Aqlning hujjati

  • Kitob o'g'risimi yoki kolleksioner?
  • Bibliokleptomaniya – nima u?
  • Bank yo qimmatbaho buyumlarmas, o'g'irlangan kitoblar…
  • U kitobga qaram edi…

Xalq orasida “Kitob o'g'risi o'g'ri emas”, “Kitob o'g'irlagan savob” degan biroz g'alati gaplar yuradi. Aslida kitob o'qimaydigan, uning ma'nisini tushunmaydigan odam o'g'irlab ham o'tirmaydi. Avval faqat odamlarning xotiriga, keyinroq toshlarga va undan keyin teriyu qog'ozga chop etilgan kitoblarning taqdiri har doim qiziq kechgan. Dunyoning eng katta kutubxonalaridan o'g'irlanib, juda qimmatbahoda sotilgan, bir mamlakatda yozilib, tamoman boshqa bir mamlakat kutubxonalarida asli saqlanayotgan kitoblar   buning isbotidir. Chunonchi, kitob aqlning, tafakkurning, saviyaning hech vaqt eskirmaydigan hujjatidir. Quyida biz aynan kitob qaroqchiligi bilan shug'ullangan, ashaddiy biblioman Stiven Blum­berg haqida fikr yuritmoqchimiz. Xo'sh, ma'lumotlar tasdiqlagani kabi Stiven Blumberg chindan ham ruhiy kasalmi, qaroqchimi yoki shizofreniya kasalligi xuruji bois bu ish bilan muttasil shug'ullanadimi? Garchi biz tayangan rus va ingliz tilidagi ma'lumotlar ko'proq uni ruhiy kasal inson sifatida talqin etsa ham ularga to'liq qo'shila olmaymiz. Chunonchi, ashaddiy kitobxongina kitob o'g'irlashga jazm etadi, degan qarash bizni ta'qib qilaveradi. Qolaversa, Blumbergning buyum, latta-putta yoki bank emas, aynan kutubxonalarni o'margani g'oyatda qiziqdir.

Dunyo ilm-fani kitob o'g'risiga nom qo'yib ulgurgan. Bibliokleptomaniya deyishadi, bu keng tarqalgan ruhiy kasallik bo'lib, ular orasida chempionlari ham bor.

Dunyodagi eng mashhur bibliokleptoman — Stiven Blumberg ikki yuz oltmish sakkizta kutubxonadan yigirma uch mingdan ortiq kitoblarni o'g'irlagan. Blumbergning “o'g'irlangan kitob kolleksiyasi” (va u asosan nodir va qimmat nashrlarni o'g'irlagan) mutaxassislar tomonidan 20 million AQSh dollariga baholangan. Har bir jild kitobni o'g'irlash uchun Stiven Blumberg turli usullardan foydalangan, shamollatish tizimi, lift shaxtasi va boshqa yo'llar orqali ham kutubxonalarga ko'tarila olgan.

Stiven Kerri Blumberg 1948 yilda AQShning Minnesota shtati, Sent-Pol shahrida tug'ilgan, biblioman nomi bilan mashhur. Ayova shtatining Ottumva shahrida yashaydi. U Amerika Qo'shma Shtatlari tarixidagi eng muvaffaqiyatli kitob o'g'risi deb tan olingan.

Blumberg yiliga 72 ming dollar daromad oladigan oilada yashagan. Kitoblar yig'ishga bo'lgan ishtiyoqi bolaligida, u maktab yo'lida joylashgan Sankt-Pol shahridagi ko'plab chiroyli, ammo xaroba Viktoriya uylariga qiziqib qolganida paydo bo'lgan. Blumberg kitoblardan tashqari, yuzlab narsalar to'plagan. Viktoriya arxitekturasiga bo'lgan dastlabki qiziqishi uni Minnesota universiteti nodir kitoblar jamlanmalariga olib keldi.

1990 yil 20 mart kuni tungi soat 2.00 da Stiven Blumberg 45 shtat, Kanadaning ikki viloyati va Vashington shahridagi 268 va undan ortiq universitet va muzeylardan 23600 dan ortiq noyob, qimmatbaho va boshqa turli xil kitoblarni o'g'irlaganligi uchun hibsga olingan. Ularning qiymati taxminan 20 million AQSh dollari deb taxmin qilinganligini yuqorida aytib o'tdik. 1991 yilda Blumberg aybdor deb topilib, 71 oylik qamoq va 200 ming dollar miqdoridagi jarimaga mahkum etildi. 1995 yil 29 dekabrda qamoqdan ozod qilindi. Umrini baxsh etgan xazinani esa “Blumberg kolleksiyasi” deb nomladi.

1991 yilda o'tkazilgan Blumberg sudi davomida Menninger klinikasining huquq va psixiatriya bo'yicha direktori, sud-psixiatriya bo'yicha taniqli vakili doktor Uilyam S. Logan Blumberg shizofrenik xurujlar uchun psixiatrik davolanishdan o'tishi kerakligini aniqladi. U o'spirin paytida ko'p marta kasalxonaga yotqizilgan, u yerda o'n ikki psixiatr unga turli xil tashxis qo'ygan, bular — shizofreniya, aldanganlik, paranoid va boshqa kasalliklardir. Blumberg hukumat oddiy odamlarning nodir kitoblar va noyob materiallarga ega bo'lishiga yo'l qo'ymaslik uchun fitna uyushtirgan, shu sababli hukumat fitnasining oldini olish uchun kitoblarni ozod qilish kerak degan fikr bilan harakat qilgan. Blumberg o'zini kitob qaroqchisi emas, balki   kolleksioner deb biladi. Kitoblarni hech qachon sotmasligini aytadi, chunki buni haqiqatga xilof deb hisoblaydi. Biblioman o'limidan keyin o'g'irlangan kitoblar qonuniy egalariga yoki hech bo'lmaganda ishonch­­li omborlarga qaytariladi deb taxmin qiladi. Blum­berg 1991 yilda ruhiy nosog'lom va aybdor deb topilib ozodlikdan mahrum etilgan bo'lsa ham to'rt yillik qamoq jazosini o'tab, ozod bo'ldi, yig'ish va o'g'irlash ishlarini esa tark etgani yo'q.

Blumberg tomonidan o'g'irlangan ba'zi qimmatbaho buyumlar orasida Garriet Bicher-Stouning “Tom amakining kulbasi” ning birinchi nashri nusxasi, 1710 yilda Konnektikutda nashr etilgan birinchi kitob, “E'tiqodni e'tirof etish”, Oregon shtatining dastlabki tarixini qamrab olgan 25 qutidagi noyob materiallar, Injil ham bor. Blum­berg uch yil ichida fil suyagi, buzoq terisidan to'qilgan 1493 ta Nyurnberg xronikalarini to'p­laganini aytadi. Shuningdek, u Kaliforniyaning birinchi noshiri Don Avgustin Zamorano nomidagi Los-Anjeles kitob klubida 1945 yilda tuzilgan nodir kitoblar ro'yxati — Zamorano 80 ni tuzdi.

Blumberg shizofreniya va kitoblarga qaramlikdan aziyat chekadi. U hujjatlarni o'g'irlagan va qalbakilashtirgan, kutubxona xodimlarining ishonchiga sazovor bo'lgan, kassa kalitlarini olgan. Mutaxassislar u qanday qilib bunday nodir kitoblar va qo'lyozmalarni qo'lga kiritganini hali ham tushuna olishmayapti.

Blumberg o'g'rimi, kolleksionermi yoki ruhiy kasal, bu savol baribir ochiqligicha qolmoqda. Nima bo'lganda ham xalqni yoki millat boylik­larini emas, aql va tafakkur libosi bo'lgan ki­toblarning o'marilishi hayratlanarli. Blumberg agar o'sha nodir   kitoblarni o'qimaganida edi, uning qiymatini ehtimol, bilmasdi, bila olmasdi. Bugungi kunda kitobdan tobora olislab borayotgan avlodlarga ushbu g'aroyib hodisa haqidagi maqolani taqdim etar ekanmiz, kitob sevguvchi, o'qiguvchi hech qursa uni to'plaguvchi bo'ling, degimiz keldi. Zotan dunyodagi eng go'zal holat bu — kitob o'qiyotgan odamning holatidir.

Go'zal BEGIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =