Madrasalar qamoqxonaga aylangan zamon yoxud jizzaxlik Nazirqul Hasanovning ayanchli taqdiri xususida

31 avgust — Qatag'on qurbonlari xotirasini yod etish kuni

 

1937-1938 yillar. Ushbu davr hozirda tarix fanida “Katta terror” davri deya ataladi. Ana shu mash'um yillarda qatag'on qurboni bo'lgan ijodkorlar, mulkdorlar bilan birga o'z davrining mehnatkash, fidoyi rahbarlari ham bo'lgan. Shulardan biri Nazirqul Hasanov edi. Xo'sh, Nazirqul Hasanov kim bo'lgan? Afsuski bunga nafaqat bugungi yosh avlod, hatto u kishining jizzaxlik qarindosh urug'lari ham to'la javob bera olishmaydi. Negaki, Nazirqul Hasanov hayoti va faoliyatini o'rganish ishlari shu kungacha olib borilmagan.

Nazirqul Hasanov 1937 yilning 25 may kuni yozgan tarjimai holida shunday dey­di: “1903 yilda Zomin rayonidagi Yom qish­log'ida kambag'al dehqon oilasida tug'ilganman. 1914-16 yillarda diniy ta'lim oldim. Undan so'ng 1,5 yil mobaynida Zomindagi rus-tuzem maktabida o'qidim. 1916 yilgi xalq qo'zg'oloniga ijobiy munosabatim bois o'qishni tashlab, dehqonchilik bilan shug'ullandim. Fevral inqilobi esa ko'zimni ochib, hayotga teran qarashga undadi. Dastlab komsomol yacheykasi tuzdik.

Undan so'ng turli sovet, partiya topshiriqlarini bajardim. 1920 yildan VKP(b) a'zosiman. Jizzax rayonining partiya qo'mitasida, Samarqand va Surxondaryo okruglaridagi sovet tashkilotlarida mas'ul vazifalarda ishladim. 1930 yildan 1933 yilgacha “O'zkolxozstroy” raisi, undan so'ng respublika yer ishlari xalq komissarining o'rinbosari bo'lib ishladim.1934 yildan beri Xorazm okrug ijroiya qo'mitasi raisi bo'lib ishlayapman. Moskvadagi Sverdlov nomli universitetda birinchi yil sirtdan saboq olayotirman”.

Tarjimai holdan ham ko'rinib turganidek Nazirqul Hasanov 17 yoshidan boshlab dastlab Jizzaxda, keyin boshqa okruglarda, keyin respublika miqyosidagi rahbarlik vazifalarida faoliyat ko'rsatgan. Aynan Xorazmda mas'ul vazifada o'z faoliyatini boshlagan davrda esa 31 yoshda bo'lgan.

Nazirqul Hasanovning ana shu uch yillik fao­liyati haqida Xorazmning keksa avlod vakillari shunday xotirlashgandi:

Keksa jurnalist Matkarim   Xudoyberganovning xotiralaridan:

— Nazirqul Hasanovni men “Inqilob quyoshi” gazetasida ishlagan paytimdan bilar edim. Nazirqul Hasanov ancha to'liq, gavdali kishi bo'lib, vazmin so'zlar, nochorlarga tezkorlik bilan yordam ko'rsatardi. Shoshma-shosharlikni aslo yoqtirmasdi. Shu bilan birga Nazirqul aka o'ta talabchan bo'lib, partiya a'zoligiga, rahbarligiga tasodifan kirib qolgan ba'zi qog'ozboz, buyruqboz shaxslarni ayovsiz tanqid qilardi.

1935-36 yillarda xalqning turmush sharoitini yaxshilash, partiya rahbarligidagilarning byurokratiyasiga chek qo'yish haqida viloyat rahbariyatining xalqqa murojaati “Inqilob quyoshi” gazetasida chop etildi. Men murojaatga qo'l qo'ydirish uchun obkom sekretari Normat Isroilov,ijroqo'm raisi Nazirqul Hasanovlarning kabinetiga kirib chiqqanman. O'shanda murojaatni Normat va Nazirqul akalar sinchkovlik bilan o'qib ayrim tuzatishlar kiritgandi. Bu paytda yana arab alifbosidan lotin alifbosiga o'tilganiga 4-5 yil bo'lganiga qaramay voha aholisi ichida savodsizlik ko'p edi.

Shu bois Nazirqul aka kechki savod kurslarini tashkil etib, har bir kolxoz, shahardagi tashkilotlarda   lotin yozuvida o'qitishni, “Inqilob quyoshi”ni o'qib davr yangiliklarini bilib borishni tashkil va tavsiya qildi. Shuningdek, Normat aka va Nazirqul akalarning tashabbusi bilan Urganch shahrida, Xiva, Hazorasp, Gurlan tumanlarida rus maktablari tashkil etildi. Rus tilini o'rganishga ishtiyoqmand bolalarga qo'shimcha mashg'ulotlar o'tilib, 1936 yilda 50-60 nafar Xorazm yoshlari Moskva, Leningrad shaharlariga o'qishga yuboriladi.

Shu kabi hozirgi UrDU, oldingi Xorazm Davlat pedagogika institutiga ham 1935 yilda aynan Normat Isroilov va Nazirqul Hasanovlarning tashabbusi, ularning Toshkent, Moskva shaharlariga yuborgan taklif, murojaatlari asos bo'lgan. O'shanda oliy ta'lim maskani — Xorazm o'qituvchilar tayyorlash instituti deb nomlangan. Institutning ochilishida Normat Isroilov, Nazirqul Hasanovlarning qatnash­gani viloyat gazetasi — “Inqilob quyoshi” sahifalarida yoritilgan.

Nazirqul Hasanovning “Inqilob quyoshi” gazetasining 1936 yil 16 sentyabrdagi sonida “Bog'cha va yaslilar namunali tashkil qilinsin” nomli maqolasida okrug maorif bo'limi mutasaddilarigagina emas, balki   jurnalistlarga ham murojaat qilib o'tadi: “Siz muxbirlar yasli va bolalar bog'chalariga ko'p e'tibor berishingiz lozim. Xotin-qizlarga keng sharoit tug'dirib berishga yordam va e'tibor berishimiz kerak. Lekin hozirgacha bu masalaga kam ahamiyat berib kelmoqdamiz. Rayonlarimizda madaniy usulda qurilgan, maqtarlik ravishda tashkil etilgan yasli va bog'chalarimiz bor. Bularning namunalarini ko'rsatish va qoloqlarini yaxshilash uchun yordam berishimiz kerak. Har bir muxbir o'ta savodxon bo'lishi, o'z uyida kutubxona tashkil etishi kerak. Siz madaniyatli bo'lishingiz bilan boshqalardan ajralib turishingiz kerak”.

Nazirqul Hasanov ushbu maqolasida savodsizlikni tugatish maktablaridagi ahvol haqida so'z yurita turib, jamiyatdagi ta'lim jarayoni bilan bog'liq muammolarni ham ko'tarib chiqadi: “Bir do'kon mudiri 100 so'm pulni isrof qilsa katta shovqin ko'tariladi. Ish darhol sudga o'tkaziladi, sud idoralari darhol tegishli moddalarni ham topadilar. Ko'rasizki bu sohada, bu bobda yaxshi ishlaydilar — hushyorlar, sezgirlar juda ko'p. Savodsizlikni bitirish uchun ajratilgan ajoyib, katta fonddan esa minglarcha, o'ng minglarcha pul sarf qilinadi. Bu ko'rinishga kelganda ularni kechirib yuboramiz, shunday bo'lishi kerakdir deymiz. Bu soddadillikdan istagan kishilar juda ustalik bilan foydalanadilar. Bu borada darhol o'zgarishimiz kerak. Savodsizlikni bitirish uchun hukumatimiz tomonidan ajratilgan millionlarcha pulning har so'mi, har tiyini unumli sarf etilsin. Maktablarni o'quv asboblari, ashyolari bilan chala-chulpa ta'minlash kishini tashvishga qoldiradi. O'qituvchilar orasida intizom nazaridan qaraganda ularning ba'zilari madaniy kishiga sira o'xshamaydi.

Savodsizlikni bitirish uchun kurashda yetishmovchiligimiz shundan iboratki, maktablarning o'z vaqtida ochilishi va darslarning davomli ham normal o'tishga erishganimiz yo'q. Sentyabrda   ochilishi kerak bo'lgan maktablarni   oktyabr oyidagina ocha boshladik. Buning ustiga maktablar bir ochilib bir yopilib turdi…

Oradan ko'p o'tmay 1937 yil kirib keldi. Bu yil davomida ham xuddi o'tgan — 1936 yildagidek shiddat bilan ishga kirishiladi. Erishilgan yutuqlar bilan esankirab qolmasdan, muammolarni ham bartaraf etishga harakat qilindi.

Ammo… ammo 1937 yilning yozida jamiyatdan “xalq dushman”lari izlashdek mudhish qatag'on siyosati yuritilarkan, “katta terror” o'z domiga shijoatkor rahbar Nazirqul Hasanovni ham tortib ketdi.

Nazirqul Hasanovning yaqin tanishlaridan bo'lgan keksa jurnalist   Matkarim Xudoyberganovning xotiralariga ko'ra va tarixiy hujjatlarning shahodatlik berishicha, jizzaxlik rahbar okrug NKVD bosh­qarmasining boshlig'i Kalmikov tomonidan qamoqqa olingan.

Tarixiy hujjatlarga ko'ra, 1937 yilning 5 avgust kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Kommunistik partiyasi markaziy qo'mitasining byuro majlisida Xorazm viloyat ijroiya qo'mitasining raisi N.Hasanovning ishi ko'rib chiqiladi. Yig'ilish yakunida byuro majlisi qaror qiladi:

  1. Xorazm viloyat ijroiya qo'mitasining raisi N.Hasanov vazifasidan bo'shatilsin.
  2. Hasanov O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo'mitasi a'zoligiga nomzodlikdan chiqarilsin.
  3. Ushbu byuro qarorining loyihasi Markaziy Qo'mitaning navbatdagi plenumi kun tartibiga kiritilsin.

Umumiy sho''ba mudiri Kondratyuk.

Ishdan bo'shatilganining ertasi kuni — 6 avgustda Nazirqul Hasanov ustidan jinoiy ish ochiladi. 7 avgust kuni bo'lib o'tgan okrug partiya qo'mitasining yig'ilishida Nazirqul Hasanov masalasi ko'rib chiqilib, uning ishdan ozod etilgani hamda “xalq dushmani” deya qamoqqa olingani ta'kidlanadi. Olib borilgan tergov harakatlari Urganch, Toshkent shaharlarida bir yildan ko'p davom etib, 1938 yil 2 noyabrdagi sobiq ittifoq Oliy sudining Harbiy hay'­ati N.Hasanovni O'ZJKning 58-, 63-, 64-, 67-moddalari bilan ayblab otishga, molu mulkini musodara qilishga hukm qiladi.

Hozirda 90 yoshli O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, kinorejissyor Soliy Davletovning otasi xotiralariga tayanib aytishicha (Bolta Davletov — 1909 yilda tug'ilgan. Moskva oliy partiya maktabini tugatgan. Hazorasp rayoni partiya kengashi birinchi sekretari bo'lib ishlayotgan davrida — 1937 yilda qamoqqa olingan).

— O'sha qatag'on davrida   Xivadagi Kaltaminor yonidagi   Muhammad Aminxon madrasasi   binosi qamoqxonaga   aylantirilgandi. Xorazmning turli   joylaridan kelgan mahbuslar   bu yerda saqlanar, mahbuslar oyoq   uzatib yotaolmas, chunki bino   odamga to'la bo'lib, yonboshlab, g'ujanak bo'lib   yotardilar. Madrasaning   katta naqshinkor eshigining   o'rtasini teshib   mahbuslarning izidan kelganlar bilan   suhbatlashish uchun darcha   ochishgandi. Otam — Bolta Davletov Hazorasp rayqo'mining birinchi sekretari bo'lgani bois ish yuzasidan Xorazm obko'mining birinchi sekretari Normat Isroilov, oblispolkom raisi Nazirqul Hasanovlar bilan hamkorlikda ishlashgan va keyinchalik o'zining xotiralarida, “Har ikkala rahbar Xorazmda yaxshi ishlashgan”, deya eslab yurardi. Keyinchalik otam qamoqdan ozod bo'lib, Xonqa rayqo'mining birinchi sek­retari, oblispolkom raisi vazifalarida ishlaganlaridayam “menku qamoqdan ozod etilib ish fao­liyatimga qaytdim, ammo ko'pchilik nohaqdan otilib ketdi. Ular orasida Normat Isroilov va Nazirqul Hasanov degan rahbarlar ham bor edi”, deb qo'yardi o'tgan hayotini eslaganlarida.

Agar Nazirqul Hasanov 1937 yilning 6 avgust oyi­­da qamalgan bo'lsa, olib borilgan bir yildan ko'p tergov ishlari, turmadagi azobu uqubatlar natijasida, 1938 yilning oktyabr oyiga kelib u   og'ir kasal darajasiga kelib qoladi.

Professor Rustambek Shamsutdinovning tad­qiqotlariga ko'ra, o'sha davrda “sud marosimi rasmiy tartib chegarasi yo'q darajada yuzaki o'tkazilgan, ishlar guvohlarsiz 5-10 daqiqa muddatda ko'rib chiqilgan, ayrim holatlardagina yarim soatgacha cho'zilib ketgan. Shu vaqt ichida sudlardan uchtasi “sudlanuvchiga uning huquqlarini tushuntirib berish­lari, ayblov xulosalarini o'qib eshittirishi, ayb­lov mohiyatini tushuntirishi, ayblanuvchini “sodir etgan jinoyat”ga nisbatan munosabatini aniqlashi, uning ko'rsatmalarini va so'nggi so'zini eshitishi, maslahatchi xonada bo'lishi, u yerda hukmni yozishi, sud yig'ilishi zaliga qaytib kirishi, hukmni e'lon qilishi amalga oshirilgan. O'lim hukmlari sudlanuvchiga e'lon qilinmagan, ular o'z taqdirlarini bevosita qatl qilinishi oldidangina bilib qolganlar. (R.Shamsutdinov. “O'zbekistonda sovetlarning qatag'on siyosati va uning oqibatlari”. “SHARQ” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati.Toshkent-2012 yil, 30-31-betlar).

Toshkentda bo'lgan o'tgan oktyabr oyidagi harbiy sayyor yig'ilishda “mahbuslardan Fozilov Izbosar, Hasanov Nazirqullarning kasal ekanligi qayd qilingani uchun ularning ishi ko'rilmay qolgan”. (R.Shamsutdinov, yuqoridagi asar, 56-bet).

Bu haqda Rustambek Shamsutdinov arxiv hujjatlari asosida shunday yozadi:

“Sovershenno sekretno. Voennaya kollegiya Otp. 1. ekz. A.B. Verxovnogo suda Narodnomu komissaru vnutrenыx del Soyuza SSSR. Uzbekskoy SSR, Mayoru gosudarstvennoy 2 noyabrya 1938 g. Bezopasnosti. tov. Apressyanu. № 00630 Moskva, ul. 25 oktyabrya D 23, telefon 2-27-69 Proshu Vashego rasporyajeniya o nemedlennom prividenii v ispolnenie prigovora Vыezdnoy sessii Voennoy Kollegii Verxovnogo suda Soyuza SSSR ot 2-ogo noyabrya 1938 goda v otnoshenii osujdennыx k vыsshey mere ugolovnogo nakazaniya – RASSTRELU Xasanova Nazirkula.

Predsedatel Vыezdnыy sessii Voennoy Kollegii Verxovnogo suda SSSR. Brig voenyurist (Alekseev).

Hasanov Nazirqul ishi uning kasalligi munosabati bilan SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938 yil oktyabrdagi yig'ilishida ko'rilmay qoladi. Shu boisdan ham “sud” bir oydan keyin o'tkaziladi va 1938 yil 2 noyabrdagi SSSR Oliy sudining Harbiy hay'ati N.Hasanovni O'zJKning 58-, 63-, 64-, 67-moddalari bilan ayblab otishga, molu mulkini musodara qilishga hukm qiladi.

Stalin vafotidan so'ng   “Katta terror” davridagi nohaqdan “xalq dushmani” sifatida ayblanganlar ishi qayta ko'rib chiqilgan davrda, turmush o'rtog'i Hasanova Sora Aliyevnaning arizasi bois, sobiq ittifoq bosh prokuraturasi 1957 yil 26 noyabrda Nazirqul Hasanovni vafotidan so'ng oqlash to'g'risidagi qarorini chiqaradi.

Ammo… bu oqlov oila ahliga ozgina taskin bergan bo'lsa-da, Nazirqul Hasanovga o'xshagan qanchadan-qancha vatandoshlarimiz ne-ne azoblarga duchor qilingan, qanchadan-qanchalari esa otib tashlangan edi.

Umid Bekmuhammad

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =