Isyonkor usta
Poytaxt, hozirgi Tarix muzeyi yonida 16 qavatli ÖzA joylaşgan binoda öşa paytda çop qilingan va ança maşhur naşrlardan biri bölgan “Sovet Özbekistoni sanʼati” jurnali ham joylaşgan edi. Jurnal tahririyati mazkur binoning ança yuqorisida, 10- yo 11-qavatda edi, adaşmasam. Zalning oxiridagi zinapoyali qoronği yölakdan kirilsa, öng tomondagi birinçi xona oğaynimiz Asqar Mahkamning hujrasi edi. Biz qönim topgan “Yoşlik” jurnalining nasr bölimi ham 8-qavatning aynan qoronği yölak tomonidagi birinçi xonani “Ovozi Tojik” gazetasidan bepul ijaraga olgan bölib, derazasidan “Toşkent” mehmonxonasi yaqinidagi yozgi restoranning soyaboni körinib turardi.
Biz iş paytida köpinça “çyornыy vыxod” deydiganimiz — ana şu qoronği yölak zinalaridan tuşib-çiqib boğlanib turardik. Şu tomon yaqin edi.
Bir kuni tuşdan keyin Asqarning qavatiga kötarilsam, hayhot, u yölakda tandirdan yangi uzilgan nondek qizarib turgan özi tengi, örtaböy, miqtigina yigit bilan baqir-çaqir qilayotgan ekan:
— Hoy bola, esing joyidami özi, komsomol mukofotini olişga uyalmaysanmi?! — deb jiğibiyron bölayotgan Asqar qölini arra-arra qilib yuqori kötaradi.
— Nega uyalaman, xizmatimga yaraşa qadrimni topsam nima böpti! — deb Asqarni urib yuborgudek hezlanib turgandi notaniş yigit.
— Ey sen, öpkangni bos, bobongning bir tukiga ham arzimaydigan mukofot qadrli bölib qoldimi, galvars!
— Töğri aytyapsan, nafaqat komsomol mukofoti, undan kattaroği ham ehtimol arzimas, ammo…
— Hay-hay, bola, özingni bos! — deb Asqar orqasiga ögirilib meni körib qoldi. Boş çayqagança yonimga kelib söraşgaç: eşikni oçib birov qaradimi? — deb söradi past tovuşda.
— Ha, qaradi, — dedim.
— Kim?
“Abdulla Oripov qaradi”, degan maʼnoda şoirning şeʼridagi bir sözni aytdim.
Asqar labini tişlab boş çayqadi va boyagi yigitga qarab, körsatkiç barmoğini labiga bosadi. Notaniş yigit hovuridan tuşib men tomon keladi-da: “Yaxşimisiz?” deb söraşgaç, yana iziga qaytadi. Asqar “Men hozir kelaman”, deb, notaniş yigitni lift tomonga boşlab ketadi. Çorak soatdan söng qaytib kelib, meni hujrasiga boşlab kiradi. Içkarida Abdulla Oripov qandaydir qölyozmani tahrir qilib ötirgan ekan. Söraşdik. Söng işini yakunlab örnidan turdi:
— Asqarjon, men Ğafur Ğulom naşriyotiga borib kelaman, — dedi. — Anavi döstingiz dohiymiz şaʼniga har xil gaplarni ehtiyot bölib aytsin, öziga qiyin böladi.
Şoirning qadam tovuşlari uzoqlaşgaç:
— U töğri aytyapti, bu yerdagi gap-sözlarni kerakli taşkilot vakillari eşitib ötirişar emiş, — dedi Asqar. Kulib yubordim:
— Nima balo, öşa taşkilotlarning boşqa işi yöqmikan?
— Ularning asosiy işi odamlarning oğzini poylaşdan iborat ekan-da! Abdulla aka bir narsani bilmasa gapirmaydi.
— E-e! — deb qöl siltadim. — Qörqoqning köziga hamma narsa qöşaloq körinadi, oşna!
Asqar kulib qöydi. Söng: boyagi yigitni tanidingizmi? — dedi menga çoy uzata turib. Tanimaganimni aytdim.
— Şerkon Qodiriy. Bobosi nomidagi madaniyat institutida dars beradi. Havaskor talabalar bilan bir pyesani sahnalaştiribdi. Öşa spektakl respublika mukofotiga tavsiya etilibdi. Men unga “Nomzodingni olib taşlagin, uyat böladi”, desam, javobini eşitdingiz.
Xullas, Şerkon bilan öşanda oyoq ustida tanişganman: u menda yaltiroq taassurot qoldirgan. Öşa komsomol mukofotini olgan-olmaganini aniq bilmayman. Menimça, Şerkon jörttaga Asqar Mahkamning jiğiga tegiş uçun özini mukofotparast etib körsatgan edi. Ularning munosabatidan bir-biriga sinaşta bölib qolgan döstlar ekanini anglaganman.
Ön-ön beş yil oldin Şerkon Qodiriy “37-xonadon” nomli ixçamgina bölsa-da, esda qoladigan kitobini naşr ettirgandi. U haqda taqriz yozib, özim taniş-bilişlarga sovğa qilib yurgan edim. Keyin yana kitobi çiqqanmi-yöqmi, bilmayman. Agar tirikçilik qölini boğlab qöymasa, u albatta, kelajakka qoladigan umr kitobi yozişga qodir ekanini yaxşi bilganman. Biroq özi boşqaça yöl tutdi:
“Dadam vafotlaridan söng (1989 yil — muallif) biroz qalam tebratişga töğri keldi. Yaʼni matbuotdagilar: “Bobongiz haqidagi xotiralardan olib keling”, deyişgaç, özim töplagan esdaliklarni olib borib turardim.
Bir kuni ustozlarimizdan Neʼmat Aminov huzurlariga çorlab:
— Yozayotganlaringizni öqidim. Yaxşi. Biroq bir maslahat bor, dedilar. —Sizga juda qiyin. Yölingizda ikki katta toğ bor. Biri bobongiz, ikkinçisi dadangiz. Agar şu ikki toqqa yaqinlaşsangiz, yozing. Odamlar öqib: “Şunday yaxşi narsa yozibdi-ya!” deyişsin. Bölmasa…
Ustozning maslahatlarini töğri qabul qilib, yozişni butkul taşlab yubordim. Çunki kaminada yozuvçilikka daʼvo yöq edi. Oradan deyarli yigirma yilça vaqt ötdi. Ustoz Tohir Malikni tuşimda kördim: “Yozsangiz-çi”, dedi. Uyğonib ketdim. Ança kungaça şu tuş xayoli bilan yurdim va axiri qölimga qalam oldim. Dastlabki xotirani yozib, Tohir akaning oldiga bordim. Bölgan voqeani aytib berdim.
— Şuni bir öqib köring. Yozuvçilikka daʼvoim yöq. Maʼqul bölsa, aytarsiz.
U kişi yozganimni darrov öqib çiqib:
— Böladi, — dedilar jiddiylikka olib. — Endi bu yoqqa ötiring, — deb qarşisiga ötqazdi. — Öylab köring, siz kimning avlodisiz? Habibulla akadan qolgan yozuvlarni bir közdan keçiring. Neʼmat aka taʼkidlaganlaridek, yaxşi yozişga harakat qiling.
Ana şundan söng ijodiy faoliyatimni qayta boşladim”.
Yozadigan odamga birorta bekorçixöja ustoz qölidan uşlab ötirib yaxşi yozişni örgatib qöyarmidi? Yozuvçi yozişni yoziş jarayonida örganadi. Yaxşi yozişning boşqa yöli yöq.
Biz ustoz Şukur Xolmirzayev bilan Dörmondagi yozuvçilar Ijod boği mehmonxonasida beş-olti yil baqamti yaşadik: u kişi ikkinçi qavatda 21-xonada, men esa uçinçi qavatda 46-xonada. Oldindan kelişib olgandik, biz faqat oşxonada dasturxon ustida körişamiz, boşqa paytlarda bir-birimizning xonamizga kirib boşimizni oğritmaymiz. Kelişuv biz uçun qonun bölib qoldi.
1995 yili “Şarq yulduzi” jurnalida “Gulzamira” degan qissam eʼlon qilindi. Şukur aka qissani öqib juda xursand böldi, rosa maqtadi. Oqşom çoği boğ aylanib yurganimizda:
— Nega menga qölyozmangizni körsatib olmadingiz? — deb öpkalandi.
