Tarixdagi mash'um voqea

Yoxud 1941 yil 21 iyunda Amir Temur qabrining ochilishi, urush boshlangani va boshqa o'tmish voqealari xususida taniqli o'zbek kinorejissyori Malik Qayumov xotiralari

 

“O'zbek hujjatli kinosi men uchun   bu — Malik”.

(Roman Karmen)

 

O'z davrida o'zbek xalqining eng mashhur insonlaridan   biri bo'lgan Malik Qayumov faoliyati haqida bunday   e'tirof­ni yanada ko'p eshitish mumkin. Ha, O'zbekiston hujjatli kinosining qaldirg'ochlaridan sanaladigan   Malik Qayumov o'zining 99 yillik umri davomida ikki yuzdan ortiq filmni suratga olgan bo'lib, ular orasida “Paranji”, “Qudratli to'lqin”, “Oltin to'y”, “O'n uch qaldirg'och”, “Tojixon bilan uchrashuvlar”, “Xiva – to'rt darvozali shahar”, “Insoniyatning besh qo'li”, “Bahordan bahorgacha” kabi xalqaro miqyosda nufuzli   sovrinlarni qo'lga kiritgan filmlari mavjud.

Kasbiy faoliyati orqali   dunyoning 103 ta davlatida bo'lgan, 1937 yildan to 1991 yilgacha ko'plab xalqaro miqyosdagi ko'riklarda sovrinlarni qo'lga kiritgan Malik Qayumov   hayoti davomida dunyoga mashhur bo'lgan — Stalin, Jukov, Ruzvelt, Cherchil, J.Neru, L.B.Shastri, Indira Gandi, Xo Shi Min kabi davlat arboblari bilan uchrashish sharafiga ham muyas­sar bo'lgandi.

Malik Qayumov o'zi   va bolaligi, kino olamiga kirib   kelishi haqida shunday xotirlagan:

— O'zim tug'ilgan sana va oyni bilmayman. Faqat tug'ilgan yilimni bilaman – 1911 yil. Otam o'z bolalarining tug'ilgan kunlarini Qur'on sahifalariga yozib qo'yardilar. Ammo u vafot etganidan keyin otamdan qolgan Qur'on kitobini yo'qotib qo'ydik va men tug'ilgan aniq sana noma'lumligicha qoldi. Oyim bu bahor kunlarida, bozorda endigina ko'k paydo bo'lgan paytlarda yuz berganini aytgandilar.

Biz Toshkentning bugungi kunda Eski shahar deb ataladigan qismida, hozirgi aeroport yaqinida yashardik. Elektr yo'q edi, suvni bir chaqirim joydan tashib keltirardik. Shunga qaramay, yomon yashamaganmiz.

Otamning ismi Abduqayum edi. U nafaqat Toshkentdagi, balki butun Turkistondagi eng boy kishilardan edi. U bir nechta ko'nchilik korxonalariga ega edi. Ustalarni Germaniyadan olib kelardi. Eng sara qo'ylarning terisi otamga tegishli edi. Shuningdek, uning 400 gektar yerda mevali bog'lari bo'lardi. Otni yaxshi ko'rganidan otchopar qurdirgandi va poygalar uyushtirib turardi. Otam vafot etganidan keyin uning bankdagi hisob-raqamidan o'n million tilla pul topgandilar. Otam tilla tangalarni yomon ko'rardilar, bu pullar cho'ntakni teshadi, derdilar. Onamga uylanganlarida yuzta ko'ylak, ellik juft turli poyabzal, son-sanoqsiz taqinchoqlar, tilla buyumlar va marvaridlar yuborgan ekanlar. Aftidan, shu boyliklar keyinchalik onamning besh bolani boqishlariga imkon bergan ko'rinadi. Bir kuni men uch-to'rt yoshlarda edim – otam uyga qaytgach, ko'ngli ayniyotganini aytdi va uxlab qoldi, hufton namoziga ham turmadi. Ertalab esa u qazo qilgandi.

