Haqiqatga tik qarang, janob!

“Gazetaning zamoni o'tyapti”.

Bu — ba'zi bo'lmag'ur odamlarning gapi! Va ba'zi ma'rifatdan uzoq rahbarlarga yoqayotgan gap.

Yaqinda mahalla va oilani qo'llab quvvatlash vaziriga uzoq yillar xotin-qizlar qo'mitasi ko'magi va muassisligida nashr etilib kelingan va oddiy odamlarga, xalqqa yaqin bo'lib kelgan nashrimiz – “Oila va jamiyat” tahririyati vakillari kirishibdi. Gazetaning hozirgi moliyaviy ahvoli og'irligini aytib, obuna tashkil qilishda yordam so'rashibdi.

Va kutilganidek, rad javobi berilgan.

Alam qiladi! Bilasizmi, biz “Oila va jamiyat”da shakllangan yangicha jurnalistika maktabidan ko'p narsa olib katta bo'lgan avlodmiz, gazetachilik an'analarini hech ham esdan chiqarolmaymiz. Bir vaqtlar bu gazetaning adadi hozirgi eng ko'p chiqayotgan nashrdan ham bir necha barobar ko'proq edi. Va u o'ylaymanki, bugungi manaman degan mutasaddi tashkilotdan ko'ra odamlarga yaqinroq, dardkashroq, hamdardroq edi. Bu katta va juda ko'p mehnatlar evaziga erishilgan e'tirof. Bularning o'rniga nima bor? Hozir o'sha yaqinlikka yetaoladigan o'zaro yaqinlik, aloqa yo'q-ku! Hozir uyma-uy yuribmiz. Vaholanki, o'sha paytda gazetalar borardi uyma-uy…

Bugun ba'zi zamonning “aqli donish”lari gadjetlar-u, saytlar orqali dunyoni zabt etish mumkin, deb o'ylashadi. Lekin bu donolarning xayoliga ham kelmaydiki, gadjetlar hatto poytaxt Toshkentda ham yaxshi ishlamayapti. Qishloqlarni gapirish esa mutlaqo ortiqcha! Mana, yangi gap, yaqinginadagi gap: Rossiyada chiqadigan “AiF” gazetasida yozilishicha, Rossiya bosh vaziri o'rinbosari Dmitriy Chernishenko mamlakatning hududini 2030 yilgacha internet bilan to'liq ta'minlashga bor kuchimizni sarflaymiz, deb bayonot bergan. Hali buyam bir va'da. Amalda qachon bo'lishini vaqt ko'rsatadi. Biz Rossiyadan bu borada ilg'orlab ketmagandirmiz yoki adashdimmi? Birovi Yevropami, Amerikada o'qib kelib O'zbekistonda Amerika dunyosini tasavvur qilsa, biz aybdormizmi?

Ikkinchidan, qani mahallalarimizning butun bo'yi-bastini yoki bironta sohaning sir-asrorlarini o'zbek tilida mufassal yoritib beradigan, yoxud mukammal bilim yo axborotni izlab topa olish mumkin bo'lgan bironta sayt bormi? Bu savolni nega hech kim bermayapti? Nega vazirni bu jiddiy masala o'ylantirmasligi kerak? Qolaversa, gadjetlarning yo'li boshqa! Ijtimoiy tarmoqlarning ham funksiyasi boshqa! Informatsiya bilan ma'rifatning, axborot va ma'lumot bilan tahlilning farqiga qachondan beri borolmay qoldik? Yana ming afsuslar bo'lsinki, bugun kichikni kichik desak, ba'zi bir o'zini katta bilmish­lar ham telegram, feysbuk va bosh­­qa xil ijtimoiy tarmoq xizmatlarini ham ommaviy axborot vositasi deb tushunmoqdalar. Axir, qo'lida telefoni bor lekin na ma'lumoti, na biron matbuotga oid mutaxassisligi, na biron joyda tayin ishxonasi bo'lmagan odam qanday qilib matbuot vakili bo'lsin?!

