Shoirning quruvchi ustozi

Mubolag'asiz aytish kerakki, bizning avlod Abdulla Oripov she'rlarini o'qib, yod olib ulg'aydi. Qishlog'imizdan sal nariroqda – Neko'zda tug'ilgan bu inson talabalik yillaridanoq xalq orasida go'zal, o'ziga xos she'rlari bilan tanilib bo'lgandi. Shoir haqida gap ketganda, ayniqsa, yoshi ulug'lar: “Ha, O'zbekistonning zo'r shoiri-da, she'r deganni Abdulladay yozsang… e, otasiga rahmat!”, – deb faxrlanib qo'yishardi. Haqiqatan ham, Abdulla aka o'sha paytlari she'rdan she'rga o'sib borayotgan, nomdor adiblaru taniqli adabiyotshunoslar nazariga tushgan kelajagi yorug' shoir edi. Zero, u inson haqida qancha gapirsang, qancha yozsang arziydi.

Ko'pchilikka ma'lum, 1965–1970-yillar oralig'ida Abdulla Oripovning she'riy to'plamlari ketma-ket chop etilib, samimiy va mulohazaga undovchi satrlari xalq orasida ancha-muncha mashhur bo'ldi. Hech mubolag'asi yo'q, Abdulla Oripovning muxlislari ko'paygandan ko'payaverdi. Bu xalqona, oddiy, go'zal she'rlarning muallifi bilan uchrashib, suhbat qilishni istaganlarning sanog'i kun sayin ko'payib bordi.

Kechagidek esimda… 1975 yilning oxirlari edi. O'shanda ijodkor akamiz Normurod Narzullayev qizini turmushga berayotgan edi. To'yda Abdulla Oripov bilan uchrashib qoldik. To'yxona foyesida tanish-bilishlar bilan suhbatlashib tursak, ichkaridan Abdulla aka chiqib keldi. Biz bilan ko'rishdi, hol-ahvol so'rashdi, davradagilarning ko'pchiligini yaxshi tanigani bois, suhbat qizg'in tus oldi.

Bir zumda Abdulla akaning atrofiga she'riyat muhiblari to'planishdi. Suhbat orasida davradagilar berayotgan savollarga bilimdon, zukko shoir ajoyib javoblar berib, hammani qoyil qoldirardi. Men ham yoshligimdan shoirning she'rlarini yod olgan, bu insonga hurmatim baland edi. Paytdan foydalanib, Abdulla akadan: “Ustozingiz kim, qaysi shoirni ustoz deb bilasiz?” – deya so'radim. Abdulla aka biroz sukut saqladi, chamamda ko'ng­lidan nimalarnidir o'tkazdi, keyin vazminlik bilan gap boshladi:

— Uka, menga ko'pchilik bu savol bilan yuzlangan. Sizga aytsam, ustozim boshqalarning ustoziga o'xshamaydi, u kishi shoir ham emas…

Davradagilar birdan hushyor tortdi. Hamma bu nomdor shoirning ustozi kim ekan, deya Abdulla akaning og'zini poylaydi.

— O'shanda o'qishning birinchi kursini tugatib, ta'til boshlanishi bilan qadrdon qishlog'im – Neko'zga   keldim, – deb gapini davom ettirdi Abdulla aka. – Ota-onam, aka-ukalar bilan diydorlashdim, ulardan hol-ahvol so'radim. Oradan bir muddat vaqt o'tgach, otam: – Uyimizga mehmon kelgan, ko'rishib chiq, – dedilar. Mehmonxonaga kirsam, otamning eski qadrdoni G'aybulla aka choy ichib o'tirgan ekan. G'aybulla boboni anchadan beri bilardim, u kishi otam bilan yoshlikdan do'st tutingan va azaldan bir-birlari bilan bordi-keldi qilishardi.

— Abdullajon, – deya gap boshladi G'aybulla bobo, hol-ahvol so'rashib bo'lganimizdan keyin. – Bolalardan eshitib qoldim, she'r yozarmishsan, she'rlaring gazetalarda ham chiqib turarkan. Ko'p yaxshi-da! Toshkentdan yangi she'rlaringni olib   kelgandirsan? Qani o'sha she'rlaringdan bir eshitaylik — dedi faxr bilan. Otam ham suhbatga qo'shildi:

— Qani o'g'lim, yangi–yangilaridan o'qi. G'aybulla bobongning gapi yerda qolmasin-a.

Men bu ikki oqsoqolning gaplaridan zavqlanib ketdim va she'r o'qishni   boshladim. She'r Moskva, Kreml haqida edi. G'aybulla bobo she'rni diqqat bilan tingladi va qalin bolishga suyanib, qaddini biroz ko'tardi.

— Yaxshi, yaxshi… yasha o'g'lim! – deb, sukutga cho'mdi. Birozdan so'ng gapida davom   etdi:

— Abdullajon, bolam, she'ring yaxshi, ravon yozilibdi, – dedi G'aybulla aka soqolini silagan ko'yi. – Ha, ammo bolam, Maskovda bo'lganmisan o'zi? Kremlni hech   ko'rganmisan?

— Yo'q, men hali Moskvada bo'lmaganman, Kremlni ham ko'rmaganman. G'aybulla bobo javobimni eshitgach, biroz tin olib, gap bosh­ladi:

— Abdullajon, bolam, senga nasihatim shuki, bundan keyin she'r yozganingda,   albatta, ko'rgan-kechirganlaringni yoz. Shunda she'rlaring ishonchli chiqadi.

— Shunaqa gaplar, – deb gapini davom ettirdi Abdulla Oripov. — G'aybulla aka bor-yo'g'i, quruvchi bo'lgan. Quruvchi bo'lsa ham, qarang, qanday teran fikrlaydigan odam edi. G'aybulla akaning necha yillar oldin bergan nasihatlari hali-hali yodimdan chiqmaydi. Ha, mening birinchi ustozim ana shu inson edi. Uning jo'yali maslahatlari menga bir umr saboq bo'ldi…

Bu yil O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan atoqli, ardoqli shoir Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Abdulla aka hayot bo'lganida, davralarning to'rida, shogirdlarining e'zozida yurgan bo'lardi. Afsus­ki, bu inson bugun oramizda yo'q. Ammo uning betakror, sermazmun, falsafiy, xalqimiz qalbidan allaqachon chuqur joy olib ulgurgan she'rlari, u yaratgan mustaqil O'zbekiston Respublikasining madhiyasi hamisha barhayotdir. Ha, shubhasiz O'zbekistonimizning bemisl, o'z ovoziga ega, betakror shoiri, ajoyib inson Abdulla Oripov oramizda jisman bo'lmasa-da, ma'nan barhayot, dillarimizda, tillarimizda, qalblarimizda, she'rlarimizda yashayveradi.

Abdurashid MAHMATOV,

tibbiyot fanlari nomzodi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 18 =