Frontda yangragan “Cho'li iroq”

“Munojot” shu qadar hazin, shu qadar dardchil yangraydiki, uni tinglab, o'ylanib qolasan. Uning ohangi tog'u toshni, qorni eritib, hammayoqni sel qilib yuborishiga ishonasan. “Munojot”ning sehri, qudrati shunaqa. “Kim o'ylab topgan-a bu kuyni?”, deb savol berasan o'zingga o'zing. “Zamon-zamonlar osha, fasllardan fasllarga, nasllardan nasllarga o'tib, bizga yetib kelgan kuy bu. O'z yurak dardimiz, qalbimizning bitmas-tuganmas fig'oni, faryodi bu”, degan aks-sado keladi olis-olislardan.

Kuy tugab, raqqosa ohista yurib, parda ortiga yashirinadi. Zalni qarsak tutib ketadi. U hali-beri tinadiganga o'xshamasdi. Dutor chalgan xushbichim yigit va raqqosa sahna oldida qo'llarini ko'ksilariga qo'yib, tomoshabinlarga minnatdorlik bildirishadi. Baribir qarsak davom etadi.

– “Otmagay tong” bo'lsin, Nosirjon!

Ko'p o'tmay talablarga binoan hammayoqni nayning yangroq kuyi egallaydi. Nosirjon nayni lab­lariga qo'ndirib, uning teshiklari ustida sehrli barmoqlari bilan nozik harakatlar qilar ekan, ko'z oldingizda osma ko'prik oldida Zuhraning haj­riga zor bo'lib turgan afsonaviy Tohir gavdalanadi. Kuyiga monand bo'lgan raqqosaning xatti-harakati, imo-ishorasi shunchalar nozik, shunchalar ifodaliki, beixtiyor ikki yosh qalbning samimiy muhabbatiga havasing kelib, ularga omad, baxt tilaysan.

Zalda yana qarsak avjiga chiqadi. Hamma ijrochilarning yuksak didi, iqtidori, qobiliyatiga qoyil qolib, tahsin aytadi. Ayniqsa, kuylarni mahorat bilan ijro etgan Nosirjon nafasi hammani o'ziga rom etgan edi.

Ha, uning qo'llari nimalarga qodir emas. Nosirjon dutor, nay, tanbur, g'ijjak, qo'yingki, barcha musiqa asboblari pardalarini nozik chertib, yurak dardlarini kuylabgina qolmay, vaqti kelganida qurol ushlashga, jarroh tig'i bilan inson hayotini saqlashga ham qodirligini tomoshabinlar qaerdan bilishsin.

… 1936–1941 yillarda Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akade­miyasi)da tahsil ko'rganlar shu dargoh talabasi Nosir Xo'jayev rahbarligidagi xalq cholg'u asboblari dastasi qatnashchilarining tomoshalarini yaxshi eslashadi.

1941 yilning 13 sentyabrida Nosir Xo'jayev qo'ldagi sozini qurolga almashtirib, urushga otlandi. U 2-Belorussiya fronti 69-diviziyasining 115-o'qchilar brigadasi batalonida kichik shifokor bo'lib xizmat qila boshladi. Qahraton qish. Buning ustiga uch kun bosib qor yoqqan. Nesterov degan shtab boshlig'i ko'richak bo'lib qolganini aniqlagan Nosir darhol boshlig'iga xabar qildi. U ham hali yosh, tajribasiz mutaxassis edi.

– Operatsiya qilganmisan? – deb so'radi Nosirdan boshliq.

– Talabaligimda assis­tentlik qilganman, lekin bir o'zim mustaqil operatsiya qilmaganman, – dedi unga javoban Nosirjon.

– Bo'lmasa, o'zimiz operatsiya qilamiz. Men senga assistent bo'laman!

Operatsiya xonasi sovuq, uni pechka yoqib isitguncha ancha vaqt o'tdi. Nosir kasalni operatsiya stoliga yotqizib, jarrohlikni bosh­ladi. Talabalik paytida professor Astrov klinikasida uch yil anesteziolog, ya'ni narkozchi bo'lib ishlab, ko'zi pishib yurgani foyda berdi. Operatsiya ko'ngildagidek o'tdi. Shundan keyin boshliq uni tibbiy-sanitariya bataloniga jarroh qilib ta­yinladi.

