Qurilishlar va o'pirilishlar

O'tgan asrning 60-yillari. Murakkab bir davrda mamlakatimizning o'sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov tashabbusi bilan O'rta Osiyoda yagona bo'lgan Toshkent metropolitenini bunyod etishga kirishildi. Toshkent shahri transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida boshlangan bu noyob loyiha natijasida bundan 40 yil ilgari, ya'ni 1977 yilning 7 noyabr kuni yer ostida qat'iy jadval bo'yicha metro poezdlari harakatlana boshlagan.

…kecha

Qizig'i shundaki, Toshkent metropoliteni hamon O'rta Osiyoda yagonaligicha qolmoqda. Uning sobiq ittifoq davrida O'zbekistonda qurilgani esa haqiqatan ham olamshumul voqea edi…

Toshkent metrosining arxitekturasi boshidanoq nihoyatda puxta o'ylangan. Ya'ni, mutaxassislar fikricha, bu strategik muhim ob'yektdan hatto urush paytida panohgoh sifatida foydalanish ham rejalashtirilgan. Shu sababli, metroda foto va videotasvirga olish taqiqlangan edi. Biroq 2018 yilning yozida sayyohlarni jalb qilish maqsadida hamda jamiyatimizda erkin o'zga­rishlar sabab hukumatimiz metrodan harbiy ob'yekt maqomini olib tashladi. Va 41 yil amalda bo'lgan taqiq bekor qilindi.

Ta'kidlanishicha, Toshkent metrosi mintaqaning yuqori seysmikligi hisobga olingan holda qurilgan. Uning konstruksiyalari MSK-64 shkalasi bo'yicha 9 ballik zilzilaga ham bemalol bardosh bera oladi.

Toshkent metropolitenida qurilish ishlari hamon jadal sur'atlarda davom etmoqda. Yangi yo'nalishlar faoliyati yo'lga qo'yilib, 2020-2025 yillarda qo'shimcha yer osti saroylari, temir yo'l, yo'nalish, depo, elektr podstansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Yaqinda “O'zbekiston temir yo'llari” AJ Toshkent metrosini 2025 yilgacha rivojlantirish loyihasini taqdim etdi. Unga ko'ra, 2025 yilda metro uzunligi 4 martaga ortib, 157 kilometrni tashkil qiladi. Unda 74 ta yangi bekat ochiladi, ulardan 17 tasi orqali bir metro yo'nalishidan boshqa met­ro liniyasiga o'tish imkoniyati yaratiladi.

Xullas, bu borada rejalar bisyor. Maqsadlar ro'yobga chiqqunicha esa uzoq yillar oldin qurilgan poytaxt metro yo'na­lishlari xalqimizga, yurtimiz mehmonlariga beminnat xizmat ko'rsatib, uzog'imizni yaqin qilib turibdi. Metro bekatlarining dizayni, arxitekturasini ko'rib, odamning bahri-dili ochiladi. Mana 44 yildan beri poezdlar kecha-kunduz belgilangan vaqt asosida bir maromda harakatlanmoqda…

…bugun…

Korrespondent.uz saytining yozishicha, 8 aprel kuni soat taxminan 10:45 da Toshkent metropolitenining qiymati 83 million AQSh dollari bo'lgan Sergeli yo'nalishidagi poezd yer usti yo'lida to'xtab qolgan. Yo'lovchilar esa poezd ichida 15 daqiqa kutib, darak bo'lmaganidan keyin yangi qurilgan yer usti metrosining relslari bo'ylab bekatga piyoda ketishgan. Bu yo'nalish atigi 3,5 oy oldin — 2020 yil 27 dekabr kuni ishga tushgandi. “Olmazor” va 1-bekat oralig'ida to'xtagan poezd mashinistining aytishicha, bunga texnik nosozlik sabab bo'lgan. Ya'ni, kontakt relsining kronshteynlari chiqib ketgan, sostavni energiya bilan ta'minlovchi qurilmalar parchalanib, 30-50 metr masofaga sochilgan…

Undan biroz oldin, Kun.uz saytida joriy yilning 18 mart kuni metroning yer usti Sergeli yo'nalishida ikki poezd to'qnashib ketgani haqida xabar e'lon qilingandi. Shuningdek, 7 aprel kuni ham G'afur G'ulom bekatida poezd texnik sabablarga ko'ra to'xtab qolib, yo'lovchilar boshqa tarkibga ko'chirilib, yurmay qolgan poezdni boshqa bir poezd shatakka olgan.

