Voqeiy hikoya: Saxiy amaki

Qahratonni zabt etib, bahor quvonchini yashirolmay gul-gul ochilib kelgan kunlarning birida Saxiy amakining eshik qo'ng'irog'i ustma-ust jiringladi. Ayvonda televizor ko'rib o'tirgan otaxon o'rnidan erinib qo'zg'aldi. Bu orada qo'ng'iroq yana qayta-qayta chalindi.

– Hozir, hozir, – dedi Saxiy amaki yelkasiga   choponini tashlab. U eshikni ochganda soqoli qirtishlangan, yoshi qirq beshlar chamasi, oq-sariqdan kelgan, yaqinda mahallaga rais bo'lgan Axat Qo'chqorovich qoshlarini chimirgancha, xushro'ygina bir juvon bilan turardi.

– Yozing, – dedi u yonidagi ayolga. – Saxiy amaki bilan ertalabdan uchrashib, ahvolni yana bir bor unga tushuntirdik. Saxiy amaki hayron bo'ldi. Na salom, na alik bor. Bundan Saxiy amakining jahli chiqdi-yu, indamadi. O'zini bosdi. “Yoshlar-da, ishi ko'p bularni”, – deya xayolidan o'tkazdi.

– Xo'sh, amaki biz aytgan ishni nima qildingiz? – dedi kutilmagan mehmon to'satdan.

– Qaysi ishni? – Hayron bo'ldi Saxiy amaki.

– G'ayrat Obloqulovich aytgan ishni aytyapman. U kishi tumanda juda katta obodonlashtirish ishlariga bosh bo'lmoqdalar.

– Bog'ni buzish obodonchilikka kirishini bilmabman, – dedi Saxiy amaki norozi ohangda. Bu gapdan raisning jahli chiqdi.

– Ko'rdingizmi? – Rais yonidagi ayolga kulib zaharxanda qildi. – O'zlarini bilmaganga olishadi-ya bular. O'zboshimchalik bilan o'zlashtirib olib bog' yaratgan yeringizni aytayapman, yodingizdan chiqdimi? O'zingiz buzasizmi, yo …

Rais “bog' yaratgan” degan so'zni shunday kinoya bilan aytdiki, Saxiy amaki jahlini tiyib turolmadi.

– E… bola, – dedi u. – Qo'lingdan kelganini qil. Bog'imni buzmayman.

– Eshitdingiz-a, – dedi u viqor bilan. – Shuning uchun sizni olib keldim. Bunaqalarga to'g'ri gap yoqmaydi. Davlatning yerini xohlagancha o'zlashtirib,   o'zlaricha egallab olishaveradi. Bu ham yetmaganday qo'shnisining yerini ham qo'shib olib, temir-tersak bilan o'rab olishadi…

Saxiy amaki bu gapdan titrab ketdi.

– Uka, – dedi o'zini bosolmay. – Biz ko'chib kelganda bu uylarning orqa tomonidagi yerlar qarovsiz yotardi. Men o'zimga tegishli joyni bog' qildim. Ana, qaramagan yerlarimiz bo'sh yotibdi. Odamlar axlatini o'sha yerga to'kishyapti. Nega sen ularga chora ko'rmaysan? Nega biz obod qilgan joy ko'zingga ko'kanak, orqangga tikanak bo'lib botyapti, tushunmayman.

Saxiy amakidan bunday gaplarni kutmagan raisning rangi oqardi.

– Siz, siz, – dedi g'udranib, – panjaralaringizni   olib tashlang. Bog'ingiz bilan ishim yo'q. Bizdagi buyruq shu, yo siz davlat siyosatiga qarshimisiz?!

– Menimcha, sen o'zing davlatga qarshisan! Siyosatni biz ham yaxshi tushunamiz, – dedi Saxiy amaki bo'sh kelmay.

– E… Sizlarga yaxshi gapirgan men ahmoq! Ko'rdingizmi bu cholni. – U og'ziga kelganini qaytarmay yonidagi juvonga gap uqtira ketdi.

– Kimligingni tan olganingga rahmat!

Bu gapdan so'ng Axat Qo'chqorovich o'zini tutib turolmadi-da:

– Ertaga bo'ladigan majlisda ko'rasiz kimligimni. – U shunday deya eshikni qarsillatib yopdi…

Ertasi kuni majlisda bo'ldi mashmasha, bo'ldi to'polon. Tumandan kelgan rahbarlar “mahallakom”ning yonini olib, Saxiy amakini rosa siquvga olishdi. Hattoki o'shalardan bittasi bu holni “feodalizm illati”, dedi. Saxiy amaki ham bo'sh kelmadi, albatta. Bog'dagi panjarani buzmasligini, buzsa yosh nihollar payhon bo'lib ketishini aytib, o'z so'zida turib oldi. Eng asosiysi, Saxiy amakini qo'shni chollar qo'llab-quvvatlashdi. Xullas, bu masala yana ochiq qoldi. Majlis tugagach mahalla raisi kelgusi hafta bu masala uzil-kesil hal bo'lishini, buni shunday qoldirmasligini aytib viqor bilan chiqib ketdi.

