Umrboqiylik
Shuhrat Abbosov tavalludining 90 yilligi
Filmlar aslida tez eskiradi. Ham mazmunan, ham suratga olinishi va montaj sifati, tasvir hamda ovoz uyg'unligi jihatidan ma'lum vaqt o'tib, qaysidir davrda ekranlardan tushmagan kartinaga talab bo'lmay qoladi. Lekin “Tohir va Zuhra”, “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri” kabi nodir durdonalar hech qachon eskirmaydi.
Avval 1966-67 yillarda “Toshkent — non shahri” filmi suratga olindi. Bu kino tasmasi hozir ham sevib tomosha qilinadi, chunki xalqimiz ko'nglidan chuqur joy olgan.
Uning ekranlarda umrboqiy bo'lishida birinchi navbatda rejissyor Shuhrat Abbosov(Olloh rahmat qilgan bo'lsin)ning malakasi, bilimi va ko'p yillik tajribasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuhrat Abbosov iste'dod va zakovat sohiblarini ardoqlardi. Nihoyatda kamtarin inson edi. Shuhrat aka Rahmat Fayziy, Said Ahmad, Tog'ay Murod, amerikalik yozuvchi Uilyam Saroyan va boshqa ko'plab qobiliyatli ijodkorlarni hamisha atrofida birlashtirgan. Har bir kartinasi ustida so'zni his qila oladigan, zalvorli fikrni taniy oladigan ustozlar ishlagan, ularning maslahatiga tayangan.
Chindan ham “Toshkent — non shahri” filmini kino san'atimizning nodir namunasi deya olamiz. Sobiq ittifoq davrida bunday kino ishlash nihoyatda murakkab edi. Chunki ssenariy, film, hatto rol o'ynaydigan aktyorlar ham “markaz” — ya'ni Moskva chig'irig'idan o'tar edi. Bu “tartib” milliy kinochiligimizda o'sha vaqtlar Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Ali ibn Sino singari buyuk bobolarimiz haqida film yaratishga imkon bermagan.
Hatto “Tohir va Zuhra” filmi qattiq tanqidga uchragan, “Toshkent — non shahri” keskin ravishda qisqartirilishi talab etilgan. Ammo Shuhrat Abbosov aslo bunga rozi bo'lmaydi. Axir, asar yuzlab insonlar mehnati evaziga suratga olinib, yillar davomida uning ustida ter to'kilgan bo'lsa?! Lekin… “Toshkent — non shahri” filmi baribir “qaychilanadi”. Kino ixlosmandlari va ijodkorlarning bir qismigina kichik zalda o'tkazilgan “Yopiq taqdimot”da kinoning aslini to'laligicha ko'rishga muyassar bo'lishgan, xolos…
Filmning atigi ikki epizodini tahlil qilib ham, uning yuksak saviyasi, ta'sirchanligi haqida bemalol fikr yuritish mumkin.
O'tgan asrning 20-yillarida Volga bo'ylarida qurg'oqchilik, ochlik hukm surganini rejissyor, avvalo, xronikal kadrlarda ko'rsatadi. So'ng ana shu hujjatli lavhalar stilistikasida badiiy kinoning kadrlarini qurishga intilgan. Va bu murakkab vazifani uddalagan ham!
Volga bo'yidagi och qolgan qishloq. Yegulikka zor xonadon. Ona kasalga chalingan. Bir burda nonga zor uch go'dak bo'm-bo'sh stol atrofida o'tiribdi. Bo'sh dekchani bolakaylardan biri boshiga kiyib oladi. Ikki ukasi uni qoshiqlar bilan savalaydi… Non izlab Toshkentga borishga qaror qilgan Misha xasta onasining e'tiroziga javoban vafot etgan otasiday, xonaning u boshidan bu boshiga shahdam qadam tashlab, atrofidagi buyumlarni uloqtirib, otam: “Oila boshlig'i endi sen bo'lasan, degan. Boraman nonga, to'kin Toshkentga!”, — deydi.
Filmning so'nggi epizodida Misha Toshkentda orttirgan kichkina xazinasi bilan uyga qaytganida, yurish-turishi, gap-so'zi, o'zini tutishi o'zgargan, ko'pni ko'rib, musofirchilikning achchiq-chuchugini totib, oqu qorani tanib qolgandi. Vazmin so'zlaydi. Asta qadam tashlaydi…
Oradan to'rt yil o'tar-o'tmas Shuhrat Abbosov yangi film yaratadi. Lekin o'sha davrdagi hukmron partiyaga bu asar umuman ma'qul bo'lmaydi. Jumladan, kaminaning o'sha yillari “Pravda Vostoka” gazetasida chop etilgan maqolasi ham ma'lum organ qo'mitasida e'tiroz bilan tilga olinib, faoliyatimga “chiziq tortilgani”ni menga yetkazishgandi. Biroz fursat shu holda ya'ni “qora ro'yxat”da yashashga majbur bo'lganman.
Shuhrat Abbosov filmlarida front va jang maydonidagi qonli voqealar, keskin dialogu g'azabnok holatlar bilan birga bahor nafasi, visol onlariga tashna bo'lgan jangchining fayzli uyi, oilasi sog'inchi, mehr qo'ygan rafiqasiga bo'lgan sadoqati ham mahorat bilan tasvirlangan. Yurtiga, gullagan qishlog'iga oshufta bo'lgan qahramonlar bog' va soy sohillari uzra yelib yuguradi… Tezlashib borayotgan shahdam qadam, ochiq chehra, atrof go'zalligi esa undan qolishmaydi. Shu paytda o'rik rangidagi yoqimli, ko'ngilga yaqin musiqa sadolarini ko'z ilg'agandek bo'ladi. Kelinchaklardek saf tortib turgan gullagan o'rik qatorlari mayin, tarovatli ko'rinadi…
Tinch hayot nashidasini operator Hotam Fayziyevning kamerasi ziyrak ob'yektivi bilan rangli tasmalarga muhrlagan. Melodramatik syujetlarda nihoyatda iste'dodli aktyorlardan Hikmat Latipov, sahnada boy malakasini namoyish etib kelayotgan Po'lat Saidqosimov, kinoaktrisa Aida Yunusova, Yoqub Ahmedov va boshqa ijro san'ati ustalarining talqini, ijro mahorati aks etgan. Aktyorlar ijrosi jihatidan benuqson — epizodda “tugun” yechilgandek bo'ladi.
Shuhrat Abbosovning rejissyorlik mahoratini e'tirof qilgan holda, 1971 yilda suratga olingan “Muhabbat mojarosi” filmining xalq orasida mashhur bo'lishida O'zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning ham xizmatlari beqiyos edi. Yozuvchi fikr ko'lami kengligi, professional tajribasi filmning teran kadrlari ijod etilishida muhim omil bo'lgan.
Ha, bu yil katta iste'dod sohibi, o'zbek kinorejissyorlarining ustunlaridan bo'lgan O'zbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosov hayot bo'lganida 90 yoshga to'lgan bo'lar edi. Ulug' san'atkor barcha asarlarida haqiqiy o'zbek xalqining yorqin timsoli, oddiy odamlar yashash tarzini yoritgan edi. Milliy kinochiligimizning mazkur durdonalari hali ko'p yillar davomida xalqimiz yuragida muhrlanib qolishiga shubha yo'q.
Hamidulla AKBAROV