Shoshmang, shoshmang, bu hali hammasi emas! Eng qizig'ini eshiting: 9 aprel kuni soat 18:40 da Pushkin va “Buyuk ipak yo'li” bekatlari oralig'idagi metro vagonining eshigini yopmay harakatlandi. Yaxshiyamki, eshikning “labi”gacha siqilib ketayotgan odamlardan birortasi tushib ketmadi. “Bunaqa dahshatni faqat triller kinolarda ko'rish mumkin edi, ammo o'z ishiga mas'uliyatsiz insonlarning kasriga, ming afsus­ki, bizda bunaqa holatlar kundalik voqeaga aylanib qolayotgandek”, — deb yozadi videoni o'z elektron kanalida e'lon qilgan bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

“O'zbekiston temir yo'llari”ning yuqoridagi holat yuzasidan bergan munosabatiga ko'ra, vagon eshiklari avtomatik yopilish tizimiga ega. Metropoliten harakatlanuvchi tarkibining har birida lokomotiv eshiklar signalizatsiyasi mavjud va ular eshiklarning ochiq holatda harakatlanishiga to'sqinlik qiladi. Eshikning yopilishiga tashqi ta'sir bo'lsa, avtomatik yopilish tizimi ishlamaydi.

Shundan so'ng, xizmat vazifasini noto'g'ri bajargani uchun mashinist, elektromontyor-chilangar va elektr harakatlanuvchi tarkibning katta ustasi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Elektr bazasi boshlig'ining elektr harakatlanuvchi tarkibini ta'mirlash bo'yicha o'rinbosari ish haqining 40 foizi miqdorida jarimaga tortilgan. Ammo…

Ertaga…

E'tibor bergan bo'lsangiz, so'nggi paytlarda yurtimizda qurilish ob'yektlari, umuman qurilish sohasi bilan yuz berayotgan fojialar tez-tez quloqqa chalinyapti. Masalan, Surxondaryo viloyatining Qumqo'rg'on tumanida 2017 yilda 6,5 milliard so'mga qurilgan ko'prik 2 yil o'tmasdan vayron bo'ldi. Qolaversa, aholi o'sha hududda 5,5 milliard so'm mablag' evaziga qurilgan yo'lning sifatidan ham norozi. Bu haqda Kun.uz yozgan edi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 2020 yilning 6 oktyabr kuni Toshkent viloyati hokimligida bo'lib o'tgan sayyor majlisda: “Nima sababdan qurilish sohasida ko'plab qonunbuzilish holatlari sodir bo'lsa ham ularning sabablari, ularga yaratilayotgan “sharoitlar” chuqur o'rganilmayapti? Qachongacha byudjet mablag'lari, xalq rizqi talon-toroj qilinadi?!” — deya qulab tushgan ko'prik haqida munosabat bildirgan edi. Senat raisi tizimda ochiqlik, shaffoflikni ta'minlash bo'yicha jiddiy choralar ko'rila boshlangani haqida gapira turib, bu kamchilik-xatolar endi kechirilmaydi, deya qat'iy ta'kidladi. Lekin…

Namangan shahar Davlatobod tumanidagi Shimoliy Farg'ona kanali ustiga qurilgan 37 metrlik yangi ko'prik qulab tushgani; Jizzax shahrida endi qurilayotgan 6 qavatli uy ham bitmasdan yiqilib tushgani va yana ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “qulab tushdi”, “yiqilib tushdi”…larni hisobga olsak, xalqimiz bag'rikeng, barchasi hamon kechiril­yapti. Ammo qachongacha mutasaddi “mutaxassis”lar bosh egib kechirim so'rashga va xalq ularning “bir qoshiq qoni”dan o'tishga mahkum? Axir, korrupsiya sohaga “bola-chaqasi” bilan o'rnashib olgani kunday ravshan-ku! Zero, qurilish vaziri Botir Zokirov ham Jizzax shahridagi qulab tushgan uyni “To'g'ridan-to'g'ri korrupsion sxema” deya baholagani so'zimizning isbotidir.

Yangi yerusti halqa yo'lining, e'tibor bering, 70-yillardagidek yer osti emas, yerusti halqa yo'lining “Do'stlik-2” bekatidan “Qo'yliq” bekatigacha bo'lgan yo'nalishi 2020 yilning 30 avgust kuni ishga tushdi. Uzunligi 11 kilometr bo'lgan mazkur yo'nalishda 7 ta bekat bor va har bir manzilda halitdanoq kamchiliklar ko'zga ko'rina boshlagan. Masalan, yorilish, o'pirilish, qo'porilish, to'kilib qolish, o'yi­lib tushish va hokazo. Bekatlardan olingan video­tasvirlar ijtimoiy tarmoqlardagi “trend” mavzulardan biriga aylanib ulgurdi…

To'g'ri, ish bor joyda kamchilik bo'ladi. Lekin bu nechanchi kamchilik, nechanchi muammo? Nega qurilish­larda bu qadar korrupsiya avj olib ketgan? 2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunus­obod yo'li qurilishida halokat ro'y bergani, ishchilar tuproq ostida qolib halok bo'lganining jarohatlari hali bitmay turib, yangidan-yangi ko'ngilsizliklar ro'y bermoqda. Hisob­layverib sanoqdan ham adashib ketdiku odam! O'zi asrasinu, lekin shu tarzda “mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida yumaloq-yostiq ish qilinaversa, qurilish ishlarini soha mutaxassislari emas, kunbay ishlaydigan mardikorlar amal-taqal qilib, pulini olib ketaversa, ertaga bundan ham ko'p ko'rgiliklar tushmaydimi boshimizga. Kasalni ming yashirganing bilan isitmasi oshkor qilishi haqiqat-da!

* * *

Qurilishlar… Qulab tushayotgan uylar, ko'priklar, temir yo'l va avto magistrallardagi o'pirilishlar zamirida nima bor?

Hech shubha yo'qki, o'g'rilik, talon-torojlik. Qurilish qaysi tarmoq va yurtimizning qaysi go'shasida olib borilayotgan bo'lmasin, uning sxema-chizmasidan tortib, to uni o'tkazuvchi tenderlarigacha “ber-ber”, “yo'tal bozori”ga aylangan bo'lsa kerakki, ahvol shu darajagacha bor­yapti? Yo'qsa, nega bundan 40-50 yil avval qurilgan yo'llar mustahkam, binoyiday turadi-yu, ikki yil avval to'shalgan asfaltdan yurib bo'lmaydi?! To'g'ri, bugun bunyodkorlik avjida. Kecha o'tgan ko'changda bugun 9 qavatli saroy qanday paydo bo'lib qolganiga hayron boqib turasan.

Qurilayotgan uylarning reklamasini o'qib diling yayraydi: qulay, shinam, zamonaviy, osmono'par… Qanday yaxshi!

Lekin… ularning chidamliligi, sifati qanday? Xudo ko'rsatmasinku, ammo biror tabiiy sinov yuz bersa, bardosh beradimi? Bu savollarga nima deyishni bilmaysan, ochig'i. Nazorat, ha juda qattiq nazorat yetishmayotgandek bu sohaga. Qonun ishlamayotgandek bu sohada. Uni nazorat qiladiganlar esa quruvchilar, to'g'rirog'i qurilishdagi olg'irlar bilan allaqachon “aka-uka” tutinib ketishgandek nazarimizda.

Davlatimiz rahbari byudjetdan milliard-milliard mablag'larni soha rivoji uchun ajratyapti. Ammo tegishli “mutasaddi”lar ishni quyida o'z bilganlaricha qilishyapti. Ob'yekt­larni nomiga qurib ketishyapti! Shu bois aholida e'tirozlar ko'p, savollar bisyor. Munosabat esa mutlaqo qoniqarsiz…

Eng yomoni esa gohida jurnalistikaning o'ydim-chuqur yo'llarida turtinib-surilib, kuyib-pishib yozganing gazeta sahifalarida, internet saytlarida qolib ketaveradi. Ushbu maqolaga ham qurilish vaziri shaxsan o'zi bo'lmasa-da, aqalli yordamchilari munosabat bildiradi, deb o'ylamayman. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan bo'ladigan munosabat esa “voobщe” dargumon. Faqat umid qilamiz, xolos.

Abdulaziz AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 16 =