Yo'ldagi taqiqlar, tanqidlar va taqdirlar

  • Chorrahalarda kameralar ishlamayaptimi, nega yo'llarda haliyam YHX xodimlari turadi?
  • YHX xodimlari faqat jarima undirish uchun ishlaydimi?
  • Nega yo'llarda taqiqlovchi belgilar ko'p?
  • Jamoatchilik asosida ishlab kameraga olayotganlarni “sotqin” deyish kerakmi yoki “vatanparvar”?
  • Nonni yerga tashlashmaydi, tamaki qoldig'ini esa…
  • Bir YHX xodimi necha kilometr yo'lni nazorat qiladi?

 

Gazetamizning ushbu sonida yuqoridagi   va boshqa savollarga O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo'l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari, polkovnik Bozorov Erali Habibullayevich suhbat asnosida javob beradi.

 

— Erali Habibullayevich, IIV Yo'l harakati xavfsizligi tuzilmasida keyingi yillarda qanday o'zgarishlar ro'y berdi, ya'ni oldingi DANdan bugungi YHX nimasi bilan farq qiladi?

— Hamma sohada bo'layotgani kabi Ichki ishlar sohasida ham keng ko'lamda islohotlar boshlandi. 2017 yilda Prezidentimizning 37-21 sonli qarori qabul qilindi. O'sha qarorda bizning hamma yo'nalishlarimiz qayta ko'rib chiqilib, yangi bir tizim tashkil topdi. Davlat yo'l harakati xavfsizligi tashkil etilib, yangi vazifalar belgilandi. Xodimlarning shtat birliklari, vazifalari – hammasi optimallashtirildi.

2017 yilda davlat belgilarini birja orqali berish yo'lga qo'yildi. Bundan asosiy maqsadimiz – inson omilini kamaytirishdan iborat edi. 2017 yilda 65 ta juft davlat belgilari sotilgan bo'lsa, 2020 yilda bu 327 taga ko'paydi. Buyam fuqarolar uchun qulaylik tug'dirishi bilan birga korrupsion holatlarning oldini oladi. Bundan maqsad Ichki ishlar idoralari bilan fuqarolar o'rtasidagi muloqotni qisqartirishdan iborat. Bu kabi chiroyli davlat belgili raqamlarini olishda hammasi birja orqali o'ynaladi. Inson omili ishtirok etmaydi. Undan tashqari xodimlarning xizmat olib borishida ham muammolar kelib chiqayotgandi. Biz xorij tajribasini o'rgangan holda, Prezidentimizning talabi asosida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ularning xizmat olib borishlarini bodi-kameralar orqali amalga oshirishni yo'lga qo'ydik. Bu nima beradi? Birinchidan bu xodimlarning o'ziga himoya sifatida ham juda muhim. Chunki bodi-kamera orqali qaralganda fuqaroning nohaqligi ham aniqlanyapti. Ikkinchi tomondan esa Yo'l harakati xavfsizligi idoralari xodimlari xizmatlariga ham xolis baho berish imkoniyati paydo bo'lmoqda.

— Jahondagi 15-17 million aholi yashaydigan Istanbul, 30 million aholisi bor Dehlida va boshqa Yevropa mamlakatlarida ham ko'chada “DAN” xodimlarini deyarli uchratmaysiz. Bir necha yillar avval katta xarajatlar evaziga Toshkent ko'chalari chorrahalariga elektron videokameralar o'rnatilgan edi. Lekin bu bilan ham deyarli hech nima o'zgarmadi. Haligacha pana-panada bekinib turgan YHX xodimlarini uchratamiz. Bunga sabab nima?

— Biz 2017 yilda tub islohotlar o'tkazish bo'yicha ilk qadamni qo'yganmiz. Birinchi navbatda haydovchilarga, yo'l   harakati ishtirokchilariga tegishli sharoitni yaratib berishimiz kerak. Ikkinchi navbatda esa haydovchilarda huquqiy madaniyatni oshirishimiz zarur. Shuni inobatga olgan holda kameralashtirish davom etyapti. Hozir hisoblaydigan bo'lsak, kameralashtirish 10 foizga ham yetgani yo'q.

