Bobomning o'gitlari

Xotira — o'tganlarni eslatib turadi, o'zlikni anglatadi. Qadr — insonni ulug'laydi, jamiyatni bezaydi. Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyatida ham ana shunday ezgu tamoyillar mujassam.

1999 yili 9 may kuni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida Xotira maydoni tashkil etildi. Shu kundan boshlab 9 may — Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanib kelinadi.

Shu o'rinda bir rivoyatni keltirib o'tmoqchi edim. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda shunday de­yiladi: “Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Keyin menga ma'lum bo'ldi (ya'ni Alloh tomonidan buyurildi). Endi qabrlarni ziyo­rat qilaveringlar. Chunki u qalbni yumshatadi, ko'zni yoshlatadi va oxiratni eslatadi”.

Ya'ni, o'tgan yaqinlarimizning qabrini tez-tez ziyo­rat qilsak, yurak bo'shaydi, ko'ngillar junbushga kelib, ko'zdan yosh qalqiydi. Bu orqali g'uborlar yuviladi.

Ushbu kunda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, bu ayovsiz jangu jadalda qahramonlarcha halok bo'lganlar xotirasi barobarida, balki avlodimizdan o'tgan yaqinlarimizni ham eslash odat tusiga aylangan. Bu bilan ularning ruhlari shod, oxiratlari obod bo'ladi.

Shunday ekan, xoh qarindosh, xoh begona bo'lsin, bu dunyoni tark etdimi, faqatgina o'tgan kishilarning yaxshi xislatlari, u bilan o'tgan yaxshi kunlar eslanadi. O'tgan insonni “u yaxshi inson bo'lgan edi”, deya yodga olinishi farzandlar, nabiralar uchun faxr tuyg'usini bag'ishlaydi.

Nafaqat o'zlari balki, ular qilgan ishlar, qoldirgan o'gitlarini doimo yodda saqlashimiz zarur. Shu kunlarda mahalladoshlari yuragidan, qishloqdoshlarining qalbidan joy olgan bobom Begmamat Boyturdiyevni ham eslashni joiz deb bilaman. Bobom 1953 yil 6 aprelda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida oddiy dehqon oilasida tavallud topgan edi.

Bobom bir necha yillar maktabda o'qituvchi, mahalla yig'inida turli vazifalarda halol mehnat qilib kelgan. Esimda, maktab kezlari har yilgi yozgi ta'tilda bobomlarnikiga borardik. Ular bilan gurunglashib yer chopish, yerlarni sug'orish ishlariga yordam berardik, hovlisiga turli ko'chatlar ekardik. Bobojonim ta'tilga chiqishimiz bilanoq telefon orqali onamga:

— Sodiqvoyni qishloqqa jo'nat, — der edilar.

Men ham bu gapdan ilhomlanib qishloqqa oshiqardim. Qashqadaryoga borishim bilanoq har bir kunim yanayam quvonchli, turli voqealarga boy o'tardi. Bobom Toshkentdagi yangiliklardan so'rardilar. Men shoshilmasdan so'zlab berardim. Ular bilan ishxonalariga borardik. Ularga mahalla guzarida ham ba'zi bir yumushlarga ko'maklashardim. Sababi, bobomning ishxonalariga mahalla ahli yordam so'rab kelar edi. Bobom ertaga kel, deb birortasini qaytarmaganlar. Har bir kishining muammosini jo­yida hal qilib berar edilar. Shu sababmi, hali hanuz bobomni juda iliq taassurotlar bilan eslashadi. “Domla betakror inson bo'lgan edilar”, degan yaxshi fikrlar aholi og'zida yuradi. Biz buni eshitib Begmamat Boyturdiyevning nabirasi ekanligimizdan g'ururlanardik.

Bobomning bir gaplari hech qachon yodimdan chiqmaydi. Kim bilan suhbatlashsang ham “Ko'ziga qarab gapir, shunda suhbatdoshing xushyor bo'ladi”, degan edilar.

Mahallada ishlashning o'ziga yarasha qiyinchiligi, mas'uliyati bo'ladi. Har xil kasbli, turlicha fe'l-atvorli kishilar bilan muomalada bo'lish kerak. Bobom buni uddasidan chiqqanlar.

Ma'raka bo'ladimi, to'y bo'ladimi barchasida “domla”ni chaqiraylik, ulardan maslahat olish kerak”, deya o'zlari kelib olib ketishar edi. Bunga o'zim bir necha marotaba guvoh bo'lganman.

Ha, aytganday, “Domla” deganda maktabda o'qituvchi bo'lib ishlaganlari sabab butun qishloq ahli bobomni “Domla” deb chaqirishar edi. Nafaqat mahallada ishlash, balki har bahorda hovlisiga turli xil mevali daraxtlar, sabzavotlar ekardilar. Mana shu sabab, hovliga kirsangiz, tabiatni chiroyliligini ko'rib kayfiyatingiz ko'tariladi.

Demak, har bir kunimizga shukronalar aytib, o'tganlar haqqiga duo qilib, ularni eslab qo'ymog'imiz fazilatdir.

Muhammadsodiq TO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − 1 =