Yoqimli ishtaha…mi?!

Farg'onadagi maktabgacha ta'lim muassasalariga Ukrainadan keltirilgan muzlatilgan arzon “go'sht”lar tarqatilmoqda

 

Ochig'ini aytganda, sobiq Ittifoq tuzumidan keyin “unutilgan” sohalardan biri bu—bog'chalar bo'ldi. Respublika bo'yicha qancha-qancha maktabgacha ta'lim muassasalari yopilib ketdi. Ayniqsa, tuman va qishloqlardagi shirkat xo'jaliklari, yirik zavodlar qoshidagi bog'chalar deyarli yo'q qilib yuborilgan edi. Bolalar—hayotimizning ertasi bo'lgan bolajonlarga “g'amxo'rlik” mana qanday bo'ldi?

Lekin Prezidentimizning tashabbusi, g'amxo'rligi tufayli keyingi to'rt yil davomida sohaga qayta e'tibor qaratildi. Shu bois, bugun nafaqat har bir tuman, balki har bir mahalla, qishloqlarimizda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tashkil etildi, balki mamlakatda Maktabgacha ta'lim vazirligi degan shu vaqtgacha umuman bo'lmagan bir vazirlik paydo bo'ldi.

Oxirgi 4 yil ichida yurtimizda davlat va nodavlat hamda oilaviy asosdagi jami bo'lib o'n sakkiz mingdan ziyod maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyati yo'lga qo'yildi.

Bu bilan Prezidentimizning topshiriqlariga muvofiq hududlarda bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish bo'yicha belgilangan maqsadli ko'rsatgichlarga erishildi.

Tan olish kerak sohada juda ko'p xayrli ishlar ro'yobga chiqmoqda. Bugungi MTMlarni ko'rib faqat havas qilish mumkin. Ammo… davlatimizning shunday e'tibori va juda katta mablag'lar yo'naltirilayotganiga qaramay, ayrim kamchilik va muammolar ham uchrayotgani, bu ham—haqiqat.

Quyida Farg'onadagi maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati misolida mavzuga e'tibor qaratiladi.

— Bunday nohaqliklarga qachongacha chidash mumkin? – deydi Farg'ona shahridagi 35-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi Sobira opa Rahimova kuyunib. – “Vodil Mindon­obod” MChJ keltirayotgan o'simlik yog'i, shakar, guruch kabi 13 turdagi mahsulotning har birida tarozidan urish, vaqtida yetkazib bermaslik holatlari ko'p kuzatilardi. Noilojlikdan ba'zan xo'jalik mudiri o'z hisobidan mahsulotlarni bozordan olib kelgan hollar ham bo'lgan. Sarvar ismli xodim esa bir gal do'q-po'pisa bilan “Istasangiz ham, istamasangiz ham shu!” deya jerkib berdi. Go'sht mahsulotlari bilan ham xuddi shunday vaziyat. “Chorvador” MChJ tomonidan yetkazib beriladigan go'shtning 10 foizi, ya'ni 40 kg. go'shtning 4 kilosini mol yog'i tashkil etgan. Bu mutlaqo qonunga zid.

To'g'ri, bu vaziyatda faqatgina ta'minotchi aybdor, deb aytolmaymiz. Chunki ular bilan “kelishib ishlaydigan”, kamiga bolaning rizqini qo'rqmay yeydigan MTT mudirlari, xo'jalik mudirlarining ham hissasi bor: “qars” ikki qo'ldan chiqadi. Jumladan, bu muassasaga ishga kelganimda xo'jalik mudiri bo'lib faoliyat yuritgan Mahliyo Karimbuvayeva ham shunday bolalarning haqidan qo'rqmaydiganlar sirasidan ekan. U bilan xayrlashdik.

Misol uchun, 8 kg. paxta yog'i keltirib, 10 kg. o'simlik yog'i uchun imzo chektirib olishlari qaysi mantiq, qaysi qonunga to'g'ri keladi? Bunday “o'yin”­larning ortida kim, qanday kuch turganini bilmayman. Bilganim shuki, to shu muassasada mudir bo'lib faoliyat yuritar ekanman, bolalarga sifatsiz mahsulot, jumladan, go'sht yedirmayman, bolaning haqiga xiyonat qilishlariga qarab turmayman! Bunga vijdonim yo'l qo'ymaydi…

4-sonli MTM mudirasi Zulxumor Qodirova ham hamkasbining fikrini tasdiqlaganday: “Volida” fermer xo'jaligi keltirgan go'shtning rangi o'zgargan, suyagi, mol yog'i ko'pligini ko'rgach, hamkorlikni rad etib, “Business Company Invest” MChJ bilan shartnoma tuzganman. Biroq sut va sut mahsulotlarini “Volida” fermer xo'jaligidan olamiz. Sifatli, – deya suhbatga qo'shiladi.

Qoidaga ko'ra, muassasalarga yetkazilayotgan 10 kilogramm go'shtning mol yog'i miqdori 300 grammdan oshmasligi kerak. Ikki kunga yetadigan 40-50 kilogramm go'sht uchun bir yarim kilodan ortib ketmagan mol yog'i olamiz. Ta'lim muassasamizda 6 ta guruh bo'lib, 158 nafar bola tarbiyalanadi. 158 nafar ota-ona bolasini bizga ishonib topshirib ketadi. Bola organizmi sezuvchan, nozik. Axir, sifatsiz go'shtdan taom tayyorlasak, uning salomatligida darrov o'zgarish kuzatiladi-ku! Ta'bir joiz bo'lsa, biz bolalarning ta'limidan ko'ra ko'proq o'z uyiga eson-omon, sog'-salomat yetib olishlarini ta'minlashga mas'ulmiz!

Fermer xo'jaligiga ijtimoiy ta'minot nega kerak?

1999 yildan buyon faoliyat yuritayotgan, umumiy maydoni 926 gektarni tashkil etuvchi (shundan 65 gektar maydon sut mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun mo'ljallangan, qolgani klaster) “Volida” fermer xo'jaligi shu payt­gacha ishlab chiqarayotgan sut va sut mahsulotlarining sifatliligi bilan el ichida obro' topgan. Bu yerda oyi­­ga 60 tonna sut qayta ishlanadi. “Crafers”, “Imkon Plus”, “Classic”, “Crember”, “Vazira” kabi taniqli firmalar bilan shartnoma imzolagan. Fermasida Avstriyadan keltirilgan 655 bosh naslli qoramol parvarish qilinmoqda.

Xo'sh, shunday dongdor fermer xo'jaligiga davlat muassasalariga go'sht, sut va sut mahsulotlarini yetkazib berish nega kerak bo'lib qoldi? Balki “Sut ham, go'sht ham o'zidan chiqqanidan keyin, buning nimasi yomon” dersiz? Ha, muammo ham, e'tiroz ham shundaki, maktabgacha ta'lim muassasalariga yetkazib berilayotgan go'sht mahsulotlari fermadagi naslli qoramollardan olinmaydi. Balki oyiga kamida 25 tonna Ukrainadan arzon-garovga muzlatilgan holda keltirilib, tarqatiladi. Tadbirkorga bir kilosi 44 mingdan tushgan mol go'shti 9 ta tumandagi 300 dan ortiq MTMga 48 mingdan pullanadi. Xo'sh, go'shtning sifati bilan bog'liq e'tirozlarga fermer xo'jaligi rahbari o'rinbosari Saidbek Alobiddinov qanday izoh beradi?

— Go'sht yetkazib berish bo'yicha tanlovda 2020 yilning noyabr oyida g'olib bo'lganmiz. Maktabgacha ta'lim muassasalariga go'sht yetkazib berishni 2021 yilning yanvar oyidan boshladik. Birinchi oyda 60 tonna, fevralda 50, martda 40, aprelda 35, mana may oyida esa 24 tonna go'sht yetkazib berdik.

E'tirozlarga kelsak, mol gavdasi maxsus uskunada kesiladi, qaeridadir mol yog'i yoki suyagi ko'proq o'tib ketgan bo'lishi mumkin. Shu paytgacha agar biror ta'lim muassasasi norozi bo'lib go'shtni qaytarsa, sifatlisiga almashtirib berganmiz. Keyin ko'p narsa go'shtni qanday saqlashga ham bog'liq. Masalan, biz – 21 daraja sovuq haroratda saqlaymiz, MTMlardagi muzlatgichlar “+”li, muzlatilgan go'shtni sifatli saqlashga mo'ljallanmagan. Tabiiyki, muzlatilgan go'sht ikki kunda bunday muzlatgichda erib, o'z vaznini yo'qotadi.

Bu so'zlardan fermer xo'jaligi rahbari G'ayratjon Alobiddinov battar tutaqadi:

— Yigirma besh yildan buyon shu sohada ishlab kelyapmiz, – deydi u. – Moliya boshqarmasi chiqargan xulosadan qattiq noroziman. Nega ta'minotchi firmamizga kelib, go'shtning saqlanish sharoiti, yetib kelgandagi holatini o'rganmay, bir yoqlama ma'lumot taqdim etyapti? Mana, kelib tekshirishsin, eshigimiz ochiq. Balki u maktabgacha ta'lim muassasalarida go'sht saqlash tartibi talab darajasida emasdir. Mayli, zimmamizdagi ta'minot yukidan soqit bo'lsak bo'laylik, ammo yigirma besh yillik, misqollab yiqqan obro'yimizga putur yetishiga, yuzimiz qora bo'lib bozorni tark etishimizga qarab turolmaymizku!

Saidbek Alobiddinov suhbat asnosida Quvasoy shahridagi 28, 16, 14, 12, 6, 4-sonli MTM direktorlari va xo'jalik mudirlarining tushuntirish xatlarini bilib yo bilmay taqdim etdi. Ularning orasida shunday mazmundagisi ham uchraydi, ya'ni muzlatilgan holatda go'shtning sifatini bilib bo'lmasligi, sifatsiz go'sht kelganda qaytarishga harakat qilganlari, ammo bu yuqoridan kelgan buyruq ekani, go'sht erigach, undan kotlet yoki boshqa turdagi taomlar tayyorlashda qiyinchilik tug'ilayotgani aniq-ravshan yozilgan. Bu qog'ozlarni bizga dalil sifatida keltirgan S.Alobiddinov o'zini oqlamoqchi bo'ldimi yoki “Haqiqatan biz shunday sifatsiz go'sht yetkazib beramiz”, demoqchimi, tushunmadim?

Beixtiyor savol tug'iladi: qassobxonalarda bir kilo go'shtning narxi 65 ming so'm bo'lganda, Ukrainadan 15 kun deganda keltirilayotgan, muzlatilgan, 44 ming so'mlik go'shtning sifati qanday ekan? Shu go'shtdan o'zlari ham iste'mol qiladimi? Nega bu go'sht bozorlarga chiqmaydi? Chiqsa, birov oladimi? Yoki bolalarga shu 44 ming so'mlik sifatsiz go'sht ham bo'laveradimi?

Mana, nega “Volida” fermer xo'jaligida ishlab chiqarilayotgan sut va sut mahsulotlarini hamma jon deb, e'tiroz bildirmay oladi-yu, go'shtiga kelganda…

Darvoqe, “O'zingizning fermangiz, 655 bosh qoramolingiz bor ekan, nega Ukrainadan go'sht keltirasiz? Shularni bozorga chiqarsangiz bo'lmaydimi?” degan savolimizga “Ie, bu narxga qoplamaydi, axir. Bizda yem-hashak, boquv qimmatga tushadi”, dedi Saidbek Alobiddinov.

Qars ikki qo'ldan

Yo'l-yo'lakay “Balki fermer xo'jaligi rahbarlarining ham gapida jon bordir, sifatli go'shtning ham epini qilib saqlay olishmas?”, degan savolga javob axtarib, Farg'ona shahridagi 17, 34, 4, 9-sonli maktabgacha ta'lim muassasalarining oshxonasini ko'zdan kechirdik.

Oshxona binosi hali taomnoma, sifat, me'yor, sanitariya-gigiena holatini o'rganmay turib, asl vaziyatni oshkor qiladi. Jumladan, tekshiruvchilar kelaverganidan pishib ketgan bog'cha mudirasidan tortib oshpazgacha egniga oq xalatni ilib, aytaverib yod olingan so'zlarni miyasida aylantirib “taxt” bo'lib turishidan xavfsiraganimizni bildirmay, indamaygina eshik qoqdik. Asl vaziyatni ko'rolmay, yolg'onchi tasavvurlarga aldanib qolish xavotiridan edi bu.

Ammo o'ziga ishongan, ishini puxta, tartibli bajarib kelgan odamni hech kim sarosimaga tushirolmaydi. Farg'ona shahridagi 4-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi Zulxumor Qodirovaning xotirjam, ochiq yuz bilan kutib olishi, so'ragan savolimizga ta­yinli javob berishidan o'z ishining fidoyisi ekanini anglash qiyin emas. Sotib olingan mahsulotlar fakturasi, shartnomalar, kundalik taomnoma talabnomasi to'g'ri yuritilganiga guvoh bo'ldik. Har bir mahsulot – nomi tushirilgan idishda, go'sht, sariyog' muzlatgichda buzilmagan holatda.

Afsuski, 9-sonli MTM esa buning aksi. Muzlatgich ham, firmalar bilan tuzilgan shartnomalar ham yo'q. Hammasidan ham tog'oraga solib qo'yilgan “Yuksalish Bret Trade” MChJdan keltiriluvchi go'sht (suyagi ko'p) va “Supply Foods” MChJ tomonidan ta'minlanuvchi sariyog' muzlatgich vazifasini bajaruvchi salqin xonada gigienaga zid ravishda saqlanmoqda. Olma “xom go'sht” yozuvli tog'orada yuvilmoqda, “vanna”ga esa “krupa” yozuvli tog'orada yetib kelmoqda…

Asli 280 o'ringa mo'ljallangan, 300 nafar bola tarbiyalanayotgan 17-sonli MTT da 11 ta guruh bo'lib, 10 may holatiga muassasada 160 nafar bola bor. Oshxona ozoda, saranjom. Mahfuza Ro'ziboyeva boshliq uch oshpaz yarim tushlik uchun ichiga suyultirilgan sut solingan shirin kulcha tayyorlashayotgan ekan. Biri 70 gramm xamirni tarozida o'lchab, tayyor holatga keltirmoqda, biri pishgan shirin kulchalarni pechdan olmoqda. Mazasi, sifatini bilish uchun tatib ko'rdigu, ta'mi og'zimizda qoldi.

Bilsak, bu muassasada 3-, 5- va 15-sonli MTTlar kabi autsorsing (inglizcha outsourcing: (outer-source-using) tashqi manba yoki resursdan foydalanish) xizmati yo'lga qo'yilgan ekan. Tanlovda g'olib bo'lgan autsorser – “Vanessa de Lux” firmasi boshlig'i Bunyod Sulaymonov bilan bir yillik shartnoma tuzilgan. Uning so'ziga ko'ra, taom­noma Farg'ona viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi bilan bamaslahat tuziladi, Farg'ona viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi tasdig'idan o'tadi. 10 maydagi taomnomaga ko'ra, nonushtaga suli yormasidan bo'tqa, shirin choy, sariyog' va non, ikkinchi nonushtaga olma, tushlikka tovuq sho'rva, shavla, sabzi va karamdan salat, kompot, yarim tushlikka suyultirilgan sutli shirin kulcha va sut berilishini og'zaki aytishdi-yu, biror hujjat ko'rsatishmadi. Bunyod Sulaymonovning aytishicha, barcha mahsulotlar kunlik, yangi keltiriladi. Oshxonada muzlatgich yo'q.

34-maktabgacha ta'lim muassasasida ichimlik suvi yo'qligi (10.05.2021) sababli oshpazlar suvni yonidagi 17-maktabdan tashib foydalanishyapti. Oshxona binosi avvalgi 17-bog'chadan ancha farq qiladi, eskiroq, betartib. Ikki oshpaz tashqarida, daraxtning soyasida ertagalik pyure uchun kartoshka tozalashmoqda. Ko'rinib turibdiki, kartoshka sotib olinganiga ancha vaqt bo'lgan, zaxirada yarim yilcha turgan-ov. Bosh oshpaz Gulnora Tojiyevaning aytishicha, go'sht “Volida” f/x, non davlat ta'minoti, sut mahsulotlari esa “Aziz Ray” MChJdan keltiriladi. 10 may holatiga ko'ra, muassasada 241 nafar tarbiyalanuvchi bo'lib, taomnoma – nonushtaga mannaya yormasi, sut, non, tushlikka makaronli sho'rva, shavla, non, yarim tushlikka pishloq, non va shirin choydan iborat.

Ammo aytishlaricha, xo'jalik ishlari mudiri hamda hamshira omborxona eshigini qulflab Farg'ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasiga ketishgan, bir soat kutdik hamki, kelishmadi. Go'shtning saqlanish holatini ko'rolmadik…

* * *

Ukraina fermalarida boqilib, so'yilib, so'ng muzlatilib, O'zbekistonga yetib kelgach ham bolalarning qorniga tushgunicha bu go'sht deganlari shuncha “sarguzasht”ni boshidan kechirar ekan. Ba'zan ta'minotchining, ba'zan mak­tabgacha ta'lim muassasasidagi xodimlarning beparvoligi sabab alal-oqibat, aylanib-o'rgilib go'sht taomga ishlatib bo'lmaydigan, yaroqsiz holatga kelib qolmoqda. … va uni jigargo'shalarimiz iste'mol qilmoqda.

Haqiqat, bu – aybdorni qidirish emas, aybsizni oxiriga qadar izlash va topishdir. Bu maqolaning yozilishidan ham muddao bitta: kimning aybdor ekani muhim emas. Muhimi, o'sha sifatsiz go'sht beayblar – bolalarga yetib bormasin!

Sevara ALIJONOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 9 =