“G'alaba bog'i” falsafasi

O'tgan asr o'rtalarida tug'ilgan avlod Ikkinchi jahon urushi keltirgan nihoyatda og'ir kulfatlarni juda yaxshi biladi. Chunki bu davrda urush asoratlari yaqqol sezilib turardi. Odamlar qiyinchiliklarga to'la hayotni boshdan kechirishayotgandi. Xalqning urushga bo'lgan nafrati juda kuchli edi.

50–60-yillarni eslasam, biz o'spirinlar qishlog'imizdagi urush qatnashchilarining suhbatlarini yaylov va paxtazorlarda ko'p martalab eshitganmiz. Keksalar har doim “Iloyo, urush bo'lmasin, tinchlik bo'lsin!” — deya duo qilishardi. Xonadonlarda urushga ketish oldidan bir tishlam uzilgan, qotib ketgan nonlar 70-yillargacha osig'liq turganini ko'rganmiz.

O'tgan yili Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g'alabaning 75 yilligi yurtimizda keng nishonlanib, davlatimiz rahbari boshchiligida Toshkent shahrida muhtasham G'alaba bog'i ochilgan edi.

Joriy yil may oyida — Xotira va qadrlash kuni arafasida taniqli davlat va jamoat arbobi Akmal Saidovning “G'alaba bog'i falsafasi” nomli publitsistik kitobi nashrdan chiqdi.

Kitob muqaddima, 6 ta fasl va xotima qismidan iborat. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi davrida Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, uchala darajadagi “Shuhrat” ordenlariga hamda general harbiy unvoniga sazovor bo'lgan o'zbekistonliklar ro'yxati kitobga ilova qilingan.

Bu kitobda Ikkinchi jahon urushining dahshatlarini yengib, urushda erishilgan G'alabaga ulkan hissa qo'shgan ko'pmillatli O'zbekiston xalqining jasorat va matonati haqida hikoya qilingan. Urush qurboni bo'lgan ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish yo'lida Yurtboshimiz tashabbusi bilan ro'yobga chiqqan ezgu amallar bayon etilgan.

O'zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi G'alabani ta'minlashga qo'shgan ulkan hissasi, tengi yo'q jasoratni ko'rsatib beruvchi yaxlit majmua yurtimizda shu vaqtga qadar mavjud emasdi. 2019 yil 9 may kuni davlatimiz rahbari ilk bor poytaxt markazida bog' barpo etib, xalqimiz qahramonligini abadiylashtirish g'oya­sini olg'a surdi. Ko'p o'tmay, Prezident qaroriga ko'ra G'alaba bog'i konsepsiyasi tasdiqlanib, Olmazor tumanida 14,7 gektar yer ajratilib, qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 2020 yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligini nishonlash doirasida G'alaba bog'ining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Xalqimizning g'alabaga qo'shgan hissasini o'rganish bo'yicha ham muhim natijalarga erishildi. Qisqa fursatda keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari va jiddiy tahliliy izlanishlar amalga oshirildi. Ko'rkam G'alaba bog'i tarkibida “Matonat madhiyasi”, “Mangu jasorat” va “Ko'z yoshi” monumentlari, “Shon-sharaf” davlat muzeyi barpo etildi. Akademik Akmal Saidovning “G'alaba bog'i falsafasi” kitobida bu bog' — qadr-qimmat, xotira, tarbiya, jasorat va matonat ruhida tarbiyalash bog'i ekani chuqur yoritilgan. Ta'bir joiz bo'lsa, G'alaba bog'i jasorat va matonat, xotira va qadr, muhabbat va sadoqat e'zozlanadigan vatanning mo''jaz timsolidir.

Bog'ning umumiy ko'rinishi, me'moriy tuzilishi milliy an'analarimizga mos bo'lib, qator yetakchi davlatlar tajribasini o'zida mujassam etgani bilan alohida ajralib turadi. Kitobda muallif 20 dan ziyod mamlakatda shunday maskanlarni shaxsan ko'rgan, boshqalari bilan internet orqali tanishgan bo'lsa-da, bunday muhtasham majmuani uchratmaganini yozadi.

Bog' majmuasidagi har bir yodgorlikning o'ziga xos falsafiy-tarixiy va badiiy-me'moriy yechimlari kitobda teran bayon etilgani bois, u o'quvchiga “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi bo'ylab g'oyibona sayr etish imkonini beradi, deyish mumkin. Asardan haqqoniy tarixiy dalillar, ishonchli raqamlar va qiziqarli fotolavhalar o'rin olgani diqqatga sazovordir.

Kitobda urush natijalari bo'yicha 2019 yilgacha bo'lgan eski ma'lumotlar bilan 2020 yilgacha aniqlangan yangi, haqiqiy ma'lumotlar o'zaro qiyoslangan. Ushbu dalillar jadval shaklida berilib, chuqur tahlil etilgan.

Shuningdek, O'zbekiston xotin-qizlarining front ortidagi jasorati, qoraqalpog'istonliklarning G'alabaga qo'shgan hissasi, O'zbekiston askarlarining Yevropadagi xaloskorligi, “Qarshilik harakati”dagi ishtiroki, turkistonlik harbiy asirlar qismati, qolaversa, Ikkinchi jahon urushi arafasida, urush davrida xalq xo'jaligining barcha sohalari harbiy yo'nalishda faoliyat olib borgani, diniy e'tiqodlar erkinligi, urushda ko'zlaridan ayrilgan adib Vali G'ofurov va uning “Vafodor” romani, umuman, adiblar, kino arboblari, ijodkorlar, san'atkorlarning urush davridagi fao­liyati aniq dalillar asosida kitob sahifalaridan o'rin olgan.

Ushbu kitobni “O'zbekistonning Ikkinchi jahon urushi davri kichik ensiklopediyasi” deb atashimiz mumkin.

Asar hozirda o'zbek, ingliz va rus tillarida nashrdan chiqqan.

Bularning barchasi bejiz emas. Zero, G'alaba bog'ining barpo etilishi zamirida O'zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi va front ortida ko'rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassamdir.

Kitobda ta'kidlanganidek: “Ushbu bog' o'z hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning o'lmas jasorati va yorqin xotirasi oldida O'zbekiston Prezidenti va o'zbek xalqiga xos yuksak hurmat-ehtiromning amaliy natijasi bo'lib qoladi”.

Muallifga, barchamizga tarixiy-tahliliy asar muborak bo'lsin, deymiz.

Ochil BO'RIYEV,

Qarshi davlat universiteti professori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − nine =