Ko'chada yurgan odam borki, so'z erkinligidan foydalanishi mumkin, albatta. Bu har bir fuqaroning huquqi. Ammo aytaylik, birov o'zini blogerman deb atasa, bir dumalab OAV xodimiga, hatto rahbariga aylanib qolayotganlarga endi rahbarlarimiz “ergashib” ketavermasligi joiz. Yo'qsa, haqiqiy matbuot bilan, ko'chadagi “shantajchi”ning farqi qolmaydi.

O'ylab ko'ring, istagan kishi ma'lumotli bo'lsin, ammo mutaxassis bo'lmasa, oq xalat kiyib olgani bilan shifokorga aylanib qolmaydi-ku!

Shunday ekan, ming tasvirga olsin, ijtimoiy tarmoqlarda profil ochib “Amerika ochsin”, professional kasbga ega bo'lmagach, birortasi vallomat bo'lsa ham jurnalistga aylanib qolmaydi.

Ha, shunday! Qolaversa, bironta fanni chuqur o'rganish, mavzuni to'liq anglab yetish uchun o'zbek tilida to'laqonli axborotni internetdan olish imkoni yo'q ekan, nima qilamiz chiranib? Qani mantiq?

Shu bois, men jamiyatni gazetalarga qarshi qo'ygan kimsalarni ma'naviyat va ma'rifat kushandalari degim keladi. Gap bosma matbuotda non yeyayotganlarning ishsiz qolishidan xavotir olishda emas. Ularga kun sayin “savodi gullab borayotgan” yurtimizda ish topiladi. Topilganda qandoq! Faqat yurtga chin muhab­bat va sadoqat bilan xizmat qilayotgan sohani oyoq osti qilishlariga chidab bo'lmayapti.

Masala obunani ko'r-ko'rona rad etish topshirig'ini berganlar, bu ishdan “o'lgudek qo'rqib yashayotgan” rahbarlarning noshudligi haqida. Mayli, menga qo'shilmasligingiz mumkin. Ammo eshiting! Men ayt­moqchi bo'layotgan argumentlarni taroziga solib ko'ring. Keyin fikringiz o'zgarar balki…

Prezident O'zbekistonni ma'naviyati baland mamlakatga aylantirishni istayapti. Astoydil, chin qalbdan yonib istayapti. Uchinchi Renessans deganining zamirida bugungi emas, ertangi jarayonni nazarda tutayotgan Yurt Rahbari bugun o'sha yorug' kunga poydevor qo'ymoqchi.

Maorifga sarflanayotgan mablag'-u, e'tiborning cheki yo'q. Ma'naviyatni   eng muhim masala sifatida necha bor kun tartibiga qat'iy qilib qo'yilayotganini-ku takrorlashga hojat yo'q. Matbuot va hattoki “majburiy obuna” degan atamagacha shaxsan gapirdi-ya…

Lekin Prezidentning bu gapi nega ijroga qaratilmayapti?

Xo'sh, ayting, janob “benazir”lar, sizningcha, ma'rifat qaysi vositalar orqali jamiyatga yetib boradi? Uchrashuvlar orqalimi? Ma'naviyat bo'yicha har doim majlisga boruvchi ma'lum toifadagi jamoalarga o'qiladigan va qarsaklar bilan o'tib ketadigan ikki soatlik majlislar jamiyat savodini oshiradi, deb haliyam ishonayapsizmi, balkim shunday deb odamlarni ishontirmoqni istarsiz? Hayotga ko'zimizni ochib qaraylik.   Shu paytgachayam, bundan keyin ham bu usul bilan jamiyat o'zgarmagan, o'zgarmaydi, nafaqat o'zgarmaydi, biz vaqtdan yutqazamiz xolos. Bunday tadbirlarning “yuz yillik” “eskpert”lariga bir boqing. Ba'zilari kommunistik partiya g'oyalarini ham targ'ib qilgan, vaqtida!

