Ganjina

Qo'shko'pirlik Rahmon Masharipov xonadoniga kirib borar ekanman ulug' ustoz, bir umr ilm izlab, moziy bilan tillashgan, rahbarlik lavozimlarida ishlagan, yoshlarga tarix zarvaraqlarini ochishga ko'maklashgan inson bilan ilk uchrashuvim qay zaylda kechishini tasavvur qilolmasdim. Rahmon ota sakson uch yoshni qoralab qolgan bo'lsa-da hali ancha tetik, bardam, har bir so'zidan doimo haqiqat ufurib turuvchi inson ekan. Qo'shko'pir tuman markazidagi “Gulzor” mahalla hududida joylashgan hovlisi saranjom-sarishta, kiraverishda dahlizga ikkita kreslo qo'yilgan, biz shu yerda o'tirib uzoq suhbatlashdik.

Ota uzoq yillar Urganch davlat universitetida, o'qituvchilar malakasini oshirish ins­titutida, viloyat xalq ta'limi boshqarmasida rahbar bo'lib ishlagan, qolaversa, tarix fanlari nomzodi, Antik dunyo xalqaro akademiyasining akademigi, ellikka yaqin   risola va kitoblari chop qilingan, ilm uchun jonini fido qilgan inson bilan suhbatlashish ancha maroqli edi. Rahmon Masharipov uni yo'qlab kelgan insonlarga birday muomala qilar, keyin o'zi tashkil qilgan, bir umr yiqqan xazinasi — tarix muzeyi tomon bosh­laydi. Ekskursovod ham uning o'zi. Uyining to'rtta xonasi – tarix muzeyi. Tuman markazida — shaharda yashab nevara-chevaralardan orttirib, shu muzeyga xona ajratib joylashtirganiga qoyil qolasan kishi. To'rtala xona ham tarixiy ashyolar osori-atiqalar, kitoblar, fotosuratlar, risolalar bilan liq to'la. Rahmon ota muzeyni ramziy ravishda “Tojmahal” deb nomlagan.

—        Turmush o'rtog'im Oybibining olamdan o'tganiga 20 yil bo'ldi. Hech kimni umr yo'ldoshidan erta ayirmasin ekan. Menga uni yo'qotish ancha og'ir bo'ldi. Shu sabab xotirasiga muhabbatimiz ramzi sifatida tarix muzeyi tashkil qilib uni “Tojmahal” deb nomladim. Har gal muzey xonalariga kirar ekanman unda Oybibining siymosini ko'rganday bo'laman, — deydi Rahmonbergan ota ko'ziga yosh olib.

Uy-muzeyga sig'magan eksponatlarning ayrimlari tashqari hovlidan ham joy olgan. Tumanda turli sohalarda turli yillarda ishlagan insonlarning suratlari katta qilib ishlatilib osig'liq turibdi. Xorazmning katta ot aravasi deysizmi, o'tgan asr dehqonlarining ish qurollari deysizmi, temirchilik ish qurollari deysizmi, bari-bari sizga tarixdan — moziydan so'zlaydi.

— Mana bu piramidani   ramziy ravishda Xorazm “piramida”si deb atadim, — deydi ustoz. Mana shu kitoblar Xorazmning ustunlari… Bular Al-Xorazmiy, Ogahiy, Feruz yozgan kitoblar. Mana Qo'shko'pir qal'asining loydan ishlangan maketi. Mana bular Qo'shko'pir tumanining xaritasi. Mana bu tol beshik onamning qo'li tekkan, menga eng aziz bo'lgan ashyolar, — deydi eksponatlar bilan tanishtirar ekan ustoz.

Muzeyga tumandagi maktablarning tarix faniga qiziquvchi o'quvchilari kelib tomosha qilib,tarix haqidagi o'z bilimlarini boyitib ketadilar. Muzey doimo ochiq.

Umrini ilmga, moziy tilsimlarini ochishga bag'ishlagan insonning bu xayrli ishlarini ko'rib, beixtiyor o'yga tolasan. Bir inson el uchun, yurti uchun shunday fidoyilik bilan jon kuydirib, kerak bo'lsa ayrim osori-atiqalarni katta pullar evaziga sotib olib uy-muzeyga qo'yib, kelajak avlod bahramand bo'lsin uchun qilgan ekan — men-chi, o'zim kelajak avlod uchun nima qildim degan   fikr, o'y-xayolingizdan o'tar ekan.

Rahmon aka 1938 yili Qo'shko'pir   qishlog'ida tavallud topgan. 1956 yili o'rta maktabni, 1962 yili ToshDU (hozirgi O'zMU)ning tarix fakultetini tamomlagan. O'z mehnat faoliyatini maktabda oddiy o'qituvchilikdan boshlagan. Yigirma yillar turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Tarix fanlari nomzodi. Uzoq yillar UrDUda talabalarga tarix fanidan dars berdi. Kafedra mudiri, dotsent, dekan lavozimlarida ishlagan. Rahmon Masharipovning 1998 yili “O'zbekiston” nashriyotida chop qilingan “Moziy sadolari va saboqlari” kitobi Qo'shko'pir tumani tarixiga bag'ishlanadi.

Rahmon Masharipov hali-hamon izlanishda, tarixiy kitoblar yozish bilan band.

— Ilm — qilni qirq yorish, — deydi ustoz bilan suhbatlashsangiz. Tarix yolg'onni kechirmaydi, unga aniq ilmiy asoslangan fakt­lar kerak. Shuning uchun shoshmasdan izlanib, keyin bir xulosaga kelish lozim. Hali qancha ochilmagan tilsimlar o'z taqdiqotchilarini kutib yotibdi inim, shu tilsimlarni ochib kelgusi avlodga yetkazish siz va bizning zimmamizdagi vazifadir, — deydi Rahmon ota faxr bilan.

Maqola sarlavhasini Ganjina deb qo'ydim. Chunki, Rahmon Masharipov tashkil qilgan tarix muzeyining o'zi bebaho xazina haqiqiy ganjinadir.

Boltaboy Muhammad Qurbon,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + nineteen =