Chet elda nimaga YHX xodimi ko'chada turmaydi? Chunki hamma joylarida kameralar orqali nazorat olib boriladi. Bizda ham bosqichma – bosqich ish olib borilmoqda. Bizning maqsadimiz ham, ya'ni Yo'l patrul xizmati xodimlari bilan haydovchilar orasidagi muloqotni cheklashga qaratilgan. Konsepsiyamizga ko'ra kelajakda xodim ko'chada xizmat olib bormaydi. Faqat video­kameralar orqali yo'l harakati xizmati tashkil etiladi, nazorat qilinadi. Hozir xizmatchilarimiz piyoda xizmat olib borayotgan bo'lsa, kelajakda buni cheklaymiz. Respub­likaning xohlagan joyidan kamera orqali qoidabuzarni aniqlash imkoniyati paydo bo'ladi. Chet eldayam biror-bir qoidabuzarlik ro'y bersa, “g'iz” etib politsiya paydo bo'ladi, bizning maqsadimiz ham ana shu kabi darajaga erishishdan iborat. Ko'chada holatni xodim emas, texnika nazorat qilsin, inson omili qatnashishi shart bo'lgan joydagina YHX xodimi ishtirok etsin. Ko'chada YHX xodimi turibdi, deyapsiz, bu ko'chada aynan o'sha joyda kamera ishlamayotganini yoki nazorat yuz foiz qo'lga olinmaganligini bildiradi.

— Ochig'i, bu javobingizni biryoqlama deb o'yladim. Chunki hozirgi ahvolimiz haqida oyna tutsak va   javobingizga tayanilsa, hamma chorrahada kamera ishlamayotgan bo'lib chiqadi. Mayli, navbatdagi savolimiz ham shu savolning mantiqiy davomi. Bilasizmi, haydovchi uchun sovuq va yoqimsiz bitta holat bor — ma'muriy bayonnomalar tuzish. Bu borada bugun nimalar o'zgardi?

— Shu paytgacha YHX xodimlarining qoidabuzar haydovchilarga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzishida muammolar juda ko'p edi. Qoidabuzar haydovchilar YHX xodimiga “yozmang” deb iltimos qiladi, hatto qo'lidan ruchkasini tortib oladi. Bu hayotda eng ko'p uchraydigan holat edi. Eng oddiy misollarni aytayapman. Shuni oldini olish maqsadida bayonnomani qo'lda yozmasin, elektron bo'lsin, degan maqsadda xodimlarga 2020 yil avgust oyidan boshlab planshetlar berildi. Birinchidan biz xodimni planshet orqali ham nazorat qilamiz, u bazaga ulangan, inspektorni qaerda yurgani, nima ish qilayotganini ko'rib turamiz. Ham bodi-kameralar orqali, ham planshetlar orqali xodimning xatti-harakatini markazdan turib nazorat qilish imkoniyatimiz paydo bo'ldi. Birinchidan xodim bayonnomaga vaqt sarflamaydi, planshetga qo'ysa qoidabuzarning hamma ma'lumotlari kelib chiqadi. Hamisha qoidabuzar emas, ichki ishlar xodimlari yomon degan qarash shakllangan, elektronlashtirish esa bu kabi holatlarning hammasini oydinlashtirdi. Ya'ni, elektron bayonnoma tuziladi va bunda ham inson omili cheklanadi.

— Hammamiz yo'lovchimiz, har xil holatlarga duch kelamiz, albatta. YHX xodimlari faqat jarima undirish uchun ishlamasligi kerak-ku. Birovning onasi, yana birovning bolasi kasal bo'lishi mumkin. YHX xodimlari esa “Xato qilishingni kutarlar” deb aytilganiday fuqarolarning biror xatoga yo'l qo'yishini poylab turadi nazarimizda. YHX boshqarmasi xalqni faqat jazolashi emas, ularga qulaylik ham yaratib berishi kerak emasmi?

— Birinchi navbatda xalq xizmatkorlarimiz biz. Davlat yo'l harakati xavfsizligi deb qo'yibdi, buni nomidan ham ko'rishingiz mumkin. Ha, asosiy vazifamiz jarimaga tortish emas, yo'l-transport hodisalarining oldini olish, yo'l harakati xavfsizligini ta'minlashdan iborat.

Inspektorning vazifasi esa faqat bayonnoma yozish emas, u xizmatni boshlaganda yo'ldagi kamchiliklar, yo'l belgilari, yo'lning atrofida haydovchiga xalaqit beradigan holatlar bormi-yo'qmi, bularning hammasini ko'zdan kechirib chiqishi shart. Bitta YHX xodimiga 70 kilometr yo'l to'g'ri keladi. Bu degani inspektor 70 kilometr masofa oralig'idagi hamma holat va hodisalardan voqif bo'lmog'i kerak. Vaholanki, bunga hozir bizning kuchimiz yetmayapti. Qancha ko'p axborot-texnologiyalarini jalb qilsak ko'ngilsiz   voqealarning shu qadar oldi olinadi. Qolaversa, maqsadimiz xalqqa xizmat qiladigan tizimni yaratishdan iborat.

Yaqinda Chirchiq shahrida ro'y bergan hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Dard tutgan homilador ayolni bizning xodimlarimiz qisqa yo'l bilan yo'llarni ochib, tug'uruq kompleksigacha kuzatib qo'yishgan. Men bittagina holatni aytyapman, bu kabi holatlar juda ko'p. Chunki yo'l o'zi sarguzashtlarga boy bo'ladi. Deylik, bittasining yo'lda shinasi yorilib ketgan, YHX xodimi borib shina olib kelib bergan holatlari bo'lgan. Ayniqsa, ayol haydovchilar bilan bu kabi holatlar tez-tez yuz beradi.

— Qoidabuzarlik holatlariga duch kelinganda YHX xodimlari “Mening planim bor, planni bajarishim kerak”, deyishadi-ku. Plan rostdan ham bor narsami, shunga bir ochiqlik kiritib o'tsangiz?

— Bayonnomalarga keladigan bo'lsak, bizda hech qanaqa “plan” degan narsa yo'q. Men o'zim shu sohada salkam 30 yildan buyon ishlayapman. To'g'ri oldin bo'lgan. Masalan, inspektor kelardi, 10 ta bayonnoma yozmagansan qabilida ogohlantirishlar bo'lardi. Bu endi eskirdi, orqada qolib ketgan narsa, hozir biz tamoman yangi ish uslubiga o'tganmiz. Agar hozir birorta YHX xodimi shunday deb aytayotgan bo'lsa, bu noto'g'ri. Hozirgi kunda xodimlarimizga hech qanday “plan” qo'yilmaydi.

Jinoyat uchun, qoidabuzarlik uchun javob muqarrarligini haydovchilarimiz his qilishi kerak. Bu bilan haydovchi ham yo'l-transport hodisalarining oldini olishga o'z hissasini qo'shgan bo'ladi. Agar biz e'tiborsizlik qilsak, haydovchi tezlikni oshiradi, qizil chiroqda o'tib ketadi, buning oqibati nima yakun topishini o'zingiz yaxshi bilasiz. Yo'l harakati qoidasini buzdimi, marhamat javobini bersin. Javobgarlik muqarrarligini biz ta'minlashimiz kerak. Qoidabuzarlik bo'ldimi, albatta unga chora ko'rilishi shart.

— Haydovchi bilan YHX xodimlari o'rtasida mojaroli holatlar yuz berayotganiga ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali bot-bot guvoh bo'lamiz. Bu YHX xodimlarining qo'polligidan dalolatmi yoki…

—   Suhbatimiz boshida ochiqchasiga gaplashamiz dedik, keling men sizga ochiq gapiraman. O'zim ham ko'chada ishlaganman, bu kabi holatlarni yaxshi bilaman. Bir inspektor kuniga 150-200 odam bilan muloqotda bo'ladi. Ularning har qaysinisi har xil xarakterli, har xil fikrli odamlar. 10 tasi bilan normal holatda gaplashilganda ham 11-sida, albatta asabbuzarlik holati yuz beradi. Endi 12-si kelganda o'sha inspektor uning alamini ana o'shandan olishi mumkin. Axir buning otini hayot deb qo'yibdilar. Bu yil bahorda yog'ingarchilik ko'p bo'ldi. Kechagi kuchli yomg'irda hatto inspektorlarimizning himoya vositasi plash-nakidkalardan ham suv o'tib ketdi. O'shanday ob-havoda yigitlar 8 soat ko'chada turadi, o'zimiz yarim soat turib ko'raylik-chi, nima ro'y beradi?! Yozning 40 darajali issiq havo haroratida ham xodimlarimiz ko'chada turishibdi. YHX xodimlari inspektorlarini ko'rsangiz oppog'ini ko'rmaysiz. Qishda sovuqdan, yozda jaziramadan yuzlari qorayib, yorilib ketadi. Bu taraflarini ham inobatga olish kerak. Yana boshqa tomoni bolalarni ishga qabul qilganda soppa-sog'lom bo'lishadi. Nafaqaga chiqayotganda esa ancha-muncha kasalni orttirgan bo'lishadi. Bu jihatlarni ham matbuotda yoritib bersangiz yomon bo'lmasdi.

Yo'lning qatnov qismi bilan, piyodalar yuradigan qismida tafovut katta. Ekologiya qo'mitasiga borib, piyodalar yuradigan yo'lak bilan inspektor turgan joydagi zaharli gaz miqdorini o'lchatib ko'rsangiz, juda katta farqni ko'rasiz. Bu yerda chiqayotgan zaharli gaz, tutun miqdori, axir ularning hammasi o'sha zaharli havodan nafas olayapti-da. Qiladigan ishlarimiz, rejalarimiz juda ko'p. Biz hozir hech narsa bilan maqtanmoqchi yoki nolimoqchi emasmiz. Faqat qilingan ishlarning ba'zilarini mavridi kelgani uchun aytib o'tdim, xolos.

— O'rni kelganda so'ramoqchi edim, spirtli ichimlik ichib avtomobil boshqaradiganlar bor, qarama-qarshi yo'nalish bo'ylab yuruvchi qoidabuzarlarga ko'zingiz tushadi. Ana shunday katta qoidabuzarni jarimaga tortgan YHX xodimiga undirgan jarimasining ma'lum foizi o'ziga mukofot tarzida qaytariladi degan gaplarni eshitganman. Bu nechog'li haqiqatga yaqin?

— Yo'q, bunday gap yo'q. Aslida bular juda qo'pol qoidabuzarlik sanaladi. Mast holatda rulga o'tirish, avvalo, gunoh, keyin juda katta qoidabuzarlik sanaladi. Shuning uchun 2018 yilda Ma'muriy qoidabuzarlik to'g'risidiga kodeksga tegishli o'zgartish kiritilgan. Ya'ni siz yuqorida sanagan qo'pol qoidabuzarlarga nisbatan ma'muriy javobgarlikni kuchaytirish belgilangan. Oldinlari faqat bunday holatda qoida buzgan haydovchilar transport vositasini bosh­qarish huquqidan mahrum qilinardi. Endi esa ham haydovchilik huquqidan mahrum qilinadi, ham katta jarimaga tortiladi.

— Mamlakatimizda o'tgan 2020 yilda qancha yo'l-transport hodisasi sodir bo'ldi va bularning qanchasi o'lim bilan yakunlandi.

— 2020 yilda 6983 ta yo'l-transport hodisasi sodir bo'lgan. Bu falokatlarda 1962 nafar fuqaro halok bo'lgan. Bular tezlikni oshirish, mast holatda transportni boshqarish, qisqa qilib aytganda yo'l harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida kelib chiqqan.

— Yo'llarning nostandartligi, ta'mirtalabligi ham bunga sabab bo'lishi mumkinmi?

— Albatta, ob'yektiv sabablar va sub'yektiv sabablar bo'ladi. Albatta, yo'llarning bugungi kun talablariga javob bermasligi ham yo'l-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab bo'ladi. Bu bo'yicha avtomobil-yo'llar qo'mitasi bor, ular bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Ikkinchi tarafi esa yo'l ta'miri uchun juda katta mablag' talab qilinadi. Eng qimmat qurilishlardan biri bu – yo'l qurilishi. Bunga juda katta mablag' sarflanadi. Bizda ob-havo sharoiti keskin kontinental, Yevropada esa ob-havo sharoiti mo''tadil. Yo'lga xuddi shu narsa ham ta'sir qiladi-da. E'tibor qaratsangiz, bahor paytida yo'llarimizda o'ydim-chuqurlar ko'payadi, kechagi yomg'irlarda yoriqlar orasiga suv kiradi, u suv sovuqda muzlaydi va muzlagandan keyin asfalt yorig'ini yana o'yadi. Chuqurliklar ana shundan kelib chiqadi aslida. Yana boshqa tarafi, katta yuk avtomashinalari ko'payib bormoqda. Yo'llarning ham ma'lum bir   ko'tarish qobiliyati bor.

— Yo'l belgilarining haddan tashqari ko'pligi aholi uchun noqulaylikdan boshqa narsa tug'dirmaydi. Avtoturargohlar yo'qolib bormoqda, borlari esa tirband. Yo'l chetiga qo'yay desa to'xtashni taqiqlovchi belgilar har qadamda. Hatto keyingi paytda aksariyat   ishxonalar ham avtomobillar   to'xtab turishini taqiqlovchi belgini ishxonalari oldilariga qo'yyapti. Nima bu belgilar ishxonalarga ham berilaveradimi? Belgilarni o'rnatishdan maqsad xalqni jabrlash, ularga mashaqqat tug'dirish bo'lmasligi kerak emasmi?

— Yo'l belgisi noto'g'ri qo'yilgan degan gapga men qo'shilmayman. O'sha yerda zarur, shu uchun qo'yilgan. Yo'l belgilarini YHX qo'ymaydi, uni hokimiyat qo'yadi. Hokimiyatda yo'l belgilarini qo'yadigan alohida bo'lim bor. Yo'l belgilari ham, svetaforlar ham o'sha bo'lim orqali o'rnatiladi.

— Nega, endi axir buni taqsimlash, kerakli joyga qo'yish yoki olib tashlash siz YHX idorasining vazifasiga kirmaydimi? Harakat xavfsizligiga qanday qilib hokimiyatlar javobgar bo'ladi?

— To'g'ri, bu faqat hokimiyatning o'zi tomonidan emas, komissiya hay'ati a'zolari tomonidan ko'rib chiqib tasdiqlanadi. Talabga javob bermasa, yo'l belgisi qo'yilmaydi. Tashkilot bino quryaptimi, qanchadir joyi avtomobillarning to'xtab turishi uchun mo'ljallanishi kerak. Ha, chindan ham bizda katta muammo avtomobillarning turargohlari bilan bog'liq. Bu baribir hokimiyatga borib taqaladi. Biz o'z fik­rimizni bildirganmiz, takliflarimizni berib boramiz.

Lekin chet ellarni oladigan bo'lsak, ularning yo'l belgilari biznikidan kam emas. Men shaxsan o'zim o'tgan yili Yevropa davlatlarida bo'lib ko'rib keldim. Mehmonxonaga borsak, mashina qo'yadigan joy yo'q. Ikki kilometr joyga borib, avtoturargoh topib, mashinamizni qo'yib keldik.