Kelgusi hafta majlis yana majlis bo'ldi. Ammo bu safar kelgan rahbar odamlar bilan juda boshqacha gaplashdi. U xalqning dardi bilan yashash kerakligini, odamlarning arziga quloq solib, to'g'ri qarorlar chiqarish zarurligini aytganda bu yerga yig'ilganlar beixtiyor qarsak chalib yubordi.

Majlis nihoyalab borayotganda Saxiy amaki qo'l ko'tardi.

– Mening ham bir arzim bor edi, – dedi u ohista o'rnidan turib.

Bu dadillik Axat Qo'chqorovichga yoqmadi.

– Sizning masalangiz ko'rib chiqilgan, – dedi u o'tirgan joyida shosha-pisha.

– Hal bo'lmagan, – dedi Saxiy amaki qat'iylik bilan.

Yuqoridan kelgan rahbar bir raisga, bir otaxonga qaradi-da:

– Qanday masala ekan u, – dedi qiziqib.

– Sizdan bir iltimosim bor. Vaqtingizni uncha ko'p olmayman. Majlis tugagandan so'ng hal etsak.

– Aytdim-ku, masala hal bo'lgan deb. Nima qilasiz yana gapni ko'paytirib, – dedi mahalla raisi qo'rslik bilan. Rahbar bu safar indamadi.

Saxiy amaki sekingina joyiga o'tirdi. Majlis tugadi. Saxiy amaki ham o'rnidan turdi-da, odamlarga qo'shilib tashqariga chiqa boshladi. Yonidagi odamlar qurshovida turgan rahbar uni kuzatib turgan ekan:

– Otaxon, to'xtang, – dedi. Saxiy amaki bu gapni yaxshi eshitmadimi, yo eshitsa ham raisning boyagi gapidan keyin hafsalasi pir bo'ldimi, har qalay yana bir-ikki qadam yurdi.

– Sizni chaqirishyapti, shekilli, – dedi yonidagi hamrohlaridan biri unga qarab. U orqasiga burilguncha rahbar o'zi tomon kelayotganini ko'rib to'xtadi.

– Boyagi masala nima edi? – dedi u amakini asta qo'ltiqlab.

– Ozgina joyda bog' qiluvdim, shuni ko'rib ketsangiz degandim.

– Boya aytdik-ku, hadeb bitta gapni chaynayverasizmi, – dedi rahbar yonida turgan tuman vakili avzoyi buzilib.

Rahbar unga qovog'i ostidan qaragan edi, jimib qoldi.

– Qani, otaxon, yo'l boshlang. Yaratgan bog'ingizni bir ko'raylik, – dedi rahbar kulib. – O'n chog'li odam ularga ergashdi. Tashqarida yana besh-oltita qariyalar ularga qo'shildi. Hammalari ko'p qavatli uyning orqa tomoniga o'tishdi.

– Mana, shu bog'ni aytmoqchiydim, – dedi Saxiy amaki chiroyli panjara bilan o'rab qo'yilgan daraxtzorni ko'rsatib. Bog' taxminan 10 sotix yerni egallagan edi. Bog' o'rtasida ikki tup bodom qiyg'os gullagan, yonida xurmo, gilos, olma daraxtlariga “qubba” va “stakan” shakli berilgandi. Rahbar buni ko'rib quvondi-yu Katta Halqa yo'liga tutash bo'sh yotgan yerlarga qaradi-da, boshini chayqab qo'ydi.

– Nega qolgan joylar bo'sh yotibdi? Nega qaralmagan? – dedi u mahalla raisi va tuman rahbariga jiddiy ohangda. Oraga sukunat cho'kdi.

– Men qo'shnilarim bilan bu yerni obod qildim, ko'rib turganingizdek panjara bilan o'radim. Daraxtlar hali yosh. Zaxa yemay ko'karsin, deb shunday qildim. Mana, karovat o'rnatdik. Chollar har-har zamonda chiqib, gurunglashib ko'ngil yozamiz.

– Bu “Subhoni”mi deyman, – dedi rahbar baland o'sgan o'rikka qarab.

– Ha. Topdingiz. Tepasida turshak bo'lib qoladi.

– Anjirlar ham bor ekan-da.

– To'rt xil.

– Daraxtlarga kim bunday shakl berdi?

– O'zim.

– Suvni kim chiqarib berdi? – dedi rahbar suv quvuriga ishora qilib.

