Arzon chipta ortidagi qoya

Qirq bir yoshimda otamning duolarini olib, Toshkentga o'qish ilinjida keldim. Yoshlikda ikki bora kelib eshigini ocholmay qaytib ketganim ToshDU — hozirgi O'zbekis­ton Milliy universiteti dargohi uchinchi marta kelganimda meni iliq qarshi oldi.

Nazarimda, bu bino men uchun dunyodagi eng baland binolardan biri edi. Orzularim ushalganidan yeru ko'kka sig'masdim. Oliy adabiyot kursida o'qishni boshladim. Hamma menga ajabsinib qarardi. “Yoshi bir joyga borib qolgan bu odamga talabalikdan ne naf”, kabi piching so'zlarni ko'p eshitdim. Ko'pgina talabalar esa meni yangi ish boshlagan o'qituvchi bo'lsa kerak, deb ehtirom bilan salom berishardi. Ba'zan xatti-harakatlarimdan o'zim uyalardim. Ayniqsa, talabalik guvohnomam bilan arzon yo'l chiptasi xarid qilib, metroga tushganlarimda.

Bir gal chipta olayotsam, ichki ishlar xodimlari atrofimni o'rab olishdi va rosa izza qilishdi. Chindan ham talabaman desam ham baribir ishonishmagan. Nachora, arzon chiptadan voz kechishimga to'g'ri kelgan…

Bir kuni meni filologiya fanlari doktori, professor Abdug'ofur Rasulov (oxiratlari obod bo'lsin) yoniga chaqirib, tarjimai holim bilan qiziqdi. Men u kishiga yigirma yildan oshiq qishloq xo'jaligi sohasida mehnat qilib, hayot maktabini o'taganimni aytdim. Domla so'zlarimdan hayajonlanib ketdi. “Ko'pchilik mol-dunyo ilinjida chet mamlakatlarda yurgan bir paytda, siz adabiyotni tanlab to'g'ri ish qilibsiz…”. Ustozning mana shu birgina so'zi menga juda katta kuch bag'ishlagandi. O'z   ustimda yanada qattiq ishlashga kirishdim. Qolgan barcha mayda-chuyda gaplar ortda qoldi.

Domla qaerda adabiyotga, ma'naviyatga bag'ishlangan tadbir bo'lsa, albatta, borishimni maslahat berardi. Ustoz sabab ko'plab do'stlar orttirdim. Birodarim Nurbek Nishonov bilan Abdug'ofur Rasulovning Do'mbiroboddagi hovlisiga tez-tez borib, hikmatli gurunglaridan bahramand bo'lardik.

Bu yorug' olamda birgina iliq so'z goho ko'ng­lingni tog'dek ko'tarib, seni yetti yot begona odamga qadrdon qilib qo'yarkan yoki eng yaqiningdan uzoqlashtirar ekan. Abdug'ofur aka o'zbek adabiyotida o'z so'zi va o'z o'rni bor katta olim edi. U kishi xalqimizning jasoratli ziyoli farzandi, O'zbekiston qahramoni Ozod Sharofiddinovning e'tirofi va duolarini olgan, fidoyi inson edi.

Tunov kuni do'stim Nurbek Nishonov bilan ustoz­ning uylariga bordik.   Bizni Ra'noxon aya qarshi oldi.

— Domla umrini adabiyotga baxsh etdi. Yozganlari peshma-pesh matbuotda e'lon qilinardi. Olamdan o'tganlaridan keyin, chekkada qolib ketgani bo'lsa biror gazetaga beraylik devdik, bironta ham chiqmay qolgan qo'lyozmalarini topolmadik. Hamma yozganlari gazeta va jurnallarda e'lon qilingan ekan, — dedi Ra'noxon aya.

Ustoz Abdug'ofur Rasulov haqida ko'p yozilgan. U kishi o'zbek adabiyotining chinakam jonkuyari edi. So'zlaganlarida juda mayin, shirali ovozi bilan suhbatdoshini sehrlab qo'yardi.

O'ylaymanki, hali aziz domlamizning chin insoniy fazilatlari, kamtarin va beg'ubor boladek pok qalbli ekanligi, juda mehnatkash inson bo'lganliklari haqida salmoqli, tosh bosadigan xotiralar yozilajak. Nasib etsin.

Ustoz yodi u kishining eng yaqinlari qatori, ko'plab shogirdlari qalbida, yozib qoldirgan o'nlab darsliklari, adabiy tadqiqotlari bilan barhayotdir.

AXTAMQULI

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =