“Bilgan odamga Vatan Onadir!” O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri, ustoz Abdulla Oripovni yod etib

Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi

 

(ESSE)

Tun… Chinoz tumanining adoqsiz paxta dalalari… Barakning bir chekkasida charsillab yonayotgan gulxan… Samodagi yirik-yirik yulduzlar   ko'kka o'rlayotgan olovli yulduzlarga havasmand   boqadi. Gulxan teg­rasidagi davra — ustozlar, maktab o'quvchilari — orzu-umidlari qiyg'os gullagan navrasta qizaloqlar, o'smir o'g'lonlar… So'z sehridan larzaga tushgan, o'zlari ham shoir bo'lishni orzu qilgan bolalar   sukutda. O'rtada qorachadan kelgan, sochlari mayda o'rilgan qiz nolaga aylanib she'r aytadi. “Necha kunki, yo'q oromim, kelolmayman hushimga, Kechalari onajonim kirib chiqar tushimga…” Qizning ko'ngli o'ksik, ko'ng­­li yarim. U tug'ilishi bilan onasini yo'qotgan. Uzun kipriklaridan qu­yilayotgan tomchilar gulxan yolqinida yaltirab ketadi. Kun bo'yi paykallarga egilaverib toliqqan dunyo birdan sergak tortib, qaddini rostlaydi. Uning ko'zlarida ham yosh yiltiraydi. Ilohiy ohanglar, tafakkur yolqinlari endi ruhiyat iqlimlarini zabt eta boshlaydi.

 

Kech kuz edi… Men seni ko'rdim

                 Derazadan boqardi birov.

                 U — sen eding, o, dehqon yurtim,

                 Turar eding yalangto'sh, yayov.

               

                   — Tashqarida izillar yomg'ir,

                   Kir, bobojon, yayragil biroz.

                   Deding: — Paxtam qoldi-ku axir,

                   Yig'ishtiray kelmasdan ayoz.

                  

                   Ketding, umri mahzanim manim,

                   O'zbekiston — Vatanim manim!

Biyday paxta dalalari eshitadi bu ohanglarni. Samoga yulduzlarni sayrga olib chiqqan Oymomo tinglaydi bu ohang­larni. Paxta teraverib, qo'llari qadoq bo'lib ketgan dunyo tinglaydi bu ohanglarni. Havoda uchayotgan mezonlar qanotida titraydi bu ohanglar. O'zbek xalqining — dehqon yurtning asriy og'riqli qismatidan tunning ko'zlari yanada qorayadi. Qalblarni azobli og'riq kemiradi. Millionlab egatlarga sochilgan o'zbek xalqi taqdiri uyg'onish azobi bo'lib qalbni parmalaydi. So'zdan dil uyg'onadi, til uyg'onadi, she'r quyosh nuriday qalblarni shu'lalantirib yuboradi… Shivalab yog'ayotgan yomg'ir, bostirib kelayotgan tun, o'chayozgan gulxan — hech narsa odamlarni joyidan qo'zg'atolmaydi… She'riyatning ilohiy nafaslari borliqni qamrab oladi… Yigirmanchi asr to'lg'og'ida o'zbek xalqining yana bir ulug' shoiri, uyg'otuvchi shoiri zamon va makon bilan yuzma-yuz bo'ladi.

 

Turkistonning bolalari,

Turkistonning bolalari,

“Puf” deganda to'zg'igudek

mo''jazgina lolalari.

Chinor bo'lib, ildiz oting,

qoya bo'lib tiklangiz qad,

Ulug'-ulug' ajdodlarning xavotiri

Sizdan behad…                                                              

* * *

Qashqadaryo… Neko'z. Do'ppidekkina qishloq. O'zbek adabiyotiga ulug' Abdulla Orifni bergan mo''jizaviy makon. Ko'z o'ngimda Neko'z kengliklarida yalang­oyoq bo'lib chopayotgan, dunyoni yolg'iz Onadan iborat deb bilayotgan ushoqqina, tinib-tinchimas bolakay. Ona mehr bilan uning, “kuzda o's(ayot)gan rayhonday ma'yus singil”ning boshini silaydi, gilam to'qiydi, kunduzi qo'shiqlar, tunda ertak­lar aytib beradi. Farzandlariga qarab: “Sizlar osmonda uchib ketayotgan qushlarning suvratini shu zahoti gilamga ko'chira olmaysizlar-da, men bo'lsam tushira olaman”, — deydi erkalanib.

 

Quyundayin charx urardik doim to'zonda,

Chang neligin bilmas edik o'sha mahali.

Onamizni tushunardik inson deganda,

Ammo ona tanholigin bilmasdik hali…

 

Shoir bilan birga uning muhtarama onasi millionlab qalblarga kirib keladi va o'zimizga aylanadi. Onani yo'qotmoq — olamni yo'qotmoq qadar og'irligini shoir bizga kuygan yurak bilan, ko'z yoshlaridan ho'l bo'lgan qalam bilan anglatadi va O'ZBEK ONASI ruhiyatiga so'zdan tiklangan haykal qo'yadi. Ulug' Alisher Navoiyning donishmand volidasi nafaslari bo'lib ruhimizni allalaydi. “Haj daftari” turkumida Ona obrazi rivojlantirilib, so'zda o'zining oliy ifodasini topadi.

“Muqaddas Haj safarida Makkaning ulug' shayxi amri ma'ruflarida ishtirok etdim, — xotirlagan edi bir suhbatimizda ustoz shoir. — U kishi shunday dedilar:

“Ayo, ahli muslim, sizga ikki yo'l ko'rsatilgandir: sajda qiling Allohga va yana Allohga. Sajdaga yana bir yo'l bordir, u esa Onaga va faqat Onaga. Shayxning gap­lari bundoq davom etdi: — ayo, ahli muslim! Rasuli Akromning o'gitlarini tak­ror qilamizki, shul ikki hilqatdan tashqari hech bir mavjudot sajdaga loyiq ermas. Payg'ambarlarimizga, padari buzrukvorimizga ham sajda qilinmaydi, ular ziyorat qilinadi”.

 

Mana, Onaga berilgan baho.

Hikmat sharhini o'yladim uzoq,

Rostdan Ona erur qiblai olam.

Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq,

Onadan tug'ilgan payg'ambarlar ham.”

 

“Bilgan odamga Vatan   Onadir,” — deydi shoir xayolchan suhbat asnosida…

* * *

She'r — asli nima? Nega u inson qismatini belgilaydi va asrlar silsilasi shoir orbitasi atrofida aylanadi? Nega uning ovozi temir to'siqlarni ham kesib o'tib, xalq dardi bilan vobasta bo'ladi? Nega uning ovozi dunyolarni hayratga soladi?

“Abdulla Oripov she'rlarida men fikrning salmoqdorligini, obrazlarning pishiq va yangiligini, kitobxonni zeriktiradigan tor ma'noli qizilso'zlikdan xoli ekanini ko'rdim. Yosh shoir so'zning ifoda kuchini bexato sezadi, hayotni o'z bo'lishicha, uni o'ziga xos yangi nazar bilan ko'radi. O'zbek poeziyasini yangi katta iste'dod bilan tabriklasa bo'ladi”, — deb yozadi Qaysin Quliyev.

Men shoirman,

Istasangiz shu,

O'zimniki erur shu sozim,

Birovlardan olmadim tuyg'u,

O'zgaga ham bermam ovozim, —

deb baralla aytadi shoir uning nomi ustidan chiziq tortmoqchi bo'lganlarga. “Tilla baliqcha”ning Vatani ummon, “Mitti yulduz”ning maskani samo ekanligini ta'kidlab. Shoirning bor boyligi shu ona zamin, shu ona Vatan. “Vatan, mening bor qismatim shu bir so'zda hal, Lozim bo'lsa baxsh etarman unga jon-tanni,” — deb shivirlaydi shoir va shiviri yulduzlargacha yetib boradi. “Men nechun sevaman O'zbekistonni?” deb o'z oldiga savol qo'yadi va uning javobini kindik qoni tomgan Vatan ildizlaridan izlaydi. Shu ma'noda “Bilgan odamga — Vatan onadir” deganlarida naqadar haq erur shoiri zamon. Biroq shoir umri olov ichida porlayotgan gul, quyun ichida o'sayotgan daraxt.

Shaydo bo'lib yurganda birdan

Xayolimga tashlamang kamand.

Mijg'ov va past, g'iybat gaplardan

Jajji she'rim qo'yurman baland.

Xayol kabi keng erur olam,

Mayda gapni ko'tarmagay she'r.

Kerak bo'lsa mening uchun ham

Javob berar bobom Alisher.

Abdulla Orif she'riyati esa so'zning milliy ohorida dunyoga Vatanni tanitgan ulug' she'riyatdir… Faqat o'zigagina xos bo'lgan o'qish uslubi bilan o'zining deyarli barcha   she'rlarini yoddan biladigan, qalblarni sehrlab olgan va bir lahzada o'zining shoiriga aylangan, odamlarning qon tomiridagi karaxtlikni uyg'otib yuborishga qodir bunday iste'dod egasida o'zbek xalqi milliy o'zligimizning jon tomirlarigacha seva olgan, uni asrayotgan, ulug' Navoiy bobomizdek hazratlarning Masih nafasli she'riyatini bizga yaqinlashtirayotgan qudratli, so'z bilan ifodalash qiyin bo'lgan kuchni ko'raman. Bu kuch xalq, millat qalbi bilan hamohang uradi. Tafakkur qudrati, falsafiy ma'no va mazmunga boyligi, behad samimiyati bilan o'quvchini lol qoldiradi. “O'zbekiston” qasidasi esa Abdulla Oripov qalb chashmasidan otilib chiqib, bir farzand sifatida ona Vatanni qanday faxr va og'riq bilan seva olish mumkinligi haqidagi haqiqat saboqlarining e'tirofiga aylanadi.

 

Amerika sehrli diyor,

Uxlar edi Kolumb ham hali.

Dengiz ortin yoritdi ilk bor,

Beruniyning aql mash'ali.

Kolumbda bor alamim manim,

O'zbekiston, Vatanim manim…

* * *

Tarixiy ilk Zomin seminari… O'rik­lisoy…Yam-yashil archalar bilan muzayyan viqorli tog'lar saltanatidagi nafis majlislar… Ustoz Abdulla Oripovning yoshlar she'riyatiga bo'lgan alohida mehri-muhab­bati… Bugungi kunning yosh tog'lari bo'lgan avlodlar tashrifidan, ko'z ochgan buloqlarning zamzamasidan qanchalar quvonganlari… Qo'llab-quvvatlaganlari… Dan­tening “Ilohiy komediya” asarining bir qismini tarjima qilganlaridan keyin negadir to'xtatib qo'yganlarida biz bu haqda Zomin seminarida so'raganimizda, tog'larga qarab, uzoq sukut saqlab turib, javob qaytarmagan edilar. Boshqa safar “umidim yoshlardan, biz ulgurolmagan ishlarni ular amalga oshiradi”, — degan edilar. Xalqning ko'z o'ngida davlat va jamoat arbobi sifatida O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri, O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining jonkuyar rahbari sifatida ham uzoq yillar faoliyat olib borganlarida ham zohir va botinida biror-bir o'zgarishsiz shu millatning aziz va kamtar farzandi bo'lib qolaverdi. Chunki, shoir yozganidek:

Hamma narsa o'tadi, mansab, shonu shavkat ham,

Shirindan shirin qolur, talxdan esa qolur talx.

Bir kuni tuproq bo'lur tengsiz shamsi tal'at ham.

Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq…

* * *

Qushni ikki qanoti asraganidek, insonni muhabbat, pokiza muhabbat suyab turadi. Yillar va yo'llardagi ishonchli, vafodor do'st… bu mehribon Allohning bandasiga buyuk tuhfasi… Biz har safar tabarruk xonadonda bo'lganimizda shoir rafiqasi o'stirgan gullarni ichki bir mamnuniyat bilan ko'rsatardilar. Xoh sog', xoh bemor holatlarida ham rafiqasi ulug' shoir uchun najot farishtasi, she'r­larining birinchi o'quvchisi edi.

 

Hayotda bemorning o'zidan ko'ra,

Uning boquvchisi tortgay ko'p azob.

Buni rafiqamdan yaxshisi so'ra,

Bunga hamshira qiz bergaydir javob…

Gardun aylanadi Inson boshida,

Lekin martabasi hamisha kushod.

Yovuzlik oldida, Iblis qoshida,

Tor-mor bo'lmasligi shartdir, odamzod.

 

Ustoz Abdulla Oripov fenomeni… Ruhiya­ti hikmat bilan qorishib ketgan Sharqning ulug' shoiri. Ular bosgan qadamlarni ona O'zbekistonning har bir go'shasi sog'inadi. Zomin, Parkent tog'lari “ulug' shoirimiz yana bir bor kelarmikanlar”, — deb yo'llariga ko'z tikadi. O'zbekis­ton Qahramoni bo'lgan shoirning qo'llariga ona Vatan chechaklari yana yuzlarini bosgisi keladi. Tog' chashmalari tovushlarini tinglagisi keladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ulug' shoirimizning 80 yilligini nishonlash haqidagi qarorga imzo chekilishi xalqimiz ko'nglidagi muddao, gurros saf tortib kelayotgan yoshlarimiz bilan shoir shaxsini yanada yaqindan tanishtirish yo'lidagi qutlug' qadam bo'ldi. Mutafakkir shoirning adabiyotimizga qoldirgan ulkan xazinasi Vaqt, Zamon, Makon tushunchalaridan ilgarilab ketadi. Millat tili va dilining tarbiyasida so'z ulug'lari bilan birgalikda jiddu jahd aylaydi.

Ustoz bilan so'nggi suhbatimiz uzoq davom etgan edi. Biz do'stlar bilan birgalikda olis safar oldidan to'rt soat mobaynida ulug' shoirni tinglash baxtiga muyassar bo'lgan edik. Telefonda so'nggi video tasvir qolgan. Bir daqiqalik. Biroq bu daqiqalar mangulik muhriday… Go'yo shoir olis ummon ortidan turib:

 

Men bugun musofir, sargashta sayyoh,

Balki qumliklarga singmish so'zlarim.

Sen ham sog'indingmi, ey ona dargoh,

Meni kutgaysizmi, xumor ko'zlarim, deyayotganday…

 

Nafaqat Do'rmon bog'lari, butun O'zbekis­ton intiq bo'lib kutayotgan edi o'z shoirini. Mash'um xabar kelganda, Do'rmon bog'larida kuz edi. Oltinrang yaproqlar yer bilan bitta bo'lib, dilni ezardi… Havoda esa go'yo ulug' ustozning:

 

Bir vaqt vatanimdan ketdim ko'p uzoq,

Keldimu, zaminga egildim shu choq.

Orada qandayin muloqot bo'ldi,

Bitta men bilaman va bilgay tuproq,  

degan misralari charx urayotganday edi…

 

Sharifa SALIMOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi,

shoira

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + fourteen =