Bobom (onamning otasi) chiroyli oynalarni yaxshi ko'rardilar – uning uyidagi qirq derazani rangli shishalar bezab turardi. Onam tomondan hamma qarindoshlarimiz uzoq umr ko'rganlar: buvim yuz o'n yoshga kirganlar, onam to'qson oltiga kirganlar, tog'am to'qson ikkiga kirib vafot etganlar. Otam tomondan bo'lgan qarindoshlarimiz erta qazo qilganlar. Biz besh o'g'il edik, men ularning to'rtinchisi edim. Ukam otamning vafotlaridan keyin tug'ilgan. Aka-ukalarim otamga tortdilar va uncha uzoq yashamadilar, men onamga tortdim.

Oyim o'qimishli ayol edilar: rus tilida erkin gapirardilar, arabcha o'qirdilar, Qur'onni bilardilar. Bizni ham o'qishga majbur qilardilar. Shuning uchun ham olti yoshga kirganimda akam meni maktabga olib bordilar.

Ana shunday oilada voyaga   yetgan Malikda   vaqt   o'tib kinoga ixlos uyg'ondi va   tez orada o'zbek kinosining navqiron   vakillaridan   biriga aylandi. Kinoga qay tariqa qiziqish   uyg'ongani va uni bu sirli olamga kim boshlab   kelgani haqida u   shunday xotirlagandilar:

— 1929 yili bir kuni maktabimizda mashhur admiralning o'g'li Nikolay Nikolayevich Klado paydo bo'ldi. U o'n uch kishi ichidan nimagadir meni tanlab, O'zbekistondagi birinchi kinostudiya darvozasiga yetaklab keldi. Men ichkariga kirdim va uning eshiklari men uchun bir umrga yopildi. Klado meni o'zining “Bag'doddan kelgan amerikalik ayol” filmida batrak rolida suratga oldi. Keyin yana “Ajal qudug'i”, “Qumlardagi vodiy” filmlarida   suratga tushdim, ammo men ko'proq o'zim kino olishni istardim. Ba'zan menga ob'yektivga qarashga va hatto dastakni burashga ruxsat berishardi.

Tasvirchi Fridrix Konstantinovich Verigodorovskiy degan nemis odam edi. Men unga uchoyoq tashishda, tunlari plyonka o'rashda, surat chiqarishda yordamlashardim. U menga kinotasvirchi bilishi kerak bo'lgan qariyb barcha ishni o'rgatdi.

1930 yili Klado meni Leningradga olib ketdi. Uning uyidagi o'n olti xona kitoblar bilan liq to'la edi. Nikolayning onasi mendan “Urush va tinch­lik”ni o'qiganmisan, deb so'radi. Men albatta o'qimagandim. U tokchadan bir kitob olib, oldimga qo'ydi va har kuni 50 varaqdan o'qishni buyurdi. Bundan tashqari, u kishi menga stolda qanday o'tirishni, pichoq va sanchqini qanday tutishni o'rgatdi – ya'ni men u kishidan oddiy Yevropa etikasini o'rgandim.

1931 yilga kelib men BDKI (VGIK)da o'qir edim. Ikki yil o'tgach esa hammasini o'rganib oldim, degan qarorga kelib, Toshkentga qaytdim va kino ola boshladim. Diplomni esa ololmadim. Agar o'shanda Moskvada qolganimda, men Toshkentdagi birinchi trolleybusni, ayollar paranji tashlagan gulxanni… yana ko'p narsalarni suratga ololmagan bo'lardim. Keyinchalik, sobiq ittifoq xalq artisti unvonini olganimda, Mehnat qahramoni, Davlat mukofoti sovrindori va boshqa sovrinlarga ega bo'lganimda, meni bir oy parta ortida o'tirib, o'sha dip­lomni olishga ko'ndirgandilar.

Shu tariqa Malik Qayumov nomi   kinorejissyor sifatida 1930 yillardayoq   sobiq ittifoqga tanila boshladi. Hatto 1937 yili Nyu-York kino ko'rgazmasida uning filmi oltin medal bilan taqdirlandi.