— Mening ishxonam joylashgan Navoiy ko'chasi, 30-uy atrofida,   ikkita chorraha orasida 10 ta to'xtashni taqiqlovchi belgi o'rnatilgan. Avtoturargohlar yo'q, men ishxonaga kirib ishlash uchun avtomobilimni Chorsudagi avtoturargohga olib borib qo'yib, keyin ishga avtobusda kelishim kerakmi?

— Qonun hamma uchun barobar. Kerak bo'lsa olib borib qo'yib kelasiz.

— Kechirasiz, men biz uchun alohida qonun bo'lsin, demayapman. Odam, avvalo, avtomobilni o'ziga qulaylik tug'dirishi uchun sotib oladi. Bu holat yana noqulay­liklar, mashaqqatlar keltirib chiqaradi-ku?

— Yevropadan yana bitta misol keltiraman. Agar shaharga kiradigan bo'lsangiz, avtoturargohlar narxi 50 AQSh dollaridan kam emas. Agar bizda ham shunday qilib qo'ysa, ishga hamma velosipedda keladi. Yevropada ham, Xitoyda ham odamlar ana nima uchun velosipedda yurishadi.

— Salomatlik uchun, albatta…

— To'g'ri, salomatlik hamda o'zining sarmoyasini tejash uchun. Endi o'zimizga qaytadigan bo'lsak, piyodalar masalasida ham choralar ko'rilmoqda. Bizning eng og'riq joyimiz ham shu – piyoda yo'lning xohlagan joyidan kesib o'tadi. Yo'l harakati qoidalarida belgilab qo'yilganki, yo'lni kesib o'tayotganda eshitish moslamasini (naushnik) quloqqa taqib yurish mumkin emas. Belgilangan qoidalarga amal qilib, chapga va o'ngga qarab, xavfsizlik qoidalariga amal qilib o'tsa, piyodaga ham hech kim hech nima demaydi. Hozirgi piyoda na chapga, na o'ngga qaraydi. Kamiga qulog'ida eshitish moslamasi, signal bersa ham eshitmaydi. Shunday ekan yo'l harakati qatnashchilarining ongini oshirishimiz kerak.

— YHXning kuchi yetmayaptimi, bilmadim, qoidabuzarlik holatlarini aniqlashda xususiy tadbirkorlik sub'yektlari deydimi, jamoatchilik yordami deyish kerakmi, ishga tushgan. Ko'chada to'xtash taqiqlangan joyda turgan avtomashinalarni videoga olib YHX dan har bir videosi uchun mukofot oladigan olg'irlar paydo bo'lgan. Bu ijtimoiy tarmoqlarda ham ancha muhokamalarga sabab bo'lmoqda…

— Ularni tadbirkor emas, vatanparvar deyish kerak.

— Yo'g'-e, axir ularni butun O'zbekiston xalqi la'natlayapti-ku, “sotqin” deb atashmoqda, ertaga yurtni ham o'shalar sotadi, deyishmoqda?

— Mana shu savolingizga Germaniyadan bitta misol keltiraman. Nima uchun Germaniyada chekilgan tamaki qoldig'ini ko'chaga tashlamaydi? Chunki ularda jarima katta. O'sha yerdagi xohlagan bir ko'cha harakati qatnashchisi o'sha holatni rasmga yo videoga olib politsiyaga xabar qiladi. Nimaga biz nonni yerga tashlamaymizu, tamaki qoldig'ini tashlaymiz. Chunki nonni yerga tashlasak, Xudodan qo'rqamiz. Agar qonundan ham ozroq qo'rqqanimizda edi, tamakini ham yerga tashlamagan bo'lar edik. Qonundan qo'rqsak edi, bu kabi holatlar yuz bermasdi.

— Qonundan qo'rqishmi yo hurmat qilish kerakmi?

— Birinchi navbatda qonundan qo'rqish kerak. Mana yuqorida misol keltirganim Germaniya aholisi ham hammasi qonunni hurmat qiladi, yaxshi ko'radi, deb o'ylamayman. Ular qonundan qo'rqadi.