— Nega körsatişim kerak edi? — dedim hayron bölib.
— Foydali maslahat berişim mumkin edi-da!
Ajabo, nima uçun yozuvçi kimningdir maslahati böyiça asar yozişi yoki yozmasligi kerak ekan? Bunaqa narsa qaçon paydo bölgan özi?
Darvoqe, nazm jabhasida ot öynatib yurgan bitta şovvoz ötkan yili dabdurstdan: “Nega siz şu yigitning asarlarini öqib maslahat bermayapsiz?”, — deb meni söroqqa tutib qoldi. Şogirdim ham yonimda turgandi. Bir guruh guvohlar qanday javob berişimni kutib turardi. Gapni aylantirib ketdim. Qarang, adabiyot olamida qozilik qiladigan nusxalar hamişa bor-da.
Şerkon Qodiriy “Tohir Malik” xotira kitobini jonli voqea bayonidan boşlagan ekan: “Ustoz Tohir Malik vafotlarining ikkinçi kuni birodarimiz Furqat Yakvalxöjayev menga:
— Şerkon aka, sizga bir yumuş bor, — deb qoldi.
— Qanday yumuş? — Hayron bölib söradim.
— Tohir aka haqida xotira töplaş kerak. Siz u kişining eng yaqin ukalaridan biri edingiz, — dedi u.
Töğrisi, avvaliga öylanib, “Buni qanday uddalar ekanman?” — deb, yuragim dov bermadi. Çunki bu iş ança masʼuliyat talab etardi.
— Öylab köray-çi, — dedim, vaʼda berib qöymasdan.
Öşa kundan eʼtiboran tinçim buzildi…”
Xullas, Şerkon Qodiriy “Tohir Malik” xotira kitobini manzur tayyorlabdi. Boşdan oyoq öqib çiqib, köp va xöp taʼsirlandim. Lekin… “Yangi kitob” naşriyoti kitob sahifalarini faqat yengil-yelpi yelimlab, bosmaxonasidan çiqarib yuboribdi; kitobni öqib çiqqunimça varaqlari tözğib ketdi. Ammo aytganimday, malakali qalam sohibi tomonidan şirali tilda yozilgan. Mutolaadan söng ustoz Tohir Malikning insoniy qiyofasi yaqqol köz oldingizda gavdalanib turadi.
“Dölvor yigit” kitobi töğrisida esa alohida töxtalib ötirmadim. Unda Abdulla Qodiriy armonlari, hayotiy meʼzonlari va umuman Qodiriy xonadoniga tegişli sir-asror qalb közgusida öz aksini topgan. Faqat Şerkonning bitta gapi izohga muhtoj tuyuldi. Muallif: “Rahmatli dadamiz Habibullo Qodiriyni “xalq duşmanining öğli” degan tuhmat bilan qamaşgan edi”, deb yozadi. Bu gap “tuhmat” emas-ku! Rostdan ham Abdulla Qodiriy 1937-38 yillarda rasman “xalq duşmani” deb eʼlon qilingan edi, Habibullo Qodiriy esa rostan ham “xalq duşmanining öğli” edi. Qattol davlatning qattol siyosati bosimi ostida qança-qança suyagi qotmagan, pahlavon farzandlar “xalq duşmani” deb yomonotliq qilingan otalaridan baʼzan matbuotda yozma ravişda, baʼzan ulkan izdihomda oğzaki ravişda voz keçib yuborgan. Otaöğil Habibullo Qodiriy esa “xalq duşmani” tamğasi bosilgan otasidan voz keçişni xayoliga ham keltirmaydi, boşini baland kötarib qamalib ketadi.
Şerkonning “Dölvor yigit” kitobi ham avval çop etilgan “37-xonadon”, “Ötganlar yodi” kitoblari kabi kitobxonni öylaşga örgatadi, mustaqil fikrlaşga daʼvat etadi. Şerkon yana kamida 500 sahifali salmoqli umr kitobini yaratişga yetarli bol töplab olibdi.
Bu yoği endi özingizga boğliq, Şerkon! Qölingiz dard körmasin!
Nabijon BOQIY