Odam ularning orasida kuchli salohiyatga ega bo'lgan psixologlar, faylasuflar, ilm-fan namoyondalari, adabiyotning nuktadon bilimdonlari bo'lishini istaydi. Qayoqda deysiz? Ma'naviyatning oyog'ini kishanlab kelganlarning ba'zilari ham hali minbarlardan tushgani yo'q! Nima qilamiz yashirib?

Axir bugun ijtimoiy tarmoqlarning ochiq informatsiyalariga tobora to'yinib borayotgan jamoatchilikka rasmiy ma'ruzalardan bir jo'yali ta'sir qila olishiga ishonish nodonlikdan boshqa narsa emas.

Ikkinchi jihat, ahli jamoaning bosh ob'yekti mahalla, to'g'rimi? Xo'sh, mahallada hozir ma'rifatning o'rni qanday? Yanayam aniqroq qo'yamiz masalani: O'zbekistonda bugun qancha foiz mahallaga ziyo­lilar raislik qilmoqda? “Ziyoli” degani juda qo'pol aytganda, diktant yozsa xato qilmaydigan odam deylik. Nazarimda, bu savolga Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirining o'zi ham jo'yali javob bera olmaydi. Chunki bunaqa real ma'lumot unda yo'q ekanligiga aminman.

Xo'sh, mahallaga davlat tomonidan qo'yilayotgan vazifalar qaysi yo'l bilan yetib borayapti? Majlislarda, do'q-po'pisa bilan! To'g'ri! Ammo bu raisning o'ziga boradigan topshiriqlar. Ammo ma'rifiy informatsiyalarchi? Biz ko'p hollarda hokimlarning dunyoqarashi va ra'yidan kelib chiqib saylangan mahalla raislarining salohiyatiga ishonamiz. Ishonmaylik! Bu to'g'ri yo'l emas. Ular gazeta o'qimasa, loaqal “Axborot”ni ko'rmasa, qanaqa qilib davlatning manfaatini o'ylaydi. O'ylaydi emas, avvalo tushunishi, bilishi kerak-ku axir! Hozir amalda ular faqat hokimning bergan topshirig'ini bajarish va majlisda gap eshitmaslik haqida o'ylaydi.

Axir vazirlik va qo'mitalar, agentliklar bugungi zamon talabi bilan ishlamoqchi bo'lsa, aholi, jamoatchilik, hech qursa, o'zining tasarrufidagi tashkilotlarga o'zi haqida, yo'nalishdagi islohotlar haqida mufassal axborot yetkazib turishi shart-ku! Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining saytiga kirib, siz o'zingizni sohaga monand qiziqtirgan savollarga javob izlab ko'ringchi, “qorningiz to'yar”mikan?

Shuncha gapdan keyin…“Oila va jamiyat” gazetasi “o'ldi”! Men yana bir xuddi shu taqdir bilan ro'baro' bo'lib turgan boshqa bir nashr haqida o'ylab qolaman. Bu bevosita mahalla faoliyatiga ixtisoslashgan “Mahalla” gazetasidir. Uning bir-ikkita sonidagi maqolalarning sarlavhalarini keltiraman: “Mahalla raisiga suiqasd qilindi”, “Qorin g'ami hal etilsa, bas. Bugun dard-u tashvishimiz shu”, “Og'ir ahvoldagi maktablarning ta'miriga necha yil kerak?”, “Amaldorlar bolalarini axloqsiz qilib tar­biyalayaptimi?”, “Ichkilikni qoralaymiz, ammo nega do'konlar ko'paymoqda?”, “Ishsiz fuqarolarga ish qidirib kunimiz o'tyapti”, “Har kim o'z vazifasini bajarsa bo'lgani”… sarlavhalarning hech biri mahalla mutasaddisiga begona emas, ularda ko'tarilgan mavzular shubhasiz oqsoqollar, raislarning dunyoqarashini oshirishga bel bog'lab turibdi. Ayting, bunday ma'rifiy quvvatni yana qaerdan oladi ular?

Bugungi kunda haftasiga 24 sahifa chiqayotgan “Mahalla” Rossiyaning “AiF” nashri uslubida, nihoyatda dolzarb va o'qishli chiqmoqda. Vazir aslida targ'ibot nuqtai nazaridan o'zi uchun bundan kuchliroq suyanchiq, yordamchi topolmasligi aniq. Yana bir haqiqat shuki, gazeta hozirda har qanday bosma nashrga ham uslub, ham talqin, tahrir va ham chiroyli bezak darajasida balandlik qilaman, deydigan nashr. Shunday ekan, soha rahbariyati bu katta tirgovuchni nega o'zidan itaryapti? Axir, gazetaning bu qadar kerakli do'st ekanini anglash uchun nima yetishmayapti? Bunday nashrlarni kuchli mutaxassislar, muharrirlar-u, dizaynerlar chiqara oladi. Ikkilanmay ayta olamanki, “Mahalla”ning har qanday sonida berilgan materiallar to'plami ham darajasi, ham dolzarbligi va ham ko'lami va soni jihatidan mana-man degan saytni orqada qoldirishga qodir. Mana, paradoks!

Vazir esa bu haqiqatni tan ham olmaydi, bunga e'tibor ham qaratmoqchi emas. Xo'p, gazetalarni ilgari o'qimas edik, rosti “tez o'qiladigan” edi ko'pchiligi. Lekin bugun bunday emas-ku! Bugun odamlarni o'ylantiradigan, muayyan mavzularga ommaning to'g'ri fikrini shakllantira oladigan kuchga ega bo'lib qolganida nega tahririyatlar faoliyatiga bu qadar sovuq munosabatning boisi nimada?   Vaholanki, gazeta vazirga kerak bo'lmasa, mahallalardagi oqsoqollarga, millionlab yurt ishqida yonayotganlarga kerak-ku! Hech qursa shuni tushunish nahotki mumkin emas?

Yana bitta achchiq haqiqat shuki, agar vazirlik bugungi butun devoni bilan harakat qilsa ham bir haftada shu gazetaning ta'sir kuchichalik   tahliliy ish, ta'sirli ma'rifat, o'qishli ilm tayyorlashi dargumon! Men buning aksini isbotlovchi raddiyani tinglashga, o'qishga va agar isboti bo'lsa, mardlarcha qo'l ko'tarishgayam tayyorman!

To'g'risi, men hozirgi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirini shaxsan tanimayman, unga hech qanday xusumatim va davoim ham yo'q. Faqat bir paytlar mahalla faoliyatini izchil yoritgan jurnalist sifatida tizimning bunday mahdud axboriy ahvoliga nisbatan befarq qolgim kelmayapti. Qolaversa, gazetalardek jamiyatning do'stlariga qarshi bo'lgan har qanday rahbarda zamon siyo­satining amaldagi ijrosiga, uning oddiy odamlar qalbiga yetib borishiga qarshi bo'lgan shaxsni ko'raveraman.

Shaxsan o'zim majburiy obunaga qarshiman. Hozir buning barcha sabablarini   yozib o'tirmoqchi emas­man. Bitta so'z bilan aytganda, majburiy obuna shu paytga qadar bo'lsa, uchta-to'rtta gazetaga foyda keltirgandir. Keltirgan bo'lsa agar! Aslida bu, eng avvalo, uni tashkil qilganlarni boqadigan korrupsion sxema. Buni dalillash uchun uzoqdagi arxivlarni titkilashga hojat yo'q, 2020 yilgi ishlar ham yaqqol ko'rsatib turibdi. Shunday ekan, keling, boshdan do'ppini olib bir jiddiy mushohada qilib ko'raylik. Nima qilsak bo'ladi?

Mard bo'laylik, qachonki nashr o'z muassisi talabiga monand emas ekan, unga yordam berishni talab qilishning o'zi ortiqcha. Biroq “Ma'rifat”, “Oila davrasida”, “Jamiyat”, “Mahalla” kabi elga ham, soha ziyolilariga ham ma'qul va kerak bo'lgan nashrlarni vazirlik va idoralar muassis sifatida saqlab qolishlari, nafaqat saqlash, balki shu yurt ravnaqi uchun, jamiyatda to'g'rilik, adolat tamo­yillarining barqaror bo'lishiga xayrixoh bo'lib rivoj­lantirish, keng ommaning arzon ko'makchisiga aylanti­rishlari zarur va shart deb o'ylayman.

Misol uchun, “Mahalla” nashri tahririyatini vazirlik byudjetiga o'tkazib, uni barcha mahallalarga o'z vaqtida yetkazib berish tizimi yaratilsa, muammo o'z yechimini topadi. Uning adadi qancha ko'p bo'lsa, gazetaning tannarxi ham tobora arzonlashib boradi. Bu barchaga ma'lum. Kezi kelganda, bir gap. Xalq ta'limi vazirligi, olaylik, “Gulxan” jurnalining hech bo'lmaganda har bir sinfga bir donadan yetib borishini rejalashtirganida edi, uning bir donasi, yo'q, bir yillik bahosi ellik ming so'mdan oshmas ekan. Men bu raqamni balkim ozgina mubolag'a bilan yozayotgandirman, ammo 30 kishilik bitta sinfga 300 ming so'mlik obuna ham har bir bolaga 10 ming so'mga aylanar edi. Xo'sh, bu bilan kim yutar edi? Javobi aniq!

Qolaversa, jurnalistlar vazir yoki raisning emas, sohaning do'stlaridir. Vazirlik tizim sifatida katta ishlarni zimmasiga olgan tuzilma. Nashrlar bu tuzilma mutasaddilarining ko'zini ochishga, xatolarini to'g'rilashga yordam beradi.   Aslida rost gapni aytib turadigan asl do'sti ko'p rahbar kamroq adashishi ham haqiqat emasmi? Bu juda ko'p izoh va tushuntirish talab etmaydigan haqiqat. Kimki, jurnalistlarga ochiq yuz bilan qarashni   istamas ekan, u rahbar haqiqatdan qo'rqadigan odamdir.

Darvoqe, gap kelganda, to'xtatib o'tirmadim. Bizga Amerika-yu, Yevropani targ'ib qilayotgan ba'zi zamonaviy rahbarlarimizga esa savol bor, haqiqatga tik qarolmaydigan rahbarlar Amerikada qanday yo'l tutishadi, Yevropada jamoatchilik oldida obro'si bo'lmagan vazirning qarori qanday bo'ladi? Biz bilamizki — Iste'fo!

Nega unda bu qoidaga rioya etmaysiz?

Ehhh…

Mayli, bu endi butunlay boshqa mavzuning bosh­lamasi…

Husan ERMATOV

Tahririyatdan: taniqli jurnalist, “Do'stlik” ordeni sohibi, mamlakatimizdagi nufuzli “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari Bosh muharriri Husan Ermatovning yuqoridagi kuyunchaklik bilan yozgan maqolasini o'qidingiz.

Darhaqiqat, bugun OAVlariga munosib e'tibor qaratish lozimligi haqida davlatimiz rahbari qayta-qayta ta'kidlayotgan bir paytda, nima uchun ko'pchilik amaldorlar buning aksini qilayapti? Sababi nimada ekan?

Ehtimol, asl sabab ularning o'zlaridadir? Chunki gazeta o'qimaydigan rahbarlar, hatto shu “fazilati” bilan maqtanmoqdalar-ku!

Yana bir gap: ushbu maqolaning xuddi mantiqiy davomidek bitilgan boshqa bir hamkasbimizning “Shudgordagi quyruq” yoxud ma'naviy jinoyat ildizlari qaerda?, — sarlavhali maqolasi ham gezetamizning birinchi va ikkinchi sahifalarida e'lon qilindi.

O'qib ko'ring, aziz mushtariylar. Fikrlaringizni kutamiz. Mutasaddilardan esa har doimgidek javob kutish befoyda bo'lsa kerak. Shunday bo'lsa-da, ularga ham insof tilaymiz. O'ylaymizki, sohaga oid rahbarlarimiz befarq bo'lmaslar, amaliy chora-tadbirlar belgilanishidan umidvormiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 4 =