– O'g'lim va qo'shni bolalar. Ekinlarni shundan sug'oramiz. Rahbar karovat yonidagi ariqlarga ekilgan atir gullarni ko'rib xursand bo'ldi.   U boqqa yana bir karra ko'z yugurtirdida,   – Nima shikoyatingiz bor otaxon? – deb so'radi.

Saxiy amaki rais va tuman rahbarlariga bir qarab oldi-da, so'zini davom etdi:

– Bular, “panjarani buzib tashla, bog'ingni yig'ishtir, tepadan shunday buyruq bor”,   deb holu jonimga qo'yishmayapti. Huv anavi mahalladan bolalar mol haydab o'tadi. Daraxtlar uvol bo'lmasin deyman-da. Ustiga-ustak, qo'shni chollarning dam olish joyimiz. Ko'zim qiymaydi. Shunga… Bo'sh yotgan joylarni egalari yo'q. U yerni ham obod qilsa bo'ladi-ku.

– Nega unda bog' qilmayapsizlar?

– Shunisiga shuncha mashmasha. U yog'ini ham boqqa aylantirsak…

Kattakon yonidagi xodimlarga qaradi. Ikkalasining yuzi qizarib ketgandi.

– Otaxon, – dedi rahbar. – Shu joylarni ham bog' qiling desa, harakat qilarmidingiz.

– Albatta, – dedi Saxiy amaki yosh bolalardek quvonib.

– Yurtni obod qilish mana shunday kichik yerlardan boshlanadi. Sizdek serg'ayrat otaxonlar bor ekan bog'lar ko'payadi. Bog' yaratish savob-ku. Shuning uchun siz bog' ishlarini boshlayvering. Ko'chat yetqazib berish   bizdan. – Sizlar bu ishga mas'ulsiz, – dedi rais bilan tuman vakiliga. – Agar, – deya gapini davom ettirdi u. – Kimda-kim sizga yana qarshilik qilsa, to'g'ri menga chiqasiz. Qani edi hamma sizga o'xshab bog' yaratsa… Ammo afsuski, hozircha sizdaqalar kam. Zar qadrini zargar biladi, otaxon. Qo'rqmang, biz siz tomondamiz…

Tagdor qilib aytilgan bu gaplardan yonidagi rahbarlar bo'shashib, bir-birlariga bo'zrayib qarashdi. Saxiy amaki xursand edi.

– Xalq dardini eshitadigan rahbarlarning boriga shukur. Qaniydi shunaqalar ko'p bo'lsa. Otasiga rahmat, – deya o'yladi u rahbarni kuzatayotib.

– Men nima devdim, do'stim, – dedi Yunus pichoqchi do'stining qo'llarini siqib. Ko'rdingmi… Saxiy amaki xursandchiligidan ko'zlarida yosh miltiradi. Sababi bog'dagi nihollar omon qoladigan bo'ldi.

Oradan uch kun o'tib, Saxiy amakining eshik qo'ng'irog'i chalindi. U eshikni ochganda bir yigit kulimsirab turardi.

– Assalomu alaykum. Mana bu ko'chatlarni yuqoridan sizga berib yuborishdi…

– Kim? – Hayron bo'ldi chol.

– O'sha kuni kelgan rahbar. Yana aytdiki, bo'shashmas ekansiz. Qanday yordam kerak bo'lsa, aytarkansiz.

* * *

Oradan oylar o'tdi. Saxiy amaki pishiqchilik boshlanishi bilan har doimgidek meva to'la chelagini ko'tarib nabirasi bilan yo'lga tushdi. Maqsadi turli xil mevali ko'chat yuborgan rahbar bilan dildan suhbatlashish, yanada kattaroq bog' yaratish orzusi borligini aytish edi. Saxiy amaki shu yo'l bilan katta ko'chaga chiqdi-yu to'xtadi. Rahbar uni qabul qilarmikin? Axir ishi ko'p bo'lsa. U birzum to'xtab turdi-da, yurt uchun bog' yaratish ham katta ish ekanligini o'ylab nabirasini yetaklagancha shahdam odimlar bilan yo'lida davom etdi…

Bahrom Akbarov

 

Muallif haqida:

image description

Bahrom Akbarov — 1961 yilda Toshkent viloyatida tug'ilgan. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi (1992), “Shuhrat” medali sohibi (2009).

Bolalarga atalgan 20 ga yaqin she'riy va nasriy to'plamlar muallifi. “Kichkintoylar kitobi”, “G'alati sinov”, “Husnixatim chiroyli”, “O'tkir zehnlilar kitobi 1-4” (hammualliflikda) nomli kitoblari bir necha marta nashr etilgan. “Mitti botir” asari nemis tilida (2018) chop etilgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + eighteen =