– Kaluga ostonalarida turganimizda jang maydonidan birdaniga 300 ga yaqin yarador kelib qoldi, – deya eslagan edi shifokor Nosir Xo'jayev. – Ularni xonadonlarga joylashtirdik. 3-4 kun uxlamay, uyma-uy yurib, yaradorlarni xonadonlarning o'zida davolay boshladik. Stalingradda (hozirgi Volgagrad) turganimizda operatsiyani asosan kechasi qilishga to'g'ri kelardi. Yaradorlarni kechasi Volga daryosidan qayiqlarda olib o'tishardi. Xullas, jarrohlikka mehr qo'yib, umrimni shu kasbga bag'ishladim. 1943 yilning 15 may kuni o'zim bilan birga xizmat qilayotgan hamshira Zotova Natalya Semyonovnaga uylandim. Hozir bir o'g'il, bir qizimizdan 10 nafar nabiralarimiz bor. Rafiqam Taxtapuldagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida 32 yildan ko'proq uzluksiz mehnat qildi. Hozir nafaqada. Hayotimda unutilmas voqealardan biri 1944 yilning noyabr oyida bo'lgan edi. Bizning 69-diviziyamiz 37-gvar­diyachi o'qchilar diviziyasi bilan Narev daryosining chap qirg'og'ida yonma-yon turib qoldi. Bu vaqtda men 69-diviziya tibbiy-sanitariya bataloni komandiri edim. Qo'shni diviziya tibbiy-sanitariya bataloni komandiri hamshaharimiz kapitan Yakov Samoylovich Fok bilan tez-tez uchrashib turardik. Bir kuni 37-gvardiyachi o'qchilar diviziyasiga yangi komandir – general-mayor Sobir Rahimov kelganini aytdi. Keyin men Sobir Rahimovning oldiga borib, u bilan tanishdim.

– Ie, O'zbekistondanmisiz? – dedi u men bilan iliq ko'rishib, – Mana, biz ham keldik, endi birga jang qilamiz. Jim bo'lib ketmay, kelib turing, hamshahar.

Vaqt tig'iz bo'lganidan biz uzoq gaplasholmadik. U qaddi-qomati kelishgan, baland bo'yli, istarasi issiq odam edi. Bir kuni oldimga yurtdoshimiz, harbiy muxbir Adham Hamdam kelib qoldi. Men bilan biroz gap­lashib o'tirgach, “Yur, Sobir akaning oldiga borib kelamiz”, dedi.

Men rozi bo'ldim. 37-diviziyaning shtabiga borsak, general Sobir Rahimov o'sha yerda ekan. Adhamjon telefonda u bilan gaplashgan edi, ko'p o'tmay generalning o'zi oldimizga chiqdi. So'rashganimizdan keyin u bizni o'z blindajiga bosh­ladi, o'rindiqqa o'tqizib, das­turxon tuzashga tushdi.

– Kechirasizlar, hozir borim shu, – deb stol ustiga bir shisha vino, 3-4 burda qotgan non qo'ydi. Biroz gap­lashib o'tirdik. Shunda Adham Hamdam general Rahimovga yuzlanib so'radi:

– Hozir naydami yo dutordami “Cho'li iroq”ni eshitsak qanday bo'lardi-a, Sobir Umarovich?

– Oh-oh, nimasini aytasiz, – dedi bunga javoban general. – Rosa maza bo'lardi-ku-ya, iloji yo'q-da.

Keyin qo'shib qo'ydi: – “Cho'li iroq”ni O'zbekistonga borganda eshitamiz endi.

– Shu yerda ham eshitsak bo'ladi, Sobir Umarovich.

– Qanday qilib?

– Mana, yonimizda doktor Nosir Xo'jayev o'tiribdilar, iltimos qilamiz-da u kishidan.

– Qani-qani, rostdanmi?

General Sobir Rahimovning ko'zlari hayratdan katta ochilib, menga savol nazari bilan qaradi. Men kulib yonimdan doimiy hamrohim – nayni chiqarib, avval “Cho'li iroq”ni, ortidan “Munojot”ni chalib berdim.

Sobir Umarovich kuy tamom bo'lguncha boshini quyi solib, ko'zini yumib o'tirdi. Bilmadim, uning xayolidan nimalar kechdiykin? Balki u xayolan ona diyorimizda, yoru do'stlari, oilasi davrasida his etgandir o'zini. Balki ertaga bo'ladigan og'ir jang rejalarini tuzgandir? Balki yurtiga sog'-omon qaytmasligini ko'ngli sezib, kuy ta'sirida sel bo'lib oqqandir?..

Sobir Umarovich bizni kuzatib, samimiy xayrlasharkan, dedi:

“Men bugun sizlar bilan suhbatlashib, juda rohat qildim. Xayolan O'zbekistonda bo'lgandek bo'ldim, ertangi jang uchun kuch-qudrat oldim, rahmat sizlarga!”

Lavhamiz debochasida aytganimizdek, Nosir Xo'jayevning musiqa chalib, sozning nozik pardalari uzra sirli harakatlar qilib, kuy taratgan qo'llari dushmanga qarshi qurol ushlashga ham yaradi, minglab yaradorlarni ham tibbiy tig'i sehri bilan davoladi. Uning sehrli qo'llari hayot torini ham deyarli qirq yil eng baland pardalarda mardona chertdi. Bu qo'llar uning mag'rur ko'ksiga Oltin yulduz ham taqib qo'ydi.

Urush faxriysi, Mehnat Qahramoni, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan shifokor Nosir Xo'jayev uzoq yillar Chkalov nomidagi Toshkent samolyotsozlik ishlab chiqarish birlashmasi tibbiy-sanitariya qismida samarali faoliyat ko'rsatdi.

Nosir akaning huzurida bo'lganimda bunday aziz insonning tez orada oramizdan ketishi xayolimga kelmagan edi. Bugun shular haqida o'ylar ekanman, hayot beshafqatligini yana bir karra his qildim.

Iskandar RAHMON,

Qurolli Kuchlar faxriysi,

O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =