Qidiruv: “Zulfiyachi”lar, qaerdasiz?!

Haqiqiy ijodkor mukofot uchun ishlamaydi. Kimdandir nimadir kutib yashamaydi. Hech qachon lavozim yoki mansabga intilmaydi. Zero, xalqning e'tirofi eng katta sovrin, haq gapni hayiqmasdan ayta olganining o'zi u uchun yuksak rag'batdir. Haqiqiy ijodkor,   shoir-yozuvchi, jurnalist ayni shu mezonlarga jiddiy qaray olishi ham bir san'at aslida!

Har yili Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga hujjat topshirish boshlansa, “fikrnoma” so'rab keluvchi yosh “iste'dodlar” soni ko'payib qoladi. Ularning ayrimlari hali maktab o'quvchisi bo'lishiga qaramay, 10-15 ta mualliflik kitobini nashr ettirganiga nima deysiz? Hammasi tanlov uchun, afsuski, bu “asar”larning deyarli pichoqqa ilinadigani juda kam bo'ladi…

Ilmi, bilimi haminqadar, yostiqday kitoblar u yoqda tursin, kundalik gazetalarni varaqlashga ham sabri yetmaydigan, badiiy asarlarga vaqt topib, ko'z yugurtirishga-da yuragi dov bermaydigan bu so'zamol, gapdon yoshlarni ko'rib, achinasan kishi. Mukofotga halitdan bunchalik mukkasidan ketganini ko'rib, sovringa o'chligiga hatto rahming keladi. Ishonib ayta olamanki, bu “iqtidorli” yoshlar o'z sohasini chuqurroq o'rganib, yetuk mutaxassis bo'lish uchun emas, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan o'tkaziladigan turli tadbirlarning tashkiliy ishlariga ko'maklashish bilan band bo'ladi. Ta'lim olayotgan dargohidagilarga ham shunisi ma'qul. Hech kim to'g'ri yo'l ko'rsatmaydi. Qarabsizki, bora-bora ularning yashashdan maqsadi sertifikat, tashakkurnoma yoki turli xil “faxriy yorliq”larni qo'lga kiritish bo'lib qoladi…

Afsuski, birgina Zulfiya nomidagi davlat mukofoti misolida oladigan bo'lsak, unga sazovor bo'lishni bosh maqsad qilgan qizlar toifasi tobora kengayib bormoqda. Achinarlisi, ularning ayrimlari borki, nomdorroq ijodkorlarga “she'r” yozdirib, evaziga yaxshigina mablag' taklif qilishdan ham toymaydilar. Har holda, bunday holatlarga ko'p guvoh bo'lganmiz.

E'tibor qilsangiz, har yili “zulfiyachilar” nomi e'lon qilingach, ijtimoiy tarmoq sahifalari e'tirozlar, mukofot ololmagan nomzodlarning iddao va diydiyolariga to'ladi. Albatta, “Zulfiyachi”lar orasida yuqori davlat tashkilotlarida ishlaydigan, fan nomzodi, fan doktori, deputat, olima yoki o'qituvchi sifatida faoliyat yuritib, jamiyatga nafi tegayotgan, ro'zg'ori va ishini o'z o'rnida olib borayotganlar ham yo'q emas. Masalan, birgina adabiyot sohasini oladigan bo'lsak, Mehrinoz Abbosova, Dilnavoz Qo'ldosheva, E'zoza Obidjonova, Madina Norchayeva, Nozima Habibullayeva, Ruxsora To'laboyeva va yana to'rt-besh nafar iqtidorli, ijodda ham, jamiyatda ham faol sovrindorlarni aytishimiz mumkin. Lekin…

Senat raisi Tanzila Norboyeva ta'biri bilan aytganda, “Zulfiya” va boshqa turli mukofotlarni qo'lga kiritgan xotin-qizlar taqdirlangach “yo'q bo'lib qolishadi”. Davlat mukofotini olishda talabgorlar ko'payib ketadi. Hammasi “qilgan ishlarim” deya qator hujjatlarini ko'tarib keladi. Joriy yilda ham yurtimizda 121 nafar xotin-qizlarga turli darajadagi mukofotlar berildi. Qani o'shalar? “Zulfiya”ni har yili bir viloyatdan 2 nafar nomzod oladi. Bugun ular qaerda? “Zulfiyachi” qizlar, mukofotni oladi, “yo'q bo'ladi”, oladi, “yo'q bo'ladi”. Mukofotga tavsiya qilinayotganda oylik olmasdan ham, jamoatchilik asosida u ishni qildim, bu ishni qildim, deb yozib beriladi-ku tavsiyanomasida. Qani ularning keyingi faoliyati?..