Savolingizga qaytsam, jamoatchilik xizmatini joriy etishdan maqsadimiz, qonunga itoatkorlikni kuchaytirishdan iborat. Balki o'sha tezlikni oshirgan odamni kameraga olib YHX boshqarmasiga jo'natayotgan odam sotqinlik qilmayotgandir, balki kelgusida o'sha haydovchini turli falokatlardan saqlab qolishga hissa qo'shayotgandir. Masalaning boshqa tomonini ham o'ylashimiz kerakda. Qolaversa, bu Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilab berilgan.

— Deylik, haydovchi mazasi bo'lmay avtomobilning falokat chiroqchalarini yoqib dorixonaga kirsa, bunday holatda yuborilgan kadrlar qanday aniqlanadi?

— Bu ham o'ylab chiqilgan. Bizga yuborilgan kadrlarda videoga olinishidan oldin ma'lum bir lahzalar ochiq qoldiriladi. Aks holda videoxabar qoniqarsiz deb topiladi. Agar haqiqatan ham falokat chiroqchalari yoqilib, ob'yektiv sabablari bo'lsa, bu qaytadan ko'rib chiqiladi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda turli voqealar aks etgan xabarlar tarqalyapti. YHX xodimi haydovchi bilan janjal qilgan, yana boshqasi otvertkani sovuq qurol deb jarimaga tortgan va hokazo. Bu tizimdagi ko'pgina xodimlarning savodi haminqadarligidan dalolatmi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvlar yolg'onmi?

— Xodimlarimizning yuqori darajada bilimli, madaniyatli bo'lishiga harakat qilamiz. To'g'ri, men bu bilan xodimlarimiz 100 foiz aqlli, hamma narsani biladi, deb aytmoqchi emasman. Insonmiz hammamiz, bittasi bir martada, boshqasi esa o'n martada qabul qiladi. Shuning uchun biz 2020 yilda attes­tatsiya o'tkazdik, bilimi, saviyasi yetmaydigan xodimlarni javobini berganmiz va bu talab doimiy davom etadi.

— IIB sohasiga ishga kirish   haliyam murakkabligicha qolmoqda. Oddiy odamlar buni IIBga ishga kirishda lavozimiga qarab stavkalari bor deb izohlashadi. Sizning tizimga ishga qabul qilinish masalalari qanday?

— Bizda IIVda Kadrlar bosh boshqarmasi degan tashkilot bor. Ishga qabul qilish, tanlash, jamlash   ularning vazifasiga kiradi. Biz esa ishga olingan xodimlarni belgilangan xizmat vazifalari bilan ta'minlaymiz. Ikkinchi bir masala korrupsion holatlar haqida aytdingiz. Hozirda shunday nizom ishlab chiqqanmiz, pora taklif qilgan haydovchi fosh etilsa o'sha inspektor moddiy rag'batlantiriladi. Shuning oqibatida   2020 yili yil davomida 70 ta   pora taklif qilish holati aniqlangan bo'lsa, 2021 yilning uch oyida bu bo'yicha   35 holat aniqlandi. Bu bilan faqat ins­pektor emas, haydovchi ham tarbiyalanmoqda.

— Endi oxirgi savol: YHX xodimlari ham gazeta o'qiydimi? Agar sir bo'lmasa, siz o'zingiz qaysi gazetalarni o'qiysiz?

— Ichki ishlar tizimining gazeta-jurnallari – “Qalqon”, “Avtohamkor” jurnallari, “Postda” gazetasini o'qib boramiz. Undan tashqari yigitlar o'zlarini qiziqtirgan matbuot namunalarini mutolaa qilishadi. O'ylaymanki, Ommaviy axborot vositalari bizning ishimizni to'g'ri tashkil va targ'ib etishdagi eng yaqin hamkorlarimizdir.

— Suhbat uchun tashakkur.

Go'zal BEGIM suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 2 =