish, kamsitish yaxshi emas. Sen aqlli bolasan-ku, nima qilibdi ham qirg'izcha, ham o'zbekcha gapirsang, til bilgan el biladi, degan gap bor. Hali ko'rasan, bir vaqtlar keladi, mana shu tilni bilishing senga katta eshiklarni ochib, omadlar kalitini tutqazadi. Ana shu mahallarda mening gapimni eslab, buvim to'g'ri aytgan ekanlar, deysan. Hammasiga vaqt hakam…”.

Haq ekanlar. Yillar o'tdi. Maktab, litseyni tamomlab keyingi manzilimiz universitet bo'ldi. Kunlardan bir kuni ish qidirib Navoiy ko'chasi, 30-uyga yo'lim tushdi. Zinadan uchinchi qavatga ko'tarilib kelayotsam el tanigan atoqli shoir Sa'dulla Hakim tushib kelayotgan ekanlar. Salom berdim, alik oldilar.

— Kechirasiz, siz meni tanimaysiz, biroq men sizning she'rlaringizni o'qib turaman. Yaqinda universitetimizda bayrog'imiz qabul qilingan kunga bag'ishlangan tadbirda aynan siz yozgan bayrog'imiz to'g'risidagi she'ringizni o'qidim, — dedim mahmadonalik bilan.

— Juda yaxshi-da. Rahmat. Bu yerda nima qilib yuribsiz, biror ishingiz bor edimi, yoki gazeta-jurnallarga keldingizmi?

— Ish qidirib yurgan edim Ustoz, mabodo sizlarda bo'sh joy yo'qmi, ish bo'lsa bo'ldi, oylik ham shart emas, dedim.

Sa'dulla aka kulib yubordilar va: “Oyliksiz ham ishlayveraman deng. Ha, unda yashash nima bo'ladi, qorin-chi, kim boqadi uni?”

Jimgina yerga qaradim.

— Mana bu mening telefon raqamim, bugun bir joyga yig'ilishga ketayapman. Ertaga keling. Bir suhbat qilamiz…

Ha, ular ana shunday kamtarin, samimiy, odamning yoshiga qaramay, suhbatlashib, gaplashib, qo'lidan kelgancha yordam berishga intiluvchi zakiy inson edilar. Tajribali ijodkor, jonkuyar tashkilotchi sifatida ko'plab yosh iste'dod egalari qatori kaminaga ham ustozlik qildilar. O'sha uchrashuvdan so'ng suhbatlarida bo'ldim. Ma'lumotnomam, tarjimai holim bilan tanishib chiqar ekanlar, erishgan yutuqlarim, diplomlarimni ko'rib xursand bo'ldilar. Ayniqsa, qirg'iz tilini ham bilishim ularda alohida taassurot qoldirdi.

— Siz qardosh xalqlar tilini ham bilasizmi, qoyil. Chingiz Aytmatov, Ahmadjon Meliboyev… Manas yurtidanman deng. Qani, aytingchi qirg'izchada qorin nima deyiladi?

— “Qursoq”, — deya javob berdim darrov. Bo'ldi, bu yigitni ishga olamiz. Qardosh tillarni bilsa bundan yomon bola chiqmaydi. Astoydil bo'ling, o'zim kuzatib turaman.

Sa'dulla ustoz yosh-talaba bo'lishimga qaramay Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga ishga qabul qilib, oq yo'l tilab, markaziy nashrlarda chiqadigan maqolalarimni kuzatib borar va har biriga fikr bildirib, qo'llab-quvvatlar edilar.

Ishga kirganimning ilk kunida o'z qo'llari bilan “Yurt o'g'loni” nomli she'riy kitoblarini chiroyli dil so'zlari bilan: “Iste'dodli jurnalist, ijodkor Islomjonga eng yaxshi niyatlar bilan, Sa'dulla Hakim (imzolari) 09.07.2020 …” sovg'a qila turib: “Sizdan ham mana shunday kitoblar kutib qolamiz, albatta, omadingizni bersin…” deb ishonch bildirganlarini hech qachon unutmayman.

Og'ir, vazmin, yoshlar uchun maslahatgo'y edilar.

Bir gal “Hurriyat” gazetasida e'lon qilingan “Sizga aytar so'zim bor” nomli maqolamga teleg­ram orqali quyidagicha fikr yozgan edilar: “Islomjon, “Hurriyat”dagi maqolangiz bilan tabriklayman. Xolis va haqqoniy, dunyo miqyosida dalillarga boy, odob doirasida yozilgan ajoyib maqola bo'libdi…”

Til bilishim meni ular bilan ustoz-shogird bo'lib ketishimga, qolaversa, keyingi ijodiy yutuqlarim uchun zamin bo'ldi. Sentyabr oyi edi. Qirg'iziston va Qozog'iston davlatlarida bo'lib o'tgan ijodiy tanlovda o'zimning bolalar yo'nalishida yozgan hikoyalarim bilan qatnashib, g'olib bo'ldim. Qozog'is­tonning “Jahon iste'dodlari” uyushmasi, Qirg'izistonning “Qirg'iz shoir-yozuvchilari” jamoat fondi a'zoligiga qabul qilindim. Ikki davlat guvohnomasini (pandemiya bo'lgani bois elektron variantini olgan edim) ustozga ko'rsatganimda juda xursand bo'lgan edilar.

Adashmasam, qaergadir muhim yig'ilishga ketayotgan edilar. Yangilikni aytishimni bilaman ortlariga qaytdilar-da, xonalariga kirib alohida, samimiyat bilan qutladilar. “Nasib bo'lsa, karantin tugab qolsa chiroyli qilib, jamoa bilan birga yana qutlaymiz, yutuqlarni ko'paytiravering ko'klamda tug'ilgan kunimda, ha, siz ham martda tug'ilgan edingiz, 20 mart to'g'rimi, mendan besh kun oldin, ikkisini qo'shib nishonlaymiz”, degan edilar.

Ming afsuski, bu ularni oxirgi ko'rishim, oxirgi suhbatlarini eshitishim bo'ldi…

Joriy yilda esa Qozog'iston Res­publikasining “Abay” hamda “Jahon iste'dodlari” uyushmasining “Eleuli yenbegi ushin” (“Muhim xizmatlari uchun”) medali bilan taqdirlandim.

Agar, ustoz hayot bo'lganlarida bu yutug'imdan ham juda quvongan bo'lar edilar. Ha, Ustoz ana shunday shogirdlari muvaffaqiya­tidan shodlik hissini tuyib yurguvchi rahbar bo'lganlar. Shogirdlar o'rnak olsa arzigulik sifatlari bisyor edi…”

* * *

Keling, so'zni yana Ustoz yodiga bag'ishlangan Forishdagi xotira kechasidan davom ettirsak.

Tadbirda forishlik yoshlar S. Hakimov qalamiga mansub she'rlardan namunalar o'qigan bo'lsa, jizzaxlik san'atkorlar shoir she'rlari asosida yaratilgan qo'shiqlardan kuyladi.

G'urur bilan aytish mumkin, xalqimizning ardoqli farzandi Sa'dulla Hakimov beqiyos iste'dodi, jurnalistik salohiyati, davlat va jamoat hayotidagi rahbarlik faoliyati bilan umri bardavom ijodkorga aylangan edi. Garchand bugun u kishi oramizda bo'lmasa-da, ulardan qolgan ijodiy me'ros – ko'plab asarlari biz bilan yashamoqda. Demak, shoir ham o'tli nafasi bilan yonimizda.

Islom ASILBEKOV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi mutaxassisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − thirteen =