Malik Qayumov hayotidagi, shuningdek, tarixdagi mash'um voqea 1941 yilda Amir Temur qabrining ochilishi va urushning boshlanishi edi. Bu haqda u shunday xotirlagan:

— 1941 yil iyunida meni Amir Temur, uning o'g'li Shohruh va nabirasi Ulug'bek maqbaralarining ochilishini suratga olish guruhiga qo'shishdi. Qazish ishlarida avvalroq Ivan Grozniy suyaklari qoldiqlaridan uning chinakam qiyofasini tiklagan Mixail Mixaylovich Gerasimov ishtirok etardi.

17 iyun kuni Shohruh va Ulug'bek qabrini ochdilar. Shohruh Mirzo kafanga o'ralgan, Ulug'bek esa archadan qilingan tobutda yotardi. Tarixdan ma'lumki, buyuk olimning kallasi olingan. Shuning uchun boshi tanasidan judo qilingan jasadni topganimizda rosa suyunganmiz – ko'z o'ngimizda, shubhasiz, Ulug'bek jasadi qoldiqlari turardi.

Uzoq davom etgan tasvirga olish ishlaridan so'ng choy ichgani choyxonaga kirdim. U yerda uchta chol o'tirar, ular oldida eski kitob bor edi. Ulardan biri mendan “qabrlarni ochishga aloqangiz bormi?” deb so'radi. Men “ularning eng kattasiman”, deya hazillashdim. Shunda chol menga: Temurning qabrini ochish mumkin emas – urush ruhi chiqib ketishi mumkin, dedi. Men: buni qaerdan bilasiz, deb so'radim. Ular ochiq kitobni ko'rsatib: “O'qi!” dedilar. Arabchani men maktabdayoq o'rgangandim, shuning uchun ham kitobdan quyidagilarni o'qidim: “Buyuk Temur jasadiga daxl qilma, aks holda urush boshlanadi”.

Olimlar oldiga — hukumat komissiyasi raisi, sharqshunos A. A. Semenov, T. N. Qori Niyoziy yoniga chopib bordim. Shunday-shunday, chollar bilan gap­lashib ko'ringlar, dedim. Hamma yuqoriga ko'tarildi. Ular orasida yozuvchi Sadriddin Ayniy ham bor edi. Men chollarni suratga olish uchun apparat oldiga yugurdim. Biroq ular ketib qolishgandi. Barmoq tishlagancha qolaverdik.

Uchinchi qabrni ochdilar. Gerasimov qopqoqni ochib, oyoq suyagini qo'liga oldi. Shubhasiz, bu oyoq suya­­gi Sohibqiron   Amir Temurga tegishli edi: tizza bo'g'imida shish ko'rdik. 21 iyun kuni bosh chanog'ini chiqarib oldilar, mening kameram buni tasvirga oldi, 22 iyun kuni ertalab esa biz radiodan urush boshlanganini eshitdik. O'sha kunning o'zidayoq Gerasimov uchta kalla suyagini Moskvaga olib ketdi. Men esa Registon maydonida tug'larni o'payotgan, qasam­yod qabul qilayotgan va urushga otlangan o'n minglab askarlarni kuzatib turardim. Shunda endi ulgursam kerak, deb o'yladim. Minoraga chiqib, tepadan ajoyib tomoshaning hammasini suratga oldim.

Tez orada frontga ketdim. Kinotasvirchilar urush paytida granatalar uloqtirishmas va zarurat bo'lmasa otishmas edilar. Lekin askarlar bilan birga, qadamba-qadam yurardilar. Doim oldingi safda ikki kishilashib ishlardilar. Mening yonimda do'stim Alesha Syomin bor edi, u ikki marta meni jang maydonidan yarador holda olib chiqqan.