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti va shu kabi qator mukofotlar chinakam iqtidorlarni, ilm-ma'rifatli yoshlarni saralab, haqiqatan munosiblar taqdirlanganida edi, bugun sovrindorlar qani, deya xunob bo'lmasdik.

Hali biror karomat ko'rsatmasdan mukofot da'vo qiluvchi, bu yo'lda qimmatli vaqtini behuda sovuradigan yoshlar safi ham ancha kamayardi chamamda.

Uzoqqa bormaylik, yaqinda AQShdagi Kolumbiya universitetining ilk o'zbek professori, 32 yoshida tarix va dinshunoslik yo'nalishida fan doktori darajasiga erishgan, naq sakkiz tilda erkin muloqot qila oladigan vatandoshimiz Aziza Shonazarova Prezident farmoni bilan “Do'stlik” ordeniga munosib ko'rildi. Vaholanki, bu qiz shu kungacha biror nufuzli davlat mukofotiga harakat qilmagan yoxud “qo'li kalta”ligi uchun mukofotga erisha olmagan bo'lsa, ne ajab. Harakat qilgan, tinimsiz o'qib-izlangan va mehnatlari vaqti-soati kelib o'z mevasini berib turibdi.

Yosh va iqtidorli Mushtariy Sharifovaning dunyo­­ga mashhur “Tesla” kompaniyasiga ishga olingani ham o'zbek segmentida jiddiy muhokama etilgan qu­vonchli xabarlardan biri bo'ldi. Ma'lum bo'lishicha, Mushtariy Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o'qishga kira olmagan. 21-22 yoshlarida Germaniyadagi universitetda (Berlindagi Universıty of applied sciences in Europe) o'qishni boshlagan va uni 2019 yili tugatgan. O'qish davomida yirik kompaniyalarda, xususan, “Adidas”, “Zalando”, “SAP” kompaniyalarida amaliyot o'tagan. “American Publishing Company” kompaniyasida 2020 yil fevralidan 2021 yil yanvarigacha ishlagan. U hozirda Tesla kompa­niyasida faoliyat yuritayotgan birinchi o'zbekistonlik qiz hisoblanadi. “Bir oy davomida har haftada 1 yoki 2 marta men bilan suhbat o'tkazishdi, turli xil savollar berishdi va oxirida menga muddatsiz ish taklif qilishdi, ya'ni men bu kompaniyada o'zim istagancha ishlash huquqiga ega bo'ldim. O'sha kun men uchun juda baxtli kun bo'ldi”, – deydi Mushtariy Sharifova instagramdagi sahifasida.

O'ylab qolasan, kishi. Demak, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o'qishga kirish jahonda reytingi baland, yetakchi o'rinlarda turadigan universitetlarga o'qishga kirishdan ham qiyin ekan-da? Bu xabarni o'qidimu, O'zbekiston yana bir yetuk mutaxassisdan, yurtning koriga yaraydigan, Vatanga nafi tegadigan yosh kadrdan ayrilganidan afsuslandim. Zero, Mushtariy bu nomdor kompaniyada shunchaki oddiy xodim emas, balki hisob-kitob(buxgalteriya) bo'limida katta-katta raqamlar bilan ishlaydigan asosiy xodimlardandir…

“Asaxiy.uz” internet do'koni asoschisi Feruz Allayevning internet tarmog'ida yozishicha, Xitoyning 2020 yilda ilm-fanga (Research and development) ajratgan mablag'i 328 milliard dollarni tashkil etibdi. Qiziqarli tomoni, mamlakat xavfsizlikka (armiya va politsiya) bundan ancha kam, 178 milliard dollar sarflagan.

Janubiy Koreya bo'lsa 48 milliard dollar pulni ilm-fanga sarflagan, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) 4 foizini tashkil etadi. Bugun Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlari ilm-fanga qilayotgan xarajatlari bo'yicha hatto G'arbdan ham o'tib ketdi. Bu yaqin kelajakda asosiy innovatsiyalar Osiyo hissasiga to'g'ri kelishini bildiradi.

Ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonning, ha, ona yurtimizning ilm-fan va madaniyatga ajratadigan yillik byudjeti ham bugun eng taraqqiy etayotgan mamlakatlardagidan kam emas. Ammo qaniydi, bu mablag'lar to'g'ri va insof bilan yo'naltirilsa, ta'lim sohasidagi korrupsiyaga barham berilsa, farzandlarimizni yoshligidan mukofot uchun, evaziga nimadir kutib emas, balki chin yurakdan mehnat qilishga o'rgatsak, bu yurtdan hali ko'plab Azizayu Mushtariylar yetishib chiqishiga aslo shubha yo'qdir.

Bir odamni bilardim, deydi ustozlardan biri. — Doim poytaxtdagi o'nlab idorayu tashkilotlarda qizini yetaklab yurardi. Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, o'nlab gazeta-jurnal tahririyatlari, nashriyotlar, Oliy majlis, Xotin-qizlar tashkilotlari, turli vazirliklar… Ochig'i, bari-barisida kimlar ishlaydi, rahbarlari kim, asli qaysi viloyatdan, tumandan, ularga yaqin bo'lgan insonlar kimlar — hammasini deyarli “yodlab” olgan edi. Maqsadi – qizi “Zulfiya” mukofotini olishi kerak. Iloji yo'q narsaning o'zi yo'q ekan-da, niyatiga erishdi: qizi qaysidir yili “Zulfiya” mukofoti sohibasi bo'ldi. Shu bilan hammasi tugadi. Bir yilda qatorlashtirib chop qilingan “she'riy kitob”lar “vazifasi”ni bajardi. U kitoblarni ham kimlardir tayyorlagandir, chop qilgandir, Xudo biladi. Chunki shundan keyin biror joyda “zulfiyachi” qizning biror satr ijodi chop qilingan emas.

Gap shundaki, bir narsa deyish qiyin. Aytaylik, haqiqiy ijodkor bo'lmagan farzandiga shu ota yaxshilik qildimi? Ehtimol, uning iqtidori she'riyatda emas, tibbiyot yo to'quvchilikda bo'lgandir? Shu mukofot sabab qizi ertaga kim bo'ladi? Bunday misollar kam emas. Ehtimol, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohiblariga Oliy o'quv yurtlariga o'qishga kirish imtiyozini bekor qilish kerakdir? Shunda hamma o'zini shu mukofotga urmas edi balki? Yo'qsa so'nggi yigirma besh yil davomida qancha “Zulfiyachi”lar aniqlandi?

Lekin ular ichida qani bitta Zulfiya, qani birgina Halima Xudoyberdiyeva?

Ehtimol ana shunday mukofotu turli tanlov sov­rindorlarini aniqlashda shoshilmagan ma'qulmikan? Chunki yoshlarni qo'llab-quvvatlash, iqtidorlarning o'zini namoyon etishiga imkon, vaqt ham kerak. Qachonki, endigina universitetning birinchi kurs talabasi, hatto kollej yo maktab o'quvchisi bo'lgan bu yoshlar, avvalo, o'qishini bitirsin, hayotda yana besh-o'n yil o'zligini, yuksak mukofotlarga loyiq ekanligini mukofotsiz ko'rsata bilsin, keyin taqdirlansa ham bo'ladiku!

Hozir esa… bu “ot o'yin”larda nimalar bo'lmayapti deysiz?!

Xullas, aytmoqchi bo'lganimiz shuki, yurtimizda chindan ham iqtidorli yoshlar kam emas. Gap ularning eng munosiblarini tanlay bilish adolatidadir.

Nima ham derdik, faqat munosiblarga mukofotlar muborak bo'lsin!

Abdulaziz AHMEDOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 7 =