1943 yili Rjev yaqinidagi Kolbasino qishlog'ida men marshal Jukov bilan uchrashdim. Biz Alesha bilan uning oldiga o'zimizni tanishtirgani bordik. Georgiy Konstantinovich ko'k choy olib kelishni buyurdi. “Sizni Temuriylar maqbarasini qazishda qatnashgan, deb eshitdim”, — deya murojaat qildi u menga. Men unga hammasini batafsil gapirib berdim. Chollar haqida, kitob haqida gapirdim. “O'zingiz bu haqda nima deb o'ylaysiz?” — “Nima deb o'ylashimni aytolmayman, chunki bu fakt: men kitobda yozilgan narsalarni o'z ko'zim bilan o'qidim. Men Temurning bosh chanog'ini ko'mish kerak, deb o'ylayman”. – “U hozir qaerda?” – “Moskvada, Gerasimovda”. – “Qabrni ochish haqida kim buyruq bergan?” — “Qazish ishlariga Stalin ruxsat bergan”. – “Bo'pti unda, men o'rtoq Stalin bilan gaplashib ko'raman”. Shunaqa suhbat bo'lib o'tgandi. Keyinchalik men Jukovning Stalinga murojaat qilganini va urushda burilish yasagan Stalingrad jangi arafasida so'ngaklar ko'milganini bildim.

Malik Qayumov Amir   Temur sag'anasining ochilishi   haqidagi   bu so'zlarni     1990 yilda nashr qilingan “Somon yo'li” to'plami uchun yozgan va   2006 yilda rossiyalik telejurnalistlar ishlagan hujjatli filmda ham ta'kidlab o'tgandi.

Ma'lumki Ikkinchi jahon urushi davrini sobiq ittifoq bo'yicha 250 kinooperator suratga olgan va ulardan 50 dan ortig'i   jang maydonlarida halok bo'lgandi. Tadqiqotchilar fikricha urush lavhalarini   operatorlar uch yarim million   metr kinotasmaga muhrlashgan   va ular orasida Malik Qayumov   olgan kinolavhalar ham   anchani tashkil qiladi.

1944 yili Minsk ostonasida avtomatdan otilgan uchta o'q Malikning chap oyog'iga kelib tegadi   va   uni Moskvadagi Lefortovo gospitaliga olib borishadi. Og'ir jarohat tufayli oyog'ini kesib tashlamoqchi bo'lishdi…

Bu haqda Malik   ota shunday xotirlagan:

— Bir kuni palatada yotganimda qiziq voqea ro'y berganini eslayman: qarasam, hamma soqol qirtishlayapti, u yoq-bu yog'ini tozalayapti, atir sepayapti. Nima balo bo'ldiykin, deb o'yladim. Yigitlar aqldan ozishibdi. Oxiri chidamasdan: “Nima bo'layapti o'zi, kimni kutayapsizlar?” deb so'radim. Hammasi jo'r bo'lib: “Galina Dmitriyevnani! Qarab tur, hali u kishi kelganlarida sen ham yengil tortasan!” deyishdi. Galina Dmitriyevna Chesnokova uzun bo'yli, sarvqomat, tilla sochli, moviyko'z ayol edi. U oyog'imni kesib tashlashni bekor qildi – oyoqsiz tasvirchilik qilib bo'larkanmi. Keyin butun operatsiya mobaynida mening unga qanday qilib sevgi izhor qilganimni gapirib bergandilar. 1945 yil martida esa men 2-guruh nogironi bo'lib gos­pitaldan chiqib ketdim.

Shundan keyin Malik Qayumov yana Toshkentga qaytib   kino sohasida o'z   faoliyatini davom ettiradi. 14 ta bolani asrab olgan Shomahmudovlar oilasi, O'rol Tansiqboyev, Galiya Izmaylova, Zulfiya kabi   xalqimizning yetuk namoyandalari   faoliyati   va boshqa   mavzularda 200 ga yaqin ko'plab hujjatli filmlar ishladi.

Ana shunday salmoqli   ijodiy merosga ega bo'lsada   u   o'zining ayrim afsuslanarli, qilishga ulgurmagan ishlarini   sanab o'tardi:

— Agar men nimadandir afsuslansam, o'zim suratga olgan narsalardan emas, suratga ololmay qolgan, e'tiborsizlik qilgan narsalardan afsuslanaman.

Men bir muddat non shahri bo'lolmay qolgan 1930 yillardagi Toshkentdagi ochlikni suratga olmaganim uchun o'zimni kechirolmayman. Men ochlikdan sillasi qurib, ishga ketayotgan kishilarni ko'rgandim, ularning ko'pchiligi yo'lda ketayotib yiqilib tushardilar. Bitta odamga bir kecha-kunduzga yarimta non berardilar. Men masjidlar va cherkovlarni qanday buzilganini, madrasalarning qanday tashlab ketilganini suratga ololmaganman. O'ziga o'lchab berilgan yerni olayotib, bu baxtdan yig'lagan dehqonni tasvirga tushirmaganman. Shaharga suv o'tkazganlarida buxorolik kishining qanday yig'laganini, 270 kilometr uzunlikdagi Farg'ona kanalining 45 kun ichida qanday qazilganini suratga ololmaganman. Bo'lajak badiiy film uchun Farg'ona vodiysiga material yig'ishga kelgan Sergey Eyzenshteynning qandoq hayratga tushgani yodimda. U bu yerda biron narsa o'ylab topishga hojat yo'q, bor narsaning o'zi har qanday to'qimadan ta'sirliroq, degandi.

“Qo'ling tekkan hamma narsani yaxshilashga harakat qil” — degan edi Aleksandr Dovjenko menga bir paytlar.

Ha, Malik Qayumov ustozlaridan olgan saboqlarni kino sohasida amaliyotga aylantirdi va o'z tajribalari   asosidagi kitoblarni ham   yozib qoldirdi. O'zbekiston kinematografiyachilar uyushmasiga ko'p yillar rahbarlik qilib Toshkent shahri   va viloyatlarda ko'plab   kinosaroylar, kinoteatrlar tashkil   qilinishida rahbarlik qildi. Mehnatlari munosib baholanib o'z davrining   xalqaro   va sobiq ittifoq miqyosidagi   mukofotlariga sazovor bo'ldi. Turmush o'rtog'i Anna Pagosovna bilan   farovon turmush kechirdi. 2008 yilda   Rossiyada yashayotgan farzandlari   va nabiralari   oldiga   borib yashadi va 2010 yilning   29 aprelida   Moskva shahrida vafot etdi. 30 aprel kuni esa ona shahri Toshkentdagi Sag'bon qabristoniga dafn etildi.

Shu tariqa o'zbek kinosi taraqqiyotiga o'z davrida katta hissa qo'shgan Malik Qayumov   99 yil hayot kechirib e'zoz va hurmat bilan dafn etildi. Mana oradan yillar o'tmoqda. Malik Qayumov ijodiy merosini o'rganish, uning filmlarini O'zTV kanallarida   namoyish etish, kitoblarini   qaytadan   nashr etish , asarlari haqida ilmiy   tadqiqot ishlarini olib borish   borasida esa hozircha   yetarlicha ish qilinganicha yo'q. Menimcha Malik Qayumovning   xalqimiz   oldidagi xizmatlari va xalqaro maydondagi obro'   e'tiborini inobatga olib   uning nomini abadiylashtirish, Toshkent shahridagi   ko'chalardan birini u kishi   nomi bilan atash, poytaxti azimda kinochilar   xiyoboni tashkil qilib   unga Xudoybergan Devonov, Sulaymon Xo'jayev, Nabi G'aniyev, Komil Yormatov, Yo'ldosh A'zamov, Shuhrat A'zamovlar bilan bir   qatorda   Malik Qayumov   byusti ham o'rnatilsa, o'rinli bo'lar edi.

Zero, ular o'z ijodlari   bilan ana shunday   e'zoz va hurmatga sazovor xayrli ishlarni qilib ketishgan.

Umid BEKMUHAMMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =